Jazoirning “El Djazairia One” telekanali Ramazon oyida O‘zbekiston haqida turkum ko‘rsatuvlarni namoyish etmoqda. Ko‘rsatuvning 4-sonida “Hazrati imom” majmuasidan reportaj namoyish etildi. Ko‘rsatuvning mazkur sonida majmuada saqlanayotgan bebaho xazina – Hazrati Usmon roziyallohu anhu davrida ko‘chirilgan Qur’oni karimning asl nusxasi – “Usmon Mus'hafi” haqida hikoya qilinadi.
Boshlovchi Hazrati Usmon roziyallohu anhuning hayotlari, xalifalik davrlari, Qur’oni karimning mus'haflarga ko‘chirilishi haqida manbalar asosida hikoya qiladi. Va o‘sha davrda to‘rt nusxada ko‘chirilgan mus'hafning O‘zbekistonga kelish tarixi haqida so‘zlab beradi:
Dastur muallifining aytishicha, bu singari ko‘rsatuvlar davomli bo‘ladi. O‘zbekiston haqidagi videolavhalar jazoirliklar uchun Ramazon tuhfasi ekani qayd etildi.
O‘MI Matbuot xizmati
#xabar #ramazo #vatandoshlar #iftorlik
Muborak Ramazon oyi munosabati bilan dunyoning turli davlatlarida yashab mehnat qilayotgan vatandoshlar ishtirokida yurtimizdan borgan ulamolar ishtirokida ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar, iftorlik dasturxonlari hamda taroveh namozlari davom etmoqda.
Rossiyaning Moskva shahrida “O‘zbekiston kuni” doirasida iftorlik dasturxoni yozilib, unga 500 nafarga yaqin vatandoshlar taklif etildi. Tadbirda Ramazon oyining fazilatlari, birodarlik, mehr-muruvvat va o‘zaro hamjihatlik kabi ezgu qadriyatlar haqida ma’ruza qilindi.
AQSHning Orlando shahridagi Imom Buxoriy markazida ham navbatdagi suhbat o‘tkazilib, taroveh namozi ado etildi. O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlarining “Inson qadri” nomli kitobining taqdimoti ham bo‘lib o‘tdi. Tadbirda 250 nafarga yaqin ishtirokchi qatnashdi. Ma’rifiy suhbat davomida tarbiyaning ahamiyati va boshqa mavzularda savol-javoblar bo‘lib o‘tdi.
Finlandiyaning Helsinki shahridagi O‘zbek madaniyati markazida ham vatandoshlar uchun ana shunday tadbirlar tashkil etildi. Unda vatandoshlarni qiziqtirgan savollarga javoblar berilib, “Ayollar – Allohning omonati”, “Vatan sajdagoh kabi ulug‘dir” kabi mavzularda ma’ruzalar qilindi. Tadbirda 160 nafarga yaqin vatandoshimiz qatnashdi.
Shuningdek, Janubiy Koreyaning Geongsan shahridagi “Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf” masjidida vatandoshlar ishtirokida taroveh namozi ado etildi. Unda asosan talabalardan iborat 150 nafarga yaqin namozxon ishtirok etdi. Namozdan so‘ng “Ramazon – saxovat oyi” mavzusida suhbat tashkil etildi.
Bunday xayrli tadbirlar xorijdagi yurtdoshlarda ona Vatanga muhabbatni yanada oshirish, ular o‘rtasida birdamlikni mustahkamlash, milliy va diniy qadriyatlarni asrab-avaylashga xizmat qilmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati