Har yili musulmonlar tomonidan intiqib kutiladigan, Alloh taoloning oylari ichida eng suyuklisi bo‘lmish Ramazonning ham yarmi ortda qoldi. Har bir inson bilib-bilmay kichik va katta gunohlar qiladi, juda bo‘lmasa birovning ko‘nglini og‘ritib qo‘yadi, haqqiga xiyonat qilib qo‘yadi. Alloh taoloning va’da bergan marhamatiga ixlos ila, ana shu ishlardan poklanish hamda onadan yangi tug‘ilgan kabi begunoh bo‘lib chiqish maqsadida ushbu oyga doim intiq bo‘ladi. Alloh taoloning marhamatining kengligini qarangki, har yili bandasiga yangidan imkon beradi, yilda bir marotaba uni tozalaydi, poklaydi. Biz insonlar esa bundan har yili foydalanaveramiz, foydalanaveramiz. Xuddi ona farzandini oq yuvib, oq tarab ko‘chaga chiqarib yuborgandan keyin uning ko‘cha-kuyda o‘ynab, yana kir-chir bo‘lib kelganidek. Chunki bola uyda uni yana yuvib-tarab qo‘yadigan onajoni borligiga ishonadi-da. Shu kabi, inson ham Kechirguvchi Alloh taologa shu kabi “erkalik” qilsa kerak. Lekin afsuski, bu uning so‘nggi Ramazoni bo‘lishi mumkinligini doim ham anglay olmaydi.
----- O‘n besh kundan beri saharlikka ham iftorlikka ham alohida tadorik. Mana hozir ham navbatdagi iftorlikka ona qizi bilan oshxonada tayyorgarlik ko‘rayapti. Iftor dasturxoni deganda, turli nozu-ne’matlar, dasturxonga sig‘may ketadigan taomlar emas, balki me’yorida, isrofdan nari bo‘lgan dasturxon. Ana ota ham qo‘lida tarvuz ko‘tarib ishdan qaytdi. Oila otani iliq tabassum ila kutib oldi. O‘g‘il otaning qo‘lidan tarvuzni olib oshxonaga olib kirdi. Iftorlik vaqti bo‘lib ota-ona va ulardan o‘rnak olayotgan ikki farzand Alloh taoloning va’da bergan mag‘firatidan umid qilgan holda, uzundan-uzun duo qilib og‘izni ham ochdilar. Ana shu lahzalardagi rohatni til bilan ta’riflab bo‘lmasa kerak. Buni faqat boshdan o‘tkazish kerak. Shom namozini ado etib taomlangandan so‘ng tarovih namoziga harakat boshlandi.
“Qush uyasida ko‘rganini qiladi” deganlaridek, qanday go‘zal namuna.
----- Saharlikka yaqin vaqt. Ona chanqadi shekilli, oshxonaga suv ichgani chiqdi. Oshxonaning esa chirog‘i yoqiq, qizi saharlik qilish bilan ovora:
- Bugun ham ro‘za tutmoqchimisan? Axir, o‘qishga borasan, toliqib qolasan. Och qoringa darslarni tushuna olmaysan. Hali ulgurasan ro‘za tutishga, hozir faqat o‘qishing haqida o‘ylashing kerak. Sen yoshsan, kattaroq bo‘lganingda tutarsan.
- Oyijon, ko‘pchilik ro‘za tutayapti. Men ham saharlik va iftor qilganimda hamma-hamma tilaklarimni aytayapman, o‘qishimni a’lo baholarga bitirishimni ham Alloh taolodan so‘rayapman. Siz xavotir olmang, qiynalmayapman, oyijon.
Farzandga to‘g‘ri yo‘lni ko‘rsatadigan, nima to‘g‘ri-yu, nima noto‘g‘ri ekanligini ilk ta’lim beradigan va o‘rnak bo‘ladigan ota-ona emas-mi?
----- Ramazon oyi davom etmoqda. Bu xonadondan esa afsus uning tarovati taralmayapti. Har kungi kundalik tartibdagi hayot davom etmoqda. Ertalab nonushta, o‘qishda va ish joyida tushlik, kechki ovqatning iftor vaqtiga umuman aloqasi yo‘q. Xuddi osmondan yerga taralgan Ramazonning nuri qalin parda tortilgan ushbu xonadonning derazasidan kira olmagandek.
Alloh taolodan barchamizning qalbimizni Ramazon kabi barcha marhamatlari bilan to‘ldirishini so‘raymiz.
----- Yo‘nalishli taksining ichi to‘la. Haydovchi rulga o‘tirib mashinani o‘t oldirdi va shu vaqtning o‘zida papirosini ham tutatdi. Mashina derazasi ochiq bo‘lgani bilan shamol ham atay qilgandek hamma tutunni ichkariga haydadi. Hammayoq papiros hidiga to‘ldi. Shunda keksa onaxon haydovchiga qarab dedi:
- O‘g‘lim, shu papirosingni mashinaga o‘tirishingdan oldin cheksang bo‘lmaydimi? Hammayoqni tutatib yubording-ku? Bu tutinni hidlab biz ham zaharlanishimizni qo‘ya tur, axir hozir Ramazon oyi bo‘lsa, oramizda qancha ro‘zadorlar bor. Nahot Ramazonga hurmating yo‘q?
Haydovchi bir ensasini qotirgandek bo‘ldimi yoki uyaldimi, sekin papirosini derazadan uloqtirdi.
Biroz vaqt o‘tmasdan xuddi kelishib olgandek, orqa o‘rindiqda kimdir pisillatib gazli ichimligini ochdi.
Kim nima uchun Ramazon ro‘zasini tutmayotganining ming bir sababi bordir. Lekin, oramizda ro‘za tutmaydiganlar bo‘lsa-da, uning mohiyatini bilmasliklariga ishonmaysiz. Chunki bu haqida ommaviy axborot vositalari tomonidan har kuni qanchadan-qancha ma’lumotlar berib borilmoqda, ko‘rsatuvlar namoyish etilayapti. Nahot, Ramazonning hurmatini qilish shunchalar mushkul bo‘lsa?
Xulosa o‘rnida... Bir necha yillar oldin, ko‘p qavatli uyning oltinchi qavatida yashagan paytlarimiz derazadan qaraganda boshqa bir necha ko‘p qavatli uylar ko‘rinib turar edi. Ramazon oyining birinchi kunlaridan boshlab saharlikka turganimizda doim derazadan tashqariga qarardim. Qorong‘i bo‘lganligi sababli oshxona chiroqlari yoqiq bo‘lgan, saharlikka unnagan xonadonlarni sanash qiyin emas edi. Bugun qancha odam ro‘za harakatida ekanligi bilinardi. Ramazon oxirlab borgan sari ba’zi chiroqlar yonmay boshlardi, safimiz kamaygani yaqqol ko‘rinardi.
Alloh taolodan qalbimizdan hidoyatini darig‘ tutmasligini, Ramazonning so‘nggi kunlarigacha ihlosimizni bardavom qilishini va g‘aflat girdobi o‘z domiga tortishidan panoh so‘raymiz.
Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti va
Hadichai Kubro ayol-qizlar o‘rta maxsus islom bilim yurti
o‘qituvchisi Saodat Valiyeva
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Haqqa yaqin bo‘lgan bandalarning oldida dunyoning chin haqiqati ochilib bo‘lgandir. Ular uning qanchalar haqir va arzimas ekanligini yaxshi biladilar. Shuning uchun unga ahamiyat ham e’tibor ham bermaydilar. Naql qilishadiki, bir gal janobimiz hazrati Ali ibn Abu Tolib karamallohu vajhahu qabristonga kelib uning ahliga yuzlangan holda dedilar:
– Assalomu alaykum, ey qabr egalari! Sizga tinchlik-omonlik va Allohning rahmati bo‘lsin! Siz o‘z dunyoyingiz yangiliklaridan xabar berasizmi yo biz o‘zimiznikidan aytaylikmi?
Bunga javoban shunday ovoz eshitildi:
– Sizga ham tinchlik-omonlik va Allohning rahmati bo‘lsin! Bizdan so‘ng nimalar bo‘lgani haqida avval siz gapirib bering!
Shunda hazrati Ali roziyallohu anhu davom etdilar:
– Mulkingiz taqsimlandi, xotinlaringiz erga tegib, bolalaringiz yetim bo‘lib qolishdi, mustahkam uylaringizga dushmanlaringiz kirib, joylashib olishdi. Bizda shunaqa yangiliklar. Sizdachi?
Yana o‘sha ovoz javob qaytardi:
– Kafanlarimiz ado bo‘ldi, sochlarimiz to‘kilib, badanlarimiz bo‘laklarga bo‘lindi, ko‘zlarimiz, burunlarimiz yonoqlarimizdan oqib tushib, chirib ketdi. Dunyoda ne qilgan bo‘lsak, bu yerda o‘shanga yarasha (muqobili)ni topdik, o‘zimizdan so‘ng qoldirgan dunyolarimiz uchun esa, hasratdamiz. Qilgan ishlarimizning tutqunlarimiz.
Fuzayl ibn Iyoz quddisa sirruhu deydilar:
“Bordiyu menga butun dunyoni qiyomat kunida hisobini bermaslik sharti bilan taklif etishganlarida ham qabul qilmagan bo‘lardim. Men uchun bu dunyo hatto yonidan o‘tilganda ham kiyimni bulg‘ab qo‘yishi mumkin bo‘lgan bir o‘limtik kabi manfurdir!”.
Ibrohim Adham quddisa sirruhu go‘sht narxi oshayotganini bilib:
– Arzonlashtiring, ya’ni umuman sotib olmang! – dedilar.
Shunday qilib ahli tariqatlar quyidagi xulosaga keldilar:
“Kimki dunyoga muhabbat va havas ko‘zi bilan boqsa, Alloh uning qalbidan zuhd va yaqin (chin ishonch) nurini tamomila olib qo‘yadi ”.
Abul-Husayn Havvoriy quddisa sirruhu-dan dunyo lazzatiga ko‘ngul bermaslik va undan qutilish haqida so‘raganlarida, u zot quddisa sirruhu shunday javob berdilar:
– Zuhd – bu dunyoga tahqir ko‘zi bilan qarash hamda undan batamom, oxirgi haddigacha, sharaf bilan voz kechishdir.
Hurmatli janobimiz, qutbul – orifiyn Sayyid Ahmad Husayn quddisa sirruhu “Al Iqd an-nafis” kitobida yozadilar:
“Alloh Muso alayhissalomga dedi: “Agar Senga faqirlik yetgan bo‘lsa: “Marhabo, xush kelibsan, ey solihlar sifati!” deb, kutib olgin. Agar dunyo kelganini ko‘rsang: “Bu gunohlarim sababli shu dunyoning o‘zidayoq yetgan balo!” deb hisoblagin”.
Hadisi sharifda marhamat etiladi:
“Sizlar qanoatli bo‘linglar! Chunki qanoat bitmas-tuganmas boylikdir” (Jobir ibn Abdulloh roziyallohu anhudan rivoyat qilingan, Imom Tabaroniy rivoyati)
Solihlardan birlari debdilar:
“Qanoat, mening fikrimimcha, mabodo uchrab qolsa, yaxshi pishgan va yaxshi pishmagan arpa nonini farq qilmaslik hamda o‘shanda ham namoziga quvvat bulgunchalik miqdorda tanovul qilish bilan kifoyalanishdir”.
Salafi solihiyn qazo bo‘lgan bolasi uchun motam tutib yig‘lab, qazo bo‘lgan namoziyu umri uchun afsus chekib yig‘lamagan insonni, nodon, ahmoq deb bilgan ekanlar. Aslida bunday odam go‘yo shunday deyayotgan kabi: “Meni Allohimdan chalg‘itgan narsa uchun yig‘layapman”.
U aksincha, bu holdan xursand bo‘lib, batamom Allohga yuzlanishi kerak edi, chunki Parvardigor uni mashg‘ul qilib turgan narsadan qutqarib, O‘ziga yaqin bo‘lish uchun imkoniyat yaratib beryapti.
Darhaqiqat, bolalar, ayollar, xizmatkoru do‘stlar sen o‘lib qolguday bo‘lsang, sen uchun yig‘lamaydilar, balki sendan olishlari mumkin bo‘lgan narsani yo‘qotganlari uchun yig‘laydilar xolos. Shu sababli ulardan avvalroq: “Men uchun yig‘lashlaridan oldin Allohdan olishim mumkin bo‘lgan narsalarni olish imkoniyatini qo‘ldan berganim sababli o‘zim uchun o‘zim yig‘laganim yaxshiroqdir”, deb aytib, o‘zing yig‘la.
Alloh kimnidir o‘ziga do‘stlik sharafi bilan e’zozlabdimi, albatta, uning ko‘ziga dunyoni xunuk qilib qo‘yadi.
“Axloqus solihiyn” (Yaxshilar axloqi) kitobidan
Yo‘ldosh Eshbek, Davron Nurmuhammad
tarjimasi.