Sayt test holatida ishlamoqda!
30 Avgust, 2026   |   17 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:24
Quyosh
05:47
Peshin
12:24
Asr
17:04
Shom
19:04
Xufton
20:23
Bismillah
30 Avgust, 2026, 17 Rabi`ul avval, 1448

Ayollar qachon kafforat ro‘zasini tutadilar?

05.06.2018   64927   7 min.
Ayollar qachon kafforat ro‘zasini tutadilar?

Ey iymon keltirganlar! Sizlardan avvalgilarga farz qilganidek, sizlarga ham ro‘za farz qilindi. Shoyadki taqvodor bo‘lsangiz”. (Baqara surasi, 183)

         Mana necha asrlardan beri Alloh subhanahu va taolo Baqara surasining ushbu oyatini nozil qilganidan buyon barcha mo‘min musulmonlar yozning jazirama issig‘i-yu uzun kunlari yoki qishning izg‘irin sovug‘iga qaramasdan Ramazon ro‘zasini ado etib kelmoqdalar. Allohning ushbu oyatiga labbay deb javob berib, Ramazon ro‘zasini mukammal ado etgan mo‘minu mo‘minalar farz bo‘lgan amalni bajargan va ulkan savoblarga erishgan hisoblanadi. Aksincha bu amalni turli bahonalar bilan bajarmaganlar ulkan gunohni orkalab olgan bo‘ladilar.

عَنِ أَبِي هُرَيْرَةَ رضي الله عنه  عَنِ النَّبِيِّ صلي الله عليه و سلم قَالَ: مَنْ أَفْطَرَ يَوْمًا مِنْ رَمَضَانَ مِنْ غَيْرِ رُخْصَةٍ رَخَّصَهَا اللهُ لَهُ لَمْ يَقْضِ عَنْهُ صِيَامُ الدَّهْرِ وَإِنْ صَامَهُ.

Abu Hurayra raziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

“Nabiy sallallohu alayhi va sallam:

“Kim Ramazondan bir kunni Alloh bergan ruxsatsiz og‘zi ochiq holda o‘tkazsa, zamonning hammasini ro‘za tutib o‘tkazsa ham uning qazosini ado eta olmas”, dedilar”.

Ma’lumki, bemor, musofir, qari kishilar (chol yoki kampirlar), shuningdek, homilador va emizikli ayollar ham ro‘za tutishlari uzrli kishilar hisoblanadi. Shuningdek, agar bemor tuzalsa, musofir yurtiga qaytsa, homilador ayol farzandini dunyoga keltirsa, emizikli ayollar bolalarini sutdan ajratsalar, hayzli va nifosli ayollar poklansalar, ro‘zalarini qazosini ado etadilar. Qari kishilar esa ro‘za tuta olmaganliklari sababli fidya beradilar. Fidya beruvchilarga surunkali kasallar ham kirishi  ma’lum. Mazkur toifalardan boshqalar, albatta, Ramazon oyi ro‘zasini tutmoqlari shart. Ramazon oyi ro‘zasini tutmagan odam gunohkor bo‘ladi. Uzrsiz bir kun ro‘zani tark qilgan odam umr bo‘yi ro‘za tutib o‘tsa ham, o‘sha ro‘zasini tutmagan kunning savobi o‘rnini to‘lg‘iza olmaydi. Chunki farz ro‘zani o‘z vaqtida tutishlik juda ham katta savobga sazovor qiluvchi narsadir.

Ro‘zadorga ba’zi ishlar ma’n qilinganki, u ishlar ro‘zadordan sodir bo‘lsa, kafforot o‘tash shart bo‘ladi.

“Muxtasari Viqoya”ga Aliy Qoriy tomonidan yozilgan “Fathu bobi inoya” kitobida quyidagicha keltiriladi: “Kim Ramazonda ro‘zador holida yaqinlik qilsa yoki ikki yo‘lidan biriga yaqinlik qilinsa, ozuqa va davo bo‘ladigan narsani qasddan yesa, ichsa ro‘zasi buziladi. Zihor qiluvchi kabi qazo tutadi va kafforatini ado etadi. Bu ramazon adosini buzgani sababli, boshqasini emas”.

Ushbu matn sharhi bilan tanishsak:

“Yaqinlik” ikki tirik odamdan sodir bo‘lishi kerak. Haqiqiy yaqinlik bo‘lishi uchun hayvonga va o‘likka bo‘lmasligi kerak. “Ikki yo‘ldan biriga” deyilganda, maniy nozil bo‘lishi va bo‘lmasligining ahamiyati yo‘q. Bir a’zo ikkinchi a’zoga kirishi kafforotga sabab bo‘ladi.

Sog‘urjiyning “Fiqhul hanafiya va adillatuhu” asarida, ayol bu ishda eriga bo‘ysingani uchun ham qazo bilan birga kafforatini ado etadi. Chunki bu ish ikkalasi tarafidan sodir bo‘lgan. Agar ayol bunga majburlansa, kafforat yo‘q. Agar ayol erini majburlasa ikkalasiga ham  kafforat vojib. Imom Muhammad aytadilar: “Bu holatda erga majburlangani uchun kafforat yo‘q. Ayol tong otganini bilsa-yu, eridan yashirsa, faqat ayolga kafforat vojib”.

 “Ozuqviy”dan murod ovqat hisoblanmaydigan tosh, temir, paxta, kesak, ohak kabi narsalarni yeyish, ichish qazoga sabab bo‘ladi, kafforotga emas. “Davo bo‘ladigan” - ya’ni quvvat beradigan, tuzatadigan va oshqozonga to‘g‘ri boradigan davo vositalaridir. “Qasddan” esa, ro‘zador ekanligini bila turib qilishi. Qasddan emasku, ammo, majburlanib, xatoan, adashib yoki iftorlik vaqti bo‘ldi deb o‘ylab yuqoridagi ishlarni qilishi kafforotga sabab bo‘lmaydi. Qasddan degan hukmga kirmaydi. Qazoning o‘zi  vojib bo‘ladi. Bu bilan bir qatorda esdan chiqib yeb-ichish, yaqinlik qilib qo‘yish ro‘zani buzmaydi. Esga tushishi ila to‘xtatishi kerak.

“Ramazon adosini buzgani uchun” deyilganda, ramazon qazosini tutib yurgan odam, qasddan bo‘lsada ochib yuborishi kafforotga sabab bo‘lmaydi. “Zihor qiluvchi kabi kafforot o‘tashi” quyidagi hadisi sharifda keltirilgan tartibda bo‘ladi:

عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ رضي الله عنه قَالَ: جَاءَ رَجُلٌ إِلَى النَّبِيِّ صلي الله عليه و سلم فقال: هَلَكْتُ يَا رَسُولَ اللهِ قَالَ: وَمَا أَهْلَكَكَ قَالَ: وَقَعْتُ عَلَى امْرَأَتِي فِي رَمَضَانَ قَالَ: هَلْ تَجِدُ مَا تُعْتِقُ رَقَبَةً قَالَ: لاَ قَالَ: فَهَلْ تَسْتَطِيعُ أَنْ تَصُومَ شَهْرَيْنِ مُتَتَابِعَيْنِ قَالَ: لاَ قَالَ: فَهَلْ تَجِدُ مَا تُطْعِمُ سِتِّينَ مِسْكِيناً قَالَ: لاَ قَالَ: ثُمَّ جَلَسَ فَأُتِيَ النَّبِيُّ صلي الله عليه و سلم  بِعَرَقٍ فِيهِ تَمْرٌ فَقَالَ: تَصَدَّقْ بِهَذَا

Abu Hurayra raziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

“Bir odam Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga kelib: “Halok bo‘ldim, ey Allohning Rasuli!” dedi. “Seni nima halok qildi?” dedilar. “Ramazonda xotinimning ustiga chiqdim”, dedi. “Qul ozod qilishga narsa topa olasanmi?” dedilar. “Yo‘q”, dedi. “Ikki oy ketma-ket ro‘za tuta olasanmi?” dedilar. “Yo‘q”, dedi. “Oltmish miskinga taom berishga narsa topa olasanmi?” dedilar. “Yo‘q”, dedi. So‘ngra kutib o‘tirdi. Payg‘ambar sallallohu alayhi va sallamga bir zanbil xurmo keltirildi. U zot (haligi odamga): “Mana buni sadaqa qilib yubor”, dedilar.

Ushbu  hadisda ro‘zador jinsiy yaqinlik qilsa, ro‘zasi ochilishi,  ro‘zasini buzgan ro‘zador kafforot berishi vojibligi, kafforat qul ozod qilishlik, qul ozod qilishga qodir bo‘lmasa, ketma-ket, orasini uzmay oltmish kun ro‘za tutishlik vojibligi, bemorligi, qariligi tufayli ro‘za tuta olmasa oltmish miskinga taom berishligi aytilmoqda. Bunda har  bir miskinga bir mudd (1 mudd – 1843 gramm) miqdorida taom beriladi. Oltmish kunlik ro‘za Ramazon ro‘zasini va ro‘za tutishlik ma’n qilingan ya’ni ikki hayit va tashriq kunlarini o‘z ichiga olmagan bo‘lishi kerak.

Jumhur ulamolar jinsiy aloqada qatnashgani uchun ayol kishi ham kafforot beradi, deganlar.

“Shuningdek, taom yoki dori, papiros, afyun, nasha va shunga o‘xshash uning ma’nosidagi narsani shar’iy uzrsiz yemog‘i, birovning g‘iybatini qilganidan, qon oldirganidan, shahvat bilan ushlaganidan yoki o‘pganidan, quchoqlashib yotganidan, keyin ro‘zam ochilib ketdi, degan o‘y bilan qasddan yeb-ichib yuborsa, ham qazo tutib, ham kafforot ado qiladi. Faqih ro‘zang ochilibdi, deb fatvo bersa, bundan mustasno. Unda faqat qazo tutadi. Kafforot vojib bo‘lmaydi”. (“Hadis va hayot”, 9-juz.)

Bundan tashqari uzrsiz bo‘lsa ham ramazon ro‘zasini tutmay yurishi faqat qazoga sabab bo‘ladi, kafforotga emas.

Kafforotni  bir insonga vojib qilish uchun biz matnda tanishgandek shartlar topilishi kerak.

Alloh taolo barchamizga Ramazon ro‘zasini  mukammal ado etmoqlikni nasib etsin. 

Xadichai Kubro ayol-qizlar o‘rta maxsus bilim

yurti o‘qituvchisi Muhammedxodjayeva Sanobar

Ramazon-2018
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Anjuman diniy sohada zamoniy kadrlar tayyorlash yo‘lidagi muhim qadam bo‘ldi

21.08.2026   58862   2 min.
Anjuman diniy sohada zamoniy kadrlar tayyorlash yo‘lidagi muhim qadam bo‘ldi

Joriy yilning 19-20 avgust kunlari bo‘lib o‘tgan nufuzli anjuman diniy ta’lim tizimini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish, ilmiy-tadqiqot ishlari ko‘lamini kengaytirish va sohaga ilg‘or pedagogik yondashuvlarni tatbiq etish va zamon talabiga mos kadrlar tayyorlashda yo‘lidagi salmoqli amaliy qadam bo‘ldi.

Tadbirlar davomida sohaga oid ilmiy ma’ruzalar bilan bir qatorda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi, Raqamli ta’lim va sun’iy intellektni rivojlantirish markazi hamda ilmiy-tadqiqot sohasining yetakchi mutaxassislari tomonidan ma’naviy-ma’rifiy taraqqiyot, diniy ta’limda raqamli transformatsiya, sun’iy intellekt va ilmmetriya masalalariga bag‘ishlangan mahorat darslari ham o‘tkazildi. Mashg‘ulotlar tizimda zamonaviy yondashuvlarni ommalashtirish, dars jarayonlarida yangicha uslublarni qo‘llash hamda soha vakillarining kasbiy mahoratini oshirishga xizmat qiladi.

Shuningdek, anjuman doirasida oliy va o‘rta maxsus diniy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilarining muhtaram Prezidentimizga yo‘llagan Murojaatnomasi o‘qib eshittirildi.

Unda so‘nggi yillarda diniy-ma’rifiy sohani tubdan rivojlantirish, milliy va diniy qadriyatlarimizni tiklash hamda ulug‘ ajdodlarimizning boy ma’naviy merosini o‘rganish va diniy ta’limni rivojlantirish borasida olib borilayotgan tarixiy islohotlar alohida e’tirof etildi. Jumladan, Mir Arab oliy madrasasi, Hadis ilmi maktabi, Imom Termiziy islom instituti kabi diniy ta’lim maskanlari, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy va Bahouddin Naqshband kabi xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari tashkil etilishi yurtimizda ma’rifat ahli uchun keng imkoniyatlar ochgani ta’kidlandi.

O‘z navbatida, pedagoglar ushbu yuksak e’tibor va shart-sharoitlar uchun Davlatimiz Rahbariga minnatdorlik bildirib, bunga javoban yoshlarni Vatanga muhabbat va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash, Islom dinining asl insonparvarlik g‘oyalarini o‘zlashtirgan va sohada yetuk kadrlarni tayyorlashini ta’kidladilar.

Bo‘lib o‘tgan anjuman diniy ta’lim tizimini yangi bosqichga olib chiqish, innovatsion va raqamli texnologiyalarni o‘quv jarayoniga tatbiq etish hamda sohada yuqori malakali, zamon bilan hamnafas mutaxassislarni tayyorlashda muhim poydevor bo‘lib xizmat qiladi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari