Mohi sulton!
Sen oylarga sultonsan. Tashrifingdan poklangan ruhiyatimiz boshqa oylar uchun mador yig‘adi. Ezgulikka o‘nglangan odatlarimiz yil davomida saqlanib, an’ana tusini oladiki, yaxshiliklarimiz sen sabab buyuk ajrlarga noyil bo‘ladi. Sendan o‘rgangan fazilatlarimizni boshqa oylar uchun ham asrab qo‘yamiz.
Mohi marg‘ub
Hurmating bois bizga berilajak imkoniyatlarni sanab adog‘iga yetishimiz mumkinmi? Atrofimizni o‘rab turgan yaxshiliklar, biz erishajak savoblar yanada ziyoda bo‘lishiga guvoh bo‘lamiz. Hadislarning birida: “U oyda kim Allohga yaqinlashtiradigan ezgulik qilsa, undan boshqa oyda ado etgan bir farz darajasini topadi. Va bu oyda bir farzni ado etgan kishi boshqa oyda 70 farz ado etgan kabi bo‘ladi” deya marhamat qilinadi. Ha, senda amalga oshirilgan savobli amallar evaziga savobu ajrlar orttirib beriladi. Qolaversa, har neki niyatlarimiz bo‘lsa, Yaratganga yolvoramiz, sening sharofatingga umid bog‘laymiz. Zotan, Payg‘ambarimiz (s.a.v.) “Ro‘zadorning duosi maqbuldir” deya marhamat qilgan ekanlar.
Mohi g‘ufron
Sen sabab gunohlardan poklanamiz. Salmon Forsiy (r.a.)dan rivoyat qilingan hadisda: “Bu oy shunday oydirki, avvali rahmat, o‘rtasi mag‘firat, oxiri esa do‘zaxdan ozod bo‘lish o‘n kunligidir” deyilgan ekan. Rasululloh (s.a.v) yana bir hadislarida: «Kim Ramazon ro‘zasini imon-ishonch bilan va savobidan umid qilib tutsa, oldingi gunohlari mag‘firat qilinadi», deya marhamat qilgan ekanlar. Demak, sening hurmating sabab solih amallarimiz, xayru ehsonlarimiz uchun gunohlarimiz kechirilar ekan.
Sabr oyi
Hayotimiz davomida har xil sinovlarga duchor bo‘lamiz. Gohida besabrlik illatidan aziyat chekamiz. Arzimas yetishmovchilik tog‘dek muammoga aylanadi go‘yo. Ramazon ro‘zasi kishini sabr bilan tarbiyalaydi. Dastlab ro‘za tutgan inson jismida, ruhiyatida nafsga qarshi kurash boshlanadi. Toqat bilan yengilgan xohishlar evaziga ro‘zadorning nafaqat zimmasidagi farzi ado etiladi, balki irodasi mustahkamlanib o‘z ruhiyatiga hokimlik g‘alabasiga erishadi.
Shifo oyi
Payg‘ambarimiz (s.a.v.) sening hilolingni ko‘rishlari bilan qiblaga yuzlanib: «Allohim, ushbu oyni biz uchun osoyishtalik, salomatlik, farovonlik davri etgin, dardlarga shifo, qalblarga ziyo bergin!..», deya muborak qo‘llarini duoga ochar edilar.
Zamonaviy tibbiyot so‘nggi yillarda ochlik bilan davolanish usulini keng yo‘lga qo‘ydi. Shunga asosan ro‘za tutish orqali ko‘plab kasalliklar davo topgani isbotlandi. Qolaversa, ro‘za ayrim dardlar yuzaga kelishiga to‘sqinlik qilishi ta’kidlandi. Eng muhim jihati, kishi ongining sokinlikka erishganidir. Turli g‘arazlar, kin va hasadlardan poklangan ruhiyat barcha kasalliklardan holi turmush tarziga yo‘l ochishi shubhasiz.
Qur’on oyi
Qur’oni karimning nozil bo‘lishi senda boshlandi. Bu haqida Allohning muborak kalomida: “Ramazon oyi - ... Qur’on nozil qilingan oydir” deyiladi. Qolaversa, Payg‘ambarimiz (s.a.v.) sen kelganingda Qur’oni karimning barchasini to‘laligicha Jabroil (a.s.)ga o‘qib berar ekanlar. Ushbu go‘zal an’ananing davomi o‘laroq, ayni kunlarda obod masjidlarimizda Qur’oni karim o‘qilishi va jamoatning uni tinglashi ajib fazilat.
Oqibat fasli
Muborak tashrifing insonlar o‘rtasida o‘zaro muruvvat va oqibat tuyg‘ularini uyg‘otadi. Hurmat va e’tibordan qarindoshlar o‘rtasida hamjihatlik mustahkamlanadi. Keksayu bemor qarindoshlar holidan xabar olinib, uzoq yaqinda yashoqchi qondoshlar iftorlik dasturxoni atrofiga chorlanadi. Gina kuduratli insonlar bir-birlariga quchoq ochadilar, o‘zaro uzr so‘rashadilar. Shukuhing kirib borgan har bir xonadon ana shunday ahillik bilan, yaqinlarga yaxshiliklar qilib fazilatli kunlarni o‘tkazadilar.
Ma’rifat oyi
Qalblar sokin va xotirjam, ongu shuurda pok niyatlar o‘rin olgan bir payt ma’rifatli bo‘lish uchun ayni muddaodir. Shu bois sening beqiyos lahzalaringni bilim olishga sarf etish yanada fazilatlidir. Chunki, barakoting har narsada bo‘lgani kabi o‘rganilayotgan ilmga ham taalluqlidir. Zotan, Payg‘ambarimiz (s.a.v.) muborak hadislarida: “Agar ummatlarim Ramazon oyining ular uchun qanchalik sharofatli va barokatli ekanini yaxshi bilganlarida edi, faqatgina shu bir oy emas, balki yilning qolgan hamma oylarida ham ro‘za bo‘lishini orzu qilar edilar”, deb marhamat qilganlar.
Rostgo‘ylik payti
Rostgo‘ylik – ezguliklar debochasidir. Bu borada Nabiy (s.a.v.) “Rost so‘z o‘z sohibini yaxshilik sari yetaklaydi. Yaxshilik esa uni behishtga yetaklaydi” deya marhamat qilgan ekanlar. Ezguliklar oyi bo‘lmish senda rost so‘zlash kishini xayrli amallar sari yetaklaydi. Bundan tashqari, ro‘zaning mukammal bo‘lishi uchun ro‘zador yolg‘on so‘zlash, ig‘vo va bo‘hton qilish, noloyiq so‘zlar bilan insonlar dilini og‘ritish kabi illatlardan o‘zini saqlashi muhim sanalanadi. Bu borada bir hadisi sharifda: “Kim yolg‘on gapirishni va unga amal qilishni qo‘ymasa, uning taomi va sharobini tark qilmog‘iga Allohning ehtiyoji yo‘q”, deyiladi.
Tinchlik oyi
Ha, sen tinchlik oyisan. Islom tarixidan ma’lumki, senda jangu jadallar to‘xtatilgan, sharofating bilan davlatlar tinchlik sulhini tuzganlar. Yana bir muhim jihat, inson qalbidagi sokinlikdir. Senda turli illatlar, g‘arazu hasad, arazu ginalardan poklangan, sohibi tomonidan ezgulikka yo‘naltirilgan dillar osoyishtalikka yo‘g‘riladi. Payg‘ambarimiz (s.a.v.) bejiz “Ro‘za qalqondir” demaganlar. Zero, qalqon kamon o‘qining ofatidan jangchini to‘sib qolganidek, ro‘za xatolarning yuzaga kelishi ortidan keluvchi behalovatlikdan qutqaradi. Natijada tinchlik oyida ruhiyat ham, qalblar ham hotirjamlikka cho‘madi.
Shukrlar mavsumi
Alhamdulillah, muborak oy ichramiz. Qalbimiz shukronaga to‘la. Yana bir Ramazonda yashab, uning fazilatlarini his qila olyapmiz, imkon boricha ezguliklar ado etyapmiz! Ko‘nglimiz xotirjam, osoyishta tonglarni qarshi olyapmiz. Dunyo kishilarining sezilarli qismini o‘yga solgan “qayerda tunasam ekan”, “nima yeyman?”, “ochlikdan bolalarimning holi ne kecharkin”, “qayerga berkinib yashasam ekan”... degan og‘riqli savollarning bizga keragi yo‘q. Ro‘za sabab ana shunday insonlar kechmishini boshimizdan kechiramiz. Ochlik, tashnalikdan aziyat chekayotgan zamindoshlarimiz holatini o‘z tanamizda sinab ko‘ramiz. His qilamizki, biz uchun tongdan shom qorong‘usigacha cheklangan imkoniyatlarimiz ayrim kishilarda davomli bo‘lishi mumkin. Tun nima, tong nima sezmay faqat qorin to‘ydirish yoki jon saqlash umidida yashayotgan yerdoshlarimiz kam deb o‘ylaysizmi? Bu haqda tafakkur qilib, yurak yurakdan buyuk Mavloga shukr hissini tuyamiz. Alhamdulillah, dasturxonlarimiz to‘kin, serquyosh zaminimiz o‘z saxovatini bizga taqdim etmoqda. Yurtimizda inson nomi ulug‘, keksalar qadrlanadi, yoshlarga holis yo‘l ko‘rsatiladi, ona bola salomatligi davlat siyosati darajasida... Demak, Sen shukrlar mavsumisan.
Ramazon! Seni ta’riflab nihoyalash mumkinmi?
Biz bugun senga atalgan tavsiflarning dengizdan tomchisinigina eslatib o‘tdik. Biroq ro‘yxatimizni hali uzoq davom etishimiz mumkin. Muhimi sen mohi mahbubsan! Oylar ichra seviklisisan. Arazlashgan ko‘ngillar hurmating bois yarashadi, yaqinlar munosabati mustahkamlanadi, dillar dillardan suv ichadi, hamjihatlik, ahil inoqlik ortadi. Har bir kuningdan imkonlarga boy lahzalar o‘rin olgan. Tillar dillarni shirin so‘zlar bilan alqaydi. Sening mahbub bo‘lishing boisini-da ta’riflarga sig‘dirmoq mahol... Biz seni yaxshi ko‘ramiz.
Sharifaxon G‘aniyeva
Turkiya Buyuk Millat Majlisi Raisi Numan Kurtulmush O‘zbekiston Mustaqilligining 35 yilligi arafasida “Dunyo” AA orqali O‘zbekiston xalqiga samimiy tabriklari va ezgu tilaklarini yo‘lladi:
Avvalo, Aziz qardosh va do‘st O‘zbekiston xalqiga eng samimiy salomlarimni, hurmat va ehtiromimni izhor etaman.
Turkiya bilan O‘zbekiston o‘rtasidagi geografik masofaga qaramay, qalblarimiz bir-biriga eng yaqin xalqlardanmiz. Mustahkam birodarlik rishtalarimiz mavjud. Umumiy tariximiz, madaniy merosimiz va qadriyatlarimiz bor. O‘zbekiston bizning ota yurtimizdir.
Ayniqsa, keyingi yillarda Prezident Shavkat Mirziyoyev va Prezident Rejep Tayyip Erdog‘an rahbarligida ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlar tarixiy darajada mustahkamlanib, izchil rivojlanmoqda.
Bunga misol sifatida joriy yil yanvar oyida Prezident Shavkat Mirziyoyevning keng tarkibdagi delegatsiya bilan Turkiyaga amalga oshirgan tashrifini keltirish mumkin. Ushbu tashrif doirasida Istanbuldagi O‘zbekiston maktabi hamda Hatay viloyatida zilziladan jabr ko‘rgan fuqarolar uchun barpo etilgan “O‘zbekiston mahallasi”ning ochilish marosimlari ikki mamlakat o‘rtasidagi qardoshlik va do‘stlik rishtalarini yanada mustahkamladi.
Hurmatli birodarim – O‘zbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikeri Nuriddin Ismoilov bilan birgalikda Hatay viloyatining Arsuz tumanida joylashgan “O‘zbekiston mahallasi”ga nom berish marosimida ishtirok etdik. Marosim samimiy va do‘stona muhitda o‘tdi.
Fursatdan foydalanib, Turkiyada yuz bergan zilziladan keyin O‘zbekiston xalqi tomonidan ko‘rsatilgan beqiyos qardoshlik yordami uchun yana bir bor samimiy minnatdorchiligimizni bildiraman.
“O‘zbekiston mahallasi” va “O‘zbekiston maktabi” ikki davlat o‘rtasidagi do‘stlik va birodarlikning abadiy ramzlariga aylandi.
So‘nggi yillarda O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan ulkan taraqqiyotni biz har bir tashrifimizda o‘z ko‘zimiz bilan ko‘rmoqdamiz. Barcha sohalarda keng qamrovli islohotlar amalga oshirilayotganiga guvoh bo‘lmoqdamiz.
O‘zbekiston nafaqat iqtisodiy taraqqiyot, balki fikr, falsafa, ilm-fan va san’at sohalarida ham Islom sivilizatsiyasining Uchinchi Renessansi sari dadil qadam tashlamoqda.
Bu borada Prezident Shavkat Mirziyoyevning kuchli va samarali rahbarligini alohida e’tirof etaman hamda unga chuqur hurmatimni bildiraman.
Ishonamanki, O‘zbekistonda shakllanayotgan Uchinchi Renessans nafaqat mamlakatning o‘zi, balki butun Islom olami uchun yangi yuksalish davrining boshlanishi bo‘ladi.
Buyuk madaniy merosga ega O‘zbekiston Alisher Navoiy, Ahmad al-Farg‘oniy, Ali Qushchi va Mirzo Ulug‘bek kabi buyuk allomalarni yetishtirgan zamindir. Bu yurt ilm-fan, falsafa, astronomiya va boshqa ko‘plab sohalarda insoniyat sivilizatsiyasiga beqiyos meros qoldirgan.
Shu bilan birga, islom ilmlari sohasida ham O‘zbekiston ulkan ma’naviy boylikka ega. Bahouddin Naqshband va Abdulxoliq G‘ijduvoniy kabi buyuk tasavvuf ulamolarining merosi ushbu zaminning Islom tafakkuridagi yuksak o‘rnini namoyon etadi.
Shuningdek, Imom Buxoriy, Imom Termiziy va Imom Moturidiy kabi buyuk allomalarning ilmiy merosi butun islom olamining bebaho boyligi hisoblanadi.
Umid qilamanki, O‘zbekiston ilm-fan, taraqqiyot va ma’rifat sohasidagi yutuqlari orqali nafaqat o‘zining yanada yuksalishiga, balki Turk dunyosi va butun Islom olamining ravnaqiga ham munosib hissa qo‘shishda davom etadi.
Yana bir bor aziz O‘zbekiston xalqiga eng samimiy salomlarim va ezgu tilaklarimni yo‘llayman.
Muhtaram Prezident Shavkat Mirziyoyevga mamlakat taraqqiyoti va xalqaro maydondagi faoliyatida ulkan muvaffaqiyatlar tilayman. Alloh taolo o‘zlariga sihat-salomatlik, uzoq va barakali umr ato etsin hamda O‘zbekiston xalqi, Turk dunyosi va Islom olami yo‘lida yanada ulkan xizmatlarni amalga oshirish nasib qilsin.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati