Sayt test holatida ishlamoqda!
23 Avgust, 2026   |   10 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:15
Quyosh
05:40
Peshin
12:26
Asr
17:12
Shom
19:15
Xufton
20:36
Bismillah
23 Avgust, 2026, 10 Rabi`ul avval, 1448

Ramazonga tayyormisiz?

29.05.2018   51317   3 min.
Ramazonga tayyormisiz?
  1. Allohdan ramazon oyiga sog‘-salomat yetkazishini hamda Ramazon ro‘zasini tutishga musharraf etishini so‘rab duo qiling. Chunki Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) Rajab oyi kelsa, Allohga “Yo Alloh, bizga Rajab va Sha’bon oylarini xayrli qilgin va Ramazonga yetkazgin”, deb duo qilar edilar. Shuningdek, sahobiylar ham muborak Ramazon oyi kelmasidan oldin “Alloh bizni ramazonga yetkaz”, deb duo qilishga odatlanganlar.
  2. Ramazon oyining har bir kunining rejasini tuzing. Ramazon – g‘animat oydir. Uning har bir soniyasidan unumli foydalanish lozim. Alloh taolo Ramazon oyining har bir kunini bandalar savoblarini ko‘paytirib olishlari boshqa kunlardan ko‘ra afzal qilgan.

Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) o‘ta saxiy zot bo‘lsalar-da, Ramazon kirishi bilan saxovatlari, yaxshiliklari yanada ortib ketar edi.  Abdulloh ibn Abbos (roziyallohu anhumo) aytadi: “Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) odamlarning eng saxovatlisi edilar. U zotning saxovatlari Ramazon oyida – har kecha Jabroil (alayhissalom) Qur’onni ta’lim berish uchun huzurlariga tushadigan paytlarda – ayniqsa, ziyoda bo‘lardi. Darhaqiqat, Allohning rasuli (sollallohu alayhi va sallam) odamlarga muruvvat ko‘rsatishda shiddat bilan esayotgan shamoldan-da tez edilar” (Imom Buxoriy, Imom Muslim rivoyati).

Afsuski, hayotimizdagi barcha mayda ishlarni ham e’tibordan chetda qoldirmay hisob-qitob qilamiz-u, biroq ramazon oyi rejasini tuzishni unutamiz. Oqibatda dunyo va oxirat uchun foydali bo‘lgan yaxshilikdan beparvolik sababli mahrum bo‘lamiz. Zero, oxiratning obodligi bu dunyoni obod qilish bilan boshlanadi. Abadiy saodatga erishish uchun ibodatlarni go‘zal tarzda ado etishga odatlanish lozim. Shu sababli, mo‘min-musulmonlarning Ramazon oyining har bir kunduziyu kechasini o‘tkazish tartibini rejalashtirib olishlari maqsadga muvofiq.

  1. Ramazon va unga taalluqli bo‘lgan masalalarni puxta o‘zlashtirib oling. Har bir mo‘min-musulmon Ramazon oyi ro‘zasiga oid bo‘lgan masalalarni bu oy kelmasidan avval yaxshilab o‘zlashtirib olishi kerak. Ro‘zaning barcha qoidalarini tushunmay, unga ko‘r-ko‘rona amal qilish, go‘yo mevasiz daraxt kabi bo‘ladi. Islom dini – ilm dini bo‘lib, har bir musulmon erkak va ayol o‘zi uchun foydali va zararli narsalarni bilib olishi shart. Alloh taolo bunday marhamat qiladi: «Bas, Agar bilmaydigan bo‘lsangiz, zikr ahlidan so‘rangiz!» (Anbiyo, 7)
  2. Ramazon ro‘zasini tutishga xolis niyat qiling. “Havo juda issiq, ro‘za tutishga kuchim yetmaydi” kabi turli bahonalar bilan bu oyning fazilatlaridan bebahra qolmang! Agar ro‘za tutishni xolis Alloh uchun ado etishni niyat qilsangiz, Allohning o‘zi yengillik, baraka ato etadi.
  3. Ramazon oyi kelayotganidan xursand bo‘ling. Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) Ramazon oyi kelsa, baxtiyor va xursand bo‘lib ketar edilar. Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) “Ramazon oyi keldi. Ramazon oyi Alloh ro‘za tutishni farz qilgan rahmat oyidir. Bu oyda jannat eshiklari ochilib, do‘zax eshiklari berkitiladi”, der edilar. Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam)ning sahobiylari, tobeiylar bu oy kelishini intizorlik bilan kutishar edi.
  4. Muborak Ramazon oyiga yetkazgani uchun Allohga hamd ayting. Chunki Alloh sizni sog‘-salomat bu oyga yetkazib, o‘zining cheksiz rahmat va marhamatiga loyiq ko‘rdi.

 

Davron NURMUHAMMAD

tayyorladi

 

Ramazon-2018
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

"Xo‘jamulki" mahallasida obodlik va mehr-saxovat

16.08.2026   31886   1 min.

Qumqo‘rg‘on tumanidagi "Xo‘jamulki" mahallasida "Mahallada obodlik va mehr-saxovat oyligi" doirasida keng jamoatchilik va aholi vakillari ishtirokida qizg‘in obodonlashtirish va bunyodkorlik ishlari olib borilmoqda. Bu tashabbus mahalla hayotiga yangicha ruh baxsh etib, hamjihatlik va ezgulik muhitini yanada mustahkamlamoqda.

Azaliy qadriyatlarimizdan biri bo‘lgan hashar an’anasi asosida mahalla ahli bir yoqadan bosh chiqarib, o‘z hududini yanada obod, fayzli va ko‘rkam maskanga aylantirish yo‘lida fidokorona mehnat qilmoqda. Har bir fuqaroning qalbida Vatanga muhabbat, mahallaga ehtirom tuyg‘usi jo‘sh urib, ular bunyodkorlik ishlariga faol hissa qo‘shmoqdalar.

Xususan, mahalla hududidagi muqaddas qadamjolardan biri – "Xo‘jamulki ota" qabristonida keng ko‘lamli tozalash va obodonlashtirish ishlari amalga oshirilmoqda. Hashar ishtirokchilari tomonidan qabriston hududi begona o‘tlar va chiqindilardan puxta tozalanib, qabr ustilari tartibga keltirilmoqda. Shuningdek, ziyoratchilar uchun qulay sharoitlar yaratish borasida zarur ishlar olib borilib, ajdodlar xotirasiga chuqur ehtirom ko‘rsatilmoqda.

Bu kabi ezgu tashabbuslar mahallada obodlik va hamjihatlik muhitini mustahkamlash bilan birga, ajdodlarimiz xotirasiga bo‘lgan hurmatimizni namoyon etadi. Ayni paytda, yosh avlodga milliy qadriyatlarimizni singdirish, ularni Vatanga muhabbat va mehnatsevarlik ruhida tarbiyalashda beqiyos ahamiyatga egadir. Bugungi hashar – kelajak avlod uchun namuna, ertangi kun uchun mustahkam poydevordir.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi

Surxondaryo viloyati vakilligi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari