Sayt test holatida ishlamoqda!
21 Avgust, 2026   |   8 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:12
Quyosh
05:38
Peshin
12:26
Asr
17:14
Shom
19:18
Xufton
20:39
Bismillah
21 Avgust, 2026, 8 Rabi`ul avval, 1448

Ro‘za va qalb xotirjamligi

27.05.2018   41683   6 min.
Ro‘za va qalb xotirjamligi

Ro‘zani bizlarga farz qilgan Alloh taologa hamdu sanolar bo‘lsin. Ramazon tunlarini bedor o‘tkazishni sunnat qilgan zot Muhammad mustafo (sollallohu alayhi va sallam)ga salavot va salomlar bo‘lsin.

Bugungi taraqqiyot yetib bo‘lmas darajada rivojlanayotgan bir davrda, barcha ko‘proq mol-dunyo to‘plash va hojatdan ortiqcha hashamatli imoratlar qurishga berilib ketmoqda. Ba’zilar yaxshi yashash va farovon hayot kechirish eng oliy maqsad deb o‘ylaydilar. Undan boshqa mehr-oqibat, ta’lim-tarbiya, xulq-odob, qarindosh-urug‘chilik, qo‘ni-qo‘shnichilik, ajr-savob, yaxshilik, ezgulik kabi qalbni xotirjam qilib, dilni xushnud qiladigan insoniyatning ma’naviy hayoti ular uchun ikkinchi darajalidir. Zero inson hayotida eng oliy ne’mat qalb xotirjamligidir. Ba’zi kimsalar xotirjam yashash da’vosida kunni tunga ulab, kunlari tinmay, tunlari uxlamay, bir chaqa foydani deb yoru do‘sti, qon-qarindoshi hatto aka-ukalaridan aloqani uzib, molu-dunyo yig‘moqdalar. Aslida xotirjamlik shundami? Ming mashaqqatlar va hayot tashvishlarini ro‘kach qilib, bola-chaqa bahonasida to‘plangan boylik va mol-dunyo bir zum xotirjamlik berolmayotgani hammaga ma’lum. Bugun rivojlangan mamlakatlarda aksar odamlar baland imoratlar va ko‘p mol-dunyoga egalar, lekin ularda xotirjamlik yo‘q. Ular birozgina xotirjam bo‘lish, uxlab xordiq chiqarish, orom olish uchun turli xil dori vositalaridan foydalanishlari hech kimga sir emas. Bekamu ko‘st yashash, faravon hayot kechirish, oson pul topish ilinjida tinch va osuda yurtini tashlab o‘zga yurtlarga ketayotganlar ham oramizda yo‘q emas. Natijada xotirjam faravon hayotga erishish qolib, sog‘-salomat o‘z vatanlariga qaytishlari so‘roq ostida qolmoqda. Mol-dunyoning ko‘pligi, uylarni hashamatli bo‘lishi insonni moddiy ehtiyojini qondiradi. Xotirjamlik esa, inson ma’naviyatiga bog‘liqdir.

  Xo‘sh xotirjamlik nimada? Xotirjamlik qayerda? Kim xotirjam? Inson nima qilsa, qalbi xotirjam, dili xushnud, ichki dunyosi farah va sururga to‘lib, jismi rohatlanadi? Bu savollarga javobni muqaddas dinimizdan, Qur’oni karim oyatlari va hadisi shariflardan topish mumkin. 

Ramazon rahmat va mag‘firat oyidir. Ramazonda mo‘min-musulmonlarning qalblari xotirjam bo‘ladi, ruhlari taskin topadi, jismlari rohatlanadi. “Nima uchun shunday?” degan savol tug‘ilishi tabiiy hol. Chunki bu oyda isyonkor jinlar va shaytonlar zanjirband qilinadi, ro‘za tutiladi, Qur’oni karim xatm qilinadi. Bu oyda Alloh taoloning kalomi – Qur’oni karim xatm qilinadi. Alloh taoloninig rahmati, mag‘firati va mo‘minlarga bo‘lgan fazli, jannatninig vasfi, ajr-savoblarninig va’dasi haqidagi Qur’on oyatlarini eshitgan mo‘minlarning qalbiga sukunat-xotirjamlik kirib, rahmati buyuk Zotga muhabbatlari ziyoda bo‘ladi. Alloh taolo bu haqda shunday marhamat qiladi:

“Ular imon keltirgan va qalblari Allohning zikri bilan orom oladigan zotlardir. Ogoh bo‘lingizki, Allohni zikr etish bilan qalblar orom olur (va taskin topur)” (Ra’d, 28).

Imom Muqotil ushbu oyat tafsirida: “Allohning zikridan Qur’oni karim iroda qilingan”, deydi. Inson qalbiga orom baxsh etib, sukunat va xotirjamlik berdigan buyuk omil Alloh zikridir. Alloh taoloni eslab, tafakkur qilgan, bergan ne’matlariga shukrona tarzida ibodat va Qur’oni karim tilovati bilan mashg‘ul bo‘lgan banda qalbiga ilohiy xotirjamlik va orom berilishi oyati karimada zikr qilinmoqda. Bugungi kunda mustaqillik sharofati bilan yurtimiz masjidlarida xatmi Qur’onlar bo‘lmoqda, unda Kalomullohni eshitib, barcha qalblar xotirjam, dillar orom olmoqda, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Ramazon oyida shunday xayrli ish bo‘lgani uchun ham u boshqa oylardan fazilatlidir. 

Abu Hurayra (roziyallohu anhu)dan rivoyat qlinadi: “Payg‘ambarimiz Muhammad (sollallohu alayhi va sallam): “Kim bir mo‘minning dunyodagi mashaqqati, g‘am-tashvishini aritsa, Alloh taolo qiyomat kuni uni g‘am-tashvishdan xalos qiladi. Kim qiynalgan odamning og‘irini yengil qilsa, Alloh taolo uni dunyo va oxiratdagi og‘irini yengil qiladi. Kim mo‘minning aybini yopsa, Alloh taolo uni dunyo va oxiratdagi aybini berkitadi. Inson o‘z birodaroga yordam berarkan, Alloh taolo ham u bandasiga yordamchidir. Kim ilm izlab bir yo‘ldan  yursa, Alloh taolo u uchun jannatga bo‘lgan yo‘lni yengil va oson qilib qo‘yadi. Qaysi bir qavm Alloh taoloninig uylaridan birida jam bo‘lib, Alloh taoloning Kitobini o‘qisalar yoki o‘zaro dars qilsalar, ularga tinchlik va xotirjamlik tushib, rahmat qamrab oladi. Farishtalar ularni o‘rab oladilar. Alloh taolo ularni o‘z dargohidagilar oldida zikr qiladi”, dedilar” (Imom Muslim rivoyati).

Hadisi sharifda Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) qalb xotirjamligiga yetishish omillarini sanab o‘tdilar. Haqiqiy xotirjamlikkka erishmoqchi bo‘lganlar Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) sunnatlariga amal qilsin. Mo‘min-musulmonga yordam qilish, og‘irini yengil qilish, aybini yopish Alloh taoloning kalomini o‘qishdek qalbga orom baxsh etadi. Kelinglar xotirjamlik va oromni Alloh taolo buyurganidek, Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) ta’lim berganlaridek qidiraylik.

Inson Ramazonda ro‘za tutib, bir necha soatlar och qoladi. Natijada jismi ma’lum miqdorda ochlik sababidan zaiflashadi. Jismdagi zaiflik insonni turli-tuman narsalarga yo‘rg‘alash, dunyoning arzimagan matosiga yugurib-yelish kabilardan to‘sadi. Inson yeb-ichish bilan bir qatorda ma’naviy jihatdan ham mukammal ro‘za tutib, g‘iybat, ko‘z zinosi, chaqimchilik, hayosiz so‘zlar, baxillik va hasad kabi illatlardan saqlansa, u haqiqiy xotirjamlikka erishib, qalbi surur va farahga limmo-lim to‘ladi.

Alloh taolo ushbu Ramazon oyida qalblarimizga xotirjamlik, orom, surur va farahni mukammal qilib bersin. Ushbu xotirjamlikni yil davomida bizlarga hamroh qilsin hamda ikki dunyo soadatiga erishtirsin.     

 Bahriddin PARPIYEV

Ramazon-2018
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

18 avgust — Usmon Mus'hafi Toshkentga qaytgan kun

19.08.2026   18561   2 min.
18 avgust — Usmon Mus'hafi Toshkentga qaytgan kun

18 avgust Toshkentning nafaqat diniy, balki madaniy va ilmiy merosi tarixida muhim o‘rin tutuvchi sana. Qur’oni Karimning eng qadimiy qo‘lyozmalaridan biri sifatida e’zozlanadigan Usmon Mus'hafi asrlar davomida Markaziy Osiyo tarixining turli bosqichlariga guvoh bo‘lib kelgan, xabar bermoqda iccu.uz.

Ushbu nodir qo‘lyozma yirik hajmdagi pergament varaqlarga yozilgan bo‘lib, matni qadimiy Hijoz xatida bitilgan. Mus'hafda hozirgi arab yozuvidagi nuqta va harakat belgilari mavjud emas. Manbalarda uning saqlanib qolgan qismi 338 yoki 353 varaqdan iborat ekani haqida turli ma’lumotlar uchraydi. Ayrim yo‘qolgan pergament varaqlar keyinchalik qog‘oz bilan almashtirilgan. Qo‘lyozmaning aniq sanasi xususida ilmiy adabiyotlarda turli qarashlar mavjud.

Tarixiy ma’lumotlarga ko‘ra, Mus'haf uzoq yillar Samarqandda saqlangan. 1868–1869 yillarda u Sankt-Peterburgga olib ketilgan va Imperator xalq kutubxonasiga topshirilgan. 1905 yilda qo‘lyozmaning 50 ta faksimile nusxasi ko‘chirilgan. 1917 yildagi siyosiy o‘zgarishlardan keyin musulmon ulamolarining talabi bilan Mus'haf avval Ufaga, keyin esa O‘rta Osiyoga qaytarilishi jarayoni boshlangan.

1924 yilda Usmon Mus'hafi Tatariston, Boshqirdiston va Turkiston ulamolaridan tashkil topgan maxsus kuzatuvchilar hamrohligida maxsus poyezd orqali Ufadan Toshkentga olib kelindi. Toshkentga olib kelinganidan so‘ng Mus'haf bir muddat shahardagi masjidlardan birida saqlandi. Keyinchalik uning asrab-avaylanishini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston tarixi davlat muzeyiga topshirildi.

1989 yil 14 mart kuni Toshkentda bo‘lib o‘tgan Musulmonlarning IV quriltoyida O‘zbekiston hukumati qarori bilan Usmon Mus'hafining musulmonlar ixtiyoriga qaytarilgani e’lon qilindi. Keyinchalik u O‘zbekiston musulmonlari idorasi ixtiyoriga topshirildi. Mus'haf bir muddat Hazrati Imom majmuasidagi «Mo‘yi Muborak» madrasasi muzey-kutubxonasida maxsus sharoitda ham saqlandi.

Usmon Mus'hafining tarixiy va madaniy ahamiyati xalqaro miqyosda ham e’tirof etilgan. 1997 yilda qo‘lyozma YUNЕSKOning «Memory of the World» — «Jahon xotirasi» dasturi ro‘yxatiga kiritilgan.

2025 yil 13 noyabr — Usmon Mus'hafi tarixida yana bir muhim sana. Aynan shu kuni nodir qo‘lyozma O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga olib kelindi. Bugun Qur’on zalidagi asosiy eksponatlardan biri sifatida alohida o‘rin egallab, yurtimizning ko‘p asrlik diniy, ilmiy va ma’naviy merosini namoyon etuvchi bebaho yodgorlik sifatida taqdim etilgan. Shuningdek, Markazda turli davrlarda Somoniylar, Qoraxoniylar, Xorazmshohlar va Temuriylar davrida ko‘chirilgan Qur’on nusxalarini ham ko‘rish mumkin. Usmon Mus'hafi tarixi bu faqat bir qo‘lyozmaning tarixi emas. Bu asrlar osha saqlangan ilmiy va ma’naviy meros, uni asrab-avaylagan avlodlar xotirasi va O‘zbekiston zaminida shakllangan buyuk islom sivilizatsiyasining uzviy davomiyligi haqidagi tarixdir.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari