Bismillahir Rohmanir Rohiym
Savol: Zotdor qo‘yimiz bor. Dumbasi kattaligi uchun kestirmoqchi edik. Veterinar oshiqchasini operatsiya qilib, kesib berar ekan. Hayvon tirik bo‘ladi va yana yashab ketadi. Bismillahni aytib kesib beradi. Dumbaning kesilgan qismini yeyish hukmi nima bo‘ladi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Tirik hayvondan kesib olingan a’zoni, garchi “bismillah” aytib kesgan bo‘lsa ham yeyish halol emas. Chunki Abu Voqid al-Laysiy roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda bunday deyiladi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam Madinaga kelganlarida ular tuyalarning o‘rkachlarini yorar va qo‘ylarning dumbasini kesib olar edilar. Bas, u zot: “Tirik holdagi hayvondan kesib olingan narsa, o‘limtikdir, yeyilmaydi”, dedilar” (Imom Termiziy va Abu Dovud rivoyati). Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.