Sayt test holatida ishlamoqda!
31 Avgust, 2026   |   18 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:25
Quyosh
05:48
Peshin
12:23
Asr
17:03
Shom
19:02
Xufton
20:21
Bismillah
31 Avgust, 2026, 18 Rabi`ul avval, 1448

08.06.2018 y. Silai rahmni uzmang!

04.06.2018   8417   10 min.
08.06.2018 y. Silai rahmni uzmang!

بسم الله الرحمن الرحيم

Silai rahmni uzmang!

Alloh taolo biz bandalariga shu qadar mehribonki, O‘zining roziligini ibodat bilan topishimiz bilan bir qatorda, o‘zaro insonlar o‘rtasidagi muomalalarni chiroyli va xolis qilish bilan ham topish imkoniyatini bergan.

Silai rahm – qarindoshlik rishtalarini bog‘lash bo‘lib, u insoniy muomalalarning eng afzalidir. Uning aksi bo‘lgan qarindoshlik rishtalarini uzish esa, qotiur-rahm bo‘lib, u eng og‘ir gunohlardan hisoblanadi.

Alloh taolo bandalarini qarindoshlik rishtalarini bog‘lash va mustahkamlashga buyurib, Qur’oni karimda shunday marhamat qiladi:

يَسْـَٔلُونَكَ مَاذَا يُنفِقُونَ ۖ قُلْ مَآ أَنفَقْتُم مِّنْ خَيْرٍۢ فَلِلْوَٰلِدَيْنِ وَٱلْأَقْرَبِينَ وَٱلْيَتَٰمَىٰ وَٱلْمَسَٰكِينِ وَٱبْنِ ٱلسَّبِيلِ ۗ وَمَا تَفْعَلُواْ مِنْ خَيْرٍۢ فَإِنَّ ٱللَّهَ بِهِۦ عَلِيمٌ

“Sizdan (ey, Muhammad!) qanday ehson qilishni so‘raydilar. Ayting: “Nimaniki xayr-ehson qilsangiz, ota-ona, qarindoshlar, yetimlar, miskinlar va musofirlarga qilingiz! Alloh har qanday qilgan ehsonlaringizni bilib turuvchidir” (Baqara surasi 215-oyat).

Qarindoshlik rishtalarini bog‘lashga bo‘lgan e’tibor nafaqat bizni dinimizda, balki bizdan oldingi dinlarda ham bo‘lgandir. Bu haqda Alloh taolo shunday marhamat qiladi:

وَإِذْ أَخَذْنَا مِيثَاقَ بَنِي إِسْرَائِيلَ لَا تَعْبُدُونَ إِلَّا اللَّهَ وَبِالْوَالِدَيْنِ إِحْسَانًا وَذِي الْقُرْبَىٰ وَالْيَتَامَىٰ وَالْمَسَاكِينِ وَقُولُوا لِلنَّاسِ حُسْنًا وَأَقِيمُوا الصَّلَاةَ وَآتُوا الزَّكَاةَ ثُمَّ تَوَلَّيْتُمْ إِلَّا قَلِيلًا مِّنكُمْ وَأَنتُم مُّعْرِضُونَ

ya’ni: “Eslang, (Biz) Isroil avlodidan: Faqat Allohgagina sig‘inasiz, ota-ona, qarindosh, yetim va miskinlarga yaxshilik qilasiz, odamlarga shirinso‘z bo‘ling, namozni barkamol o‘qing, zakot bering, - deb ahd  olgan edik. Keyin (siz, ey, Isroil avlodi,) ozchilik qismingizdan  boshqangiz ushbu ahddan yuz o‘girdingiz (Baqara surasi, 83-oyat).

Abdulloh ibn Salom roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy alayhissalom Madinaga kelib, ilk xutbalarining birida: “Ey, insonlar! Salomni orangizda yoyinglar, taom ulashinglar, silai rahm qilinglar va insonlar uxlayotgan vaqtda kechasi bedor bo‘lib namoz o‘qinglar ana shunda jannatga salomat kirasizlar”, deya marhamat qilganlar” (Imom Buxoriy rivoyati).

Qarindoshlik rishtalarini mustahkamlashga harakat qilish insonni rizqini keng va umrini uzun bo‘lishiga sabab bo‘ladi. Silai rahm qiladigan inson bu dunyoda ko‘p yaxshiliklarga ega bo‘lish bilan birga oxiratda ulug‘ ajru mukofotlar sohibiga aylanadi.

Shu bilan birga qarindoshlik rishtalarini uzish eng og‘ir gunohlardan va yomon fe’llardan hisoblanib, toshbag‘irlik va hissiyotsizlik deb baholanadi. 

عَنْ عَبْدِ اللَّهِ بْنِ عَمْرٍو رَضِيَ اللَّهُ عَنْهُما عَنْ النَّبِيِّ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: "لَيْسَ الْوَاصِلُ بِالْمُكَافِئِ وَلَكِنْ الْوَاصِلُ الَّذِي إِذَا قَطَعَتْ رَحِمُهُ وَصَلَهَا"

(رواه البخاري)

 Abdulloh ibn Amr roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi va sallam dedilar: Haqiqiy silai rahm qiluvchi kishi qarindoshlari tarafidan unga qilingan aloqaga javob tariqasida (bordi-keldi) aloqa qilayotgan odam emas, balki ular tarafidan aloqa uzilgan paytda ularga aloqani bog‘lagan odamdir (Imom Buxoriy rivoyati).

Demak, bir-birimizga qanchalik yaxshilik va rahm-shafqat qilsak, Allohning rahmati bizlarga shunchalar yaqin bo‘laveradi.

عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ رَضِيَ اللَّهُ عَنْهُ قَالَ سَمِعْتُ رَسُولَ اللَّهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ يَقُولُ "مَنْ سَرَّهُ أَنْ يُبْسَطَ لَهُ فِي رِزْقِهِ وَأَنْ يُنْسَأَ لَهُ فِي أَثَرِهِ فَلْيَصِلْ رَحِمَهُ"

(رواه البخاري)

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Men Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning shunday deganlarini eshitganman: Kim rizqi mo‘l-ko‘l qilinishini va umri uzaytirilishini istasa, silai rahm (qarindoshlari bilan aloqa) qilsin! (Imom Buxoriy rivoyati).

Demak, silai rahm qilishlik bilan insonning umri ziyoda, moli ko‘p, rizqi keng bo‘ladi, ajali orqaga suriladi, o‘z ahli va qarindoshlarining muhabbatiga sazovor bo‘ladi.

Silai rahm deganda yaqinlar bilan yaxshi munosabatda bo‘lish, ularning xursandchiliklari bilan quvonish, musibatlariga hamdard bo‘lish, muhtoj bo‘lsalar ularga yordam berish, ularni doimo ziyorat qilib turish, ko‘ngillarini olish, dillarini og‘ritishdan saqlanish, ulardan biror yomonlik yetsa ham kek saqlamay kechirib yuborish, qalbida ularga nisbatan hasad va adovat saqlamasdan o‘rtada muhabbat paydo qilish yo‘lida bor kuch va g‘ayratini sarf qilish kabi fazilatlarni o‘z ichiga oladi.

عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ رَضِيَ اللهُ تَعَالَى عَنْهُ أَنْ رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: "مَنْ كَانَ يُؤْمِنُ بِاللهِ وَالْيَوْمِ الآخِرِ فَلْيَصِلْ رَحِمَهُ"

(رواه البخاري ومسلم)

Rasuli akram sollallohu alayhi vasallam: Kim Allohga va oxirat kuniga imon keltirgan bo‘lsa, silai rahm qilsin, deganlar (Imom Buxoriy va Muslim rivoyati).

bugungi kunda tirikchilik, nafaqayi ro‘zg‘or ilinjida chet ellarda yillar davomida qolib ketib, ota-ona va farzandlarining holidan xabar olmay, hatto butunlay aloqani uzub yuborgan yurtdoshlarimiz ham yo‘q emas. fuqaholarimiz er o‘z turmush o‘rtog‘ini to‘rt oydan ortiq muddatga qarovsiz tashlab ketishi mumkin emasligini aytganlar. Siylai rahm eng avvalo kishining o‘z oila a’zolaridan boshlanadi. Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalom ummatlarini silai rahmga chaqirib, o‘z yaqinlaridan aloqalarini uzganlarni oxiratda og‘ir azob-qiynoqlar kutayotgani haqida ogohlantirganlar.

عن أبي بكر رضي الله عنه أن رسول الله صلى الله عليه وسلم قال: « مَا مِنْ ذَنْبٍ أجْدَر أنْ يُعَجِّلَ اللهُ لِصَاحِبِهِ بِالْعُقُوبَةِ فِي الدُّنْيَا مَعَ مَا يُدَّخَرُ لَهُ فِي الآخِرَةِ مِنَ البَغْيِ وَقَطِيْعَةِ الرَّحْمِ»

رواه أبو داود والترمذي وابن ماجه

Abu Bakr roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Payg‘ambar sollallohu alayhi va sallam: “Qarindoshlik aloqasini uzish va zulmdan ko‘ra egasiga tez uqubat yetkazadigan va qolgani oxiratga saqlab qo‘yiladigan gunoh yo‘q”, deganlar” (Abu Dovud, Termiziy va ibn Moja rivoyat qilgan).

Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyat qilgan hadisda boshqa bir hadisda esa Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Silai rahm qilmagan odam jannatga kirmaydi”, deganlar.

Xulosa qilib aytganda, silai rahm mo‘minlarga xos sifat bo‘lib, har bir mo‘min-musulmon bunga e’tibor berishi muhimdir. Xususan, Allohning rahmat va mag‘firati jo‘shib turgan muborak Ramazon kunlarida mehr-oqibatlarimizni bir-birlarimizdan darig‘ tutmasak, bu oyning shukuhiga hamoxang amal qilgan bo‘lamiz. Ana shunda qarindoshlar orasidagi silai rahmni mustahkamlab, Alloh va uning Rasuli sevgan bandalar qatoriga qo‘shilamiz, inshaalloh.

Alloh taolo barchalarimizni rushdu hidoyatidan adashtirmasin. Qarindoshlar orasidagi silai rahmning mustahkam bo‘lishini nasibu ro‘zi qilsin. O‘zining roziligiga olib boradigan amallarda barchalarimizni bardavom qilsin! Yurtimizning tinchligi va farovonligini ziyoda aylasin! Omin.

 

 


fitr  sadaqasi

Kishi ro‘za tutar ekan, gohida bilib bilmay turli gaplar og‘zidan chiqib ketishi, ba’zi noqulay amallarni qilib qo‘yishi mumkin. Ana shu g‘ashliklarni yuvib yuborish uchun fitr sadaqasi joriy bo‘lgan.

Fitr sadaqasi Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning quyidagi so‘zlari ila sobit bo‘lgandir: 

عَنْ عَبْدِ الله بْنِ ثَعْلَبَةَ عَن أبِيْهِ أنَّ رَسُولَ الله صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: "أَدُّوا عَنْ كُلِّ حُرٍّ وَعَبْدٍ صَغِيرٍ أَوْ كَبِيرٍ نِصْفَ صَاعٍ مِنْ بُرٍّ أَوْ صَاعًا مِنْ تَمْرٍ أَوْ صَاعًا مِنْ شَعِيرٍ" (أخْرَجَهُ الدَّارَقُطْنِي وَأحْمَد)

ya’ni: Abdulloh ibn Sa’laba otasidan rivoyat qilgan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday marhamat qilganlar: “Har bir balog‘atga yetgan-yetmagan hur va qulning tarafidan bug‘doydan yarim so’ (2kg) yoki xurmo va arpadan bir so’ fitr sadaqasini ado qilinglar” (Imom Doraqutniy va Imom Ahmad rivoyati).

Fitr sadaqasini faqirlarga berish hikmatlaridan biri, ular ham hayit kunini bayram kayfiyatida, xursandchilik bilan, ko‘ngillari tusagan ba’zi taomlarni tanovul qilib o‘zkazishlari uchun ko‘makdir.

Hanafiy mazhabimiz bo‘yicha musulmon kishi o‘zining turar joyidan, kiyimidan, uy jihozlaridan, minib turgan ulovidan, ish qurollari va dastgohlaridan tashqari zakot nisobi miqdoriga yetadigan mulkka ega bo‘lsa, unga fitr sadaqasi vojib bo‘ladi.

Boshqahcha qilib aytganda fitr sadaqasi zaruriy ehtiyojtaridan ortiqcha nisob miqdoridagi mulkka ega bo‘lgan musulmonga vojibdir. Mazkur nisob miqdoridagi mulkning ko‘payuvchi bo‘lishi yoki oradan bir yil o‘tgan bo‘lishi shart emas.

Fitr sadaqasining vojib bo‘lish vaqti hayit kuni tong otish paytidir. Shuning uchun, hayit kechasi tug‘ilgan chaqaloqdan ham fitr sadaqa berish vojib bo‘ladi. Homila va hayit kunidan oldin vafot etganlar uchun fitr sadaqasi vojib bo‘lmaydi.

Fitr sadaqasini hayit kunidan avval yoki keyin berish joizdir. Hayit namoziga chiqmasdan avval berish mustahabdir. U bug‘doydan yarim so’ ya’ni taqriban 2 kg berilishi lozim. Har yilgi fitr sadaqasining miqdori viloyat, shahar va tumanlarimizning bozorlaridagi 2 kilogramm bug‘doy narxidan kelib chiqqan holda, belgilanadi. (Masalan, 2018 yilda Toshkent shahar bozorlarida  1 kilogramm bug‘doyning narxi o‘rtacha 2500 (ikki yarim ming) so‘m bo‘lsa, demak 2 kilogramm bug‘doy narxi 5000 (besh ming) so‘m bo‘ladi).

Zakot va fitr sadaqasi miskinninng haqqi bo‘lib, ularga mulk qilib berilishi kerak. Agar bularni masjid yoki bolalar uyining ta’mirlash ishlariga ishlatiladigan bo‘lsa, zakot va fitr sadaqasi ado bo‘lmaydi. U joydagi mutasaddilar tushgan zakot va fitr sadaqasini faqir, miskinlarga, yetim bolalarning ehtiyojlariga sarf qilsalar joiz bo‘ladi. Fitr sadaqasini zakot bersa bo‘ladigan kishilarga beriladi.

Juma mav'izalari
Boshqa maqolalar
Maqolalar

“Qadr-qimmatimiz ulug‘lanayotgan yurt”

28.08.2026   19821   10 min.
“Qadr-qimmatimiz ulug‘lanayotgan yurt”

“Yangi O‘zbekiston” gazetasining shu yil 27 avgust kungi 175-sonida O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy, “Oliy Darajali Imom Buxoriy” ordeni sohibi Shayx Nuriddin XOLIQNAZAR hazratlarining “Qadr-qimmatimiz ulug‘lanayotgan yurt” nomli maqolasi chop etildi.
Ezgulik, bag‘rikenglik markaziga aylanayotgan mamlakatimizda diniy-ma’rifiy sohada erishilayotgan tarixiy yutuqlar e’tirofiga bag‘ishlangan qiyosiy-tahliliy maqolaning to‘liq matni bilan quyida tanishishingiz mumkin:

Bismillahir Rohmanir Rohiym.

Butun xalqimiz tomonidan katta shodiyona qilinayotgan, o‘z taqdirini shu aziz Vatan taqdiri bilan bog‘lagan qirq millionga yaqin yurtdoshimiz qalbini cheksiz faxr-iftixor tuyg‘ulariga to‘ldirayotgan mustaqillik bayrami – istiqlolimizning 35 yillik ayyomi bilan barchani chin qalbimdan muborakbod etaman.

Alloh taologa behisob shukrki, mamlakatimizda so‘nggi yillardagi jadal va keng ko‘lamli islohotlar qatorida e’tiqod erkinligini ta’minlash hamda mo‘min-musulmonlar emin-erkin toat-ibodat qilishi uchun yaratilayotgan sharoitlar yangi bosqichga ko‘tarildi.

Bunyodkorlik va ma’naviy tiklanish solnomasi

So‘nggi o‘n yillik solnomasiga qaraydigan bo‘lsak, yurtimizning har bir hududida ulkan bunyodkorlik ishlariga guvoh bo‘lamiz. Ularning eng mahobatlilari, shubhasiz, poytaxtimizdagi Islom sivilizatsiyasi markazi va Samarqanddagi Imom Buxoriy majmuasidir.

Bundan 9 yil oldin Islom sivilizatsiyasi markazini barpo etish haqida maxsus qaror qabul qilinib, amaliy ishlar boshlangan edi. Nihoyat joriy yilda qadimdan Toshkentning ma’naviy markazi bo‘lib kelgan Hazrati Imom majmuasi yonida milliy ruh va zamonaviy sharoitlarga ega muhtasham inshoot barpo etildi. Markazning asosiy zali, ta’bir joiz bo‘lsa, qalbi, hech shubhasiz, muqaddas Qur’on zalidir. Bu yerda dunyodagi eng qadimiy Hazrati Usmon Mus'hafi yuksak maqomiga yarasha munosib o‘rin topdi.

Bu maskanda O‘zbekiston musulmonlari idorasi ham yangi qarorgohiga ega bo‘ldi. Prezidentimizning oq fotihasi bilan biz ham shu yerda faoliyatimizni davom ettiryapmiz.

Imom Buxoriy majmuasi qurilishi 2019 yilda boshlangan edi. Qariyb 45 gektar maydonni qamrab olgan hududda ulkan maqbara, 10 ming kishilik masjid, innovatsion muzey, kutubxona, mehmonxonalar va boshqa zarur infratuzilma inshootlari barpo etildi.

Shu muazzam majmua foydalanishga topshirilayotganida xayolimga bir fikr keldi. Bilasiz, Imom Buxoriy bobomiz ilm talab qilish yo‘lida qancha mashaqqatlar chekib dunyo kezdilar. Buyuk muhaddis bo‘lib Vatanimizga qaytib keldilar. Lekin unga hozirgidek e’tibor, ehtirom, ­e’zoz ko‘rsatilmagandi. Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan Imom Buxoriy hazratlarining boy ilmiy merosini yuksak darajada qadrlash va targ‘ib etishga yangi bosqichda keng imkoniyatlar yaratildi. Hozir butun islom olami, barcha musulmonlar shu majmuaga talpinmoqda.

Shuningdek, Farg‘onadagi Burhoniddin Marg‘inoniy yangi majmuasi, Namangandagi Sulton Uvays Qaraniy ziyoratgohi, Andijon bosh masjidi, Surxondaryodagi termiziylar maqbaralari, Qashqadaryodagi Abu Muin Nasafiy ziyoratgohi, Buxorodagi Mir Arab oliy madrasasi, Nukusdagi Imom Eshon Muhammad, Urganchdagi Oxun bobo masjidlari, Toshkentdagi Suzuk ota, Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf masjid-majmualari, Toshkent viloyatidagi Zangiota ziyoratgohini ham sanab o‘tish mumkin.

Yurtimizning shaharu qishloqlarida, eng chekka hududlarida 130 taga yaqin yangi masjid ochildi. 500 dan ziyod jome butunlay qaytadan bunyod etildi. 3 ta oliy va 1 ta o‘rta maxsus madrasa tashkil etildi. Jumladan, 500 yillik tarixga ega Mir Arab oliy madrasasining tarixiy maqomi tiklandi va uni dunyoga mashhur al-Azhar majmuasi darajasiga yetkazish ishlari davom etmoqda.

Samarqandda Hadis ilmi maktabi, Surxondaryoda Imom Termiziy ­nomidagi islom instituti, shuningdek, Imom Termiziy nomidagi o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi faoliyat boshladi. Toshkent islom institutida magistratura tashkil qilinib, bu yil ilk bitiruvchilar sohaning nufuzli idoralarida mehnat faoliyatiga kirishdi.

Qur’oni karim va tajvid o‘quv kurslari soni 30 dan oshdi. Mashg‘ulotlarni 100 mingdan ziyod tinglovchi yakunlab, Allohning kalomini o‘qish baxtiga erishdi. Bundan tashqari, internet orqali onlayn qiroat saboqlari yo‘lga qo‘yildi.

Diniy idoramiz huzurida Markaziy Osiyoda yagona bo‘lgan Fatvo markazi tashkil etildi. Bu yerda diniy ulamolarimiz har yili yurtdoshlarimizning 300 mingdan ortiq savoliga javob berib kelmoqda. E’tiborlisi, ishlash yo o‘qish maqsadida chet davlatda bo‘lib turgan vatandoshlarimizning savollariga mobil ilova va ijtimoiy tarmoqlar orqali ham javob berish imkoniyati yaratilgan.

Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy va Bahouddin Naqshband nomidagi 4 ta xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ta’sis etilib, nodir ilmiy-ma’rifiy asarlar tadqiq qilinmoqda.

Ziyorat va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash

Haj va umra safarlariga keng yo‘l berildi. Haj kvotasi 3 baravar, ya’ni 5 mingdan 15 mingga ko‘paygan bo‘lsa, umraga qo‘yilgan kvota cheklovlari olib tashlandi. Natijada har yili 1 millionga yaqin hamyurtimiz Allohning baytini ziyorat qilishga muvaffaq bo‘lmoqda.

Bu yildan boshlab Prezident hojilari dasturi joriy etilib, el-yurtimizga sidqidildan xizmat qilgan 100 nafar yurtdoshimiz haj safariga imtiyozli borib keldi.

Ramazon oyi, ikki hayit bayrami haqiqiy ma’noda katta ayyomga aylandi. Bu muborak sanalarni Prezident qarori bilan keng nishonlash dunyo mamlakatlari tajribasida yo‘q. Ayniqsa, joriy yilgi ayyomlarda davlatimiz rahbari tashabbusi bilan amalga oshirilgan ulkan voqeliklarni alohida ta’kidlash kerak: Ramazon oyida 1 trillion 100 million so‘m, Qurbon hayitida 700 milliard so‘m mablag‘ xayriya ishlariga yo‘naltirildi.

Diniy soha xodimlariga bugungidek ­e’tibor, ijtimoiy, moddiy qo‘llab-quvvatlash ilgari kuzatilmagan edi. Ayniqsa, 15 ulamoning Imom Buxoriy ordeni bilan mukofotlanishi tarixiy voqea bo‘ldi.

Imom-xatiblarimiz xorijiy tajriba almashish va malaka oshirish uchun chet davlatlarga bormoqda. Xususan, AQSH, Rossiya, Buyuk Britaniya, Yevropa mamlakatlari, Saudiya Arabistoni, Misr, BAA, Turkiya, Janubiy Koreya singari davlatlarda malaka oshirish kurslari, Qur’oni karim xatmlari, diniy-ma’rifiy suhbatlarda ishtirok etmoqda. Albatta, bunday yuksak ehtirom va keng imkoniyatlar qalblarimizda cheksiz shukronalik tuyg‘usini uyg‘otadi. Zero, Alloh taolo Qur’oni karimda shukr qiluvchilarga ne’matlarini yanada ziyoda etishni va’da qilib, bunday marhamat qiladi:

“Va Robbingiz sizga: “Qasamki, agar shukr qilsangiz, albatta, sizga ziyoda qilurman. Agar kufr keltirsangiz, albatta, azobim shiddatlidir”, deb bildirganini eslang” (Ibrohim surasi, 7-oyat).

Ushbu ilohiy va’daga muvofiq, tinch va farovon kunlarimizning qadriga yetish, yurtimizda amalga oshirilayotgan xayrli va ezgu ishlarga shukronalik keltirish ne’matlarning bardavom va yanada ziyoda bo‘lishiga sababdir. Zotan, shukr faqat tilda emas, balki mehr-oqibat, saxovat va ezgu amallarda namoyon bo‘lishi bilan o‘z ma’nosini topadi.

Buyuk saodatning ifodasi

Mamlakatimizdagi ochiqlik siyosati natijasida O‘zbekiston musulmonlari idorasining islom olami bilan aloqalari rivojlanmoqda. Xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik mustahkamlandi. Turkiy davlatlar muftiylari kengashi, Abu Dabi tinchlik forumi, Xalqaro musulmon ulamolari kengashi, Musulmon donishmandlar kengashi, Islomiy fiqh akademiyasi, Islom olami uyushmasi, Podshoh Salmon nomidagi Hadisi sharif akademiyasi va Xalqaro islom fiqhi akademiyasi kabi nufuzli tashkilotlar shular jumlasidan.

Yaqinda mamlakatimizda I xalqaro islom sivilizatsiyasi forumi o‘tkazildi. U butun dunyo e’tiborini yana bir bor O‘zbekistonga qaratdi. Forum doirasida ko‘plab nufuzli olimlar, ulamolar yurtimizga tashrif buyurib, amalga oshirilayotgan ijobiy o‘zgarishlarning shohidi bo‘ldi.

Yurtimizdan yetishib chiqqan buyuk mutafakkir allomalarning hayoti va ilmiy merosini o‘rganish yuzasidan 600 dan ortiq kitob, monografiya, risola, roman nashr qilindi.

Umuman olganda, inson qadrini ulug‘lashga qaratilgan xalqparvar siyosat aholining turmush sifatini yanada oshirish, ilgari adashgan yo‘lidan qaytib, sog‘lom hayot kechirish yo‘lini tanlagan shaxslarni afv etish kabi savobli ishlarda namoyon bo‘layotir.

Bularning bari Alloh taoloning inoyati bilan erishilgan istiqlol sharofatidandir. Tiklangan ma’naviy qadriyatlar, keng ochilgan e’tiqod imkoniyatlari yangi O‘zbekistonda inson qadri naqadar yuksak darajaga ko‘tarilganining yorqin misolidir. Bu ishlar ma’rifat, bag‘rikenglik va ezgulik tamoyillari atrofida birlashgan xalqimizning kelajakka ishonchini yanada mustahkamlaydi.

Zero, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam o‘z ta’limotlarida inson uchun eng ulug‘ saodat tinchlik-osoyishtalik, tansihatlik va xotirjamlik ekanini alohida ta’kidlaganlar:

“Sizlardan kim ahli-oilasi tinch, tani sog‘ va bir kunlik yeguligi bor holda tong ottirsa, go‘yoki unga butun dunyo to‘laligicha berilibdi” (Imom Termiziy rivoyati).

Bugun yurtimizda hukm surayotgan tinchlik va emin-erkinlik mana shunday ulug‘ saodatning amaliy ifodasidir.

Alloh taolo jonajon Vatanimiz istiqlolini abadiy, tinchligimizni barqaror aylasin! Yurtimiz rivoji va xalqimiz farovonligi yo‘lida sidqidildan xizmat qilayotgan Prezidentimiz va barcha mutasaddilarga kuch-g‘ayrat, mustahkam sog‘liq va ulkan zafarlar yor bo‘lsin. El-yurtimiz ahil-inoqligi, xonadonlarimizning qut-barakasi hech qachon arimasin!

Shayx Nuriddin XOLIQNAZAR,

O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy, “Oliy Darajali Imom Buxoriy” ordeni sohibi

Maqolalar