“Laylatul qadr” nomi umumiy to‘rt xil ma’noga dalolat qiladi:
“Laylatul qadr” haqidagi xabarlar bayon qilingan sura Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga Qur’oni karim tushirilgani haqidagi xabar bilan boshlangan:
إِنَّا أَنْزَلْنَاهُ فِي لَيْلَةِ الْقَدْرِ
“Albatta biz U (Qur’on)ni Qadr kechasida nozil qildik”.
“Albatta” deya ta’kid bilan boshlanishi ikki xil ma’noni anglatadi:
Oyat davomida “Men nozil qildim” deyilmasdan” ko‘plik shaklida “Biz U (Qur’on)ni Qadr kechasida nozil qildik” deyilishi, nozil qiluvchi va nozil qilingan narsaning ulug‘ligini ifodalaydi. Ya’ni oyatda ko‘plik shaklining qo‘llanishi Alloh taoloning va kalomining ulug‘ligiga dalolat qiladi.
Qur’oni karimning Qadr kechasida nozil qilinishi ma’nosini “Qur’on tarjimoni” unvonini olgan Ibn Abbos roziyallohu anhumo shunday tushuntirgan: “Qur’on ushbu kechada Lavhul mahfuz”dan dunyo osmonidagi “baytul izza” (izzatli uy)ga to‘laligicha nozil qilingan. So‘ngra uni Jabroil alayhissalom yigirma uch yil mobaynida turli voqealar munosabati bilan Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga bo‘lak-bo‘lak tarzda olib tushgan”.
Alloma Soviy “Jalolayn” tafsirining hoshiyasida dunyo osmonidagi “baytul izza” (izzatli uy) haqida quyidagilarni yozgan: “Jabroil alayhissalom Qur’onni shu kechada dunyo osmonidagi farishtalarga o‘qib bergan va ular uni dunyo osmonida turgan sahifalarga yozishgan. Dunyo osmonidagi mazkur sahifalar turgan joy “Baytul izza” (izzatli uy) deyiladi”.
Ulamolar Qur’oni karimning bunday bosqichlarda nozil qilinishining hikmatini quyidagicha tushuntirganlar: “Qur’oni karimning dastlab “Baytul izza”ga to‘laligicha tushirilishi xabari uning hammasi Muhammad sollallohu alayhi vasallamga berilishini anglatgan. Shu ma’noda bu xabar u zotni shodlantirish uchun bo‘lgan. Yigirma uch yil mobaynida bo‘lak-bo‘lak qilib tushirilishi esa bandalarning qalblarini unga moslashtirish va uning hukmlarini qabul qilishni yengillashtirish ma’nosidagi ilohiy iltifot bo‘lgan”.
Imom Zamaxshariy “Kashshof” tafsirida quyidagilarni yozgan: “Alloh taolo ushbu surada Qur’onning ulug‘ligini uch jihatdan namoyon qilgan:
Kelgusi oyatda Qur’on nozil qilingan mazkur kechaning fazilatlari bayoniga o‘tilgan:
وَمَا أَدْرَاكَ مَا لَيْلَةُ الْقَدْرِ
“(Ey, Muhammad alayhissalom) Qadr kechasi nima ekanini sizga nima bildirdi?”. Ya’ni bu kechaning ulug‘ligini sizga nima bildirdi?
Imom Moturidiy bobomiz bu oyatni “Qadr kechasi nima ekanini (Biz bildirmasak) siz bilmas edingiz” ma’nosida ham tushunish mumkinligini aytgan.
Ba’zi ulamolar: “Ushbu oyat Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga tasalli berish ma’nosida tushirilgan”, deganlar. Oyatning davomida Qadr kechasining birinchi fazilati shunday bayon qilingan:
لَيْلَةُ الْقَدْرِ خَيْرٌ مِنْ أَلْفِ شَهْرٍ
“Qadr kechasi ming oydan yaxshiroqdir”. Ya’ni, qadr kechasida qilingan amallar unda qadr kechasi bo‘lmagan ming oy ya’ni sakson uch yilu to‘rt oy davomida qilingan amallardan yaxshiroqdir.
Shuningdek mufassir ulamolar bu oyatdan aniq ming oylik vaqtning bayoni emas balki qadr kechasining mutlaq ulug‘ligini ko‘rsatish ma’nosi iroda qilingan bo‘lishi ham mumkin, deganlar. Zero miqdor bayoni gohida muayan adadni emas biror narsaning yaxshi yo yomon sifatlarini ko‘rsatish ma’nosida ham keladi. Xuddi o‘zbek tilida “Yaxshi otga bir qamchi, yomon otga ming qamchi”, deyilganidek. Shunga ko‘ra bu oyat ushbu kechadagi ibodatlar ming oylik muddatga teng ibodatlardan ko‘ra yaxshiroqdir ma’nosining o‘zini emas, balki boshqa vaqtlarda qilingan ibodatlardan mutlaqo yaxshiroqdir ma’nosini ifodalashi ham mumkin bo‘ladi.
Oyatning davomida Qadr kechasining ikkinchi fazilati shunday bayon qilingan:
تَنَزَّلُ الْمَلَائِكَةُ وَالرُّوحُ فِيهَا بِإِذْنِ رَبِّهِمْ مِنْ كُلِّ أَمْرٍ
“Unda farishtalar va Ruh Robbilari izni bilan barcha ishlar uchun tushadi”.
Oyatdagi Ruhni aksar mufassirlar Jabroil alayhissalom, deganlar. Ba’zi ulamolar esa Ruhni Alloh taoloning rahmati ma’nosida tushunish ham mumkinligini aytganlar. Bunday tafsir qilinganda bu oyat: “farishtalar Allohning rahmati bilan tushadilar”, ma’nosida bo‘ladi. “Barcha ishlar uchun tushadi” oyati shu yil davomida qilinadigan ishlar uchun tushadi ma’nosini anglatadi. Ya’ni aslida farishtalar Alloh taoloning bandalariga nima taqdir qilganini bilmaydilar. Ehtimol ular ana shu kechada mazkur ishlardan xabardor qilinadilar va Alloh taoloning amri bilan o‘sha ishlar uchun yerga tushadilar.
“Laylatul qadr” kechasida kelgusi shu kechagacha butun yil davomidagi barcha ishlar ajrim qilinishi Duxon surasida bunday xabar berilgan:
فِيهَا يُفْرَقُ كُلُّ أَمْرٍ حَكِيمٍ
“U (muborak kecha)da barcha hikmatli ishlar ajrim qilinadi” (Duxon surasi, 4-oyat).
Ushbu oyatdagi “ajrim qilinadi” ma’nosidagi oyatni Alloma Soviy: “Tasarruf qilishga vakil qilingan farishtalarga barcha mubram (o‘zgarmaydigan) ishlar bayon qilinadi”, deya tafsir qilgan. Shunga ko‘ra bu kechadagi ajrimni “Lavhul mahfuz”dagi bitikdan bir yilga tegishli miqdori mazkur farishtalarga bildiriladi, ma’nosida tushuniladi.
Farishtalarning Qadr kechasida yerga tushishlarining hikmatlari haqida Vahba Zuhayliy rahmatullohi alayh quyidagilarni yozgan: “Farishtalar shu kecha yerdagi turli turli toat ibodatlarni ko‘radilar va gunohkor bandalarlarning mag‘firat so‘rab yolvorib iltijo qilayotganlarini eshitishadi va bir-birlariga: “Kelinglar bizning tasbehlarimizdan ko‘ra Robbimizga sevimli bo‘lgan ovozlarni eshitamiz”, deb yerga tushishadi.
Shuningdek farishtalarning yerga tushishlari bu kechada yerda qilingan toatlarga alohida xos fazilatlar ato qilinishi sababli bo‘lishi ham mumkin. Xuddi yer yuzining barcha joylari ichida Masjidul haromda qilingan ibodatlarga alohida xos fazilatlar ato qilinganidek. Shunga ko‘ra farishtalarning bu kechada yerga tushishlari o‘sha fazilatlarga erishish uchun bo‘lishi ham mumkin”.
Oyatning davomida bu kechaning uchinchi fazilati quyidagicha bayon qilingan:
سَلَامٌ هِيَ حَتَّى مَطْلَعِ الْفَجْرِ
“U to tong otgunicha salomatlikdir”.
Ushbu oyatdagi “U salomatlikdir” so‘zini aksar mufassirlar “u salomat bo‘linadigan kecha” deb tafsir qilganlar. Ya’ni quyosh botgandan to tong otgunicha bu kecha turli ofat balolardan salomatlik bo‘ladi.
Zahhok: “Alloh taolo bu kechada faqat salomatlikni taqdir qiladi, boshqa kechalarda esa balolarga ham salomatlikka ham hukm qiladi”, degan.
Bazi ulamolar “U salomatlik”ni “farishtalar qanotlarini silkitib Alloh taoloning bandalariga salomi, rahmati va mag‘firatini yo‘llab turadilar” ma’nosida tafsir qilganlar.
“To tong otgunicha” so‘zini Moturidiy bobomiz quyidagi ma’nolarda ham tushunish mumkinligini aytgan:
– mazkur barakalar to tong otguncha davom etadi;
– to tong otgunicha salom aytilib turiladi;
– to tong otgunicha farishtalar yerda bo‘lib turadilar.
Har bir mo‘min kishi undagi fazilatlariga erishishni orzu qiladigan ushbu ulug‘ kechaning aynan qaysi kechaligi haqida turli rivoyatlar kelgan:
– Imom Buxoriy va imom Muslimlar Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilgan hadisda Ramazonning oxirgi o‘n kechasining toqlaridan izlash xabar berilgan;
Ba’zi orif zotlar Ubay ibn Ka’b roziyallohu anhu qasam ichib aytgan ushbu gaplarini Qadr surasida kelgan ishoralar qo‘llab-quvvatlashini aytganlar. Bu haqida Alloma Soviy “Jalolayn” tafsirining hoshiyasida quyidagi ishoralarni keltirgan:
– Qadr surasidagi kalimalarning adadi Ramazon kunlari singari o‘ttiztadir. Unda kelgan هِيَ (u) qalimasi esa yigirma yettinchi kalimadir.
Aslida Qadr kechasining hammaga qat’iy ravishda aniq bildirib qo‘yilmagani ham Alloh taoloning yana bir rahmatidir. Zero bandalarga ularning qachon vafot etishlari va qiyomat vaqti maxfiy qilingani singari Qadr kechasi ham maxfiy qilingan. Chunki uning vaqtini aniq bilmaslik butun oy davomida g‘aflatda qolmaslikka va hamisha toat ibodatlarga g‘ayrat qilishga undab turadi.
Shuning uchun Ramazon oyi davomida doimo quyidagi duoni o‘qib yurishga odatlanish tavsiya qilinadi:
عَنْ عَائِشَةَ رَضِيَ اللهُ عَنْهَا قَالَتْ: قُلْتُ يَا رَسُولَ اللهِ أَرَأَيْتَ إِنْ عَلِمْتُ أَيَّ لَيْلَةٍ لَيْلَةَ الْقَدْرِ مَا أَقُولُ فِيهَا ؟ قَالَ:قُولِي: اَللَّهُمَّ إِنَّكَ عَفُوٌّا تُحِبُّ الْعَفْوَ فَاعْفُ عَنِّي. رَوَاهُ التِّرْمِذِيُّ
Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: “Men: “Ey Allohning Rasuli agar men qaysi kechaning Qadr kechasi ekanini bilsam u kechada nima deb duo qilay”, dedim. U zot: “Allohumma innaka afvuvvun tuhibbul afva fa’fu anniy” (Ey Alloh, albatta sen o‘ta afv qilguvchisan, afv qilishni yaxshi ko‘rasan, meni afv qilgin), deb duo qiling”, dedilar”. Termiziy rivoyat qilgan.
Allohim, bizlarni Qadr kechasining fazilatlariga muvaffaq qilgin, gunohlari kechirilgan bandalaring qatoriga qo‘shgin. (Amiyn).
O‘ta afv qilguvchi mehribon Robbimizga hamdu sanolar, U zotning elchisi bo‘lgan sayyidul basharga salavot va salomlar bo‘lsin!
Abdulqodir Abdur Rahim
Insonga mehr ko‘rsatish, muhtojning holidan xabar olish, bemorga tasalli berish va ehtiyojmandlarga ko‘mak qo‘lini cho‘zish xalqimiz ma’naviyatining azaliy fazilatlaridandir. Islom ta’limotida ham saxovat, mehr-oqibat va inson qadrini ulug‘lash eng ulug‘ amallardan biri sifatida e’tirof etilgan. Chunki bir insonning ko‘nglini ko‘tarish, uning qalbiga umid va ishonch bag‘ishlash jamiyatda mehr-muhabbat, hamjihatlik va totuvlikni mustahkamlaydi.
Shu ezgu qadriyatlarni hayotga tatbiq etish, aholining ehtiyojmand qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash va yurtdoshlarimiz qalbida mehr-shafqat tuyg‘ularini yanada kuchaytirish maqsadida 2026 yil 13 avgust kuni Samarqand viloyati Urgut tumanida keng ko‘lamli ma’naviy-ma’rifiy hamda xayr-saxovat tadbirlari o‘tkazildi.
Mazkur xayrli tadbirlarda Samarqand viloyati bosh imom-xatibi vazifasini vaqtincha bajaruvchi Nursultonxon domla Abdumannonov, viloyat bosh imom-xatibi o‘rinbosari Xayrullo domla Sattarov, VAQF xayriya jamoat fondi Samarqand viloyati filiali rahbari Yoqubjon domla Mansurov, uning o‘rinbosari A.Sultonov, shahar va tuman bosh imom-xatiblari, «Haj–2026» ziyoratchilari, mahalla faollari va nuroniylar ishtirok etdilar.
O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan o‘tkazilgan ushbu xayrli aksiya doirasida ijtimoiy himoyaga muhtoj, kam ta’minlangan va boquvchisidan ayrilgan 300 ta oila holidan xabar olindi. Ularning xonadonlariga tashrif buyurilib, turmush sharoitlari o‘rganildi, oilalarga zarur oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib berildi.
Tashriflar davomida bemor va keksalarning holidan xabar olinib, ular bilan samimiy suhbatlar o‘tkazildi. Ularning haqqiga shifo, xonadonlariga fayzu baraka, yurtimizga tinchlik-xotirjamlik tilab duolar qilindi. Zero, muhtojning ko‘nglini ko‘tarish va uni yolg‘iz emasligini his ettirish ham insonparvarlikning yuksak ko‘rinishidir.
Shu bilan birga, hayotida turli ijtimoiy qiyinchiliklarga duch kelgan hamda yot g‘oyalar ta’siriga tushib qolish xavfi mavjud bo‘lgan ayrim fuqarolar bilan yakka tartibda muloqotlar tashkil etildi. Suhbatlarda sof e’tiqod, oila muqaddasligi, farzand tarbiyasi, halol mehnat, Vatanga sadoqat, milliy va diniy qadriyatlarga hurmat, shuningdek, turli buzg‘unchi g‘oyalarga nisbatan ma’naviy immunitetni mustahkamlash masalalari hayotiy misollar asosida tushuntirildi.
Tadbirlar doirasida Urgut tumanidagi jome masjidlarda peshin namozidan so‘ng ma’naviy-ma’rifiy uchrashuvlar ham o‘tkazildi. Ularda mehr-oqibat, qo‘ni-qo‘shnichilik munosabatlarini mustahkamlash, yoshlarni milliy va diniy qadriyatlarga sodiqlik ruhida tarbiyalash, oila tinchligini asrash, jamiyatda o‘zaro hurmat va ahillik muhitini qaror toptirish kabi dolzarb mavzular atroflicha yoritildi.
Uchrashuvlar yakunida mamlakatimiz tinchligi, xalqimiz farovonligi, Vatanimiz ravnaqi va yosh avlodning ilmli, odobli hamda vatanparvar insonlar bo‘lib voyaga yetishi haqida xayrli duolar qilindi.
Bugun yurtimizda inson qadrini ulug‘lash, aholining ehtiyojmand qatlamlarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, jamiyatda mehr-saxovat va o‘zaro g‘amxo‘rlik muhitini qaror toptirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Urgut tumanida o‘tkazilgan mazkur xayrli tadbirlar ham ana shu ezgu maqsadlarga xizmat qilib, aholi o‘rtasida hamjihatlik, bag‘rikenglik va insonparvarlik tuyg‘ularini yanada mustahkamladi.
Mehr bor joyda ishonch, saxovat bor joyda baraka, inson qadri ulug‘langan jamiyatda esa tinchlik va farovonlik qaror topadi. Ana shunday ezgu amallar xalqimiz o‘rtasidagi birdamlik rishtalarini mustahkamlab, yurtimizning yanada obod va fayzli bo‘lishiga xizmat qiladi.
Samarqand viloyati vakilligi matbuot xizmati