Sayt test holatida ishlamoqda!
11 Aprel, 2025   |   13 Shavvol, 1446

Toshkent shahri
Tong
04:28
Quyosh
05:50
Peshin
12:29
Asr
17:03
Shom
19:02
Xufton
20:19
Bismillah
11 Aprel, 2025, 13 Shavvol, 1446

Ramazon va go‘zal xulqlar

04.06.2018   62857   4 min.
Ramazon va go‘zal xulqlar

Sahobai kiromlar aytadilar: Biz muborak Ramazon oyi kelganida,  Nabiy sallallohu alayhi va sallamning amallari ichida uch narsani yanada ziyoda bo‘lishini sezar edik.

Birinchi narsa: Nabiy sallallohu alayhi va sallam ibodatga juda ko‘p mashg‘ul bo‘lar edilar. Vaholanki, Nabiy sallallohu alayhi va sallamning oddiy kunlardagi ibodatlari ham shunday ediki “ko‘p ibodat qilganlaridan muborak oyoqlari ishib ketar edi”. Shunday bo‘lsada, muborak Ramazon oyida Nabiy sallallohu alayhi va sallam oldingidan ham ko‘proq ibodat qilar edilar.

Ikkinchi narsa: Nabiy sallallohu alayhi va sallam  Ramazon oyida Allohning yo‘lida juda ko‘p xayr-sadaqa qilar edilar. Ramazon oyida saxovatlari yanada oshib ketar edi.

Uchinchi narsa: Nabiy sallallohu alayhi va sallam  Ramazon oyida Allohga ko‘p duo qilib yig‘lar edilar.

Ushbu uch amalda Ramazon oyi ichi yanada ziyodalik ko‘zga tashlanar edi. 1.Ibodatga juda ko‘p g‘ayrat qilishlik.

2.Alloh ta’oloning yo‘lida ko‘p xayr-sadaqa qilishlik.

3.Alloh ta’ologa ixlos bilan duo qilib ko‘z yosh to‘kishlik.

Biz ham muborak Ramazon oyida mana shu uch amalga xos e’tibor qarataylik. Ibodat orqali jismimizga taskin beraylik. Bizning jismimiz dunyo ishlari uchun har kuni toliqadi. Hayotda biror shunday vaqt ham kelsinki, u Allohning ibodati uchun ham toliqib tursin. Biror shunday vaqt ham kelsinki, bizning ko‘zlarimiz uyquga mushtoq bo‘lsin va biz: “Agar sen Allohning roziligi uchun uyg‘oq tursang, u holda qiyomat kuni Alloh ta’oloning diydori nasib bo‘ladi. Bu ko‘zlar bugun uyg‘oq bo‘lsa, u holda ertaga qabr ichida shirin uyquda bo‘ladi” deb  o‘zimizga tushuntiraylik. Darhaqiqat, ibodatda uyg‘oq turish oyi kelyapti. Biz oromimizni kamaytirib olaylik. Bu ibodat mashaqqatini ko‘tarish oyidir deb o‘zimizga tushuntiraylik.

Shu o‘rinda Iftor vaqtidagi mukofot haqida ham eslatib o‘tsak:

Shari’at buyuradiki, agar biror mardikor birovning uyida ishlasa va ish vaqti tugasa, uning peshona terisi qurimasdan turib, unga ish xaqqini berib yuborish kerak. U holda nima deb o‘ylaysiz? Qachonki, shariat biz ojiz bandalarga mardikorning peshona terisi qurimasdan ish xaqqini berib yuborishga buyurib turganda, qaysi banda Alloh ta’olo uchun butun kun  bo‘yi Uning buyurgan ishini qilsa, ro‘za tutsa, ochqolsa, chanqasa va mashaqqatlarga chidasa, endi, uning iftor vaqti bo‘lganda, (go‘yoki, ish vaqti tugaganda) Alloh ta’olo unga o‘sha zahoti mehnatining mukofotini bermaydimi?  Shunday bir farq borki, biz biror mardikorni ishlatish uchun uyga olib kelsak, ey, birodar! Senga shuncha haq beraman, sen esa bizga mana bu ishni kilib ber, deb u bilan ish haqqini kelishib olamiz. O‘sha ishni qilib bo‘lgandan keyin biz unga kelishilgan ish haqqini berib yuboramiz. Lekin kimning himmati baland bo‘lsa, u mardikor bilan ish haqqini kelishib o‘tirmaydi, qancha desang beraman, sen esa bizga mana bu ishni qilib ber deydi. Xuddi shuningdek,  Alloh ta’olo ham: “Ey, Mening suyukli mahbubimning ro‘zador ummatlari! Siz xolis Men uchun ro‘za tuting va iftor vaqti bo‘lganda, nima so‘rasangiz beraman. Sizlar nimani so‘rasangiz, Men Robbingiz so‘raganingizga ko‘ra ato qilaman. So‘rashlik sizning ishingizdir. Sizlarni so‘ragan narsalaringizga to‘ldirib tashlashlik Mening ishimdirdeb shunday muomala qiladi. Shuning uchun, ro‘zadorning duosi qabul bo‘ladi.

Nabiy sallallohu alayhi va sallam:

إن للصائم عند فطره دعوة لا ترد

Albatta, ro‘zadorning iftor vaqtida rad qilinmaydigan duosi bor deganlar.

Shu o‘rinda inson fikridan kichik bir mulohaza o‘tadi: Har kuni iftorliklarga boramiz, afsuski, shunday holatlarga guvoh bo‘lamiz, kun bo‘yi Robbimizning buyurgan ishini qilib, ro‘za tutamiz, ochqaymiz, chanqaymiz, mashaqqatlarga chidaymiz, iftor vaqtida Robbimiz mehnatimiz mukofotini beraman, duolaringizni qabul qilaman deb turganda esa, behuda gaplar bilan ovoramiz. Qudrati cheksiz bo‘lgan Robbimiz Ramazonni Payg‘ambar sallallohu alayhi va sallamdek foydalanishimizni va iftorlikda unumli duo qiladigan va duolari ijobat bo‘ladigan bandalaridan qilsin. Valhamdulillahi Robbil alamin.

Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti

katta  o‘qituvchisi Faxriddin Mamanosirov

Ramazon-2018
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Muftiy hazratlari maqolasi nufuzli jurnalda nashr etildi

11.04.2025   2294   7 min.
Muftiy hazratlari maqolasi nufuzli jurnalda nashr etildi

O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari tomonidan Qur’oni karim qo‘lyozmalarini asrab-avaylash bo‘yicha yurtimizda amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida yozilgan maqola Islom hamkorlik tashkiloti ilmiy jurnalida e’lon qilindi.

Mazkur jurnaldagi maqolada ilmiy-ma’naviy merosimizni saqlash, ilmiy tahlil qilish, ularning mazmun-mohiyati haqida keng jamoatchilikka ma’lumot berish, allomalarimiz asarlarini dunyo hamjamiyati o‘rtasida keng targ‘ib etish, ilm-fan, ma’naviyat va amaliyotda ulardan foydalanish va avlodlarga yetkazish borasida qilinayotgan ishlar haqida so‘z boradi.

Xususan, unda hukumatimiz tashabbusi bilan Katta Langar Qur’oni “Luvr” muzeyi mutaxassislari ishtirokida restavratsiya qilingani, uning ikki sahifasi Parij va Jidda ko‘rgazmalarida namoyish etilgani alohida ta’kidlangan.

Katta Langar Qur’onining tarixiy ahamiyati, musulmon dunyosidagi qadr-qimmati juda yuqori bo‘lib, mus'haf ko‘p asrlar nafaqat yurtimiz, balki dunyo ahli, butun insoniyatning ma’naviy boyligi bo‘lib xizmat qiladi, insha Alloh.

 Ma’lumot o‘rnida, Islom hamkorlik tashkiloti BMTdan keyingi o‘rinda turuvchi 57 davlat a’zo bo‘lgan hukumatlararo yirik tuzilma hisoblanadi. U musulmon dunyosi manfaatlarini himoya qilish va tinchlik-totuvlikni qaror topshirish bilan shug‘ullanadi. U 1969 yilda tashkil etilgan bo‘lib, qarorgohi Jidda shahrida joylashgan. O‘zbekiston bu tuzilmaga 1996 yilda a’zo bo‘lgan. Dunyo mo‘min-musulmonlari hayoti, ilmiy yangiliklari va muhim voqea-hodisalarga bag‘ishlangan “OIC” nomli tashkilot jurnali arab, ingliz va fransuz tillarida chop etiladi.

✅ Quyida maqolani mutolaa qilish mumkin.

------------------------------------------------------

“KATTA LANGAR QUR’ONI” TARIXI VA BUGUNGI HOLATI
 

O‘zbekiston musulmonlari idorasining kutubxonasida saqlanayotgan “Katta Langar Qur’oni” nomi bilan ataladigan Qur’oni karimning nusxasi dunyodagi eng qadimiy va nodir qo‘lyozma asarlaridan hisoblanadi. Bu nusxaning Katta Langar Qur’oni deb nomlanishi uning Qashqadaryo viloyatining Qamashi tumanidagi Langar ota masjidida saqlanganiga borib taqaladi. Sahifalar uzoq vaqt davomida “Katta Langar shayxlari” deb nom olgan Ishqiya tariqati vakillari tomonidan asrab kelingan.

Ushbu qo‘lyozma ustida ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borgan olimlarning ta’kidlashlaricha, qo‘lyozmaning bitilishi VIII asrning oxirgi choragi – arab grammatikasi qoidalari shakllangan davrga to‘g‘ri keladi.

Hozirgi kunda ushbu qo‘lyozmaning 81 sahifasi Rossiya Fanlar akademiyasining Sankt-Peterburgdagi Sharq qo‘lyozmalari institutida saqlanadi. Mashhur sharqshunos, akademik I.Yu. Krachkovskiy o‘zining “Arab qo‘lyozmalari ustida” kitobida yozishicha, bu qo‘lyozma 1936 yilda institut tomonidan notanish keksa ayoldan sotib olingan.

1998 yilda professor Ye.A. Rezvan Sharq qo‘lyozmalari institutida Ye 20 inventar raqami ostida saqlanayotgan mazkur qo‘lyozma haqida xorij matbuotida ingliz tilida “The Qur’an and its World” maqolasini e’lon qildi. Oradan bir necha oy o‘tib, fransuz sharqshunosi Fransua Derosh Sankt-Peterburgga xat yo‘llab, O‘zbekistondagi Katta Langar qishlog‘idan topilgan Qur’on sahifalari fotonusxalarini ham yuboradi. Bu nusxalardagi yozuv turi va uslubi institutda Ye 20 raqami ostida saqlanayotgan qo‘lyozmaniki bilan aynan bir xil edi.

Keyinchalik Ye. Rezvan ushbu qo‘lyozmaning ayrim sahifalari Katta Langar qishlog‘ida, shuningdek, Toshkent va Buxoroda ham saqlanishi haqida xabar topadi. 1999 yilda Katta Langar Qur’oni bilan yaqindan tanishish maqsadida O‘zbekistonga ilmiy ekspeditsiyani amalga oshirib, bir guruh sharqshunos olimlar bilan Toshkentda O‘zbekiston musulmonlari idorasi kutubxonasida saqlanayotgan Usmon mus'hafi va Langar Qur’onining bir sahifasi, Sharqshunoslik Qo‘lyozmalar institutida saqlanayotgan 1ta sahifasini, Langar ota masjidida saqlanayotgan 12 sahifani borib ko‘radi. Keyinchalik bu haqda “Usmon Qur’oni izidan” degan hujjatli film ham tayyorlaydi.

2000 yilning may oyida rossiyalik va gollandiyalik olimlarning izlanishlari natijasida, Groningen (Gollandiya) universiteti Izotop tadqiqotlari markazida mazkur qo‘lyozma pergamentining namunalari zamonaviy texnikalar yordamida radiokarbon tahlilidan o‘tkaziladi. Tekshiruv natijalariga ko‘ra, ushbu qo‘lyozma milodiy 775–995 yillar oralig‘ida ko‘chirilgan bo‘lishi mumkinligi haqida xulosa berildi. Olimlar ushbu xulosaga tayanib, qo‘lyozma VIII asrning so‘nggi choragiga tegishli, degan to‘xtamga kelishgan. Bu xulosani fransuz sharqshunosi F. Derosh ham tasdiqlaydi.

O‘zbekistonda mazkur qo‘lyozmaning jami 16 sahifasi mavjud bo‘lib, bittasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharq qo‘lyozmalari institutida saqlanadi.

Sharq qo‘lyozmalari institutida 11604 raqami ostida saqlanayotgan sahifada “Baqara” surasining 26-61-oyatlari ko‘chirilgan. Mazkur institutda 2460 raqami ostida saqlanayotgan Sadir Ziyo kutubxonasining katalogida mazkur sahifa haqida ma’lumot berilgan bo‘lib, unda sahifaning Uchinchi Xalifa Usmon ibn Affon roziyallohu anhu zamonasida ko‘chirilgan kitobga tegishli ekani aytiladi.

Ikkita sahifasi Buxoroda: bittasi Ibn Sino nomidagi Buxoro viloyat kutubxonasida, ikkinchisi Buxoro davlat muzey-qo‘riqxonasi Ark qo‘lyozmalar muzeyida saqlanmoqda. Unda Mujodala surasining 11-oyatidan Hashr surasining 3-oyatigacha yozilgan.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi kutubxonasida Katta Langar Qur’onining avvaldan bir sahifasi saqlangan. 2003 yilda 12 sahifasi Qashqadaryo viloyatining Qamashi tumanidagi “Langar ota” masjididan keltirilgan. Hozirda 13 ta sahifasi saqlanmoqda.

Mazkur qo‘lyozma matni sayqallangan hayvon terisi – pergamentga bitilgan. Sahifalarning o‘rtacha hajmi 53x35 sm.ni tashkil etadi. Matnlar arabiy yozuv usullarining eng qadimiy turlaridan bo‘lgan ko‘fiy-hijoziy  xatida bitilgan. Qo‘lyozmaning charm muqovasi XIV asrga tegishli. XVII asr o‘rtalarida u qayta ta’mirlangan. Muqova hamda sahifalarni bir-biriga mustahkam biriktirish maqsadida arab tilidagi matnlar bitilgan qog‘ozlar yopishtirilgan.

Katta Langar Qur’oni yillar davomida ta’mirlanib, uni bezak va nuqtalar bilan to‘ldirib kelinganini ko‘rishimiz mumkin. Masalan, ba’zi sahifalarning yirtilgan burchaklariga yamoq solingan va yamalgan joyidagi oyatlar nasx xati turida yozilgan. Suralar orasiga naqsh chizilib, unga suraning nomi va oyatlarining soni nasx xatida bitilgan. Ba’zi sahifalardagi ba’zi kalimalarga harakatlar qo‘yilganini ham ko‘rishimiz mumkin.

O‘zbekiston musulmonlari idorasida saqlanayotgan Katta Langar Qur’onining avvalgi bitta sahifasida “Baqara” surasining 126–150-oyatlari, 12 sahifasida Niso surasining 136-oyatining yarmidan boshlanib, Moida surasi to‘liq va An’om surasining 82-oyatining boshlanishigacha bo‘lgan qismi bor.

Mavjud sahifalar Qur’oni karimning ikki juzini o‘z ichiga olgan. Demak, tahmin qilish mumkinki, Katta Langar Qur’oni 190–200 sahifa atrofida bo‘lgan. Bugungi kungacha ularning 97 sahifasi yoxud 47 foizigina yetib kelgan.

Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning tashabbuslari bilan O‘zbekiston musulmonlari idorasida saqlanayotgan Katta Langar Qur’oni restavratsiya qilindi, ya’ni ko‘p asrlik chang, g‘ubor, zambrug‘u zararli bakteriyalardan tozalandi.

Mus'haf sahifalari ta’miri Madaniyat vazirligi huzuridagi Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi shafeligida Fransiyaning Luvr muzeyi restavratorlari va mahalliy mutaxassislar ishtirokida uch bosqichda, ya’ni 2019, 2020 va 2021 yillarda amalga oshirildi.

2022 yil Islom olamining noyob qo‘lyozmalaridan biri bo‘lgan Katta Langar Qur’onining 2 sahifasi O‘zbekistonning boy merosiga bag‘ishlangan Parij ko‘rgazmasida namoyish etildi.

Katta Langar Qur’onining tarixiy ahamiyati, musulmon dunyosidagi qadr-qimmati juda yuqori bo‘lib, mus'haf ko‘p asrlar nafaqat yurtimiz, balki dunyo ahli, butun insoniyatning ma’naviy boyligi bo‘lib xizmat qiladi.

 

Shayx Nuriddin Xoliqnazar,

O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy.

 

 

 

 

O'zbekiston yangiliklari