Allohga beadad hamdu sanolar bo‘lsinki, diyorimiz musulmonlari har yili ramazon ro‘zasini tinchlik-osoyishtalik, bag‘ributunlik bilan ado etmoqdalar. Darhaqiqat, bu oyda imon-e’tiqod bilan qilinadigan duolar mustajob bo‘ladi. Chunki muborak oyda Alloh taolo bandalariga osmon eshiklarini ochib, har bir duo qilguvchining duosini qabul qiladi.
“Ramazon” so‘zi besh harfdan iborat. Uning har bir harfiga ulamolarimiz shunday ma’no berganlar. “Ro” – “rahmat”, “mim” – “mag‘firat”, “zod” – “zimonun liljannat” (jannatga kirish uchun kafolat), “alif” – “amanun minannar” (do‘zaxdan omonlik), “nun” – “nurun minalloh” (Alloh tomonidan nur) ma’nolarini anglatadi.
Ushbu so‘zimizni Imom Termiziy (rahmatullohi alayh)dan rivoyat qilingan: “Ramazonning avvali rahmat, o‘rtasi mag‘firat, oxiri do‘zaxdan ozodlik kunlaridir”, hadisi sharifi ham quvvatlaydi. Ya’ni: “ro” harfi ramazonning avvali bo‘lgan rahmat kunlariga, “mim” o‘rtadagi mag‘firat kunlariga, “zod” va “alif” harflari oxiridagi “do‘zaxdan ozod bo‘lish” kunlariga, “nun” harfi esa butun ramazonning natijasida hosil bo‘ladigan nurga dalolat qiladi.
Ramazon oyining fazilatlarini batafsil bayon qilguvchi hadisni Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)dan Salmon Forsiy (roziyallohu anhu) rivoyat qilib, jumladan bunday dedilar: “…Bu oyda mo‘minning rizqi ziyoda bo‘ladi. Kimki u oyda birorta ro‘zadorga iftorlik qilib bersa, uning gunohlari kechiriladi va do‘zaxdan ozod bo‘ladi. Shuningdek, unga ham ro‘zadorning savobidan hech qancha kam bo‘lmagan savob beriladi”. Shunda biz: “Ey Rasululloh! Biz hammamiz ham ro‘zadorga iftorlik qilib bera olmaymiz-ku”, dedik. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Alloh taolo bu savobni ro‘zadorga bir qultum sut yoki bitta xurmo yoki bo‘lmasa bir ho‘plam suv bilan iftorlik qilib bergan kishiga beradi. Kimki ro‘zadorning qornini to‘yg‘azsa, Alloh qiyomatda unga havzi kavsaridan bir qultum suv ichiradi, natijada u to jannatga kirgunicha chanqamaydi. Ramazon – avvali rahmat, o‘rtasi mag‘firat, oxiri do‘zaxdan ozod qilish oyidir. Kimki u oyda xodimlarning og‘irini yengil qilsa, Alloh uning gunohlarini kechiradi hamda do‘zaxdan ozod qiladi”, dedilar”.
Iftor paytidagi duolar ijobatdir. Zero, Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) aytadilar: “Uch toifa insonning – ro‘zadorning yoki iftor qilayotgan ro‘zadorning, odil podshohning va mazlumning duosi mustajob bo‘ladi” (Termiziy, Ahmad va Ibn Moja rivoyati).
Shu o‘rinda bir mulohaza: Ba’zilar “Ro‘zadorni to‘ydirgan odam ro‘za tutganning savobini oladi”, degan gapni xato talqin etishadi, iftorlik marosimi uyushtirib, ko‘p odamlarni chaqiradi, keyin o‘zi ro‘za tutmay yuraverishadi. Bu odat mutlaqo xato tushuncha oqibatidir. Avvalo, bu gapdan o‘zi ro‘za tutmasa bo‘laveradi degan xulosa chiqmaydi. Qolaversa, hech bir savob ish farz ibodatni tark qilishga sabab bo‘la olmaydi.
Iftorlik qilish deganda, albatta dasturxon yozib, to‘p-to‘p odam aytishni tushunmaslik kerak. Kambag‘al, muhtoj kishilarga taom yoki kerakli mablag‘ni berish eng yaxshi iftorlikdir. Chunki shunisi riyodan xoli bo‘ladi.
Ba’zi iftorliklarda dabdabaga berilib ketish, noshar’iy ishlarni aralashtirib yuborish hollari ham uchrab turadi. Bunga o‘xshash holatlarni tugatish zarur.
Miskinga taom berish ro‘za tutishning o‘rniga o‘tishi esa, fidya berish deyiladi. Bunga Qur’oni karimda ruxsat berilgan. Biroq fidyaga o‘ta qariliklari, darmonsizliklari sababli ro‘za tuta olmay qolgan otaxon va onaxonlar haqlilar, xolos. Ulamolarimiz bu toifaga tuzalishidan umid yo‘q surunkali kasalga chalingan kishilarni ham qo‘shganlar. Faqat ana shu toifadagi kishilargina ro‘za o‘rniga fidya berishlari mumkin. Qolganlarga bu ruxsatning daxli yo‘q. Boshqa kishilar dunyodagi barcha miskinlarni to‘yg‘azsalar-da, farz ro‘zaning bir soati ham ulardan soqit bo‘lmaydi.
Ro‘za insonni hayotning barcha achchiq-chuchuklariga bardosh berish va ularga sabr qilishga hozirlaydi. Ruhan, aqlan va jismonan kamol topishida yordam qiladi va jamiyat rivojlanishi, taraqqiy etishi yo‘lidagi qiyinchiliklarni bartaraf etishga o‘rgatadi.
Shuningdek, ro‘zadorning o‘zi, oilasi va ummat uchun seroblik, farovonlik hosil bo‘ladi. Ochlik va chanqoqlik nimaligini o‘zidan o‘tkazgan ro‘zador, bunday azobni tortayotgan kambag‘al, bechoralarga yaxshilik ko‘rsatishga harakat qiladi.
Alloh taolo muborak ramazon oyida tutayotgan ro‘zalarimizni, toat-ibodatlarimizni o‘zining fazlu karami ila qabul qilib, barchalarimizni ulug‘ ajru savoblarga erishtirsin!
No‘mon Atabayev
Imom Buxoriy majmuasi nafaqat O‘zbekiston, balki butun islom olami uchun ulug‘ va muqaddas qadamjolardan biri hisoblanadi.
Hazrat Imom Buxoriydek buyuk muhaddis nomi bilan bog‘liq ushbu majmua bugun yurtimizning eng yirik ma’naviy va madaniy markazlaridan biriga aylangan. Har kuni minglab ziyoratchilar bu yerga kelib, ajdodlar merosi, ma’rifat va muqaddas tarix bilan yuzlashmoqda.
Majmua nafaqat ziyoratgoh, balki xalqimizning boy ma’naviy merosi, milliy me’morchiligi va islom sivilizatsiyasidagi o‘rnini namoyon etuvchi noyob madaniy ob’yektdir. Uni barpo etish uchun katta mehnat, yuksak mahorat va qimmatbaho qurilish materiallari sarf etilgan. Shu bois bu qutlug‘ maskanni asrab-avaylash har birimiz uchun muhim vazifadir.
Yaqinda Madaniy meros agentligi tomonidan ayrim ziyoratchilarning majmua hududida beparvo munosabatda bo‘layotgani haqida ma’lumot berildi. Ayrim holatlarda ustunlar, ayvonlar va muzey eksponatlariga ehtiyotsiz munosabatda bo‘lish, chiqindilarni duch kelgan joyga tashlash kabi holatlar kuzatilmoqda. Bu esa nafaqat ziyoratgoh ko‘rkiga, balki uning ma’naviy muhitiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatadi.
Bu holat barchamizni sergaklikka chaqirishi kerak. Zero, muqaddas qadamjoga kelgan inson avvalo o‘zini munosib tutishi, tozalik va tartib-qoidalarga amal qilishi lozim. Chunki ziyoratgoh — oddiy sayrgoh emas. Bu yerda asrlar nafasi, buyuk ajdodlar ruhi va ma’rifat ziyosi mujassam.
Tozalik esa inson madaniyatining eng muhim ko‘rsatkichlaridan biri. Islom ta’limotida ham poklikka alohida ahamiyat berilgan. Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalom “Tozalik — iymonning yarmidir”, deya ta’kidlaganlar. Demak, ziyoratgoh hududida ozodalikni saqlash nafaqat fuqarolik burch, balki ma’naviy mas’uliyat hamdir.
Ayniqsa, chet ellik mehmonlar O‘zbekiston haqidagi ilk taassurotni aynan shunday muqaddas maskanlar orqali oladi. Agar ziyoratgoh ozoda, tartibli va fayzli bo‘lsa, bu xalqimizning yuksak madaniyati va ma’naviyatini namoyon etadi. Aksincha, beparvolik va tartibsizlik mamlakatimiz nufuziga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Yosh avlodni ziyoratgoh madaniyati ruhida tarbiyalash ham muhim ahamiyatga ega. Bolalar kattalardan ibrat oladi. Agar ota-ona muqaddas joyda tartibga amal qilsa, ehtiyotkor bo‘lsa, farzand ham shu ruhda tarbiya topadi. Shu bois har bir inson o‘z harakati bilan boshqalarga namuna bo‘lishi kerak.
Imom Buxoriy majmuasi — millatimiz g‘ururi va ma’naviy boyligi. Uni asrash, tozaligini saqlash va ehtirom bilan munosabatda bo‘lish har bir insonning vijdoniy burchidir. Ziyoratgohlarga bo‘lgan munosabatimiz orqali biz o‘z madaniyatimiz, ma’naviyatimiz va ajdodlar merosiga bo‘lgan hurmatimizni namoyon etamiz.
Asliddin Mustafoyev, majmua axborot xizmati rahbari.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati