Ramazon – payg‘ambarlar orzu qilgan oy. Bu oy Qur’on o‘qish, xayru saxovot ulashish va mehr ko‘rsatish mavsumidir. Ayniqsa, bu oyda muborak bir kecha bo‘lib, u ming oydan yaxshiroqdir. Kim o‘sha kechani ibodat bilan o‘tkazsa, boshqa paytda ming oy ibodat qilgandan ko‘p savobga erishadi.
Abu Hurayra (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi: Ramazon oyi kelganida Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Alloh sizlarga bu oyda ro‘za tutishni farz qildi. Bu oyda jannat eshiklari ochiladi, do‘zax eshiklari yopiladi va shaytonlar kishanlanadi. Unda ming oydan yaxshi bir kecha bor. Kim undagi yaxshiliklardan mahrum bo‘lsa, mahrum qilinadi”, dedilar (Imom Nasaiy).
Uboda ibn Somit (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi: «Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Qadr kechasi Ramazonning oxirgi o‘n kunligidadir. Kim unda imon bilan Alloh roziligi uchun ibodat qilsa, albatta, Alloh avvalgiyu keyingi gunohlarini kechiradi. U toq kechada bo‘ladi. To‘qqizinchi yoki yettinchi yoki beshinchi yoki uchinchi yoki oxirgi kecha qadr kechasidir”, dedilar» (Imom Ahmad rivoyati).
Ko‘p ulamolar xulosasiga ko‘ra,
Qadr kechasi yigirma yettinchi kechadir
Sahoba Zirr (roziyallohu anhu) Ubay ibn Ka’b (roziyallohu anhu)ga: «Birodaringiz Abdulloh ibn Mas’ud: “Kim bir yil tunlari qoim bo‘lsa, Qadr kechasini topadi”, deb aytganlar», deganida, Ubay ibn Ka’b: “Alloh Abu Abdurahmon (Ibn Mas’ud)ni mag‘firat qilsin. Haqiqatda, u Qadr kechasi Ramazonning oxirgi o‘n kunligida ekanini bilar edi. Bu kecha yigirma yettinchi kechadir, lekin odamlar shunga suyanib qolmasligi uchun aytmasdi, – dedi. So‘ng qat’iy qasam ichib: – Yigirma yettinchi kechada, dedi. Shunda men: “Ey Abu Munzir, nima dalil bilan shunday deysan?” dedim. U zot: “Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) bizga aytgan belgi bilan: u kun quyosh shu’lasiz chiqadi”, deb javob berdi (Imom Muslim va Terimiziy rivoyati).
Abdulloh Ibn Umar (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi: “Nabiy (sollallohu alayhi va sallam)ning bir qancha sahobalari “Laylatul qadr”ni Ramazonning oxirgi o‘n kunligining yettisida bo‘lishini tushlarida ko‘rishdi. Shunda Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Sizlarning tushlaringiz “Laylatul qadr” Ramazonning oxirgi o‘n kunligining yettisida ekaniga muvofiq keladi. Kimki “Laylatul qadr”ni kutmoqchi bo‘lsa, Ramazonning oxirgi o‘n kunligining yettisida kutsin!”, dedilar” (Imom Buxoriy rivoyati).
Sahoba Ubay ibn Ka’b (roziyallohu anhu) Qadr kechasini yigirma yettinchi kechada bo‘lishini aytar va bunday der ekanlar: “U bizga Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam) xabar bergan kecha bo‘lib, quyosh o‘shanda oppoq bo‘lib, miltillab chiqadi” (Imom Muslim, Ahmad, Abu Dovud rivoyati).
Faqihlar tomonidan Qadr kechasining qachon bo‘lishi haqida qirqdan ziyod fikrlar, taxminlar aytilgan. Aslida, Qadr kechasi qachon bo‘lishini Alloh taolodan o‘zga hech kim bilmaydi.
Qadr kechasining 7 ta alomati
1. Qadr kechasida sokinlik hukm suradi. Atrof musaffo, yorug‘, xuddi sukunatga o‘ralgan yog‘duli oy charaqlab turgandek bo‘ladi.
2. Osmondagi yulduzlar uchmaydi, boshqa jismlar qaltis harakat qilmaydi. Kasalliklar paydo bo‘lmaydi.
3. Havo mo‘tadil bo‘ladi, juda issiq ham, juda sovuq ham bo‘lmaydi.
4. Ertalab quyosh qizarib, tog‘araga o‘xshash, yog‘dusi juda zaif bo‘lib ufqdan bosh ko‘taradi. Sababi o‘sha tun va kunda ko‘p farishtalar yerga tushib-chiqib turishi oqibatida quyosh nurlarini ham to‘sib qo‘yadi.
5. Qadr kechasida yomg‘ir-qor yog‘maydi, yog‘sa ham o‘ta mayin va yoqimli bo‘ladi. Sho‘r suvlar chuchuk bo‘ladi.
6. Daraxtlar o‘z shoxlarini yerga egiltirib turadi.
7. O‘sha kuni shaytonlar chiqishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
Mazkur alomatlarga quyidagi sahih hadislar dalil bo‘ladi. Abdulloh ibn Abbos (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi: Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) Qadr kechasini tavsiflab, bunday dedilar:
“Bu kecha muruvvatli, (yaxshi, saxovatli), bo‘shashgan, (ozod, sokin), issiq ham emas, sovuq ham emasdir. Uning quyoshi o‘sha tongda qip-qizil zaif bo‘lib chiqadi”(Imom Abu Dovud va Bazzor rivoyati).
Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) bunday deganlar:
“Albatta Qadr kechasining alomatlari shuki, u musaffo, yop-yorug‘, xuddi sukunatga o‘ralgan yog‘duli oy charaqlab turgandek bo‘ladi. U kechada (o‘ta) sovuq ham, (juda) issiq ham bo‘lmaydi. O‘sha kechada tonggacha yulduzlar otilishiga yo‘l qo‘yilmaydi. Yana uning alomatlaridan biri quyosh ertalab o‘n to‘rt kechalik oyga o‘xshab, nursiz charaqlamasdan chiqadi. O‘sha kuni shaytonlar chiqishiga ham yo‘l qo‘yilmaydi”(Imom Ahmad rivoyati).
Ibn Abu Osim Nabil Jobir ibn Abdulloh (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi. «Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Men Qadr kechasini bildim. So‘ng u menga unuttirildi. U Ramazon oyining oxirgi o‘n kunidagi kechalardan biridadir. U kecha ochiq yarqiragan bo‘lib, issiq ham, sovuq ham emas, go‘yo oy borga o‘xshaydi. U kecha tong otgunigacha shaytonlar chiqmaydi”, dedilar».
Qadr kechasining Ramazon oyiga yashirilishining hikmati o‘lim vaqtini va qiyomatni yashirish hikmati kabidir. Shuning tuchun Qadr kechasi mo‘minlar toat etishga rag‘bat va harakatni kuchaytirishi, g‘ofil va dangasa bo‘lmasligi lozim. Abul Oliya (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi: “Bir a’robiy kimsa Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam)ning huzurlariga kelib, “Laylatul qadr qachon bo‘ladi?” deb so‘radi. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) unga bunday dedilar: “Laylatul qadrni Ramazonning ilk va eng so‘nggi hamda toq kechalaridan izlanglar!”(Imom Abu Dovud).
Parvardigori olam o‘zi xohlagan bandasiga Qadr kechasini bildiradi. Qadr kechasini aniq bilib, tong otguncha ibodat qilib chiqish afzaldir.
Imom Tabariy va Imom Bayhaqiy rivoyatlarida yana mazkur muborak kechada kasalliklar paydo bo‘lmasligi, sho‘r suvlar chuchuk bo‘lishi, daraxtlar o‘z shoxlarini yerga egiltirib turishi kabilar ham zikr etiladi.
Barchamizni Qadr kechasini topishga muvaffaq aylasin.
Abduvohid O‘ROZOV
tayyorladi.
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Abdulloh ibn Amr roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Agar ummatimga qiyin qilib qo‘y(ishni o‘yla)maganimda, ularni saharlarda, albatta, misvok qilishga buyurgan bo‘lardim!” dedilar (Abu Nuaym rivoyati).
“Xuddi kotib qulog‘iga qalam qistirganidek, Nabiy sollallohu alayhi vasallam ham quloqlariga misvok qistirib olar edilar” (Bayhaqiy rivoyati).
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan o‘rnak olib, sahobalar ham misvok tutishga katta e’tibor berishgan.
Miqdom ibn Shurayh ibn Honi’ Horisiy otasidan rivoyat qiladi: “Men Oisha roziyallohu anhodan: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam uyga kirsalar, ishni nimadan boshlar edilar?” deb so‘raganimda, “Misvok (ishlatish) bilan”, deb javob berdilar” (Imom Muslim, Abu Dovud, Nasoiy, Ibn Moja va Ahmad rivoyati).
Bu rivoyatdan misvok ishlatish faqat tahorat va namoz vaqtiga bog‘liq emasligini bilib olamiz. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam oila a’zolariga chiroyli suratda yuzlanish uchun uyga kirishlari bilan misvok qilganlar.
Alloma Munoviy bunga quyidagicha dalil keltiradi: “Musulmon kishi uyga kirganida ahliga salom berishi kerak. Salomda Allohning ismi bor. Allohning ismi esa faqat pok og‘iz bilan aytiladi”.
Zayd ibn Xolid Juhaniy roziyallohu anhu rivoyat qiladi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam misvok qilmasdan turib, namoz o‘qish uchun tashqariga (ya’ni, masjidga) chiqmasdilar” (Imom Tabaroniy rivoyati).
Ba’zi ulamolar ushbu hadisni dalil qilib: “Uyda yoki masjidga kirmasdan oldin misvok qilib olingani ma’qul”, deyishgan.
Tungi uyqudan tahajjud yoki bomdod namozlariga turilganida misvok qilish Rasululloh sollallohu alayhi vasallam sunnatlariga muvofiqdir. Garchi hadisda tungi uyqu nazarda tutilgan bo‘lsa-da, umuman, kunduzgi uyqudan keyin ham misvok qilish yaxshidir.
Oisha roziyallohu anho aytadilar: “U zotning tahorat suvi va misvoklari tayyorlab qo‘yilar edi. Tunda uyqudan uyg‘onganlarida, oldin hojatga borib, so‘ngra misvok ishlatar edilar” (Abu Dovud rivoyati).
Juma kuni misvok ishlatish haqida ham alohida ta’kidlangan. Chunki bu kuni mo‘min-musulmonlar juma namozini o‘qish uchun masjidga to‘planishadi.
Ibn Umar roziyallohu anhu rivoyat qiladi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam misvokni yonlariga hozirlab qo‘ygan holda uxlardilar. Uyqudan uyg‘onganlarida ishni misvok qilishdan boshlar edilar” (Ahmad, Abu Ya’lo va Tabaroniy rivoyati).
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ertayu kech jiddiy ahamiyat bergan narsaga bizlar ham e’tibor qaratishimiz zarur. Bu esa o‘z o‘rnida tishlarni toza tutish o‘ta fazilatli amal ekaniga ishoradir.
Odilxon qori Yunusxon o‘g‘li