Saudiya Arabistoni Podshohligining Haj va Umra ishlari bo‘yicha vazirligi haj ziyoratchilariga qulaylik taqdim etish maqsadida, 2018 yilgi haj mavsumida tajriba tariqasida Mino vodiysidagi xaymalarning bir qismini ikki qavatli krovatlar bilan jihozlamoqchi.
Haj va umra ishlari bo‘yicha vazirlik mulozimiga ko‘ra, bu kabi tadbirlar kelgusida xavfsizlik va salomatlik jihatidan hojilarga qo‘shimcha qulayliklar taqdim etadi.
Mazkur tajriba dastlab Uzoq Sharq hojilari, xususan, Malaziya va Indoneziya hojilarining bir qismida o‘tkaziladi.
Vazirlik mulozimining qo‘shimcha qilishicha kelgusida hojilarga yanada ko‘plab boshqa qulayliklar taqdim etish rejalashtirilmoqda.
Internet ma’lumotlari asosida
Maqsud Karimov tayyorladi
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Savol: Qo‘shnimiznikida erkak kishi vafot etdi. Qo‘shni ayollar janoza o‘qilmasdan oldin ta’ziya bo‘lgan xonadonga chiqishlari to‘g‘rimi? Chunki ta’ziya bo‘lgan xonadonda darvoza oldida erkaklar tizilib o‘tirishadi. Ayollarni ularning oldidan o‘tishi juda noqulay. Ayollar janozadan keyin ta’ziya bildirishlari mumkinmi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Musibat yetgan xonadon egalariga ta’ziya bildirish mustahab amal sanaladi.
Har bir narsaning o‘ziga xos tartibi bo‘lgani kabi ta’ziya bildirishning ham shariat belgilab bergan tartibi bor.
Xususan, ayollar qo‘shni xonadonda musibat bo‘lib qolganda ta’ziya bildirishlari, ularning dardlariga sherik bo‘lib, sabrga chaqirishlari, mayyitning haqiga istig‘for aytishlari yaxshi amal hisoblanadi. Chunki musibat vaqtida har bir yupatuvchi gap dalda beradi, musibatni aritishda yordam beradi. Lekin bu holatda ayollar erkaklar to‘plangan joyda ular bilan aralashib ketmasligi kerak. Yana bir e’tiborli jihat shuki, ayol o‘zi iddada bo‘lsa, ta’ziya bildirish uchun, garchi qo‘shnisinikiga bo‘lsa ham chiqmasligi zarur.
Bizda odatda mayyitga janoza o‘qilgandan keyin barcha erkaklar mayyitni dafn qilish uchun qabristonga ketadilar va xonadon ulardan forig‘ bo‘ladi. Shu paytda qo‘shni ayollar chiqib, musibatzada ayollarga hamdard bo‘lib, ta’ziya bildirsalar, shariat talabini bajargan hamda ta’ziya bildirishni tom ma’noda amalga oshirgan bo‘ladilar.
Demak, ayollarning bir-birlariga ta’ziya bildirishlari shariatda qo‘llab-quvvatlanadi. Faqat bunda nomahram erkaklar bilan aralashib ketmaslik, janozaga ergashib qabristonga bormaslik va agar iddada bo‘lsa, uydan chiqmaslik talab etiladi. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi