Hijriy oylar milodiy sana oylariga nisbatan har o‘n ikki kun farqi bilan aylanib turadi. Shuning uchun Ramazon oyi fasllarning turli vaqtiga to‘g‘ri kelib qoladi.
Ramazon oyining eng issiq yoz faslining eng uzun kun hamda eng qisqa tunlar orasida kelishi ham musulmonlarning sabr va taqvosiga berilgan bir sinovidir. Chunki kunning eng qisqa va tunning eng uzun vaqti bo‘lgan salqin hamda oson kunlarda ham Ramazonning kelishi, kimning nimaga va qancha taqvoga ega sabr sohibi ekanining namoyon etadi. Demak, yillarning aylanishi bilan har Ramazonda ozmi - ko‘pmi sabr imtihoni topshiramiz. Oxiratda bu bahoimizning mukofoti “Sabrning mukofoti – jannatdur” xadisiga muvofiq ajrga ega bo‘lamiz, inshoalloh.
Rasululloh (sallollohu alayhi va sallam): “Agar banda Ramazonda Allohga yana hurmat hosil qilmoqchi bo‘lib biror nafl ibodat yoki xayrli amalni bajarsa, go‘yo Ramazondan boshqa oyda bir farzni bajargandek bo‘ladi. Va kimki Ramazonda bir farzni ado qilsa, go‘yo Ramazon savobiga ega bo‘libdi”, - deganlar.
Masalan zakotni Ramazon oyida berish kerak degan ko‘rsatma yo‘q, ammo u (Zakot) Ramazonda ado etilsa, boshqa oylarda ado etilgan yetmishta farzning savobiga erishishga qiziqtirilmoqda. Bu esa Ramazoni sharifning barakotli oy ekanini bildiradi.
Musulmonlar bu oyda masjidlarga chiqib, taroveh namozlarida qatnashib, sabr bilan xatmi Qur’onlarga some’ bo‘lib savoblardan baxramand bo‘lishadi. Kimlardir qalbidagi ginalardan forig‘ bo‘lib, o‘zi uchun pokiza hayot sahifasini ocha oladi. Yana kimdir saxovat va silai rahmni kuchaytirib bu muborak oy ro‘zasini astoydil ado etadi.
Bu oy bizlarga nafsimizni tarbiya qilishda yaqindan yordam beradi. Barchamiz ro‘za tutish orqali nafsni tiyib, sabr qilishni o‘rganamiz, muhtojlarga mehr-shafqat ko‘rsatishga intilamiz. Barcha payg‘ambarlar nafs tarbiyasida aynan ro‘za tutishni tavsiya etishgan. Agarda inson mana shu ibodat mashaqqatiga sabrli bo‘lsa, uni muhabbat bilan ado etsa, ushbu kunlarda ko‘proq ehson (sadaqa)lar qilsa, oxirat qiyinchiliklaridan qutiladi.
Ramazonning fazilati haqida Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam): “Ummatlarim har qaysi oyda qilgan bir yaxshi, solih amali uchun bir savob oladi. Ammo Ramazonda esa Alloh biri uchun undan to yetti yuzgacha va undan ziyoda qilib beradi”, deganlar. Ramazon mo‘minlarning rizqlarini ziyoda etadigan oydir. Kim bu muborak oyda bir ro‘zadorni iftor yoki saharlik qildirsa, bir qul ozod qilganning savobini topadi va gunohlari mag‘firat qilinadi. Shuning uchun bo‘lsa kerak, mulkdor kishilar shu oyda o‘z zakotlarini berishga, saxovatpeshalar esa dengiz kabi toshib, mehr-e’tiborga intiq kishilarga mehr-muruvvat, xayru saxovat ko‘rsatishga oshiqishadi.
عَنْ أَبِى هُرَيْرَةَ أَنَّ النَّبِىَّ صَلَّى اللهُ عَلَيهِ وَسَلَّمَ قَالَ الصِّيَامُ جُنَّةٌ إِذَا كَانَ أَحَدُكُمْ صَائِمًا فَلاَ يَرْفُثْ وَلاَ يَجْهَلْ فَإِنِ امْرُؤٌ قَاتَلَهُ أَوْ شَاتَمَهُ فَلْيَقُلْ إِنِّى صَائِمٌ إِنِّى صَائِمٌ. رَوَاهُ اَبُو دَاودَ
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy (sollallohu alayhi va sallam): “Ro‘za qalqondir. Qachon birortangiz ro‘zador bo‘lsa yomon gap gapirmasin, johillik qilmasin. Agar biror kishi u bilan urushsa yo uni haqorat qilsa: “Men ro‘zadorman, men ro‘zadorman”, desin”, dedilar” (Imom Abu Dovud rivoyati).
Hadisi sharifdagi “qalqon” deya tarjima qilingan “junnatun” kalimasi lug‘atda “to‘suvchi”, “himoya etuvchi” kabi ma’nolarni anglatadi. Shunga ko‘ra, ulamolar ushbu kalimadan qanday ma’no ko‘zlangani haqida quyidagilarni aytishgan:
- Ro‘za, gunoh ma’siyatlardan himoya qiluvchidir. Chunki u tufayli ro‘zador tanasidagi shayton yuradigan yo‘llar bo‘lgan taom va qon yo‘llari torayadi. Ana shu e’tibordan ro‘za uni gunohlardan himoya qiluvchi bo‘ladi.
- Ro‘za, do‘zaxdan to‘suvchidir. Chunki imon va savob umidida tutilgan ro‘za ro‘zadorning oldingi gunohlari mag‘firat qilinishiga sabab bo‘ladi. Ana shu e’tibordan u do‘zaxdan to‘suvchi bo‘ladi.
Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) so‘zlarining davomida ro‘zadorga “yomon gap gapirmasin”, deya amr etganlar. Ya’ni, birovni haqoratlash, birov ustidan kulish, la’nat aytish va fahsh gaplarni gapirish kabi shariat man qilgan gaplardan qaytarganlar. Demak, ro‘zador kishi halim bo‘lishi, o‘zgalar bilan urishib tortishmasligi, jahli chiqqan vaqtda ham o‘zini qo‘lga ola bilishi ro‘zaning odobidir.
Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) ro‘zadorning yana bir sifatini ta’kidlab “johillik qilmasin”, deganlar. Ya’ni, ro‘zador shariatda man qilingan noto‘g‘ri so‘zlarni gapirmasin va xato ishlar qilmasin. Shunga ko‘ra, ro‘zador kishini birov urishib haqorat qilgan taqdirda ham: “men ro‘zadorman, men ro‘zadorman” deyishi va uning haqoratiga “javob” qaytarishdan o‘zini tiyib sabrli bo‘lishi lozim.
Abduvohid O‘ROZOV,
«Movarounnahr» nashriyoti maxsus muxbiri, “Koh ota Buzruk” jome masjidi imom noibi
“Shahid” so‘zi “hozir”, “guvoh”, “o‘z bilganlari haqida xabar beruvchi” ma’nolarini ifodalaydi. Shuningdek, “Shahid” Alloh taoloning ismlaridan biri bo‘lib, “guvohligi ishonchli, har doim hozir bo‘luvchi Zot” degan ma’nolarni anglatadi.
“Shahid” so‘zi umumiy tarzda Allohning yo‘lida halok bo‘lgan shaxsga nisbatan ishlatiladi.
Shahidlik – Allohning roziligi yo‘lida jonini fido qilgan, iymon-e’tiqodi va nomusini saqlash yo‘lida zolim dushman qo‘lida qatl qilingan kishilarga Alloh tomonidan beriladigan darajadir. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning hadislarida vabodan, ichki kasalliklardan, fojiali falokatdan vafot etganlarni ham shahidlik darajasini topishi xabar berilgan.
Islom dinida shahidlarning martabasi va ularning maqomi alohida qadrlanadi. Biroq ayrim kimsalar shahidlikni urush-janjallar maydonida o‘lgan odam bilan chegaralab qo‘yib, xato tasavvurga ega bo‘lib yurishadi. Zotan, jangu jadalda o‘lish shahidlikka shart qilingan emas!
Ba’zilar esa o‘z-o‘zini o‘ldirib, portlatib yuborishni ham shahidlik deb odamlarni aldaydilar. O‘z-o‘zini o‘ldirish shahidlik emas. Aslida, bu ikki holatsiz ham inson shahidlik martabasiga ega bo‘lishi mumkin. Zero, Habibimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamdan kelgan hadisi sharifda quyidagilarni ko‘rishimiz mumkin.
Sahl ibn Hunayf roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Kim Allohdan sidqidildan shahidlikni so‘rasa, garchi ko‘rpasida o‘lsa ham, Alloh uni shahidlar martabasiga yetkazadi”, dedilar (Imom Muslim, Imom Abu Dovud, Imom Termiziy rivoyati).
Imom Termiziy keltirgan rivoyatda: “Kim Allohdan Uning yo‘lida sodiqlik ila, chin qalbdan qatl bo‘lishni so‘rasa, Alloh unga shahidning ajrini beradi”, deyilgan.
Niyatni xolis qilib, jamiyatdan ajralmagan holda, ota-onasi bag‘rida, oilasi davrasida, do‘stu yorlari bilan birgalikda, vataniga xizmat qilib yurib ham shahidlik martabasiga ega bo‘lib, obro‘-e’tibor va yorug‘ yuz bilan dunyodan o‘tayotgan tabarruk shahid zotlar juda ko‘p. Shulardan o‘rnak olishimiz lozim bo‘ladi.
Shahidlik haqida bir qancha shar’iy hukmlar, fatvolar, bayonotlar mavjud.
Avvalo, shuni bilish lozimki, shahidlar ikki xil bo‘ladi:
1. “Shahidi a’lo” – “oliy darajadagi shahid”. Vatan uchun bo‘lgan jangu jadalda, dushmanlar bilan bo‘lgan urushda, Allohning kalimasini oliy qilish uchun bo‘layotgan jihodda o‘lganlar. Shuningdek, o‘z yurtida, o‘z oilasida tinchlik-osoyishtalikda hayot kechirayotganida birov zulm qilib yoki oilasini himoya qilish natijasida qasddan tig‘li asbob (pichoq, bolta, o‘q) bilan o‘ldirib ketsa, u “shahidi a’lo” – “oliy darajadagi shahid” bo‘ladi.
2. “Shahidi hukmiy” – “shahid bo‘lgan deb hukm qilingan”. Jangu jadalda tig‘li asbob (pichoq, bolta, o‘q) bilan yaralanib, urush maydonidan chiqarilgandan keyin o‘lganlar. Bu holatda kasalxonaga olib borilsa, dori-darmon yoki taom yeb-ichsa, namoz vaqti bo‘lganini bilsa, vasiyat qilsa, ana undan keyin vafot qilsa, “shahidi hukmiy” bo‘ladi.
Shuningdek, o‘z yurtida, o‘z oilasida tinchlik-osoyishtalikda hayot kechirayotganida birov tomonidan zulm qilib, qasddan tosh va tayoq (tig‘siz narsalar) kabilar bilan qatl etilganlar yoki bo‘g‘ib o‘ldirib ketilganlar ham “shahidi hukmiy” hisoblanadi.
Taniqli hanafiy olimi Ibn Obidin rahimahulloh “Raddul muhtor”da keltirishicha, gunoh sababli o‘lgan kimsa shahid, deb hukm qilinmaydi. Gunoh oqibatida vafot qilgan odam shahid hisoblanmaydi.
Masalan, nohaq odam o‘ldirayotib, uni ham o‘ldirishsa, u shahid bo‘lmaydi. Begunoh odamlarni o‘ldirib yurgan kimsa jangda o‘ldirilsa, u shahid hisoblanmaydi. Bu xuddi o‘g‘rilik qilayotib, yiqilib o‘lgan kimsaga o‘xshaydi. Aroq ichaverib-ichaverib, aroqqa yorilib o‘lsa, u ham shahid bo‘lmaydi. Birov zino sababli homilador bo‘lib, bola tug‘ayotib o‘lsa, shahid bo‘ldi, deb hukm qilinmaydi. Bu Imom Ramliy rahimahullohning ham qarashidir (Ibn Obidin. “Raddul muhtor”).
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam marhamat qilganlaridek quyidagi kishilar shahidlik maqomiga ega bo‘ladilar. Ammo bular ichida o‘zini o‘zi portlatgan, o‘zgani o‘ldirganlar yo‘q.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: “Vaboga yo‘liqib o‘lish, suvga cho‘kib o‘lish, qorin og‘rig‘i bilan o‘lish, olovga kuyib o‘lish, ayollar nifos paytida, ya’ni bola tug‘ayotganida o‘lishi ummatimning shahidligidir!” (Imom Suyutiy “Jome’ as-sag‘ir”).
Yoki beshta shahidlikni Rasululloh sollallohu alayhi vasallam quyidagicha sanaganlar: “Alloh yo‘lida yurganida o‘ldirilgan kimsa shahiddir, qorin og‘rig‘i bilan o‘lgan kimsa shahiddir, o‘latga yo‘liqib o‘lgan shahiddir, suvga g‘arq bo‘lib o‘lgan shahiddir, ayollar tug‘ayotganida o‘lsa shahiddir” (Imom Tabaroniy rivoyati).
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam shahidlikning yetti turini ham sanaganlar. Ular orasida ham o‘zini o‘zi o‘ldirish yo‘q, musulmonlarni o‘ldirish ham yo‘q: “Shahidlik Alloh yo‘lida yurganda o‘ldirilishdan tashqari yettitadir. O‘latga yo‘liqib o‘lgan shahiddir; qorin og‘rig‘i bilan o‘lgan kishi shahiddir; g‘arq bo‘lib o‘lgan kishi shahiddir; vayronagarlikda qolib ketgan (masalan, zilzilada) kishi shahiddir; zotiljam kasalidan o‘lgan kishi shahiddir; olovda kuyib o‘lgan kishi shahiddir; tug‘ayotib o‘lgan ayol shahiddir” (Imom Nasoiy, Imom Tabaroniy rivoyati).
Xullas, “Durrul muxtor” va “Raddul muhtor” asarlarida quyidagilarni shahidlar qatorida bo‘lishi sanab o‘tilgan:
⏺ Zotiljam kasaliga yo‘liqib vafot etganlar.
⏺ Ilm talabida yurganda o‘lganlar.
⏺ Dushman bilan kurashib o‘lganlar.
⏺ G‘arq bo‘lganlar.
⏺ Olovda kuyib, tasodifan o‘t ichida qolib o‘lganlar (o‘zini yoqqanlar emas).
⏺ Musofirchilikda qiynalib o‘lganlar.
⏺ Devor ostida, zilzilada qolganlar.
⏺ Qorin og‘riq bilan o‘lganlar.
⏺ Bola tug‘ib, nifos qoni ko‘rayotgan ayollar.
⏺ Juma kechasi vafot topganlar.
⏺ Sil kasalidan o‘lganlar.
⏺ Qattiq isitma ta’sirida vafot topganlar.
⏺ Oilasi, mol-dunyosi va qonini himoya qilayotib o‘lganlar.
⏺ Gunoh bo‘lmagan kuchli ishq-muhabbat oqibatida o‘lganlar.
⏺ Yirtqich va vahshiy hayvon yorgani va shoxlagani oqibatida o‘lganlar.
⏺ Podshohning zulmiga uchrab, nohaq qamalgani sababli qamoqda o‘lganlar.
⏺ Zolimlar urib-urib o‘ldirib qo‘yganlar.
⏺ Chayon yoki ilon chaqib o‘lganlar.
⏺ Xolis muazzinlik qilib vafot topganlar.
⏺ To‘g‘riso‘z va halol savdogar bo‘lib vafot topganlar.
⏺ Oilasini ta’minlash maqsadida halol kasb-kor qilib yurganida vafot topganlar.
⏺ Qayt qilish kasaliga mubtalo bo‘lib, kuchli qayt qilaverish oqibatida qiynalib vafot topganlar.
⏺ Eriga rashk qilaverib, bu rashkiga sabr qilib vafot topgan ayollar.
⏺ Har kuni: “Allohumma, barik liy fil-mavti va fiyma ba’d al-mavti!” (“Allohim, menga o‘lganimda ham, o‘lgandan keyin ham baraka ber!”) deb 25 marta aytib yurganlar.
⏺ Har kuni “zuho” – choshgoh namozini o‘qishni odat qilganlar.
⏺ Ramazonda to‘liq va har oy 3 kun ro‘za tutishni odat qilganlar.
⏺ Uyda ham, safrada ham, har kuni vitr namozini kanda qilmaganlar.
⏺ Fisqu-fasod ko‘paygan zamonlarda sunnatlarni mahkam tutganlar.
⏺ Kasal va bemor bo‘lganida 40 marta “Laa ilaha illa anta! Subhanaka, inniy kuntu minaz-zolimiyn” (“Sendan o‘zga iloh yo‘q! Sen juda ham poksan! Men esa o‘zimga zulm qiluvchilardanman!”) deyishni odat qilganlar.
⏺ Vabo, o‘lat kabi kasalliklardan o‘lganlar.
Demak, musulmon banda Alloh taoloning rahmatidan noumid bo‘lishi kerak emas. Inson o‘z uyida, o‘z to‘shagida jon bersa ham, shahidlik maqomiga muyassar bo‘laveradi. Allohning marhamati keng, bandasiga shahidlik maqomini berib ham oxiratdagi martabasini yuksak qilaveradi. Yuqorida ta’kidlanganidek, inson nohaq odam o‘ldirish bilan yoki o‘z-o‘zini qurbon qilish bilan shahid bo‘la olmaydi.
O‘tkirbek Sobirov
O‘zbekiston musulmonlari idorasi mas’ul xodimi
Toshkent islom instituti o‘qituvchisi