Yurtimizda muborak Ramazon oyi shukuhi kezib yurgan ayni kunlarda ko‘ngillarga surur, qalblarga huzur, ko‘zlarga nur ulashuvchi yana bir nashr – yangi «MO‘MINALAR» jurnali chop etildi.
Ayol – murabbiy, nasllar davomiyligini ta’minlashdek sharafli vazifaga mas’ul zot. Muqaddas dinimiz ayolning ma’naviy xazinasini boyitish, uni ma’rifatga oshno qilib, ko‘nglini mehr javohirlari bilan to‘ldirishga amr etadi.
Shuni inobatga olib O‘zbekiston musulmonlari idorasi «Movarounnahr» nashriyoti muassisligida «MO‘MINALAR» jurnali chop etila boshlandi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov hazratlarining «Mukarramlik nasib etsin!» tabrik-maqolasi bilan ochilgan jurnalda dinimiz ahkomlari, ayollarga xos hukmlar maxsus ruknlarda tushunarli bayon etilgan.
Oilalarimiz chirog‘i va charog‘boni – mo‘tabar onalarimiz, opa-singillarimiz haqida Allohning kalomida nimalar deyilgani, saharmardonda uyg‘ongan ayol qanday duo-iltijo qilishi lozimligi, ayollar fiqhi, respublikamiz bo‘yicha yuqori saviyada o‘tkazilgan Qur’on musobaqalaridan lavhalar, mo‘minlar onasi – Xadicha binti Xuvaylid (rohiyallohu anho)ning ibratga to‘la hayot yo‘llaridan o‘rnak olib yashamoqchimisiz?
Dinimizda mahrning hukmi qanday, kuyov kelinga qancha mahr berishi kerak; mo‘mina ayol farzand tarbiyasida nimalarga e’tibor qaratishi zarur; poytaxtimizda faoliyat yuritayotgan «Xadichai Kubro» ayol-qizlar o‘rta maxsus bilim yurti faoliyati sizni qiziqtiradimi?
«Folbinga borsa nima bo‘ladi?», Shayx Ziyovuddinxon hazratlarining avlodlari, sulolalari bugun qanady xayrli ishlar bilan band?
Ushbu savollarga atroflicha javob olmoqchi, turkum qiziqarli maqolalarni o‘qimoqchi bo‘lsangiz, «MO‘MINALAR» jurnalining nishona sonini mutolaa qiling.
«MO‘MINALAR» jurnalining dastlabki sonini Toshkent shahri, Zarqaynar ko‘chasi 18-berk ko‘cha, «Movarounnahr» nashriyotiidan yoki poytaxtimizdagi yirik jome masjidlardan yoxud Chorsu bozori atrofidagi kitob do‘konlaridan sotib olishingiz mumkin.
O‘MI Matbuot xizmati
Muborak Qurbon hayiti arafasida Qashqadaryo viloyatida aholini ijtimoiy va tibbiy qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan keng ko‘lamli xayriya tadbirlari o‘tkazilmoqda.
Xususan, og‘ir va nogironlikka olib keluvchi kasalliklarga chalingan bolalarning jarrohlik amaliyotlari, onkologik va gematologik xastaliklari bor bemorlarni davolash, shuningdek, jigar va buyrak transplantatsiyasi xarajatlarini qoplash uchun ajratilgan mablag‘lar “Vaqf” xayriya jamoat fondi tomonidan o‘z egalariga topshirilmoqda.
Mazkur savobli ishlarda viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i Nizom Qurbonov hamda viloyat bosh imom-xatibi Rahmatillo domla Usmonovlar ishtirok etib, bemorlar xonadoniga tashrif buyurdilar va ularning haqqiga xayrli duolar qildilar.
Bu kabi ezgu tadbirlar yurtimizda inson qadrini ulug‘lash va ehtiyojmand fuqarolarga mehr-muruvvat ko‘rsatishning go‘zal namunasi bo‘lmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Qashqadaryo viloyati vakilligi
Matbuot xizmati