Ramazon oyi arafasi... Soli aravakash ertalabdan kechgacha bozorda arava sudrab, oila boqadi.
Uning to‘rtta yosh bolasi, qari onasi bor. farzandlaridan birining sog‘ligi yaxshimas.
Muborak ramazon oyi ham kirib keldi.
Erta tongda ishiga ketib borayotgan Soli aravakash masjidning oldiga yetganda o‘tirib olib qo‘llarini osmonga cho‘zgancha nola qildi:
“Ey Allohim! Sening ulug‘ oying ham kirib keldi. Ammo men nima qilay? Hamma saharlik qiladigan bir vaqtda ishga borsam, hamma iftorlik qiladigan paytda ishdan qaytsam! Uyda och nahor oilam bor! Har kuni issiqda arava tortaman. Ishim davomida qultum-qultum suv ichishga majburman! Ishdan horib kelib uxlab qolaman. Allohim! men ham boshqa bandalaring singari ro‘za tutishni, sening oldingda gunohlarimni poklashni istayman! Nima qilay, yo Rabbim! Bir tomonda ibodat, bir tomonda oila tashvishi! Nima qilsam sening suygan bandang bo‘laman?..”
Shu choq kimdir uning qo‘llaridan tutib, o‘rnidan turg‘azdi. Aravakash tong qorong‘usida kelgan odamning yuzini ko‘ra olmadi Shu tob o‘sha notanish kishi gap boshladi:
– Bilasanmi, mening bir qo‘l-oyog‘i yo‘q tanishim bo‘lardi. O‘zi juda oqko‘ngil yigit edi. U namoz o‘qishni shu qadar istardiki, ammo qo‘li yo‘q edi! Masjidga, madrasaga borishni shu qadar istardiki, ammo oyog‘i yo‘q edi! Biroq kalima keltirishga tili bor edi va shu kalimasi-yu, duolari sabab joni chiqishidagi oxirgi so‘zi “La ilaha illalloh” bo‘ldi.
Sherzod HAYDARBЕKOV
Bismillahir Rohmanir Rohiym
O‘g‘il har oylik maoshini onasiga topshirar, uning yuzidagi tabassumni ko‘rib, o‘zini dunyodagi eng boy inson deb hisoblardi.
Yillar o‘tib, onasi olamdan o‘tdi. Navbatdagi maoshini olgan o‘g‘il bir zum ne qilarini bilmay qoldi-yu, bir qarorga keldi: «Pullarni onamning nomidan ehson qilaman».
Shu kundan e’tiboran, u har oy masjidlarga suv kullerlari o‘rnatishni odat qildi. Namozxonlar suv ichib, onasining haqiga duo qilishlaridan qalbi taskin topardi.
Kunlardan bir kun mahalla masjidida yangi kuller o‘rnatilganini ko‘rib, «Attang, bu safar kechikdim-a», deb o‘kindi. Shunda yoniga imom kelib:
– Xayrli hadya uchun rahmat, – dedi.
– Uzr, adashdingiz, shekilli. Buni men olib kelmadim...
– Yo‘q, adashmadim. Buni sizning nomingizdan o‘g‘lingiz keltirdi.
Orqasiga o‘girilgan ota jilmayib turgan o‘g‘liga ko‘zi tushdi.
– Bolam, bunga pulni qayerdan olding? – hayajondan ko‘zlari yoshlandi otaning.
– Ota, anchadan beri menga beradigan pullaringizni yig‘ib yurgandim. Siz buvijonim uchun xayrli ish qilayotganingizni ko‘rib, men ham siz uchun shunday qilishni istadim.
Otaning ko‘zlaridan quvonch yoshlari sizib chiqdi. U o‘g‘liga nasihat qilmagan, shunchaki o‘z amali bilan namuna bo‘lgandi.
Ha, farzandlar eshitgan gaplarini unutishi mumkin, ammo ko‘rgan amallarini hech qachon unutmaydi. Bugun ota-onamizga qilgan yaxshiligimiz ertaga farzandlarimizdan albatta qaytadi.
Akbarshoh RASULOV