Sayt test holatida ishlamoqda!
18 Sentabr, 2026   |   7 Rabi`us soni, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:47
Quyosh
06:06
Peshin
12:17
Asr
16:38
Shom
18:32
Xufton
19:47
Bismillah
18 Sentabr, 2026, 7 Rabi`us soni, 1448

Ramazon sabr oyidir

31.05.2018   50522   5 min.
Ramazon sabr oyidir

Hijriy oylar milodiy sana oylariga nisbatan har o‘n ikki kun farqi bilan aylanib turadi. Shuning uchun Ramazon oyi fasllarning turli vaqtiga to‘g‘ri kelib qoladi.

Ramazon oyining eng issiq yoz faslining eng uzun kun hamda eng qisqa tunlar orasida kelishi ham musulmonlarning sabr va taqvosiga berilgan bir sinovidir. Chunki kunning eng qisqa va tunning eng uzun vaqti bo‘lgan salqin hamda oson kunlarda ham Ramazonning kelishi, kimning nimaga va qancha taqvoga ega sabr sohibi ekanining namoyon etadi. Demak, yillarning aylanishi bilan har Ramazonda ozmi - ko‘pmi sabr imtihoni topshiramiz. Oxiratda bu bahoimizning mukofoti  “Sabrning mukofoti – jannatdur” xadisiga muvofiq ajrga ega bo‘lamiz, inshoalloh.

Rasululloh (sallollohu alayhi va sallam): “Agar banda Ramazonda Allohga yana hurmat hosil qilmoqchi bo‘lib biror nafl ibodat yoki xayrli amalni bajarsa, go‘yo Ramazondan boshqa oyda  bir farzni bajargandek bo‘ladi. Va kimki Ramazonda bir farzni ado qilsa, go‘yo Ramazon savobiga ega bo‘libdi”, - deganlar.

Masalan zakotni Ramazon oyida berish kerak degan ko‘rsatma yo‘q, ammo u (Zakot) Ramazonda ado etilsa, boshqa oylarda ado etilgan yetmishta farzning savobiga erishishga qiziqtirilmoqda. Bu esa Ramazoni sharifning barakotli oy ekanini bildiradi.

Musulmonlar bu oyda masjidlarga chiqib, taroveh namozlarida qatnashib, sabr bilan xatmi Qur’onlarga some’ bo‘lib savoblardan baxramand bo‘lishadi. Kimlardir qalbidagi ginalardan forig‘ bo‘lib, o‘zi uchun pokiza hayot sahifasini ocha oladi. Yana kimdir saxovat va silai rahmni kuchaytirib bu muborak oy ro‘zasini astoydil ado etadi.

Bu oy bizlarga nafsimizni tarbiya qilishda yaqindan yordam beradi. Barchamiz ro‘za tutish orqali nafsni tiyib, sabr qilishni o‘rganamiz, muhtojlarga mehr-shafqat ko‘rsatishga intilamiz. Barcha payg‘ambarlar nafs tarbiyasida aynan ro‘za tutishni tavsiya etishgan. Agarda inson mana shu ibodat mashaqqatiga sabrli bo‘lsa, uni muhabbat bilan ado etsa, ushbu kunlarda ko‘proq ehson (sadaqa)lar qilsa, oxirat qiyinchiliklaridan qutiladi.

Ramazonning fazilati haqida Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam): “Ummatlarim har qaysi oyda qilgan bir yaxshi, solih amali uchun bir savob oladi. Ammo Ramazonda esa Alloh biri uchun undan to yetti yuzgacha va undan ziyoda qilib beradi”, deganlar. Ramazon mo‘minlarning rizqlarini ziyoda etadigan oydir. Kim bu muborak oyda bir ro‘zadorni iftor yoki saharlik qildirsa, bir qul ozod qilganning savobini topadi va gunohlari mag‘firat qilinadi. Shuning uchun bo‘lsa kerak, mulkdor kishilar shu oyda o‘z zakotlarini berishga, saxovatpeshalar esa dengiz kabi toshib, mehr-e’tiborga intiq kishilarga mehr-muruvvat, xayru saxovat ko‘rsatishga oshiqishadi.

عَنْ أَبِى هُرَيْرَةَ أَنَّ النَّبِىَّ صَلَّى اللهُ عَلَيهِ وَسَلَّمَ قَالَ الصِّيَامُ جُنَّةٌ إِذَا كَانَ أَحَدُكُمْ صَائِمًا فَلاَ يَرْفُثْ وَلاَ يَجْهَلْ فَإِنِ امْرُؤٌ قَاتَلَهُ أَوْ شَاتَمَهُ فَلْيَقُلْ إِنِّى صَائِمٌ إِنِّى صَائِمٌ.    رَوَاهُ اَبُو دَاودَ

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy (sollallohu alayhi va sallam): “Ro‘za qalqondir. Qachon birortangiz ro‘zador bo‘lsa yomon gap gapirmasin, johillik qilmasin. Agar biror kishi u bilan urushsa yo uni haqorat qilsa: “Men ro‘zadorman, men ro‘zadorman”, desin”, dedilar” (Imom Abu Dovud rivoyati).

Hadisi sharifdagi “qalqon” deya tarjima qilingan “junnatun” kalimasi lug‘atda “to‘suvchi”, “himoya etuvchi” kabi ma’nolarni anglatadi. Shunga ko‘ra, ulamolar ushbu kalimadan qanday ma’no ko‘zlangani haqida quyidagilarni aytishgan:

- Ro‘za, gunoh ma’siyatlardan himoya qiluvchidir. Chunki u tufayli ro‘zador tanasidagi shayton yuradigan yo‘llar bo‘lgan taom va qon yo‘llari torayadi. Ana shu e’tibordan ro‘za uni gunohlardan himoya qiluvchi bo‘ladi.

- Ro‘za, do‘zaxdan to‘suvchidir. Chunki imon va savob umidida tutilgan ro‘za ro‘zadorning oldingi gunohlari mag‘firat qilinishiga sabab bo‘ladi. Ana shu e’tibordan u do‘zaxdan to‘suvchi bo‘ladi.

Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) so‘zlarining davomida ro‘zadorga “yomon gap gapirmasin”, deya amr etganlar. Ya’ni, birovni haqoratlash, birov ustidan kulish, la’nat aytish va fahsh gaplarni gapirish kabi shariat man qilgan gaplardan qaytarganlar. Demak, ro‘zador kishi halim bo‘lishi, o‘zgalar bilan urishib tortishmasligi, jahli chiqqan vaqtda ham o‘zini qo‘lga ola bilishi ro‘zaning odobidir.

Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) ro‘zadorning yana bir sifatini ta’kidlab “johillik qilmasin”, deganlar. Ya’ni, ro‘zador shariatda man qilingan noto‘g‘ri so‘zlarni gapirmasin va xato ishlar qilmasin. Shunga ko‘ra, ro‘zador kishini birov urishib haqorat qilgan taqdirda ham: “men ro‘zadorman, men ro‘zadorman” deyishi va uning haqoratiga “javob” qaytarishdan o‘zini tiyib sabrli bo‘lishi lozim. 

 

Abduvohid O‘ROZOV,

«Movarounnahr» nashriyoti maxsus muxbiri, “Koh ota Buzruk” jome masjidi imom noibi

Ramazon-2018
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Dohada «Uzbekistan: Heritage in Motion» ko‘rgazmasi ochiladi

02.09.2026   34137   2 min.
Dohada «Uzbekistan: Heritage in Motion» ko‘rgazmasi ochiladi

2026-yil 3-sentabr kuni Dohadagi Islom san’ati muzeyida O‘zbekiston tarixi va madaniy merosiga bag‘ishlangan «Uzbekistan: Heritage in Motion» ko‘rgazmasi ochiladi. Ekspozitsiya Markaziy Osiyoda islom dini tarqalishidan oldingi davrdan to hozirgi kungacha bo‘lgan tarixiy va madaniy jarayonlarni qamrab oladi hamda 28-noyabrgacha davom etadi.

Loyiha O‘zbekiston Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi hamda Islom san’ati muzeyi hamkorligida tashkil etilmoqda. Ko‘rgazma so‘nggi uch o‘n yillikdagi O‘zbekiston tarixini mamlakatning zamonaviy madaniy qiyofasi shakllanishi nuqtayi nazaridan namoyish etuvchi ilk xalqaro ekspozitsiya bo‘ladi.

Ekspozitsiyada Qatar va O‘zbekistondagi yetakchi muzey hamda madaniy muassasalar kolleksiyalaridan namunalar namoyish etiladi. Ular orasida Afrosiyobning mashhur devoriy tasviri, «Katta Langar» Qur’oni, Sharqshunoslik instituti qo‘lyozmalari, Buxoro kulolchilik namunalari, XIX–XX asrlarga oid milliy liboslar, zargarlik buyumlari, ipak matolar va an’anaviy hunarmandchilik asarlari bor.

Ko‘rgazma qadimgi mintaqa tarixi, me’moriy meros, islom sivilizatsiyasining intellektual yutuqlari hamda an’anaviy hunarmandchilik rivojiga bag‘ishlangan to‘rtta tematik bo‘limdan iborat. Unda O‘zbekistonning islom olamida fan, madaniyat va san’at rivojining tarixiy markazlaridan biri sifatidagi o‘rniga, shuningdek, Somoniylar va Temuriylar davri merosiga alohida e’tibor qaratiladi.

Tarixiy meros mamlakatning zamonaviy madaniy rivoji bilan uzviy bog‘liq holda namoyish etiladi. Dekorativ-amaliy san’at, to‘qimachilik va zargarlik an’analariga alohida o‘rin beriladi.

Ko‘rgazma doirasidagi ommaviy dastur ma’ruzalar, mahorat darslari, an’anaviy hunarmandchilik namoyishlari, shuningdek, ikat san’ati va ipak ishlab chiqarishga bag‘ishlangan taqdimotlarni o‘z ichiga oladi. 3–16-sentabr kunlari rassom Davlat Toshev rezidentlik dasturi doirasida mahalliy rassomlar va ko‘rgazma tashrif buyuruvchilari uchun Sharq miniatyurasi hamda «Abrū-Bahor» texnikasiga bag‘ishlangan mahorat darslarini o‘tkazadi. Ishtirok etish uchun oldindan ro‘yxatdan o‘tish talab etiladi.

2017-yilda tashkil etilgan O‘zbekiston Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi mamlakatning madaniy merosini asrash va xalqaro miqyosda targ‘ib qilish bilan shug‘ullanadi. Jamg‘arma 17 dan ortiq mamlakatda xalqaro loyihalarni amalga oshirgan va 40 dan ortiq xorijiy madaniyat muassasalari bilan hamkorlik qilgan.

Dohadagi Islom san’ati muzeyi 2008-yilda tashkil etilgan. Muzey kolleksiyasi qariyb 1 300 yillik tarixni qamrab oladi va unda qo‘lyozmalar, kulolchilik buyumlari, metall va shisha mahsulotlari, to‘qimachilik namunalari, gilamlar hamda zargarlik buyumlari mavjud.
O'zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
 
 
Dunyo yangiliklari