Ma’lumki, ro‘za nafaqat inson ruhiyati va ma’naviyatiga, balki organizmi uchun ham ijobiy ta’sir ko‘rsatishi shubhasiz. Ro‘za tutish ramazon oyida farz bo‘lsa-da, uni ba’zi uzrlar sababli ramazondan boshqa paytlarda qazo qilib tutish ham mumkin. Musofirlik, kasallik, homiladorlik, keksalik hamda hayz va nifos ko‘rgan ayol shular jumlasidandir. Quyida ular bilan birma-bir tanishamiz:
1. Musofirlik. Ma’lumki, safar mashaqqat, qiyinchilik va xavf-xatarlardan iborat. Dono xalqimizda, “Yo‘l azobi – go‘r azobi” degan maqol bejiz aytilmagan. Shunday ekan, musofir har xil noqulay ahvolga tushadi, qiyinchilik va mashaqqatlarga duch keladi, zahmat chekadi, imkoniyatlari cheklanib, ko‘p narsaga ehtiyoj sezadi va hokazo. Tabiyiki, bu dinimiz ko‘rsatmalarini ado etishda ham bilinadi. Hayotning barcha jabhasini qamrab olgan Islom dinida ham shularga alohida e’tibor qaratgan. Musofir va bemorlar kabi nochor kishilarga imkoniyatlariga qarab yengilliklar ato etilgan. Zotan, Islom yengillik dinidir. Alloh taolo marhamat qiladi: “Alloh sizlarga yengillikni istaydi, og‘irlikni xohlamaydi” (Baqara surasi, 185-oyat). Shunday ekan, Alloh taolo har bir bandaga toqatidan ortiqchasini yuklamaydi. Musofir kishi shariatning qaysi ko‘rsatmasida qiyinchilikka duch kelmasin, albatta, unga dinimizda yengillik bor. Jumladan, Ramazon ro‘zasini tutishda ham. Alloh taolo marhamat qiladi: “...Bas, sizlardan kim bemor yoki safarda bo‘lsa, sanog‘i boshqa kunlardandir...” (Baqara surasi, 185-oyat). Demak, bemor va musofirlarga Ramazonda ro‘za tutmaslikka ruxsat bor. Sharti shuki, xasta kasallikdan tuzalgandan, musofir safardan qaytib, o‘z yurtiga kelganidan keyin, albatta, qoldirgan kunlari miqdoricha qazo tutadilar.
Musofir safar davomida qiyinchilikka duch kelishi yo kelmasligidan qat’i nazar, Ramazon oyi ro‘zasini tutmasligi mumkin. Ammo safar davomida mashaqqat bo‘lmasa, ro‘za tutishi fazilatdir. Zero, Alloh taolo bunday marhamat qilgan: “Agar bilsangiz, ro‘za tutishingiz yaxshiroqdir” (Baqara surasi, 184-oyat).
Ramazon ro‘zasini tutib, tong otganidan keyin safarga chiqqan kishi o‘sha kuni ro‘zasini ochmasligi zarur. Mabodo ochsa, qazo vojib bo‘ladi. Shuningdek, musofir kunduzi yurtiga kirib boradigan yo muqim bo‘ladigan bo‘lsa ham, o‘sha kuni ro‘za tutishi kerak. O‘sha kuni ro‘za tutmagan holda, Ramazoni sharifning haq-hurmatidan quyosh botgunicha yemay-ichmay turishi vojibdir.
2. Kasallik. Kishining salomatligi doimo ham bir xil bo‘lavermaydi, albatta. Shunga ko‘ra, bemorlarning ro‘za tutishi yoki tutmasligi haqida bir to‘xtamga kelish qiyin. Bu borada, ularga umumiy ko‘rsatma emas, balki ahvollari obdon o‘rganilgach, har biriga tegishli xulosa va tavsiyalar beriladi. Zero, bunda salomatlikni asrash bilan bir qatorda, Alloh taologa itoat bor. Unutmaslik lozimki, dinimizda belgilangan yengilliklar, xususan, ro‘za tutish yoki tutmaslik borasidagi ko‘rsatmalar tibbiyot va Islom dinini puxta o‘rganganlar tomonidan tavsiya qilinadi. Ba’zi bemorlar bu borada, xastalar holatini yaxshi tushunib, to‘g‘ri tavsiya beradigan, o‘z ishiga mohir shifokorlarga murojaat qilish o‘rniga, tibbiyotdan umuman xabari yo‘q kishilardan fatvo so‘rashadi. Bu esa, to‘g‘ri emas.
Ko‘p bemorlar ro‘za tutmoqchi bo‘ladilar, lekin quvvatlari yetmaydi yoki ro‘za tutishsa, kasalligi og‘irlashadi yoki kasallik belgilari jiddiylashadi. Holbuki, Islom yengillik dinidir. Alloh taolo har bir bandaga toqatidan ortiqchasini yuklamaydi. Bemor kishi shariatning qaysi ko‘rsatmasida qiyinchilikka duch kelmasin, albatta, unga ham dinimizda yengillik bor. Jumladan, Ramazon ro‘zasini tutishda ham. Alloh taolo marhamat qiladi: “...Bas, sizlardan kim bemor yoki safarda bo‘lsa, sanog‘i boshqa kunlardandir...” (Baqara surasi, 184-oyat). Demak, oyatda ta’kidlanganidek, bemor va musofirlarga Ramazon ro‘zasini tutmaslikka ruxsat bor. Ammo ular shulardan forig‘ bo‘lgach, albatta, qoldirgan kunlarini qazo tutadilar.
Ro‘za tutsa, kasalligining og‘irlashishi, dardining zo‘rayishi yoki tuzalishining cho‘zilishidan qo‘rqqan kasal kishi Ramazon oyi ro‘zasini tutmasligi mumkin. Ro‘za tutgan bemor dardi kuchayganidan ro‘zasini ochsa, unga kafforat lozim bo‘lmaydi. Mabodo kasal odam kunduzi tuzalib qolsa, o‘sha kuni Ramazoni sharifning haq-hurmatidan quyosh botgunicha yemay-ichmay turishi lozim.
3. Homilador ayol. Bunday ayol, o‘zining yoki bolasining sog‘lig‘iga zarar yetishidan qo‘rqsa, Ramazon oyi ro‘zasini tutmasligi joiz. Zero, Ramazonda ro‘za tutish homilador ayolda fiziologik va kimyoviy o‘zgarishlarga sabab bo‘lishi ilmda isbotlangan. Bu yerda hukm homilaning oyiga ko‘ra emas, balki ayolning va homilaning holatiga qarab belgilanadi.
Agar homilador ayol sog‘lom bo‘lib, o‘zini yaxshi his qilsa va biror a’zosidan shikoyati bo‘lmasa, ro‘za tutsa, zarari yo‘q. Aks holda, ro‘za tutmaydi. Homilador ayollar Ramazon oyi kirishidan oldin o‘zlari va homilalarini musulmon shifokor ko‘rigidan o‘tkazishlari lozim. Keyin, holatlariga qarab ro‘za tutish yoki tutmasliklari belgilanadi. Agar tekshirishlar natijasi ijobiy chiqsa, shifokor ro‘za tutishga ruxsat beradi. Aks holda, yo‘q. Mabodo ro‘za tutganda homilador ayollarda qondagi qand miqdori pasayib ketgani yoki g‘ayri tabiiy holat borligidan qattiq bosh og‘rig‘i, ko‘zlar qamashishi, qattiq charchoq bosishi yoki o‘rnidan turishda qiynalish holatlari kuzatilsa, darhol ro‘za tutish yoki tutmaslik uchun shifokor bilan maslahatlashlari zarur.
Homilador ayollarga quyidagi holatlarda ro‘za tutish taqiqlanadi:
– Qon bosimi o‘lchaganda, o‘lchagichning yuqori raqami 100 dan past natijani ko‘rsatganda. Zero, homilador ayol bunday holatda ro‘za tutsa, o‘zini tutib turolmaslik tugul, hatto hushidan ketib qolishi ham ehtimoldan xoli emas;
– Homiladorlikdagi qusish onlarida. Ayniqsa, bu holat homiladorlikning avvalgi uch oyida og‘ir kechadi;
– Homiladorlik davrida zaharlanganda. Zero, shu asnoda qon bosimi ko‘tarilib, peshobda albumin paydo bo‘ladi, a’zolarda shish kuzatiladi, qonda qand miqdori keskin pasayib ketadi. Oqibatda, organik kasalliklar kelib chiqadi. Bu holatdan dard chekkan bemor, albatta, shifokor nazoratida bo‘lishi zarur.
4. Emizikli ayol. Bu toifadagi ayollar iftorlikdan keyin saharlikkacha bo‘lgan vaqt mobaynida vitaminlarga boy ozuqalar iste’mol qilishlari sharti bilan Ramazon ro‘zasini tutishlariga ruxsat bor. Shunday qilingandagina ro‘zadorlik paytida sarflangan zaruriy moddalar o‘rni qoplanadi. Ta’kidlash zarurki, u ozuqalar emadigan bolaga ham salbiy ta’sir ko‘rsatmasligi kerak. Aks holda, ro‘za tutishlari mumkin emas. Agar ro‘za tutilsa, emizikli ayolning o‘zi yo emadigan bolaga zarar yetishi taxmin qilinsa yoki emizishga salbiy ta’sir o‘tkazsa, unday ayol ro‘za tutmasligi mumkin.
5. Hayz va nifosli ayollar. Ayollar hayz va nifos holatida ro‘za tutishlari mumkin emas. Mabodo ro‘za tutayotgan ayol hayz ko‘rib qolsa yo ko‘zi yorib, nifos qoni chiqsa, ro‘zasini ochadi. Hayz yo nifos qonidan tong otganda toza bo‘lgan ayol o‘sha kuni ro‘za tutmaydi, lekin yuqorida ta’kidlanganidek, Ramazoni sharifning haq-hurmatidan quyosh botgunicha yemay-ichmay turishi vojibdir. Chunki nifos yoki hayzli bo‘laturib tutilgan ro‘za o‘tmaydi. Ayollar Ramazonda hayzli yo nifosli bo‘lib qolsalar, poklanganlaridan keyin qazosini tutib beradilar. Zero, yilda bir keladigan ro‘zani qazosini tutish mashaqqat emas.
6. Qarilik. Bu toifaga mansub kishilar soppa-sog‘ bo‘lsalar-da, yoshlari ulug‘ligi e’tiboridan, ro‘za tutsalar qiynalib, holdan toyishadi. Shunga ko‘ra, ular ro‘za tutmaslikka uzrlidirlar. Zero, Qur’oni karimda bunday deyilgan: “Madori yetmaydiganlar zimmasida bir miskin kimsaning (bir kunlik) taomi fidyadir” (Baqara surasi, 184-oyat). Demak, ro‘za tutishga quvvati yetmaydigan chol va kampirlar ramazon oyi ro‘zasini tutmaydilar, balki, ramazonning har bir kuni hisobidan fitr sadaqasi miqdorida fidya beradilar. Keksalar fidya berishlarining boisi, kundan-kunga qarib zaiflashib borishlari va qaytib yosharib ro‘za tutishlaridan umid yo‘qligi e’tiboridandir. Ammo Ramazon o‘tgach, quvvatga kirib qolishsa, garchi fidya bergan bo‘lsalar-da, qoldirgan ro‘zalarining qazosini tutib berishlari shart. Shuningdek, musofir muqim bo‘lgach, kasal sog‘aygach, homilador va emizikli ayoldan zarar xavfi ketgach, hayz yo nifosdagi ayol toza bo‘lgach, Ramazon oyi ro‘zasidan tutmagan kunlarining qazosini tutib berishlari lozimdir.
Ulamolarimiz quyidagi toifalarni ham ro‘za tutmaslikka uzrlilar qatoriga qo‘shishgan:
7. Ochlik va chanqoqlik oqibatida holdan toyganlar. O‘ta qattiq ochlik yoki chanqoqlik oqibatida halok bo‘lish darajasiga yetgan, aqliga yoki biror a’zosiga xavf tug‘ilgan kishi ham ro‘za tutishdan uzrli hisoblanadi. U ham keyin qazosini tutib beradi. Chunki Alloh taolo bunday degan: “O‘zingizni qo‘lingiz bilan halokatga tashlamang...” (Baqara surasi, 195-oyat).
8. Majburlangan shaxslar. Birovni o‘ldirish yoki a’zolaridan birini ishdan chiqarish bilan tahdid solinib, ro‘zasini ochishga majburlangan kishi ham uzrli hisoblanadi. Qazosini keyin tutib beradi. Majburlab, zo‘rlik bilan nomusiga tegilgan ayolning ro‘zasi ochiladi va qazosini tutib beradi.
Boshqalar tomonidan gunoh ishni qilishga majburlangan kishi osiy bo‘lmaydi. Zotan, Ibn Abbos (roziyallohu anhumo)dan rivoyat qilingan hadisda Nabiy (sollallohu alayhi va sallam): “Albatta, Alloh mening ummatimdan xatoni, unutishni va majbur qilingan narsani kechirgandir”, dedilar (Imom Ibn Moja rivoyati).
Majbur qiluvchilar esa og‘ir gunohni sodir qilgan bo‘lishadi. Majbur qilib ro‘zasini ochtirish, namoz o‘qitmaslik, dinga qarshi gaplarni ayttirish shular jumlasidandir. Majburlash deyilganida, majbur qilinayotgan odamning joni yoki biror a’zosiga tahdid solinishi nazarda tutiladi. Demak, bundan past darajadagi majburlash gunoh ishni qilaverishga asos bo‘lolmaydi. Faqat o‘lim xavfi yoki tanasidagi a’zolaridan birining yo‘qolishi, mayib bo‘lishi xavfigina shar’iy e’tibordagi majburlash hisoblanadi.
9. Mashaqqatli kasb egalari. Kasbini tark qilsa, kuni o‘tmaydigan yoki ro‘za tutsa, kasbini bajara olmaydigan kishi ham uzrli hisoblanadi. Bu toifaga novvoy, temirchi va kon ishchilari kabilar kiradi. Ular saharlikka turib, ro‘zaga niyat qiladilar. Ish jarayonida holdan toyib qolishsa, ro‘zani ochib, keyin qazosini tutib berishadi. Ammo, bu toifadagi kishilar ushbu kasblaridan boshqa yo‘l yoki ishni kamaytirish bilan tirikchilik o‘tkazishga yoxud ta’til olishga imkonlari bo‘lsa, uzrli hisoblanmaydilar.
Tolibjon QODIROV
tayyorladi.
Halollik va rostgo‘ylik insonning shaxsiy fazilatlari bo‘lish bilan birga, oila mustahkamligi, jamiyat taraqqiyoti va ijtimoiy munosabatlarning barqarorligini ta’minlaydigan muhim milliy, diniy, ma’naviy-axloqiy qadriyatlardir.
Islom dinida halollik va rostgo‘ylikka inson hayotining barcha sohalarini qamrab oluvchi muhim tamoyillar sifatida qaraladi. Halol va haromni farqlash, shubhali ishlardan saqlanish, o‘zgalarning haq-huquqini poymol qilmaslik, rostgo‘y va adolatli bo‘lish insonning nafaqat shaxsiy kamoloti, balki jamiyat oldidagi mas’uliyatini ham belgilaydi.
Qur’oni karim oyatlari va Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamning ko‘plab hadisi shariflarida insonlarni halollik va rostgo‘ylikka da’vat qilish, har doim halol bo‘lishga undash, aldov va yolg‘on guvohlik berishdan qaytarishga alohida e’tibor qaratilgan. Zero, halollik va rostgo‘ylik insonning ma’naviy kamolotini, imoni mustahkam va axloqi go‘zalligini namoyon etuvchi eng muhim fazilatlardir. Harom va yolg‘on esa nafaqat shaxsning obro‘si va unga ishonchini yemiradi, balki jamiyatda o‘zaro ishonchsizlik, adovat va nizolar kelib chiqishiga ham sabab bo‘ladi.
Alloh taolo "Nahl" surasining 105-oyatida bunday marhamat qilgan: “Yolg‘on so‘zlarni faqat Allohning oyatlariga imon keltirmaydiganlargina to‘qiydilar. Aynan o‘shalarning o‘zlari yolg‘onchilardir”.
Bu o‘rinda yolg‘onning qanchalik og‘ir ma’naviy illat ekani bayon qilinib, uning Allohning oyatlariga munosabat bilan bog‘liq jihati ko‘rsatib berilyapti. Oyatning nozil bo‘lish sababi Makka mushriklarining Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga nisbatan turli asossiz da’volarni ilgari surgani, jumladan, u zotni yolg‘onchilikda ayblaganidir. Ular Qur’oni karimni go‘yo Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning o‘zlari to‘qib chiqargani to‘g‘risida asossiz da’volarni ilgari surgan. Qur’oni karim esa bunday iddaolarni ochiq-oydin rad etgan.
Aslida yolg‘onni faqat imonsiz kishilargina to‘qiydi. Chunki, mo‘min kishi yolg‘onni katta gunoh deb biladi. Yolg‘on sababli qiyomatda azobga qolishdan qo‘rqadi. Shuning uchun har qanday vaziyatda rostgo‘y bo‘lishga intiladi. Hatto o‘z manfaatiga zid bo‘lgan holatlarda ham haqiqatni aytishni afzal biladi. Zero, haqiqiy imon insonni faqat ibodatlarga emas, balki yuksak axloqiy fazilatlarga ham undaydi.
Islom ta’limotida halollik va to‘g‘riso‘zlik maqtalgan, yolg‘on gapirish va haqiqatni yashirish keskin qoralangan. Jumladan, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: “Nabiysollallohu alayhi vasallam:“Rostgo‘ylikni o‘zingizga lozim tutingiz (rostgo‘y bo‘lingiz)! Chunki, rostgo‘ylik yaxshilikka yetaklaydi, yaxshilik esa jannatga yetaklaydi. Kishi doim rost gapirsa, Allohning huzurida “siddiq” (o‘ta rostgo‘y) deb yozib qo‘yiladi. Yolg‘ondan saqlaning! Chunki, yolg‘on fojirlikka (gunoh va buzuqlikka) yetaklaydi, fojirlik esa do‘zaxga yetaklaydi. Kishi yolg‘on gapiraversa, Allohning huzurida “kazzob” (o‘ta yolg‘onchi) deb yozib qo‘yiladi”, dedilar”. (Imom Buxoriy rivoyati).
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam rostgo‘ylik va yolg‘onchilikning inson axloqi, ma’naviy hayoti va oxiratiga qay darajada ta’sir qilishini ochiq tarzda bayon qilib beryaptilar. Hadis mazmunidan anglashiladiki, insonning jannatga yoki do‘zaxga tushishida uning tili, ya’ni rostgo‘yligi yo yolg‘onchiligi hal qiluvchi omillardan ekan.
Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam halol va harom o‘rtasidagi shubhali narsalardan saqlangan kishi dini va obro‘yini pok saqlashi borasida bunday marhamat qilganlar: No‘’mon ibn Bashir roziyallohu anhudan rivoyat qilinishicha,“Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deganlarini eshitdim: “Halol ham aniq, harom ham aniq. Ularning o‘rtasida shubhali narsalar bor. Ko‘p odamlar buni bilmaydi. Kim shubhalardan saqlansa, dini va obro‘yini pok saqlaydi...” (Imom Buxoriy rivoyati).
Bu o‘rinda Nabiy sollallohu alayhi vasallam insonlarni ehtiyotkorlik va poklikka da’vat etmoqdalar. Chunki, halollik tamoyillariga amal qilgan inson hayotning har bir jabhasida, jumladan, so‘zida, oilaviy munosabatlarida, ta’lim olishda, mehnat faoliyatida va jamiyatdagi o‘zaro munosabatlarida adolat, poklik va rostgo‘ylikka intiladi. O‘zgalarning haq-huquqlarini hurmat qiladi, birovning mol-mulki yoki mehnatining mahsuliga tajovuz qilmaydi, aldov, xiyonat va manfaatparastlikdan uzoq bo‘lishga harakat qiladi. Bunday fazilatlar insonning shaxsiy obro‘-e’tiborini yuksaltirish bilan birga jamiyat a’zolari o‘rtasida o‘zaro ishonch va hamkorlik muhitini mustahkamlaydi.
Muxtasar qilib aytganda, halollik va rostgo‘ylik ijtimoiy hayotning barqarorligini, insonlar o‘rtasidagi ishonch va jamiyat taraqqiyotini ta’minlovchi muhim ma’naviy-axloqiy asosdir. Islom ta’limotidagi halollik, rostgo‘ylik, adolat va omonatdorlikka oid ko‘rsatmalar bu qadriyatlarning inson va jamiyat hayotidagi o‘rni naqadar muhim ekanini ko‘rsatadi. Har bir inson o‘z hayoti va faoliyatida halollik, rostgo‘ylik, adolat va vijdonlilikni ustuvor tamoyilga aylantirsa, jamiyatda sog‘lom ma’naviy muhitni shakllantirish imkoniyati ortadi.
Yo‘ldoshxon Isayev, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati