Sayt test holatida ishlamoqda!
10 Aprel, 2026   |   21 Shavvol, 1447

Toshkent shahri
Tong
04:30
Quyosh
05:52
Peshin
12:29
Asr
17:02
Shom
19:01
Xufton
20:17
Bismillah
10 Aprel, 2026, 21 Shavvol, 1447

Ramazon – taqvo oyi

31.05.2018   56708   3 min.
Ramazon – taqvo oyi

Alloh taolo bandalariga buyurgan va ularni qaytargan amallarda insonlarning dunyo va oxiratdagi saodatli hayotlari kafolatlangan. Ana shunday ibodatlardan biri Ramazon oyida ro‘za tutish hisoblanadi. Ro‘za tutish orqali inson gunohlariga tavba qiladi va ibodat qilish barobarida jamiyatga ham o‘z hissasini qo‘shadi. Ro‘zaning bir qancha foydalari bor. Jumladan:

  1. Ro‘za tutish taqvoga vasila hisoblanadi. Chunki inson Alloh taoloning roziligiga erishishdan umid qilib va ro‘za tutmasa azobga qolishdan qo‘rqib kunduz kunlari halol bo‘lgan amallardan ham tiyiladi. Haloldan tiyilgan kishining haromdan saqlanishi esa turgan gap. Demak, ro‘za Alloh taolo harom qilgan amallardan saqlanishga sabab bo‘ladi. Alloh taolo: “Ey, imon keltirganlar! Sizlardan oldingi (ummat)larga farz qilingani kabi sizlarga ham ro‘za tutish farz qilindi, shoyad (u sababli) taqvoli bo‘lsangiz”, deb marhamat qiladi. “...taqvoli bo‘lsangiz”, iborasi ro‘za tutish hikmatini bayon qilish uchun keltirilgan sabab jumla hisoblanadi. Inson ro‘za tutish orqali gunohlardan saqlanadi. Shahvatini sindiradi va gunohga undovchi omillar zaiflashadi. Ro‘za taqvoga sabab bo‘ladigan eng katta omil hisoblanadi.
  2. Ro‘za tutish orqali shaytonni bo‘ysindiriladi. Shayton zalolat, ig‘vo va shahvatlarga chorlaydi. Inson yeyish va ichishni kamaytirish bilan shahvatlardan tiyiladi. Safiyya roziyallohu anho Rasululloh sallallohu alayhi va sallamdan qilgan rivoyatlarida: “Shayton insonning qon tomirida yuradi. Ochlik bilan uning yo‘llarini toraytiringlar”, deyilgan.
  3. Ro‘za inson tabiatini bo‘ysundiradi va shahvatini sindiradi. Insonning qorni to‘q bo‘lganida turli xil gunohlarni xohlaydi. Qorni och bo‘lganda esa nafsu havosi xohlagan narsalardan tiyiladi. Hadisda Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: “Ey yigitlar jamoasi, sizlardan kim uylanishga qodir bo‘lsa uylansin. Zero u ko‘zni to‘suvchiroq va farjni saqlovchiroq. Kim unga qodir bo‘lmasa ro‘za tutsin. Chunki ro‘za uning uchun bichilishdir”, dedilar.
  4. Ro‘za tutish insonni kambag‘allarga mehribon va rahmli bo‘lishga undaydi. Chunki ro‘za tutgan inson bir kungina ochlik nimaligini his qilsa doim qorni och yuradiganlar haqida o‘ylaydigan bo‘ladi. Qalbi yumshaydi, faqir-miskinlarga ehson qiladi va ularga rahmli bo‘ladi. Bu bilan Alloh taolo tarafidan ham yuksak ajr-mukofotlarga erishadi.
  5. Ro‘za tutish orqali inson o‘ziga berilgan ne’matga shukr qilishni o‘rganadi. Ro‘za tutish sababli eng katta ne’matlar hisoblanadigan yeyish va ichishdan tiyilish yuzaga keladi. Ne’matlardan ma’lum muddat tiyilish ularning qadrini bilishga sabab bo‘ladi.

Xulosa o‘rnida aytganda, bandalar bu amalni ado qilish orqali taqvo va Alloh taolodan qo‘rqish darajasiga yetadi. Natijada Alloh ulardan rozi bo‘lgan va ular ham Allohdan rozi bo‘lgan insonlar jumlasidan bo‘ladilar. Ro‘za o‘z egasini eng yuqori darajalarga ko‘taradi. Rasululloh sallallohu alayhi vasallam ro‘za haqida: “Ro‘za saqlaguvchi”, deganlar. Ro‘za gunohlardan saqlaydi, oxirat azobidan saqlaydi, yeb-ichishda chegaradan chiqish oqibatida kelib chiqadigan turli kasalliklardan saqlaydi.

 

Manbalar asosida “Ko‘kaldosh” o‘rta maxsus islom bilim yurti mudarrisi

Oybek HOSHIMOV tayyorladi

Ramazon-2018
Boshqa maqolalar
Maqolalar

"Hamishalig‘ ta’kid etur edim: xon bo‘lsang-da bog‘ yarat, gadoy bo‘lsang-da bog‘ yarat — bir kunmas bir kun mevasini tatirsan..."

09.04.2026   7566   3 min.

"Hamishalig‘ ta’kid etur edim: xon bo‘lsang-da bog‘ yarat, gadoy bo‘lsang-da bog‘ yarat — bir kunmas bir kun mevasini tatirsan..."
                       Amir Temur. 


Tarix sahnasida o‘zining o‘rniga ega , butun dunyoni o‘z adolati bilan larzaga keltirgan , Aleksandr Makedoniyskiy, Yuliy Sezar, Mehmet III kabi dunyo zabardast podshohlari qatorida tilga olinuvchi , XIll asr boshi XlV asrda boshlangan nizolar shu asrning 60- yillariga kelib butun mamlakatni sarosimaga solib turgan parokandalik vaqtida sarkardalik va qiyin vaziyatlarda to‘g‘ri yo‘lni topa bilish qobiliyati bilan Eron, Iroq , Oltin O‘rda , Turkiya , Ozarbayjon, Hindiston , hattoki ayrim Yevropa davlavlatlari bilan amalda teng keladigan ulkan davlat barpo etgan shaxsning hayotiga yana bir bor nazar tashlasak...

  Kesh (hozirgi Shahrisabz) shahri yaqinidagi Xo‘ja Ilg‘or qishlog‘ida yashovchi (hozir Yakkabog‘ tumani hududida) mushtipar ona- buxorolik Takina xotun, bahodir ota esa barlos urug‘ining va Chag‘atoy ulusining e’tiborli beklaridan biri bo‘lgan Amir Tarag‘ay xonadonining dunyoni xabt etuvchi yosh go‘dagi bo‘lmish  Amir Temurning yoshligi haqida ma’lumotlar kam uchrasa-da, ayrim manbalarga qaraganda, u yoshligida xat-savod chiqarib, o‘z davrining tibbiyot, riyoziyot, falakiyot, me’morchilik va tarix ilmlarini o‘rgangan. Bundan tashqari 12 yoshida Qur’oni Karimni yod bilganligi , shatranj o‘yinining ustasi bo‘lganligi haqida ma’lumotlar ham yo‘q emas .
Amir Temur bilan suhbatlashish sharafiga muyassar bo‘lgan buyuk arab faylasufi Ibn Xaldun jahongir turk, arab, fors xalqlari tarixini, diniy, dunyoviy va falsafiy bilimlarning murakkab jihatlarigacha yaxshi o‘zlashtirganini ta’kidlaydi.

O‘zining sarkardalik mahorati bilan ko‘plab harbiy yurishlarni olib borgan. Tarixda esa faqat jang-u jadallar bilan band bo‘lgan hukmdor emas , balki yurtning obodonchiligi, ravnaqi ilm-ma’rifatini keng yoyilishida o‘z hissasini qo‘shgan hukmdordir . Xususan , Yaqin va O‘rta  Sharq bo‘ylab Movarounnahr savdo-sotiq, iqtisod va madaniyat markaziga aylanishida, Samarqand, Toshkent, Termiz, Marv, Damashq kabi qadimiy shaharlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishida, shaharlarni obodonlashtirishda hissasi nihoyatda beqiyosdir.

Amir Temur saroyida ko‘plab ilm-ma’rifat allomalari Mavlono Abdujabbor Xorazmiy, Mavlono Shamsuddin Munshi, Mavlono Abdullo Lison, Mavlono Badriddin Ahmad, Mavlono Nu’moniddin Xorazmiy, Xoja Afzal, Mavlono Alouddin Koshiy, Jalol Xokiylar Sohibqironning marhamatidan bahramand bo‘lib, uning xizmatida bo‘ldilar. Amir Temur ilm-fanning riyoziyot, handasa, me’morchilik, falakiyot, adabiyot, tarix, musiqa kabi sohalari ravnaqiga katta e’tibor berib, sohibi hunarlar bilan qilgan suhbatlari haqida fransuz olimi Lyangle shunday yozadi: “Temur olimlarga seriltifot edi. Bilimdonligi bilan bir qatorda sofdilligini ko‘rgan kishilarga ishonch biddirardi. U tarixchilar, faylasuflar, shuningdek, ilm-fan, idora va boshqa ishlarda iste’dodli bo‘lgan barcha kishilar bilan suhbatlashish uchun ko‘pincha taxtdan tushib, ularning yoniga kelardi. Chunki Temur bu sohalarga g‘amxo‘rlik qilishga asosiy e’tiborini berardi”.

Agar banda Alloh roziligi uchun dunyoda o‘z amallarini bajarar ekan , albatta Alloh taolo u amallarining savobini qiyomatga qadar boqiy qilib qo‘yar ekan. Bu so‘zlarimizga Amir Temur qilgan barcha ishlarni misol keltirsak bo‘ladi.  

Har qancha faxr etsang arziydi, o‘zbek,
Balqibsan bir zotning yuksak shonida.
Temurbek yulduzi Oltin qoziqdek
Charaqlar buyuklar  kahkashonida.

To‘raqulova Oisha 
"Jo‘ybori Kalon" ta’lim muassasasi 1-kurs talabasi

MAQOLA