Sayt test holatida ishlamoqda!
14 Oktabr, 2026   |   3 Jumadul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
05:15
Quyosh
06:33
Peshin
12:09
Asr
16:00
Shom
17:48
Xufton
19:03
Bismillah
14 Oktabr, 2026, 3 Jumadul avval, 1448

Ramazon (she’r)

03.06.2018   74844   21 min.
Ramazon (she’r)

Yaxshi kelding, ey sharofatli aziz mehmonimiz,

Intizor erdi yo‘lingda diydai giryonimiz,

 

Ey ko‘ngillar istagi, mahbubimiz, jononimiz,

O‘rtanur shavqing bila bu siynai so‘zonimiz,

Tiyra kulbamiz yorutding, ey mahi tobonimiz.

 

Jilvalar aylab saodat burjida, ey navnihol,

Yuz ochib, qilding namoyon nozaninlardek jamol,

Barqaror o‘lg‘il kamolot avjida ko‘rmay zavol,

Xush kelibsan, ketmag‘il, to umrimiz boricha qol,

Kechsin emdi sen bila qolgan hayoti fonimiz.

 

Dilhazinlarni quduming shodu xandon ayladi,

Kechamizni partavi mohing charog‘on ayladi,

Har sahar subhing nasimi anjumafshon[i] ayladi,

Sen tufayli Tangri ne’matlar farovon ayladi,

Hayri barkat kelganing mohi sharif ramadonimiz.

 

Qaysi bir madhing raqam qilgay sening, ey yaxshi zot,

Ulki mo‘min bahravar sendin hayotu ham mamot,

Ey karambaxshu saxolik, boisi xayru zakot,

Topg‘usi bechoralar sen birla tanglikdin najot,

Xayri maqdam, ey fazilatli mahi g‘ufronimiz.

 

Ta’rixi hijratga o‘tgach ikki yil ul biru bor,

Bandalarga ro‘za tutmoq amrin etdi oshkor,

Ehtirom ila tuting odobini, ey ro‘zador,

Koni xislat, xosiyatbaxshu mahi rahmatnisor,

Bir ulug‘ ne’matki, bizga tuhfai rahmonimiz.

 

Assalom, ey mohi oliy, xush kelibsan, marhabo,

Ey g‘ubori xoki poying diydalarga to‘tiyo,

Qilmadik shoyista amring, tutmadik sharting bajo,

Bo‘lg‘umiz afv etmasang, sharmandai yavmil-jazo,

Ul kuni so‘rganda bizdin adl ila sultonimiz.

 

Haq taolo bizga ko‘p lutfu inoyat ayladi,

Sen kabi bir mohi rahmatni karomat ayladi,

Xolisanlilloh agar kim senga xizmat ayladi,

Oni Tangrim loyiqi diydoru jannat ayladi,

Illati jurmu gunahlar dardiga darmonimiz.


 

 

Jumla oylardin fazilatli, muborak nomsan,

Benavolarga saxovatli ulug‘ ayyomsan,

Soim[ii] ahlini ziyofat qilg‘uchi har shom san,

Rahmatidin Jabraildek qosidi payg‘omsan,

Xayrxohu jurmpo‘shu[iii] pardai nuqsonimiz.

 

Mushkbo‘yi fayzi subhingdin muattardur dimog‘,

Ro‘shnoyi laylatil-qadringda yulduzlar chirog‘,

G‘aflat ahli uyquda bebahra, kunduz kun sinog‘,

Yaxshilar bedor o‘lib, tunlar farog‘atdin yirog‘,

Aylashib xatmu tilovat hofizi qur’onimiz.

 

Ey mahi ashraf[iv], fazilat senda behad bordur,

Ham savobing behisobu hikmating bisyordur,

Susti hozim[v], za’fi me’da birla kim bemordur,

Hikmating bu dardu illatga shifo izhordur,

Har marizu[vi] har tani bemora sen Luqmonimiz.

 

Bizni, yo Rab, yaxshilarning zumrasiga qil vusul,

Jurmimizni mag‘firat qil, ayla rahmatga duxul,

Aybu nuqson birla tutgan ro‘zamizni qil qabul,

Bu Suhayliy osiyning sendin mudom ummidi shul,

Vaqti rihlatda salomat aylagil iymonimiz.



[i] anjumafshon — yulduz sochuvchi, nur sochuvchi

[ii] soim  –  ro‘zador

[iii] jurmpo‘sh  –  ayblarni yopguvchi

[iv] ashraf  –  eng ulug‘

[v] susti hozim  – hazm tizimining buzilishi

[vi] mariz  – kasal

 

Dadaxon qori Suhayliy

 

 

Ramazon-2018
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Imom-noib xalqaro tanlov g‘olibi bo‘ldi

14.09.2026   53869   1 min.
Imom-noib xalqaro tanlov g‘olibi bo‘ldi

Toshkent shahar Yunusobod tumanidagi "Kulol-Qo‘rg‘on" jome masjidi imom noibi Bahodir domla Muhammadiyev O‘zbekiston – Buyuk Britaniya hamkorligida o‘tkazilgan xalqaro konferensiya doirasidagi «Buyuk xizmat – Oliy sharaf» ilmiy-amaliy ko‘rik-tanlovida g‘olib deb topildi.
 

Imom-domlamizning ilmiy faoliyati, ta’lim sohasidagi tashabbuslari hamda fidokorona mehnatlari yuqori baholanib, u kishi «Buyuk xizmat – Oliy sharaf» xalqaro esdalik va sharaf nishonlari hamda maxsus guvohnoma bilan taqdirlandilar.


Bahodir domlani ushbu yuksak e’tirof bilan samimiy qutlaymiz!


Alloh taolo domlamizning ilmlarini bundan-da ziyoda qilsin, dinimiz va el-yurtimiz rivoji yo‘lidagi ijodiy va ilmiy faoliyatlariga baraka bersin! 

O‘zbekiston musulmonlari idorasi

Matbuot xizmati

Imom-noib xalqaro tanlov g‘olibi bo‘ldi Imom-noib xalqaro tanlov g‘olibi bo‘ldi Imom-noib xalqaro tanlov g‘olibi bo‘ldi
O'zbekiston yangiliklari