O‘zbekiston va Turkiya mamlakatlari o‘rtasida hamkorlik barchasohalarda rivojlanmoqda. Ikki mamlakatlar o‘rtasida delegatsiyalar almashuvi bunga yorqin misoldir.
Shu munosabat bilan, joriy yilning 1-6 iyun kunlari Yurtimizga Turkiya Respublikasidan bir guruh olimlar deleatsiyasi tashrif buyurishi rejalashtirilgan. Turkiya delegatsiyasi Samarqand, Toshkent va Buxoro shaharlarini ziyorat qilishlari hamda hududlarda Diniy idora vakillari bilan uchrashuvlar tashkil etilishi ko‘zda tutilgan.
Delegatsiyaning tashrifiga doir qo‘shimcha ma’lumotlarni Muslim.uz portalida kuzating.
O‘MI Matbuot xizmati
Istanbul shahrida bo‘lib o‘tgan “Umra+Ziyorat turizmi” xalqaro ko‘rgazmasida O‘zbekistonning milliy ekspozitsiyasi namoyish etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.
Lutfi Kirdar kongress-ko‘rgazma markazida tashkil etilgan nufuzli tadbirda 400 dan ortiq xorijiy kompaniya hamda Turkiya turizm sohasining qariyb 1,5 ming nafar vakili ishtirok etdi.
Umra turizmi tashkilotlari uyushmasi tashabbusi bilan tashkil etilgan O‘zbekiston milliy stendida mamlakatimizning ziyorat turizmi imkoniyatlari, muqaddas qadamjolari, boy tarixiy-madaniy merosi va zamonaviy infratuzilmasi haqida ma’lumotlar taqdim etildi.
Ekspozitsiyada Samarqand, Buxoro, Xiva, Shahrisabz, Termiz, Qo‘qon va Toshkent shaharlarining turizm imkoniyatlari, YUNЕSKOning Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan obyektlar, mashhur ziyoratgohlar hamda sayyohlar uchun yaratilgan qulay shart-sharoitlar keng yoritildi.
Ko‘rgazma doirasida milliy an’analar, hunarmandchilik, o‘zbek milliy taomlari, mehmondo‘stlik madaniyati hamda mamlakatimizda turizm sohasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarga bag‘ishlangan taqdimotlar ham o‘tkazildi.
Turkiya, Yaqin Sharq davlatlari va boshqa mamlakatlardan kelgan turoperatorlar, aviakompaniyalar, mehmonxona biznesi va ziyorat turizmi sohasi vakillari bilan B2B formatida ikki tomonlama muzokaralar tashkil etildi. Suhbatlar davomida O‘zbekistonga ziyoratchilar oqimini ko‘paytirish, qo‘shma turistik mahsulotlarni shakllantirish va o‘zaro hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
O‘zbekistonning mazkur ko‘rgazmadagi ishtiroki mamlakatimizning Markaziy Osiyoda ziyorat turizmining yetakchi yo‘nalishlaridan biri sifatidagi xalqaro nufuzini yanada mustahkamlash hamda xorijiy hamkorlar bilan o‘zaro manfaatli aloqalarni rivojlantirishga xizmat qildi.
O‘zbekiston musulmonlar idorasi Matbuot xizmati