Ramazon oyi oylarning sultoni, muborakli, ulug‘ oy bo‘lib, bu oy sababidan bandalarga juda ko‘plab yaxshiliklar beriladi. Bu oy insonlar savoblarini ko‘paytirib va gunohlaridan poklanib olishga katta imkoniyatdir. Ramazon oyi nafsni tarbiyalash oyi bo‘lib, inson bu oyda nafsini jilovlab olishi va taqvo hosil qilishi boshqa oylarga nisbatan qulayroq va osonroq bo‘ladi. Chunki, bu oyda jannat eshiklari ochilib, do‘zax eshiklari yopiladi. Shuningdek, bu oyda insonning eng katta dushmani bo‘lmish shaytonlar kishanlanadi. Inson o‘zini turli gunohlarga vasvasa qiladigan shaytonlarning yomonligidan omonda bo‘ladi. Shuningdek, bu oyda bundan boshqa fazilatlar ham bo‘lib, bularning barchasi musulmon kishining gunohlari to‘kilib, savoblarining ko‘payishiga sababchi bo‘ladi. Bu haqida hadisi sharifda shunday deyilgan:
عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ رَضِيَ اللَّهُ عَنْهُ قَالَ: لَمَّا حَضَرَ رَمَضَانُ، قَالَ رَسُولُ اللَّهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: قَدْ جَاءَكُمْ رَمَضَانُ شَهْرٌ مُبَارَكٌ، افْتَرَضَ اللَّهُ عَلَيْكُمْ صِيَامَهُ، تُفْتَحُ فِيهِ أَبْوَابُ الْجَنَّةِ وَيُغْلَقُ فِيهِ أَبْوَابُ الْجَحِيمِ وَتُغَلُّ فِيهِ الشَّيَاطِينُ، فِيهِ لَيْلَةٌ خَيْرٌ مِنْ أَلْفِ شَهْر،ٍ مَنْ حُرِمَ خَيْرَهَا قَدْ حُرِمَ. رَوَاهُ أَحْمَدُ
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: U kishi aytdi:
“Ramazon (oyi) kelgach, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Darhaqiqat, sizlarga Ramazon, muborak oy keldi. Alloh sizlarga uning ro‘zasini farz qildi. Unda jannat eshiklari ochiladi va unda jahannam eshiklari yopiladi. Unda shaytonlar kishanlanadi. Unda ming oydan yaxshiroq kecha bor. Kim u kechaning yaxshiligidan mahrum qilinsa, batahqih mahrum qilinibdi”, dedilar. Ahmad rivoyat qilgan.
Bu hadisda quyidagi fazilatlar sanab o‘tildi:
عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ رَضِيَ اللَّهُ عَنْهُ عَنِ النَّبِيِّ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ : « مَنْ قَامَ لَيْلَةَ القَدْرِ إيمَاناً وَاحْتِسَاباً غُفِرَ لَهُ مَا تَقَدَّمَ مِنْ ذَنْبِهِ » . مُتَّفَقٌ عَلَيْهِِ .
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
“Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Kim Qadr kechasida iymon keltirgan va savob umid qilgan holda qoim bo‘lsa, uning o‘tgan gunohlari mag‘firat qilinadi”, dedilar”. Muttafaqun alayh.
Demak, yuqoridagi sanab o‘tilgan fazilatlar sababidan inson bu amallarga intiladi va o‘zini yaxshigina tarbiya qiladi. Natijada, u o‘z nafsini yengadi va unda Allohga bo‘lgan taqvosi kuchayadi.
Shuningdek, bu oyda inson ro‘za tutish va kechalarda ibodatlar bilan qoim bo‘lish bilan birga turli xil gunoh ishlarni qilishdan o‘zini saqlash ham kerak. Bu haqida hadisi sharifda shunday deyilgan:
عَنِ أَبِي هُرَيْرَةَ رَضِيَ اللَّهُ عَنْهُ قَالَ: أَنَّ رَسُولَ اللَّهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: إِنَّ الصِّيَامَ جُنَّةٌ فَإِذَا كَانَ أَحَدُكُمْ صَائِمًا فَلَا يَرْفُثْ وَلَا يَجْهَلْ فَإِنْ امْرُؤٌ شَاتَمَهُ أَوْ قَاتَلَهُ فَلْيَقُلْ: إِنِّي صَائِمٌ. رَوَاهُ أَحْمَدُ
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: U kishi aytdi:
“Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Ro‘za to‘siqdir. Sizlardan biringiz ro‘zador bo‘lsa, behayo so‘zlarni gapirmasin va johillik ham qilmasin. Agar biror kishi u bilan so‘kishmoqchi yoki urishmoqchi bo‘lsa: “Men ro‘zadorman”, deb aytsin”, dedilar”. Ahmad rivoyat qilgan.
Yana bir boshqa hadisda shunday deyilgan:
عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ رَضِيَ اللَّهُ عَنْهُ قَالَ: قَالَ رَسُولُ اللَّهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: مَنْ لَمْ يَدَعْ قَوْلَ الزُّورِ وَالْعَمَلَ بِهِ فَلَيْسَ لِلَّهِ حَاجَةٌ فِي أَنْ يَدَعَ طَعَامَهُ وَشَرَابَهُ. رَوَاهُ الْبُخَارِيُّ .
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: U kishi aytdi:
“Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim yolg‘on so‘zni va unga amal qilishni tark qilmasa, taomi va sharobini tark qilishida Alloh uchun hojat yo‘qdir”, dedilar”. Buxoriy rivoyat qilgan.
Demak, ro‘za tutadigan kishi, yolg‘on, g‘iyobat, tuhmat va behayo gaplarni gapirishdan va birovlarga ozor berishdan saqlanishi lozim bo‘larkan. Aks holda uning ro‘za tutishi va kechalarda qoim bo‘lishidan unga manfaat bo‘lmaydi. Bu haqida hadisi sharifda shunday deyilgan:
عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ رَضِيَ اللَّهُ عَنْهُ قَالَ: قَالَ رَسُولُ اللَّهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: كَمْ مِنْ صَائِمٍ لَيْسَ لَهُ مِنْ صِيَامِهِ إِلَّا الْجُوعُ وَكَمْ مِنْ قَائِمٍ لَيْسَ لَهُ مِنْ قِيَامِهِ إِلَّا السَّهَرُ.رَوَاهُ أَحْمَدُ
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: U kishi aytdi:
“Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Qanchadan qancha ro‘zador borki, u uchun ro‘zasidan faqatgina ochlik bo‘ladi va qanchadan qancha tunda qoim bo‘luvchi borki, u uchun uning qiyomidan faqatgina bedorlik bo‘ladi xolos”, dedilar”. Ahmad rivoyat qilgan.
Demak, insonning tutgan ro‘zasi va tunlardagi o‘qigan taroviyh namozlari mukammal tarzda qabul bo‘lishi uchun, tili va boshqa a’zolari tomonidan sodir bo‘ladigan gunohlardan o‘zini saqlashi lozim bo‘larkan. Bu gunoh ishlarni tark qilish bilan, inson o‘z nafsini jilovlaydi va taqvosini ziyoda qiladi.
Shuningdek, Ramazon Qur’oni Karim oyi bo‘lib, bu oyda Qur’oni Karimni ko‘plab tilovat qilish sunnat amaldir. Chunki, Payg‘ambarimiz alayhissalom Ramazon oyida Jabroil alayhissalomga Qur’onni o‘qib berardilar. Bu haqida hadisi sharifda shunday deyilgan:
عَنِ ابْنِ عَبَّاسٍ رَضِيَ اللَّهُ عَنْهُمَا قَالَ: كَانَ النَّبِيُّ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ أَجْوَدَ النَّاسِ بِالْخَيْرِ وَكَانَ أَجْوَدُ مَا يَكُونُ فِي رَمَضَانَ حِينَ يَلْقَاهُ جِبْرِيلُ وَكَانَ جِبْرِيلُ عَلَيْهِ السَّلَام يَلْقَاهُ كُلَّ لَيْلَةٍ فِي رَمَضَانَ حَتَّى يَنْسَلِخَ يَعْرِضُ عَلَيْهِ النَّبِيُّ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ الْقُرْآنَ فَإِذَا لَقِيَهُ جِبْرِيلُ عَلَيْهِ السَّلَام كَانَ أَجْوَدَ بِالْخَيْرِ مِنْ الرِّيحِ الْمُرْسَلَةِ. رَوَاهُ الْبُخَارِيُّ .
Ibn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi: U kishi aytdi:
“Nabiy sollallohu alayhi vasallam yaxshilikda insonlarning eng saxiysi edilar. U zotning eng saxiy paytlari Ramazonda huzurlariga Jabroil alayhissalom kelgan bo‘lar edi. Jabroil alayhissalom Ramazon chiqib ketgunicha har kecha u zot bilan uchrashar edi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam unga Qur’onni o‘qib berardilar. Jabroil alayhissalom u zot bilan uchrashganda, esgan shamoldan ham saxovatli bo‘lib ketar edilar”. Buxoriy rivoyat qilgan.
Demak, bu oyda Qur’oni Karim boshqa oylarga nisbatan ko‘proq tilovat qilinadi. Qur’on qancha ko‘p o‘qilsa, insonda Alloh taologa bo‘lgan muhabbati va taqvosi ziyoda bo‘ladi. Unga sakiyna tushadi va uni rahmat farishtalari qurshab oladi.
Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, Ramazon oyi Alloh taolo tomonidan bizga berilgan katta imkoniyat oyidir. Bu oyda har qancha toat-ibodat qilib, gunohlardan o‘zimizni saqlaydigan bo‘lsak, oxiratimiz uchun ulkan zaxiyraga ega bo‘lamiz. Shuningdek, nafsimizni poklab, ibodatlarda bardavom bo‘lishni odat qilib olamiz. Shunga ko‘ra, Ramazondan keyin ham shu ibodatlarda davomli bo‘lish oson bo‘ladi.
“Ko‘kaldosh” Toshkent o‘rta maxsus islom bilim yurti mudarrisi Madaminov Shokirjon.
Imom Sufyon ibn Sa’id Savriy rahmatullohi alayh o‘z zamonida hadis rivoyat qiluvchilarning ko‘payib ketganini zikr qilib, shunday degan: “Bir kemada bir nechta boshliq dengizchi bo‘lsa kema g‘arq bo‘ladi!”. Ayni shu gapni hozirgi kunda shariatning nomidan gapirib fatvo berib yurganlarga ham qarata aytsa bo‘ladi. Sahobalar – Alloh ulardan rozi bo‘lsin – Qur’oni karim nozil bo‘lish davriga hamasr bo‘lsalar ham, shariatni Rasuli akram sollallohu alayhi va sallamni shaxsan o‘zlaridan o‘rgangan bo‘lsalarda, shariat nomidan biron gap aytishga shoshilmaganlar. Ulardan biron masala so‘ralsa, xato gapirib qo‘yishdan qo‘rqib, o‘zlaridan ilmliroq bo‘lganlarga havola qilib yuborardilar. Sahih Muslimda rivoyat qilinadi: Bir kishi Zayd ibn Arqam roziyallohu anhudan masala so‘radi. U esa: “Buni Baro ibn Ozibdan so‘ragin”, dedi. Baro ibn Ozib esa: “Zayd ibn Arqamdan so‘ra”, degan ekan. Abu Muhammad Romahurmuziy “Al-Muhaddis al-fosil” kitobida Abdurrahmon ibn Abu Laylodan quyidagini rivoyat qiladi: “Men ushbu masjidda Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning bir yuz yigirmadan ortiq ansor sahobalar bilan ko‘rishganman. Ular Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning hadislarini rivoyat qilish mas’uliyatini bilganlari sababli o‘rniga boshqa kishi hadis aytib berishini istar edilar. Shunindek, ulardan birontasidan biron masala so‘ralsa, o‘rniga bu masalada boshqa ilmliroq kishi javob berishini hoxlardilar. Imom Sha’biydan bir kishi: “Agar sizlardan biron savol so‘ralsa qanday javob berardingizlar?”, deb so‘ragan ekan. Sha’biy rohmatullohu alayh: “Agar kimdir bizdan bir savol so‘rasa, biz yonimizdagi shergimizga, sen javob ber, deb havola qilar edik. Shu tariqa savol yana birinchi so‘ralgan kishiga qaytib kelar edi”, deb javob bergan ekanlar.
Agar salafi solihlar ilmni yashirib qo‘yish gunohidan qo‘rqmaganlarida edi, umuman fatvo berishga jur’at ham qilmagan bo‘lar edilar. Bu borada salaf ulamolardan juda ko‘p rivoyatlar bor. Ushbu rivoyatlar fatvo berish mas’uliyatidan naqadar ehtiyotkor bo‘lganlarini yaqqol ko‘rsatib beradi. Ammo bugungi kunda ahvol butunlay boshqacha, odamlar fatvo berishga oshiqadigan, mas’uliyatni o‘ylamay, bir-biri bilan birinchi bo‘lib savolga javob berishga musobaqalashadigan bo‘lib qoldilar. Shuningdek, mazhabsizlikni da’vo qiluvchi guruhlarning har bir mav’iza va nasihat majlisida ham aqida va fiqh masalalarida asossiz fatvolar ko‘p aytiladi. Ming afsuslar bo‘lsinki, hozirgi kunda oddiy bir haydovchi ham eng murakkab va chuqur masalalarda odamlarga fatvo berishdan tortinmaydi. “Men katta bobomdan eshitganlarim bor”, yoki “Uyimdagi eski kitoblardan o‘qib olganman”, deb halolni harom, haromni halol qilib qo‘yish holatlari juda ko‘p. Bu kabi shaxsiyatlar o‘qigan kitobidagi ma’lumotlar yoki eshitgan gaplari haqiqatga qanchalik mos, adashish va og‘ishlardan xoli ekani tekshirib o‘tirmaydilar ham. Aslida, bunday masalalarda hatto katta ulamolar ham xato qilib qo‘yishi mumkin, qolaversa, oddiy ustoz ko‘rmagan shaxsiyatlar haqida gapirmasak ham bo‘ladi. Eng xatarli tomoni shundaki, agar kitoblar ustozlarning nazoratisiz o‘qilsa, turli manbalardan chiqqan fatvolar bir masalada “shariat nomidan” biri halol, biri harom, biri to‘g‘ri, biri noto‘g‘ri, deb chiqarveradi. Bu esa birdam, xotirjam jamiyatning parchalanishiga, odamlarning shariatga nisbatan bee’tibor bo‘lib qolishiga olib keladi. Oqibatda, ummat qalbidan fatvoning hurmati, shariatning ulug‘vorligi va ulamolarning obro‘-e’tibori so‘nib boradi. Har kim o‘zicha fatvo beravirishi sababli odamlar orasida, masjid imomlari va yurt ulamolari haqida “Bularni faqat oylik oladigan paytidagina eshitamiz”, “Bularning barchasi haqni gapira olmaydilar”, degan gaplar keng tarqab qoldi. Aslida bu gaplarni tarqatganlarning maqsadi musulmonlar orasida nizo va fitna urug‘ini sochish, o‘z yurtining ulamolarining gapiga ishonmaydigan holatga olib kelib qo‘yishdir. Natijada musulmonlar birodar bo‘lib yelkadosh turish o‘rniga, o‘zaro janjallashib, bir-birini yomonlab, dushmanlashib ketadilar.
21 asr ijtimoiy tarmoq asri deb aytamiz. Musulmonlar diniy masalalarda javob olish uchun ijtimoiy tarmoqqa murojat qilishlari tabiiy. Hechkim, buni inkor ham qilolmaydi, qolaversa bu ishni man qilib qo‘yish mantiqqa to‘g‘ri kelmaydigan ish. Lekin, aziz xalqimiz bilishi lozim bo‘lgan narsa shuki, ijtimoiy tarmoqlardan beriladigan aksar fatvo va savollarga javoblar O‘rta Osiyoda amalda bo‘lib turgan hanafiy mazhabiga tamoman zid bo‘ladi. Bu fatvolarda keltirilayotgan hadislar va shunga o‘xshash siz nomini birinchi marotaba eshitayotgan kitoblardan keltirilgan naqllar sizni aldab qo‘ymasin. Aslida esa bu fikr na biror sahobadan, na biror tobeindan, na salaf ulamolaridan hech biridan rivoyat qilinmagan bo‘ladi.
Ibn Umar raziyallohu anhuning fatvosi, hazrati Ali roziyallohu anhuning qozi sifatida chiqargan hukmi, Ibn Mas’ud roziyallohu anhudan rivoyat qilingan naqllar, Abu Zarr roziyallohu anhuning amali va Zubayr ibn Avvom roziyallohu anhuning tutgan yo‘li ishonchli rivoyatlar bilan bizgacha yetib kelgan. Qolaversa, bularning barchasi sahobalar orasida e’tirozsiz qabul qilingan. Demak, sahobalarning barchasi ham o‘zlaricha ijtihod qilmaganlar, balki ichlaridagi eng ilmli kishilarga ergashganlar. Shuningdek, tobeinlar va ulardan keyingi avlod fuqaholarining ijmosi ham bor. Bu ijmo’ ularning fatvolari asosida tuzilgan manbalarda ochiq ko‘rinadi. Bu kabi manbalar sifatidan Abdurrazzoq, Vaki’ning va Ibn Abu Shaybaning “Musannaf”lari, Said ibn Mansurning, Bayhaqiyning “Sunan”lari, Ibn Abdulbarrning “Tamhid”i va “Istizkor”i kabi asarlarni ko‘rsatish mumkin. Bularning barchasi ushbu masalada sohta salafiy va bemazhablar tomonidan aytilgan shoz, ya’ni barchaga xilof gaplarni mutlaqo inkor qiladi. Bunday masala haqida ilm ahli bo‘lgan inson, yuqorida zikr etilgan manbalarga o‘xshash kitoblarni ko‘rmasdan turib, gapirishga haqli emas. Sahobalar va tobeinlarga nisbat beriladigan fikrlarning manbai aynan shu kabi kitoblardir. Kimki bu asarlarni ko‘rmasdan turib, biror fikrni sahoba yoki tobeinlarga nisbat bersa, u ilm ahli oldida uyatli holatga tushadi va ularning nazarida qadri tushadi. Bu esa qanday og‘ir oqibatlarga olib kelishini tushunish qiyin emas.
Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, biron masalada fikr bildirishdan ehtiyot bo‘ling. Unutmang ilm ota-bobolardan meros bo‘lib qolmaydi. Ilm kitoblardan, ustozlardan o‘rganiladi. Demak, yetti ajdodingiz ulamolar katta eshon bobolar bo‘lsa ham sizda biron masalada shariat nomidan gapirishga haqqingiz yo‘q. Qolaversa, oxiratining g‘ami bo‘lgan musulmon odam fatvo berishdan juda ehtiyot bo‘lishi kerak. Zero, xato aytilgan bir fatvoning oqibati jahannam bo‘lishi hech gap emas. Gapimizini Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilingan naqlni keltirib tugatamiz. Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhu aytadilar: “Sizlar orasida fatvo berishga eng jur’atli bo‘lganingiz — do‘zaxga kirishga ham eng jur’atli bo‘lganingizdir”. (Dorimiy rivoyati).
Mahmudjon Muxtorov
Mir Arab oliy madrasasi o‘qituvchisi