“Sizlarga muborak oy – Ramazon tashrif buyurdi...” biz ummatlarga bu xabardan ham yaxshiroq xushxabar bo‘lmasa kerak. Habibimiz Rasululloh sollallohu alayhi va sallam Ramazon borasida xabar berib “muborak oy” dedilar. Darhaqiqat, bu oy butun insoniyatga har jihatdan muboraklik – barokatlar ulashadi. Ramazonning barakasi butun olamlar Parvardigori bo‘lgan Alloh taoloning buyrug‘ini bajarish, sabr-qanoat, ehsonu saxovat, insonlarning holidan xabar, yaqinlar qalbiga surur ulashish kabi ishlarda namoyon bo‘ladi.
Lekin biz Ramazonning bu barokatlari haqida emas, balki undan ham muhimroq barokati – uning taqvoga bo‘lgan ta’siri haqida so‘z yuritamiz. Nega aynan taqvo deysizmi? Chunki Alloh taolo biz bandalarga yuborgan dinning asosini taqvo hosil qiladi. Alloh taolo O‘z kalomi sharifida shunday marhamat qiladi:
وَلَقَدْ وَصَّيْنَا الَّذِينَ أُوتُوا الْكِتَابَ مِنْ قَبْلِكُمْ وَإِيَّاكُمْ أَنِ اتَّقُوا اللَّهَ
“Sizlardan oldingi Kitob berilganlarga va sizlarga ham, Allohga taqvo qilingiz, deb amr qilganmiz”. (Niso surasi, 131-oyat)
Qolaversa, taqvo insonni boshqalardan fazilatli qiladigan, uni O‘z Robbisiga yana ham yaqinlashtiradigan xislatdir.
Taqvo aslida saqlamoq, saqlanmoq, qo‘rqmoq deganidir. Shundan kelib chiqib “Taqvo – insonning Alloh taolo buyurganlarini bajarib, qaytargan narsalardan o‘zini saqlashi” desak to‘g‘ri bo‘ladi.
Taqvo – kishining o‘zi va undan qo‘rqadigan narsasi o‘rtasida bir qalqon qilmog‘idir. Bandaning Robbiga bo‘lgan taqvosi esa – banda o‘zi bilan Parvardigori o‘rtasida Uning g‘azabi, nafrati va azobidan saqlaydigan himoya hosil qilmog‘idir. Bu himoyaga esa O‘sha Parvardigorning buyruqlarini bajarib, qaytarganlaridan qaytish, Unga mahbub bo‘lgan amallarni ko‘paytirmoq ila erishiladi.
Endi esa Ramazonning taqvoga bog‘liq jihatlarini o‘rganib chiqsak:
Ro‘za faqatgina shakliy ibodat bo‘lmay, balki, ro‘zadan asl maqsad ruhiyatni poklash, taqvoni kuchaytirishdir.Alloh taolo bandalariga ro‘zani farz qilishining asl maqsadlaridan biri ham kishilarning taqvo hosil qilishidir. Buning ayni haqiqat ekanini mo‘minlarga Ro‘zani farz qilib tushgan quyidagi oyatda ko‘rishimiz mumkin:
يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آَمَنُوا كُتِبَ عَلَيْكُمُ الصِّيَامُ كَمَا كُتِبَ عَلَى الَّذِينَ مِنْ قَبْلِكُمْ لَعَلَّكُمْ تَتَّقُونَ
“Ey, imon keltirganlar! Sizlardan oldingi (ummat)larga farz qilingani kabi sizlarga ham ro‘za tutish farz qilindi, shoyad (u sababli) taqvoli bo‘lsangiz. (Baqara surasi, 183-oyat)
Demak, Alloh taolo ramazon ro‘zasini O‘ziga yaqinlashtiradigan ibodat bo‘lishi bilan birgalikda insonlar gunohlaridan saqlanishi, nafslarini tarbiyalab, ruhiy olamini poklashi buning natijasida esa taqvo hosil qiladigan sabab ham qilgan.
Ro‘za tutish natijasida inson o‘z shahvatlarini kesadi. Chunki shahvatlar asosi ko‘p taom yeyish, ro‘zador esa o‘z-o‘zidan taomlarni kamaytirish bilan shahvatlar eshigini ham yopadi. Shuning uchun ham Rasululloh sollallohu alayhi va sallam yoshlar jamoasiga qarab shunday xitob qilgan:
“Ey yoshlar jamoasi, sizlardan kim nikohga qodir bo‘lsa uylansin! Albatta u ko‘zni to‘suvchi va farjni saqlovchidir. Kim unga qodir bo‘lmasa o‘ziga ro‘zani lozim tutsin. Chunki ro‘za u uchun (saqlovchi) pardadir”. (Imom Buxoriy, Imom Muslim rivoyati)
Mufassir ulamolarimiz “shoyad (u sababli) taqvoli bo‘lsangiz” oyatining tafsirida quyidagilarni aytishgan:
“Ro‘za taqvo hosil qiladigan sabablarning eng kattasidir. Chunki ro‘za tutishda Alloh taoloning amrini bajarish va man qilgan narsalaridan saqlanish ro‘yobga chiqadi. Ro‘za tutish kishining taqvosiga quyidagicha ta’sir ko‘rsatadi:
Eng asosiysi, Ro‘za Alloh taolo buyurgan farz ibodat bo‘lgani uchun ham uni qilishning o‘zi taqvo hisoblanadi.
Ibn Mas’ud roziyallohu anhu “Alloh taologa haqiqiy taqvo qilinglar”(Oli Imron surasi, 102-oyat) oyatini tafsirida shunday deydilar: “Haqiqiy taqvo – Allohga isyon qilmasdan itoat qilish, esdan chiqarmasdan yod etish, ne’matlariga kufr qilmasdan shukr etishdir”.
Hasan Basriy rohimahulloh aytadilar: “Taqvo sohiblari – harom qilingan ishlardan tiyilgan va o‘zlariga farz qilingan amallarni ado qilgan kishilardir”.
Xulosa o‘rnida, bugungi muborak Ramazon oylarida Alloh taolo farz qilgan Ramazon ro‘zasini tutayotgan, boshqa ibodatlarni ado etayotgan musulmonlarning barchasini taqvo sohiblari desak xato qilmagan bo‘lamiz.
Elyorjon AHMATQULOV,
TII “Tahfizul-Qur’on” kafedrasi
kabinet mudiri.
Mustaqilligimizning 35 yillik bayrami arafasida O‘zbekiston musulmonlari idorasi huzuridagi “Vaqf” xayriya jamoat fondi mahalliy hokimliklar bilan hamkorlikda yurtimiz ozodaligiga beqiyos hissa qo‘shib kelayotgan 2500 nafardan ortiq obodonlashtirish xizmati xodimlariga oziq-ovqat jamlanmalari tarqatdi.
Tadbirlardan ko‘zlangan asosiy maqsad mashaqqatli va sharafli mehnati har doim ham ko‘zga ko‘rinavermaydigan soha xodimlarining mehnatini e’tirof etish, ularning qalbiga bayram shukuhi, xonadonlariga quvonch kiritishdir.
Inson qadrini ulug‘lash va ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan bu kabi xayrli ishlar shu kunlarda yanada keng quloch yozib, mamlakatimizning barcha hududlarida o‘tkazildi.
Shuningdek, homiylar tomonidan Respublikamiz bo‘ylab 3500 nafarga yaqin ana shunday fidoyi xodimlarning ko‘ngli xushnud etildi.
Bu kabi xayr-saxovatga yo‘g‘rilgan bayram tadbirlari o‘lkamizning barcha go‘shalarida davom etmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati