Ramazon oyi boshlangan kunlardan e’tiboran birga iftorlik qilamiz deb uyga do‘starimni, tanishlarimni boshlab kelaman. Chunki ro‘zador odamga iftor qilib berishning savobi ro‘za tutgan odamning olgan savobi qadar ekanini bilaman.
Ammo men do‘stlarim bilan kelganimda ayolim asabiylashib, o‘zining norozi qiyofasini ko‘rsatadi. Uning noroziligining sababi, uyda mehmon kutish uchun sharoit hozir qilinmagan. Mehmonlarning oldiga qo‘yishga tuzukroq narsa yo‘q. Men unga mening do‘stlarim men nima yesam, o‘shani yeb ketaveradi, ular izzattalab odamlar emas, deyman. Ana shunday bahsu munozaralarda u: “Meni mehmonlarning oldida noqulay ahvolga solib qo‘ymaydigan qilib uyga ko‘proq pul olib keling, men ularning oldiga makaron qo‘yishga uyalaman”, deydi.
Men har doim oilamning ta’minotini qilib qo‘yishga harakat qilaman. Biroq mehmonlarning oldiga restorandagidek to‘kin dasturxon tortishga qurbim yetmaydi. Ehtimol, juda ham sodda odamdirman, ishlarim ham kiborlarga xos emasdir. Bilmadim, balki ayolim hashamatga otasining uyida o‘rgangandir, mening “dehqonlarga xos odatlarim”ga ko‘nika olmayotgandir. Qaysi birimiz haqmiz? Balki ayolim bilan murosa qilib uyga mehmon chaqirmaganim tuzukmikan yoki bu xotinimning men kurashishim kerak bo‘lgan injiqligimikan, nima maslahat berasiz?
Dinimiz ko‘rsatmasi:
Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning hadisi sharifida ro‘zador odamga iftorlik qilib bergan kishi gunohlaridan forig‘ bo‘lishi, o‘zini do‘zax o‘tidan xalos qilishi va ro‘za tutgan odam bilan barobar savobga ega bo‘lishi aytilgan. Alloh taolo ro‘zadorning og‘zini bir qultum sut bilan yoki bir dona xurmo bilan yoxud bir ho‘plam sut bilan ochgan bandaga ulug‘ mukofotlar va’da qilgan. “Kimki iftor vaqtida ro‘zadorning qornini to‘ydirsa, Alloh taolo uni mening bulog‘imdan suv ichiradi va u bundan keyin jannatga kirguniga qadar hech qachon chanqoq nimaligini bilmaydi, deganlar (Imom Suyutiy).
من فطر فيه صائما كان له مغفرة لذنوبه وعتق رقبتة من النار وكان له مثل أجره من غير أن ينقص من أجره شيئا يعطى الله هذا الثواب من فطر صائما على مذقة لبن أو تمرة أو شربة من ماء ومن أشبع صائما سقاه الله من حوضى شربة لا يظمأ حتى يدخل الجنة
Hadisi sharidan ayon bo‘ladiki, asosiysi, dasturxonning hashamatli bo‘lishi va noz-ne’matlarning mo‘l-ko‘lligida emas, ro‘zador odam og‘iz ochishi uchun unga nimadir taqdim etishda.
Ayolingizning mehmonlar oldiga odatiy taomlar tortishidan noqulaylik sezishi asossiz emas. Chunki zamon o‘zgardi, odamlarning yeguliklarga munosabati ham boshqacha bo‘ldi. Shuning uchun bu oyda imkon qadar iftorliklar uchun odatdagi kechki taomlardan ko‘ra, kattaroq sarf-xarajat qilingani ma’qul.
Harholda ayolingizning oddiy taomning ustidan katta muammo chiqarishi durust emas. Chunki ular sizning do‘stlaringiz. Taxmin qilish mumkinki, do‘stlaringizning ham tutumi siznikidek bo‘lsa kerak. Sizning tutumingiz esa ularnikidek. Demak, bu yerda hech qanday muammo bo‘lmasligi kerak deb o‘ylayman. Zero, hammamiz bilamizki, bu oy – mukofotlar bir necha barobar ko‘paytirib beriladigan oy. Shunday ekan, Qiyomatga zaxira yig‘ib olish uchun fursatni qo‘ldan bermang.
Ruhiyatshunoslik nuqtayi nazaridan:
Xatingizni o‘qiganda ko‘zga birinchi chalinadigan narsa – siz bilan ayolingiz o‘rtasidagi bir-biringizni tushunish masalasidir. Ikkovingizning bitta hodisaga yondashuvingiz turlicha. Ushbu masalada qaysi biringiz haq ekaningizni aytish qiyin. Gap shundaki, sizning har biringizning haqligingizni isbotlashga yetarli dalillaringiz bor. Sizning do‘stlaringizni taomlantirish, ular bilan birga iftorlik qilib ko‘pdan-ko‘p savoblarga erishish istagida ekaningiz tahsinga sazovor. Ammo bu – masalaning bir tarafi, ikkinchi jihati – ayolingizning o‘zini tutishi, aynan u uy bekasi sifatida mehmonlarning oldiga tuzukroq dasturxon yoza olmagani uchun o‘zini aybdordek his qiladi.
Bu o‘rinda hal qiluvchi so‘zni do‘stlaringiz aytadi: ularga ana shu dasturxon ma’qulmi, ular iftorga taklif etganingizda jon deb kelyaptimi...
Ushbu masala yuzasidan masalaga o‘zgacha tus berib ayolingizga bo‘lgan munosabatingizni o‘zgartirib uni ayblashga aslo urina ko‘rmang. Chunki u jamiyatda shakllangan yolg‘on ma’murchilikning qurbonidir. Afsuski, ko‘pchilik odamlarda muntazam ravishda chiroyli va to‘kin-sochin hayotga targ‘ib etuvchi stereotiplar (televideniye, rangli jurnallar...) ta’sirida boshqalarning ko‘z o‘ngida o‘zlarini ishi yurishmagan odamlardek ko‘rsatishga urinishdan qo‘rqish tuyg‘usi shakllangan. Ana shundan boshqalarning oldida o‘zini kam ko‘rsatmasdan mehmonlarning oldiga chiroyli va qimmatbaho dasturxon tuzashga bo‘lgan xohish kelib chiqadi.
Shuning uchun bu masalani ayolingiz bilan samimiy ohangda muhokama qiling, unga, modomiki, mehmonlar ana shu iftorlik dasturxonida o‘zlarini yaxshi his qilayotgan ekan, siqilishning nima keragi bor ekanini tushuntiring. Bordi-yu, kimdir sizning dasturxoningiz haqida boshqacharoq fikrda bo‘lsa ham, bu sizning foydangizga bo‘ladi, chunki siz oila boquvchisisiz. Bu yerdagi muammoning barchasi ayolingizning atrofdagilar siz va o‘zi haqida xasis va qurumsoq deb o‘ylashlaridan cho‘chishida, xolos.
Muammoning boshqa tomoni ayolingizning iftorlaringizga munosabatidir. Shubhasiz, u do‘stlaringizning har bir tashrifini odatdagi kechki taom o‘rnida emas, katta tantanali xususiyatlarga ega bo‘lgan mehmondorchilik sifatida qabul qilmoqda. Unga iftorlik – hashamatni, tantanani talab etadigan allaqanday marosim emas, balki bir ho‘plam suv bilan ham o‘tkazish mumkin bo‘lgan oddiygina tadbir ekanini tushuntirish kerak.
Siz tasvirlagan vaziyat bu – ayolingiz bilan o‘rtangizdagi tushunmovchilikning birgina ko‘rinishi, xolos. Shuni taxmin qilish mumkinki, ayolingizning botinidagi ishonchsizlik (odatda, buning asosida imonning zaifligi yotadi) boshqa vaziyatlardan ham namoyon bo‘ladi, qachonki u o‘zining moddiy ahvolidan tortinar ekan, bu yanada jiddiyroq muammolar kelib chiqishiga sabab bo‘lishi mumkin.
Shuning uchun unga ko‘proq e’tibor qaratishingiz, uning siz uchun qanchalik qadrli ekanini so‘zlab qo‘yishingiz kerak bo‘ladi. U bilan suhbatlashganda dinimiz ahkomlaridan, azizlarimizning hayot yo‘llaridan so‘zlab bering. Bu borada eng samarali yo‘l Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning hayotini bosqichma-bosqich ravishda batafsil so‘zlab bermog‘ingizdir. Alloh taoloning eng aziz bandasi qanday sharoitda yashaganini tinglasa, unga ta’sir ko‘rsatmay qolmaydi, inshoalloh!
Savolga javob berganlar:
Muxammad-Amin Magomedrasulov,
Ilohiyotshunos
Aliasxab Anatolevich Murzayev,
Oila va bolalarga ijtimoiy yordam ko‘rsatish markazi ruhiyatshunos-maslahatchisi
Damin JUMAQUL,
tarjimon
AQSH Davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo ishlari bo‘yicha yordamchisi Samir Pol Kapur O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi, xabar bermoqda iccu.uz.
Islom sivilizatsiyasining ko‘p asrlik tarixi, uning ilm-fan, madaniyat va ma’rifat taraqqiyotiga qo‘shgan ulkan hissasi O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ekspozitsiyalarida yaxlit va ta’sirchan tarzda namoyon etilgan. Tashrif davomida Samir Pol Kapur islomgacha bo‘lgan davr sivilizatsiyalaridan tortib, Yangi O‘zbekiston davriga qadar bo‘lgan tarixiy jarayonlarni aks ettiruvchi galereyalar, buyuk allomalarning ilmiy-ma’rifiy merosi, noyob qo‘lyozmalar, muqaddas yodgorliklar hamda zamonaviy raqamli texnologiyalar asosida yaratilgan interaktiv ekspozitsiyalar bilan yaqindan tanishdi.
Mehmon ekspozitsiyalarning mazmunan izchilligi va tarixiy jarayonlarni bir-biri bilan uzviy bog‘liq holda namoyon etish usuliga alohida e’tibor qaratdi. Uning qayd etishicha, bu yerda muzey eksponatlari orqali o‘tmish haqida ma’lumot olish bilan cheklanib qolmay, tarixiy davrlar ruhini his qilish, ular o‘rtasidagi bog‘liqlikni anglash imkoni ham mavjud.
Samir Pol Kapur o‘z taassurotlarini quyidagicha ifodaladi:
«Bu muhtasham maskan. Islom tarixi va madaniyatining asrlar davomidagi taraqqiyoti bilan yaqindan tanishish men uchun unutilmas tajriba bo‘ldi. Bu yerda tarixni shunchaki kitob sahifalari orqali emas, balki o‘z ko‘zingiz bilan ko‘rasiz, uni his qilasiz va go‘yo o‘sha davrlarning ichida bo‘lasiz. Shu bois ushbu noyob maskanni barpo etishga hissa qo‘shgan barcha insonlarga samimiy minnatdorchilik bildiraman.
Yoshlarga ham bu yerga kelishni albatta tavsiya qilaman. Chunki bu maskan nafaqat tarixni o‘rganish, balki o‘tmish bilan kelajak o‘rtasidagi uzviy bog‘liqlikni anglash imkonini beradi. Men uchun eng esda qolarli lahzalardan biri Qur’oni karimga bag‘ishlangan golografik namoyish bo‘ldi. U menda katta taassurot va hayajon uyg‘otdi.
Menimcha, bu dargoh islom sivilizatsiyasining jahon tamadduniga qo‘shgan ulkan hissasini butun dunyoga namoyon etishga xizmat qiladi. Shuning uchun har bir inson bu yerga tashrif buyurib, ana shu boy va bebaho meros bilan shaxsan tanishishi lozim».
Pol Kapurning fikricha, Markazning ahamiyati uning tarixiy merosni namoyon etish bilangina cheklanmaydi. Ushbu maskan yosh avlod uchun o‘tmish saboqlarini anglash, ilm-fan va ma’rifatning sivilizatsiya taraqqiyotidagi o‘rnini his etish, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhini shakllantirish uchun ham muhim ma’naviy-ma’rifiy maydon vazifasini o‘taydi.
Tashrif yakunida AQSH Davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo ishlari bo‘yicha yordamchisi Samir Pol Kapur Islom sivilizatsiyasi markazidan olgan taassurotlari yuksak ekanini qayd etib, ushbu maskan boy tarixiy merosni zamonaviy muzey texnologiyalari va ta’sirchan taqdimot usullari orqali jahon jamoatchiligiga yetkazishda muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati