Biz ushbu maqolada qadr kechasini ibodat bilan o‘tkazgan kishi oladigan savobning hajmi haqida so‘z yuritamiz.
Qadr kechasi yil kechalari ichida eng ulug‘idir. Bu kecha haqida alohida sura nozil bo‘lgan. Bu kechaning ulug‘ligini oshirgan sabablardan biri Qur’on aynan shu kechada nozil bo‘la boshlaganidir.
Alloh taolo shunday deb marhamat qilgan:
إِنَّا أَنزَلْنَاهُ فِي لَيْلَةِ الْقَدْرِ وَمَا أَدْرَاكَ مَا لَيْلَةُ الْقَدْرِ لَيْلَةُ الْقَدْرِ خَيْرٌ مِّنْ أَلْفِ شَهْرٍ تَنَزَّلُ الْمَلَائِكَةُ وَالرُّوحُ فِيهَا بِإِذْنِ رَبِّهِم مِّن كُلِّ أَمْرٍ سَلَامٌ هِيَ حَتَّى مَطْلَعِ الْفَجْرِ
“Albatta, Biz u(Qur’on)ni Laylatul Qadrda tushirdik. Laylatul Qadr qandoq narsa ekanini senga nima bildirdi? Laylatul Qadr ming oydin yaxshiroqdir. Unda farishtalar va Ruh Robbilari izni bilan barcha ishlar uchun tushadir. U to tong otguncha salom bo‘lib turadir” (Qadr surasi).
Ichimizda qadr kechasini umrida hech bo‘lmaganda bir marta bo‘lsa ham topishni orzu qilmagan odam topilmasa kerak.
Yuqoridagi sura, xususan, “Laylatul Qadr ming oydin yaxshiroqdir” degan oyat haqida o‘ylab ko‘rsak, boshqa ming oyda amal qilib, qancha savob olsak, bu kechada bir amal qilib, undan ham ko‘p savob olishimizni anglab yetamiz.
Fikrimiz tushunarli va tasavvur qilishimiz oson bo‘lishi uchun bu kechada erishiladigan savob miqdorini raqamlarda ifoda etishga urinib ko‘raylik!
Xo‘sh, ming oyda nechta kecha bor?
Bu juda oson savol. Agar bir oyda 30 (o‘ttiz) kecha borligini e’tiborga olsak, ming oyda 30000 (o‘ttiz ming) kecha borligi ma’lum bo‘ladi. Demak, qadr kechasida bir amal qilgan xuddi boshqa kechalarda 30 000 (o‘ttiz ming)ta amal qilgandek bo‘ladi.
Albatta, biz savobni raqamlarda keltirishda taxminiy xulosa qilamiz. Chunki, oyatda ming oyga barobar deyilmagan, balki ming oydan yaxshiroq deyilgan. Bu esa savobning aniq miqdori qanchaligini Allohdan boshqa hech kim bilmaydi deganidir. Biz faqat ming oy haqida, amallarning ming oyga ko‘paytirilishi borasida so‘z yuritamiz.
Qadr kechasida Qur’ondan 1 (bir) harf o‘qisak, boshqa kechalarda 30000 (o‘ttiz ming) va undan ham ko‘proq harf o‘qigandek bo‘lamiz.
Endi yana bir oyatga e’tibor qaratsak:
مَن جَاء بِالْحَسَنَةِ فَلَهُ عَشْرُ أَمْثَالِهَا
“Kim bir yaxshilik qilsa, unga o‘n barobar qaytarilur” (An’om surasi, 160-oyat).
Qadr kechasida Qur’ondan 1 (bir) harf o‘qish boshqa kechalarda 30 000 (o‘ttiz ming) va undan ko‘p harf o‘qishning savobiga teng dedik. Endi bu oyatda aytilganidek, 30 000 (o‘ttiz ming)ni 10 (o‘n)ga ko‘paytiramiz. Natija 300 000 (uch yuz ming) bo‘ladi!
“Laylatul Qadr ming oydin yaxshiroqdir” degan oyatga binoan 1(bir) harf uchun 300 000 (uch yuz ming)dan ham ko‘proq savob bo‘ladi.
Qur’oni Karimdagi harflarning soni 300 000 (uch yuz ming)tadan ko‘proq bo‘lib, qadr kechasida Qur’ondan bir harf o‘qigan kishi boshqa kechalarda Qur’onni to‘liq o‘qib chiqqanning savobiga teng savob olar ekan.
Agar biz “Ixlos” surasini o‘qisak, qancha savob olamiz? Bu sura basmala bilan birga 66 (oltmish olti)ta harfdan iboratdir. Demak, biz “Ixlos” surasini basmala bilan birga (ya’ni 66 ta harfni) bir marta o‘qisak, Qur’oni Karimni 66 (oltmish olti) marta to‘liq o‘qib chiqqanning savobini olamiz.
Agar biz qadr kechasida bir marta duo qilsak, “Laylatul Qadr ming oydin yaxshiroqdir” oyatiga ko‘ra, boshqa kechalarda 30 000 (o‘ttiz ming) martadan ortiq, “Kim bir yaxshilik qilsa, unga o‘n barobar qaytarilur” oyatini ham qo‘shganda, 300 000 (uch yuz ming) martadan ko‘proq duo qilganning savobiga ega bo‘lamiz.
Agar biz qadr kechasida bizga yomonlik qilgan 1 (bir) dona insonni kechirsak, “Laylatul Qadr ming oydin yaxshiroqdir” oyatiga ko‘ra, boshqa kechalarda 30 000 (o‘ttiz ming) donadan ortiq odamni, “Kim bir yaxshilik qilsa, unga o‘n barobar qaytarilur” oyatini ham qo‘shganda, boshqa kechalarda 300 000 (uch yuz ming) donadan ko‘proq kishini kechirganning savobiga ega bo‘lamiz.
Agar biz qadr kechasida 1 (bir) rakat namoz o‘qisak, “Laylatul Qadr ming oydin yaxshiroqdir” oyatiga ko‘ra, boshqa kechalarda 30 000 (o‘ttiz ming) rakatdan ortiq namoz o‘qigan, “Kim bir yaxshilik qilsa, unga o‘n barobar qaytarilur” oyatini ham qo‘shganda, boshqa kechalarda 300 000 (uch yuz ming) rakatdan ko‘proq namoz o‘qiganning savobiga ega bo‘lamiz.
Agar biz qadr kechasida 1 (bir) marta sadaqa qilsak, “Laylatul Qadr ming oydin yaxshiroqdir” oyatiga ko‘ra, boshqa kechalarda 30 000 (o‘ttiz ming) martadan ortiq, “Kim bir yaxshilik qilsa, unga o‘n barobar qaytarilur” oyatini ham qo‘shganda, boshqa kechalarda 300 000 (uch yuz ming) martadan ortiq sadaqa qilganning savobiga ega bo‘lamiz.
Agar biz qadr kechasida qarindoshimizga 1 (bir) marta silai rahm qilsak, “Laylatul Qadr ming oydin yaxshiroqdir” oyatiga ko‘ra, boshqa kechalarda 30 000 (o‘ttiz ming) martadan ortiq, “Kim bir yaxshilik qilsa, unga o‘n barobar qaytarilur” oyatini ham qo‘shganda, boshqa kechalarda qarindoshlarimizga 300 000 (uch yuz ming) martadan ko‘proq silai rahm qilganning savobiga ega bo‘lamiz.
Bu kabi misollarni ko‘plab keltirish mumkin.
Alloh taolo barchamizning ixlosimizni ziyoda qilsin! Ramazon oyini g‘animat bilib, har daqiqasidan foydalanib qolishga, xususan, qadr kechasida solih amallarni qilib bedor bo‘lishga muyassar etsin!
islam.ahram.org saytidan
Nozimjon Iminjonov tarjimasi
Insonning fe’li qiziq: biz ko‘pincha o‘zimizda yo‘q narsalar haqida qayg‘urib, qo‘limizdagi bebaho ne’matlarni odatdagi holdek qabul qilamiz. Vaholanki, biz oddiy deb bilgan qulayliklar, sog‘liq va boshqa imkoniyatlar sayyoramizning millionlab aholisi uchun eng katta orzu hisoblanadi.
Jumladan, bugungi tongni dunyo bo‘yicha 174 mingga yaqin inson qarshi ololmadi. Ayni damda 50 milliondan ortiq odam saraton kasalligi bilan kurashmoqda. 300 million inson ranglar jilosini ko‘rish baxtidan mahrum. 400 millionga yaqin kishi esa eshitish moslamalarisiz dunyo tovushlarini eshita olmaydi. 770 milliondan ortiq katta yoshdagi inson hanuzgacha o‘qish va yozishni bilmaydi. 2,5 milliarddan ziyod aholi global axborot va internet imkoniyatlaridan uzilgan holda yashamoqda. 6,5 milliard inson esa samolyotda umuman uchib ko‘rmagan...
Bu raqamlar shunchaki quruq ko‘rsatkichlar emas. Ular ortida millionlab insonlarning ana shunday ayanchli taqdiri yotibdi.
Agar siz hozir ushbu matnni o‘qiy olayotgan, atrofdagi ranglar va tovushlarni his qilayotgan, eng muhimi, yangi kunni sog‘-omon yashayotgan bo‘lsangiz, demak, siz sayyoradagi eng baxtli insonlardan birisiz. Shunday ekan, turmush tashvishlaridan nolishni to‘xtating. Yon-atrofga boqing: siz yashayotgan bugungi kunga kimlardir yetmadi. Demak, har bir xotirjam olingan nafas, har tinch otgan tong uchun Yaratganga hamdlar aytib, shukronalik kayfiyati bilan yashang. Chunki siz eng boy odamsiz!
Akbarshoh RASULOV