Sayt test holatida ishlamoqda!
15 Avgust, 2026   |   2 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:04
Quyosh
05:32
Peshin
12:28
Asr
17:20
Shom
19:27
Xufton
20:52
Bismillah
15 Avgust, 2026, 2 Rabi`ul avval, 1448

Ramazon taqvo oyi

28.05.2018   46359   9 min.
Ramazon taqvo oyi

Ramazon oyi oylarning sultoni, muborakli, ulug‘ oy bo‘lib, bu oy sababidan bandalarga juda ko‘plab yaxshiliklar beriladi. Bu oy insonlar savoblarini ko‘paytirib va gunohlaridan poklanib olishga katta imkoniyatdir. Ramazon oyi nafsni tarbiyalash oyi bo‘lib, inson bu oyda nafsini jilovlab olishi va taqvo hosil qilishi boshqa oylarga nisbatan qulayroq va osonroq bo‘ladi. Chunki, bu oyda jannat eshiklari ochilib, do‘zax eshiklari yopiladi. Shuningdek, bu oyda insonning eng katta dushmani bo‘lmish shaytonlar kishanlanadi. Inson o‘zini turli gunohlarga vasvasa qiladigan shaytonlarning yomonligidan omonda bo‘ladi. Shuningdek, bu oyda bundan boshqa fazilatlar ham bo‘lib, bularning barchasi musulmon kishining gunohlari to‘kilib, savoblarining ko‘payishiga sababchi bo‘ladi. Bu haqida hadisi sharifda shunday deyilgan:

عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ رَضِيَ اللَّهُ عَنْهُ قَالَ: لَمَّا حَضَرَ رَمَضَانُ، قَالَ رَسُولُ اللَّهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: قَدْ جَاءَكُمْ رَمَضَانُ شَهْرٌ مُبَارَكٌ، افْتَرَضَ اللَّهُ عَلَيْكُمْ صِيَامَهُ، تُفْتَحُ فِيهِ أَبْوَابُ الْجَنَّةِ وَيُغْلَقُ فِيهِ أَبْوَابُ الْجَحِيمِ وَتُغَلُّ فِيهِ الشَّيَاطِينُ، فِيهِ لَيْلَةٌ خَيْرٌ مِنْ أَلْفِ شَهْر،ٍ مَنْ حُرِمَ خَيْرَهَا قَدْ حُرِمَ. رَوَاهُ أَحْمَدُ

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: U kishi aytdi:

“Ramazon (oyi) kelgach, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Darhaqiqat, sizlarga Ramazon, muborak oy keldi. Alloh sizlarga uning ro‘zasini farz qildi. Unda jannat eshiklari ochiladi va unda jahannam eshiklari yopiladi. Unda shaytonlar kishanlanadi. Unda ming oydan yaxshiroq kecha bor. Kim u kechaning yaxshiligidan mahrum qilinsa, batahqih mahrum qilinibdi”, dedilar. Ahmad rivoyat qilgan.

Bu hadisda quyidagi fazilatlar sanab o‘tildi:

  1. Ramazon oyi muborakli oydir. Chunki, bu oyda Alloh taoloning bandalariga rahmati, mag‘firat keng bo‘ladi. Bu oyda qilingan nafl amallarning savobi boshqa oydagi farz amallar savobiga teng bo‘ladi. Bu oydagi farz amallarining savobi boshqa oydagi farz amallaridan yetmish barobar ortiqroq bo‘ladi. Mana shu barokotlar sababli inson bu oyda ko‘proq ibodat qilishga harakat qiladi va natijada, uning Allohga bo‘lgan taqvosi ziyoda bo‘ladi.
  2. Bu oyda Alloh taolo ro‘za tutishni farz qildi. Inson bu oyda ro‘za tutar ekan, bu asnoda nafsini sabrga o‘rgatadi. Kunduzlari yeyish, ichish va ayoliga jimo’ qilishga sabr qilsa, kechalari esa, tunlarni ibodat bilan o‘tkazib, bedorlikka sabr qiladi, bularning barchasiga sabr qilish Allohga bo‘lgan taqvo emasmi?
  3. Bu oyda jannat eshiklari ochiladi. Ya’ni, Alloh taoloning rahmati yog‘iladi va rahmat farishtalari nozil bo‘ladi. Bu oyda ro‘za tutib va tunlarda ibodat qilgan kishilarning jannatga kirishi ko‘p bo‘ladi. Shunga ko‘ra, inson ibodatlarini ko‘paytiradi va jannatga intiladi. Ibodatlarning ko‘payishi esa, insonning Allohga bo‘lgan taqvosini ziyoda qilib boraveradi.
  4. Ramazon oyida jahannam eshiklari yopiladi. Bu ulug‘ oy hurmatidan jahannam eshiklari yopiladi. Ya’ni, jahannamga kiritish ortga suriladi. Bu ham bir imkoniyat bo‘lib, gunohlarga tavba qilib, savoblarni ko‘paytirib olish kerak bo‘ladi.
  5. Bu oyda shaytonlar kishanlanadi. Shaytonlarning zanjirband qilinishi juda ham ulug‘ narsadir. Chunki, inson qiladigan har bir gunoh ishning ortida shaytonning vasvasasi bor. Shayton kishanlansa, inson vasvasa qiluvchidan omonda bo‘ladi. Bu esa, Alloh taolo tomonidan insoniyatga berilgan katta imkoniyat bo‘lib, shu imkoniyatdan foydalanib, Allohga bo‘lgan taqvosini ziyoda qilib olishga intilishi lozim bo‘ladi.
  6. Bu oyda mingta oydan yaxshiroq bir kecha bor. Ramazon oyining xususiyatlaridan yana biri, bu oyda “Qadr kechasi”ning borligidir. Bu kecha sababli insonning barcha gunohlari mag‘firat qilinadi. Bu haqida hadisi sharifda shunday deyilgan:

عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ رَضِيَ اللَّهُ عَنْهُ عَنِ النَّبِيِّ  صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ : « مَنْ قَامَ لَيْلَةَ القَدْرِ إيمَاناً وَاحْتِسَاباً غُفِرَ لَهُ مَا تَقَدَّمَ مِنْ ذَنْبِهِ » . مُتَّفَقٌ عَلَيْهِِ .

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

“Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Kim Qadr kechasida iymon keltirgan va savob umid qilgan holda qoim bo‘lsa, uning o‘tgan gunohlari mag‘firat qilinadi”, dedilar”. Muttafaqun alayh.

Demak, yuqoridagi sanab o‘tilgan fazilatlar sababidan inson bu amallarga intiladi va o‘zini yaxshigina tarbiya qiladi. Natijada, u o‘z nafsini yengadi va unda Allohga bo‘lgan taqvosi kuchayadi.

Shuningdek, bu oyda inson ro‘za tutish va kechalarda ibodatlar bilan qoim bo‘lish bilan birga turli xil gunoh ishlarni qilishdan o‘zini saqlash ham kerak. Bu haqida hadisi sharifda shunday deyilgan:

عَنِ أَبِي هُرَيْرَةَ رَضِيَ اللَّهُ عَنْهُ قَالَ: أَنَّ رَسُولَ اللَّهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: إِنَّ الصِّيَامَ جُنَّةٌ فَإِذَا كَانَ أَحَدُكُمْ صَائِمًا فَلَا يَرْفُثْ وَلَا يَجْهَلْ فَإِنْ امْرُؤٌ شَاتَمَهُ أَوْ قَاتَلَهُ فَلْيَقُلْ: إِنِّي صَائِمٌ. رَوَاهُ أَحْمَدُ

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: U kishi aytdi:

“Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Ro‘za to‘siqdir. Sizlardan biringiz ro‘zador bo‘lsa, behayo so‘zlarni gapirmasin va johillik ham qilmasin. Agar biror kishi u bilan so‘kishmoqchi yoki urishmoqchi bo‘lsa: “Men ro‘zadorman”, deb aytsin”, dedilar”. Ahmad rivoyat qilgan.

Yana bir boshqa hadisda shunday deyilgan:

عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ رَضِيَ اللَّهُ عَنْهُ قَالَ: قَالَ رَسُولُ اللَّهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: مَنْ لَمْ يَدَعْ قَوْلَ الزُّورِ وَالْعَمَلَ بِهِ فَلَيْسَ لِلَّهِ حَاجَةٌ فِي أَنْ يَدَعَ طَعَامَهُ وَشَرَابَهُ. رَوَاهُ الْبُخَارِيُّ .

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: U kishi aytdi:

“Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim yolg‘on so‘zni va unga amal qilishni tark qilmasa, taomi va sharobini tark qilishida Alloh uchun hojat yo‘qdir”, dedilar”. Buxoriy rivoyat qilgan.

Demak, ro‘za tutadigan kishi, yolg‘on, g‘iyobat, tuhmat va behayo gaplarni gapirishdan va birovlarga ozor berishdan saqlanishi lozim bo‘larkan. Aks holda uning ro‘za tutishi va kechalarda qoim bo‘lishidan unga manfaat bo‘lmaydi. Bu haqida hadisi sharifda shunday deyilgan:

عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ رَضِيَ اللَّهُ عَنْهُ قَالَ: قَالَ رَسُولُ اللَّهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: كَمْ مِنْ صَائِمٍ لَيْسَ لَهُ مِنْ صِيَامِهِ إِلَّا الْجُوعُ وَكَمْ مِنْ قَائِمٍ لَيْسَ لَهُ مِنْ قِيَامِهِ إِلَّا السَّهَرُ.رَوَاهُ أَحْمَدُ

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: U kishi aytdi:

“Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Qanchadan qancha ro‘zador borki, u uchun ro‘zasidan faqatgina ochlik bo‘ladi va qanchadan qancha tunda qoim bo‘luvchi borki, u uchun uning qiyomidan faqatgina bedorlik bo‘ladi xolos”, dedilar”. Ahmad rivoyat qilgan.

Demak, insonning tutgan ro‘zasi va tunlardagi o‘qigan taroviyh namozlari mukammal tarzda qabul bo‘lishi uchun, tili va boshqa a’zolari tomonidan sodir bo‘ladigan gunohlardan o‘zini saqlashi lozim bo‘larkan. Bu gunoh ishlarni tark qilish bilan, inson o‘z nafsini jilovlaydi va taqvosini ziyoda qiladi.

Shuningdek, Ramazon Qur’oni Karim oyi bo‘lib, bu oyda Qur’oni Karimni ko‘plab tilovat qilish sunnat amaldir. Chunki, Payg‘ambarimiz alayhissalom Ramazon oyida Jabroil alayhissalomga Qur’onni o‘qib berardilar. Bu haqida hadisi sharifda shunday deyilgan:

عَنِ ابْنِ عَبَّاسٍ رَضِيَ اللَّهُ عَنْهُمَا قَالَ: كَانَ النَّبِيُّ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ أَجْوَدَ النَّاسِ بِالْخَيْرِ وَكَانَ أَجْوَدُ مَا يَكُونُ فِي رَمَضَانَ حِينَ يَلْقَاهُ جِبْرِيلُ وَكَانَ جِبْرِيلُ عَلَيْهِ السَّلَام يَلْقَاهُ كُلَّ لَيْلَةٍ فِي رَمَضَانَ حَتَّى يَنْسَلِخَ يَعْرِضُ عَلَيْهِ النَّبِيُّ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ الْقُرْآنَ فَإِذَا لَقِيَهُ جِبْرِيلُ عَلَيْهِ السَّلَام كَانَ أَجْوَدَ بِالْخَيْرِ مِنْ الرِّيحِ الْمُرْسَلَةِ. رَوَاهُ الْبُخَارِيُّ .

Ibn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi: U kishi aytdi:

“Nabiy sollallohu alayhi vasallam yaxshilikda insonlarning eng saxiysi edilar. U zotning eng saxiy paytlari Ramazonda huzurlariga Jabroil alayhissalom kelgan bo‘lar edi. Jabroil alayhissalom Ramazon chiqib ketgunicha har kecha u zot bilan uchrashar edi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam unga Qur’onni o‘qib berardilar. Jabroil alayhissalom u zot bilan uchrashganda, esgan shamoldan ham saxovatli bo‘lib ketar edilar”. Buxoriy rivoyat qilgan.

Demak, bu oyda Qur’oni Karim boshqa oylarga nisbatan ko‘proq tilovat qilinadi. Qur’on qancha ko‘p o‘qilsa, insonda Alloh taologa bo‘lgan muhabbati va taqvosi ziyoda bo‘ladi. Unga sakiyna tushadi va uni rahmat farishtalari qurshab oladi.

Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, Ramazon oyi Alloh taolo tomonidan bizga berilgan katta imkoniyat oyidir. Bu oyda har qancha toat-ibodat qilib, gunohlardan o‘zimizni saqlaydigan bo‘lsak, oxiratimiz uchun ulkan zaxiyraga ega bo‘lamiz. Shuningdek, nafsimizni poklab, ibodatlarda bardavom bo‘lishni odat qilib olamiz. Shunga ko‘ra, Ramazondan keyin ham shu ibodatlarda davomli bo‘lish oson bo‘ladi.

 

“Ko‘kaldosh” Toshkent o‘rta maxsus islom bilim yurti mudarrisi Madaminov Shokirjon.

 

 

 

 

Ramazon-2018
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Mehr-saxovat va inson qadri — ezgulikka yo‘g‘rilgan xayrli tashabbus

14.08.2026   6597   3 min.
Mehr-saxovat va inson qadri — ezgulikka yo‘g‘rilgan xayrli tashabbus

Insonga mehr ko‘rsatish, muhtojning holidan xabar olish, bemorga tasalli berish va ehtiyojmandlarga ko‘mak qo‘lini cho‘zish xalqimiz ma’naviyatining azaliy fazilatlaridandir. Islom ta’limotida ham saxovat, mehr-oqibat va inson qadrini ulug‘lash eng ulug‘ amallardan biri sifatida e’tirof etilgan. Chunki bir insonning ko‘nglini ko‘tarish, uning qalbiga umid va ishonch bag‘ishlash jamiyatda mehr-muhabbat, hamjihatlik va totuvlikni mustahkamlaydi.

Shu ezgu qadriyatlarni hayotga tatbiq etish, aholining ehtiyojmand qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash va yurtdoshlarimiz qalbida mehr-shafqat tuyg‘ularini yanada kuchaytirish maqsadida 2026 yil 13 avgust kuni Samarqand viloyati Urgut tumanida keng ko‘lamli ma’naviy-ma’rifiy hamda xayr-saxovat tadbirlari o‘tkazildi.

Mazkur xayrli tadbirlarda Samarqand viloyati bosh imom-xatibi vazifasini vaqtincha bajaruvchi Nursultonxon domla Abdumannonov, viloyat bosh imom-xatibi o‘rinbosari Xayrullo domla Sattarov, VAQF xayriya jamoat fondi Samarqand viloyati filiali rahbari Yoqubjon domla Mansurov, uning o‘rinbosari A.Sultonov, shahar va tuman bosh imom-xatiblari, «Haj–2026» ziyoratchilari, mahalla faollari va nuroniylar ishtirok etdilar.

O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan o‘tkazilgan ushbu xayrli aksiya doirasida ijtimoiy himoyaga muhtoj, kam ta’minlangan va boquvchisidan ayrilgan 300 ta oila holidan xabar olindi. Ularning xonadonlariga tashrif buyurilib, turmush sharoitlari o‘rganildi, oilalarga zarur oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib berildi.

Tashriflar davomida bemor va keksalarning holidan xabar olinib, ular bilan samimiy suhbatlar o‘tkazildi. Ularning haqqiga shifo, xonadonlariga fayzu baraka, yurtimizga tinchlik-xotirjamlik tilab duolar qilindi. Zero, muhtojning ko‘nglini ko‘tarish va uni yolg‘iz emasligini his ettirish ham insonparvarlikning yuksak ko‘rinishidir.

Shu bilan birga, hayotida turli ijtimoiy qiyinchiliklarga duch kelgan hamda yot g‘oyalar ta’siriga tushib qolish xavfi mavjud bo‘lgan ayrim fuqarolar bilan yakka tartibda muloqotlar tashkil etildi. Suhbatlarda sof e’tiqod, oila muqaddasligi, farzand tarbiyasi, halol mehnat, Vatanga sadoqat, milliy va diniy qadriyatlarga hurmat, shuningdek, turli buzg‘unchi g‘oyalarga nisbatan ma’naviy immunitetni mustahkamlash masalalari hayotiy misollar asosida tushuntirildi.

Tadbirlar doirasida Urgut tumanidagi jome masjidlarda peshin namozidan so‘ng ma’naviy-ma’rifiy uchrashuvlar ham o‘tkazildi. Ularda mehr-oqibat, qo‘ni-qo‘shnichilik munosabatlarini mustahkamlash, yoshlarni milliy va diniy qadriyatlarga sodiqlik ruhida tarbiyalash, oila tinchligini asrash, jamiyatda o‘zaro hurmat va ahillik muhitini qaror toptirish kabi dolzarb mavzular atroflicha yoritildi.

Uchrashuvlar yakunida mamlakatimiz tinchligi, xalqimiz farovonligi, Vatanimiz ravnaqi va yosh avlodning ilmli, odobli hamda vatanparvar insonlar bo‘lib voyaga yetishi haqida xayrli duolar qilindi.

Bugun yurtimizda inson qadrini ulug‘lash, aholining ehtiyojmand qatlamlarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, jamiyatda mehr-saxovat va o‘zaro g‘amxo‘rlik muhitini qaror toptirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Urgut tumanida o‘tkazilgan mazkur xayrli tadbirlar ham ana shu ezgu maqsadlarga xizmat qilib, aholi o‘rtasida hamjihatlik, bag‘rikenglik va insonparvarlik tuyg‘ularini yanada mustahkamladi.

Mehr bor joyda ishonch, saxovat bor joyda baraka, inson qadri ulug‘langan jamiyatda esa tinchlik va farovonlik qaror topadi. Ana shunday ezgu amallar xalqimiz o‘rtasidagi birdamlik rishtalarini mustahkamlab, yurtimizning yanada obod va fayzli bo‘lishiga xizmat qiladi.

Samarqand viloyati vakilligi matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari