Hurmatli muxlislar!
O‘zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan muborak Ramazon oyida Siz azizlar uchun “Muslim TV” internet telekanali yo‘lga qo‘yilganini ma’lum qiladi.
“Muslim TV” internet telekanali internet tarmog‘ida katta auditoriyaga ega bo‘lgan “ITV.UZ” interaktiv televideniyesi bilan hamkorlikda yo‘lga qo‘yildi. Endilikda siz “ITV.UZ”ga ulanish orqali “Muslim TV” internet telekanalini tomosha qilishingiz va internet tarmog‘idagi itv.uz saytidan ro‘yxatdan o‘tgan holda ko‘rsatuvlarimizni tomosha qilishingiz mumkin.
Mobil qurilmalar uchun esa itv.uz mobil ilovasini ko‘chirib olgan holda telekanalimizni kuzatish mumkin bo‘ladi.
Ushbu internet telekanal barchamiz uchun manfaatli bo‘lishini Yaratgandan so‘rab qolamiz!
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Istiqlolimizning 35 yilligi arafasida Buxoro viloyatidagi imom-xatib va noiblar o‘rtasida stol tennisi bo‘yicha viloyat turniri bo‘lib o‘tdi.
Sog‘lom turmush tarzini keng ommalashtirish va o‘zaro hamjihatlikni mustahkamlash maqsadida tashkil etilgan bahslarda din peshvolari o‘zlarining jismoniy tetikligi va mahoratlarini namoyish etdilar. Murosasiz kechgan bellashuvlar yakuniga ko‘ra, sovrinli o‘rinlar quyidagicha taqsimlandi:
1-o‘rin: Abdullo domla Avezov (Qorako‘l tumani, «Bozorxo‘ja» masjidi);
2-o‘rin: Abduvohid domla Akramoyev (Buxoro shahri, «Volidayi Abdulazizxon» masjidi);
3-o‘rin: Saddam domla Boboqulov (Peshku tumani, «Xo‘ja Peshku» masjidi).
G‘olib va sovrindorlarga Buxoro viloyati bosh imom-xatibi o‘rinbosari Otabek domla Avezov tomonidan esdalik sovg‘alari tantanali ravishda topshirildi.
Islom dinida tan salomatligi va jismoniy kuch-quvvatga alohida e’tibor beriladi. Bu kabi sport tadbirlari soha xodimlari o‘rtasida sog‘lom muhit va yuqori kayfiyatni ta’minlashga xizmat qilmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Buxoro viloyati vakilligi
Matbuot xizmati