Tilning ham o‘ziga xos ro‘zasi bo‘lib, uni lag‘vdan yuz o‘giruvchi bandalar biladilar. Tilning ro‘zasi ramazonda ham ramazondan boshqa oylarda ham doimiy davom etadi. Faqat til ramazon oyida yanada tarbiyali, odobli bo‘lishga intiladi. Imom Termiziy rivoyat qilgan hadisda:
قال رسول الله لمعاذٍ : كُفَّ عليك هذا - وأشار إلى لسانه – فقال معاذ: يا نبيَّ الله ، وإنَّا لمؤاخذونَ بما نتكلم به ؟ قال : ثَكِلتْك أمُّك معاذ ، وهل يَكُبُّ الناسَ في النار على وجوههم - أو قال : على مَناخِرهم - إلا حصائدُ ألسنتهم ؟». أخرجه الترمذي.
Rasululloh sollallohu alayhi va sallam Mu’oz ibn Jabal roziyallohu anhuga: “Mana buni tiygin, deb tillariga ishora qiladilar. Shunda Mu’oz roziyallohu anhu: “Yo nabiyulloh, axir biz gapiradigan tillarimiz tufayli ham azoblanamizmi?, dedilar. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Onang seni yuqotgur, Mu’oz, insonlarni yuz tuban jahannamga uloqtiradigan narsa albatta, tillarining hosili hisoblanadi”, dedilar”.
Tilning zarari ulkan bo‘lib, xatarining ko‘lami esa juda katta sanaladi. Til zararli yirtqich hayvon, chaquvchi ilon hamda alangalanuvchi olovdir. Tilingiz ila kishi aybini gapirmangki, Sizning ham barcha joyingiz ayb, kamchilikdan iboratdir, Insonlarning ham ular haqida gapiradigan tillari bordir-ku. Mana Ibn Abbos roziyallohu anhu ham tillariga xitoban shunday deyardilar: “Ey til, yaxshilikni gapir, foyda topasan yoxud yomonlikdan sukut saqla, omonda qolasan. Alloh taolo tilini uyatsiz, buzuq gaplardan saqlagan, g‘iybatdan jilovlagan, lag‘vdan tiygan hamda haromdan asragan musulmonni rahmati ila qurshab olsin! Alloh taolo so‘zlarini hisob-kitob qiladigan, nazarini saqlaydigan, nutqini tarbiyalaydigan hamda gaplarini tartib-intizomli qilib yuradigan kishini rahmatiga olsin!”. Alloh taolo marhamat qilib aytadi:
مَّا يَلْفِظُ مِن قَوْلٍ إِلاَّ لَدَيْهِ رَقِيبٌ عَتِيدٌ
“U biror so‘zni talaffuz qilsa, albatta, uning oldida hoziru nozir bo‘lgan bir kuzatuvchi (so‘zni yozib oluvchi farishta) bordir”. (Qof: 18).
Tildan chiqadigan barcha lafzu so‘zlar saqlanib, hisob-kitob qilinadi. Inson o‘ziga-o‘zi zulm qiluvchidir, “Rabbingiz bandalarga zulm qiluvchi emasdir”. (Fussilat: 46).
Sahihi Buxoriyda Sahl ibn Sa’d roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Nabiy alayhis salom: “Kim menga ikki jag‘i va ikki oyog‘i orasidagi narsaga kafil bo‘lsa, men unga jannatga kafil bo‘laman”, deb aytdilar.
Ey inson, tilingni ehtiyot qilginki, seni chaqib olmaydi. Chunki u ilondir. Allohga qasamki, birgina aytilgan xato so‘z unda halokati, xusron-nadomati bo‘lgan o‘limni olib keladi. Sahobayi kiromlar Qur’on va sunnat odobi ila tarbiyalangan vaqtlaridanoq, lafzlarini to‘g‘irlab, gaplariga rioya qila boshladilar. Ularning nutqlari zikr, nazarlari ibrat hamda sukut saqlashlari esa tafakkurga aylandi. Xudojo‘y, taqvodor kishilar qiyomat kuni Qahhor zotga yo‘liqishlaridan qo‘rqib, tillarini U zotni zikr qilishga, shukr qilishga o‘rgatgandilar hamda buzuq, fahsh, behayo so‘zlardan tiygandilar.
Ibn Mas’ud roziyallohu anhu aytadilar: “Allohga qasamki, yer yuzida tildan ko‘ra uzoq vaqt hibs qilinishga haqliroq biror narsa yo‘qdir”.
Solih kishilar gapirishni istardilar-da, uning masuliyatini, oqibatini, natijasini o‘ylashib, sukut saqlardilar.
Tilining jilovini, tizginini qo‘yib yuborgan kishi qanday qilib ro‘za tutadi?..
Tili u bilan vaqtichog‘lik qiladigan, gaplari aldaydigan, nutqi esa yo‘ldan uradigan kishi qayerdan ham ro‘za tutishi mumkin axir?..
Yolg‘on gapiradigan, g‘iybat qiladigan hamda ko‘p haqorat qilib so‘kinadigan shuningdek, hisob-kitob kunini unutib qo‘ygan kishi qanday qilib ro‘za tutgan hisoblanadi?..
Yolg‘on guvohlik berib, musulmonlarga yomonlik qilishdan tiyilmaydigan kishi qanday ro‘za tutishi mumkin?..
Sahih hadisda Abdulloh ibn Amr Rasululloh sollallohu alayhi va sallamdan rivoyat qiladilar:
عن عبد الله بن عَمْرو ، عن رسول الله صَلَّى الله عَلَيه وسَلَّم : المسلم من سلم المسلمون من لسانه ويده
Nabiy alayhis salom: “Musulmon – boshqa musulmonlar uning tili va qo‘lidan omonda bo‘lgan kishi”, deb aytdilar.
Islom bu amal qilish, tatbiq qilish, dastur, bo‘ysunish, to‘g‘ri yo‘ldan yurish hamda itoat etish demakdir. Alloh taolo shunday aytadi:
وَقُلْ لِعِبَادِي يَقُولُوا الَّتِي هِيَ أَحْسَنُ إِنَّ الشَّيْطَانَ يَنْزَغُ بَيْنَهُمْ
“Bandalarimga aytingki, ular (o‘zaro) go‘zal (so‘zlardan) so‘zlasinlar. Zero, shayton ularning o‘rtalarida buzg‘unchilik qilur”. (Isro: 53 ).
Go‘zal so‘zlar bu biror kishining shaklu shumoilini, shaxsiyatini haqorot qilmaydigan, musulmonning obro‘sini to‘kmaydigan hamda mo‘minning hurmatini poymol qilmaydigan ajoyib, hush so‘zlar sanaladi. Alloh taolo yana bir oyati karimada shunday deydi:
وَلَا يَغْتَبْ بَعْضُكُمْ بَعْضًا أَيُحِبُّ أَحَدُكُمْ أَنْ يَأْكُلَ لَحْمَ أَخِيهِ مَيْتًا فَكَرِهْتُمُوهُ
“Biringiz biringizni g‘iybat qilmasin! Sizlardan biror kishi o‘lgan birodarining go‘shtini yeyishni xohlaydimi?! Uni yomon ko‘rasiz-ku, axir!”. (Hujurot: 12).
Qancha-qancha ro‘zadorlar borki, tillari buzilgan, nutqlari yomonlashib, aytadigan so‘zlariga rioya etilmay qo‘yilgan kundan boshlab ro‘zalarini buzgandirlar.
Azizlar! Ro‘za tutishdan maqsad bu faqat och qolish bilan chanqash emas. Balki, barcha a’zolarimizni tarbiya qilish, odobga solish demakdir.
Tilda siz unga hukmronlik qilmaganingiz oqibatida o‘nlab kasalligi kelib chiqadi. 1. Yolg‘on gapirish. 2. G‘iybat qilish. 3. Chaqimchilik qilish. 4. Axloqsiz so‘zlarni gapirish. 5. So‘kinish. 6. Uyatsiz gaplarni gapirish. 7. Aldash. 8. La’natlash. 9. Masxara qilish. 10. Istehzo qilish va hokazo...
Ba’zi so‘zlar borki o‘z sohibini jahannamga yuz tuban qulashiga sababchi bo‘ladi. Albatta bunday so‘zlarning egalari tillariga erk berib, uning tizginini, jilovini shunday bo‘sh qo‘ygan insonlardir.
Til yaxshilik eshigiga yo‘l bo‘lganidek, yomonlikka ham xuddi shunday yo‘ldir.
Tillari ila Alloh taoloni zikr qiladigan, Ul zotga istig‘for aytib, hamdu sano tilaydigan hamda tasbehlar aytib, shukr qiladigan, shuningdek, tavba qiladigan kishilar qanday ham ko‘zning quvonchidirlar. Aksincha, tillari ila insonlarning obro‘larini poymol qiladigan, hurmatlarini to‘kadigan hamda qadru qiymatlarini yerga uradigan insonlar albatta bu dunyoda ham oxiratda ziyon chekuvchilardir. Ey, Ro‘zador azizlarim, keling tillarimizni zikr ila xo‘llaylik, taqvo ila ziynatlaylik va turli xil ma’siyatlardan poklaylik! Ey, Allohim, biz sendan sodiq tillarni, salomat qalblarni hamda istiqomatda bo‘lgan xulqlarni so‘raymiz. Ushbu oyning hurmatidan barchalarimizning gunohlarimizni kechir! Omiin!
Assalomu alaykum va rohmatullohi va barokatuhu.
Ko‘kaldosh o‘rta maxsus islom bilim yurti mudarrisi
Baratov G‘iyosiddin manbalar asosida tayyorladi
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Imom Molik Sa’id ibn Musayyibdan rivoyat qiladi:
«Bir musulmon va bir yahudiy xusumatlashib, Umar roziyallohu anhuning huzuriga kelishdi. Yahudiy haq bo‘lib chiqdi. Umar uning foydasiga hukm chiqardi. Shunda yahudiy unga:
«Allohga qasamki, haq ila hukm chiqarding», dedi.
«Sen qayerdan bilding?» dedi Umar, uni darra ila urib.
«Biz Tavrotda: «Qaysi qozi haq ila hukm chiqarsa, albatta, o‘ng tomonida bitta, chap tomonida bitta farishta uni quvvatlab turadi. Modomiki, u haqda ekan, ishini to‘g‘rilab ham turadilar. Qachon haqni tark qilsa, ular ham uni tark qilib, ko‘tariladilar», deyilganligini topamiz», dedi».
Umar ibn Xattob roziyallohu anhuning ilohiy adolat ummonidan suv ichgan adolatlarini ko‘rgandan keyin, undan bahramand bo‘lgandan keyin yahudiy ham erib ketib, musulmonlar xalifasini alqashga o‘tgan. U yahudiylarning boshqalardan berkitib yuradigan kitoblari, ya’ni Tavrotdagi haqiqatni Umar ibn Xattob roziyallohu anhuning hukmida ko‘rganligini e’tirof etgan.
Ha, hazrati Umar roziyallohu anhuning Islom jamiyati rahbari sifatida olib borgan ishlariga butun dunyo qoyil qolgan va haligacha qoyil qolib kelmoqda.
Umar ibn Xattob roziyallohu anhu bunga o‘xshash adolatli ishlarni tashviqot uchun qilmas edilar. Balki buni vazifa, Alloh taolo oldidagi burch, deb his etganlaridan qilar edilar. Kim bo‘lishidan qat’i nazar, har bir odam u kishi uchun Alloh taolo nozil qilgan shariat hukmi oldida barobar edi. Musulmonmi, zimmiymi yoki boshqami, hazrati Umar uchun baribir edi. Haq kim tarafda bo‘lsa, hukm o‘shaning foydasiga chiqarilar edi.
«Hadis va hayot» kitobining 23-juzidan olindi