Shunday bir fursat borki unda mo‘min bandaga dunyoda uni gunohu ma’siyatlardan, oxiratda esa do‘zaxdan to‘sadigan “qalqon” beriladi. Bu haqida payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam shunday xabar berganlar:
عَنْ أَبِى هُرَيْرَةَ أَنَّ النَّبِىَّ صَلَّى اللهُ عَلَيهِ وَسَلَّمَ قَالَ الصِّيَامُ جُنَّةٌ إِذَا كَانَ أَحَدُكُمْ صَائِمًا فَلاَ يَرْفُثْ وَلاَ يَجْهَلْ فَإِنِ امْرُؤٌ قَاتَلَهُ أَوْ شَاتَمَهُ فَلْيَقُلْ إِنِّى صَائِمٌ إِنِّى صَائِمٌ. رَوَاهُ اَبُو دَاودَ
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Ro‘za qalqondir. Qachon birortangiz ro‘zador bo‘lsa yomon gap gapirmasin, johillik qilmasin. Agar biror kishi u bilan urushsa yo uni haqorat qilsa: “men ro‘zadorman, men ro‘zadorman”, desin”, dedilar”. Abu Dovud rivoyat qilgan.
Hadisi sharifdagi “qalqon” deya tarjima qilingan “junnatun” kalimasi lug‘atda “to‘suvchi”, “himoya qiluvchi” kabi ma’nolarni anglatadi. Shunga ko‘ra ulamolar ushbu kalimadan qanday ma’no ko‘zlangani haqida quyidagilarni aytganlar:
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam so‘zlarining davomida ro‘zadorga “yomon gap gapirmasin”, deya tayinlaganlar. Ya’ni, birovni haqoratlash, birov ustidan kulish, la’nat aytish va fahsh gaplarni gapirish kabi shariat man qilgan gaplardan qaytarganlar. Demak, ro‘zador kishi halim bo‘lishi, o‘zgalar bilan urishib tortishmasligi, jahli chiqqan vaqtda ham o‘zini qo‘lga ola bilishi ro‘zadorning odoblaridan hisoblanadi.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam ro‘zadorning yana bir sifatini ta’kidlab “johillik qilmasin”, deganlar. Ya’ni, ro‘zador shariat man qilgan noto‘g‘ri so‘zlarni gapirmasin va noto‘g‘ri ishlarni qilmasin. Shunga ko‘ra ro‘zador kishini birov urishib haqorat qilgan taqdirda ham: “men ro‘zadorman, men ro‘zadorman” deyishi va uning haqoratiga “javob” qaytarishdan o‘zini tiyishi lozim. Ana shunda u ro‘zaning hurmatini saqlagan hamda mazkur hurmat sababli o‘ziga johillik qilayotgan beodob kimsani ham odobga chaqirgan bo‘ladi.
E’tibor beriladigan bo‘lsa aslida ro‘za bo‘lmagan paytlarda ham uni qilish mumkin bo‘lmagan ishlardan ro‘zada ta’kidlab qaytarilgan. Buning hikmati haqida ulamolar shunday deganlar: “Inson bir narsadan uzluksiz bir oy o‘zini saqlasa, o‘sha narsa uning odatiga aylanib mazkur muddatdan keyin ham doimo undan saqlanadigan bo‘lib qoladi”.
Shu ma’noda hozirgi kunimizda ham ayrim muhim xavfsizliklarni insonlarning odatlariga aylantirish maqsadida ba’zi oylarni “harakat xavfsizligi oyligi”, yoki “yong‘in xavfsizligi oyligi” kabi nomlar bilan atalayotgani barchaga ma’lum bo‘lgan oddiy haqiqatdir.
Zero ro‘zadan ko‘zlangan asosiy maqsad boshqa payt istemol qilish mumkin bo‘lgan yeyish-ichish kabi narsalardan saqlanishdangina iborat emas, balki nafsni jilovlash malakasini hosil qilishdir.
Demak Ramazon oyida mazkur qaytariqlarning ta’kidlanishi faqatgina uning boshqa oylardan afzal ekanini bildirib qo‘yish uchun emas, balki bu oyda odatga aylangan ishlar boshqa barcha oylarda ham bardavom bo‘lishi uchundir. Shunga ko‘ra Ramazonda o‘zlashtirilgan sifatlarni odatlariga aylantirib olganlarning oilalarida va bunday oilalardan tashkil topgan jamiyatda tinchlik, totuvlik va xayru baraka butun yil bo‘yi davom etadi.
Alloh taolo barchalarimizni dunyoda gunohlardan, oxiratda do‘zaxdan qalqon bo‘ladigan darjadagi ro‘za tutish baxtiga muvaffaq qilsin.
Olamlar Robbisiga hamdu sanolar, Payg‘ambarimiz Muhammad Mustafoga hamda u zotning oilalariyu sahobalariga salavot va salomlar bo‘lsin!
Toshkent islom instituti o‘qituvchisi
Abdulqodir Abdur Rahim
Raddiya: Islomda peshvolikni da’vo qiladigan guruh va oqimlar dindagi ayrim tushuncha va so‘zlarni g‘arazli maqsadlari yo‘lida buzib, noto‘g‘ri talqin qilishi hammaga ma’lum. Ular shu orqali musulmonlar hissiyotiga teginish, o‘zlariga tobelarni ko‘paytirish, dindor va ilmli bo‘lib ko‘rinishga harakat qiladi. “Tog‘ut” so‘zi ular ko‘p ishlatadigan, insonlarni, ayniqsa hukmdorlarni ayblashda qo‘llaydigan tushunchalardan biri. Aslida u nima? Qanday ma’nolarda ishlatiladi? Kimlar tog‘ut bo‘lishi mumkin?
“Tog‘ut” lafzi “tug‘yon” so‘zi bilan o‘zakdosh bo‘lib, Alloh belgilab qo‘ygan chegaradan chiqishga, kufrda haddan oshishga, isyon qilishga nisbatan ishlatiladi. Islomda Allohning yo‘lidan boshqa yo‘l “tog‘ut” deyiladi. Tog‘utning kattasi Shaytondir.
“Tog‘ut” kalimasi Qur’oni karimning sakkiz joyida zikr qilingan bo‘lib, ulamolarimiz uni turlicha tafsir qilgan. Umar ibn Xattob roziyallohu anhu, Imom Sha’biy, Imom Zahhok “Tog‘utdan murod – Shayton” degan. Imom Abu Oliya va Muhammad ibn Sirin tog‘ut sehrgar va folbin ekanini aytgan.
“Tafsiri Jalolayn”da tog‘ut so‘zi tafsiriga murojaat qilaylik: “Kim tog‘utga kufr keltirib, Allohga iymon keltirsa, batahqiq uzilmaydigan mustahkam tutqichni ushlagan bo‘ladi” (Baqara surasi, 256) va “Kufr keltirganlarning do‘stlari tog‘utlardir. Ularni nurdan zulmatlarga chiqarurlar” (Baqara surasi, 257) oyatlarida tog‘utlar – but-sanamlar va Shayton, “Kitob (Tavrot)dan nasibador bo‘lganlarning “Jibt” va “Tog‘ut”ga sig‘inishlarini va kofirlarga “Shular mo‘minlardan ko‘ra to‘g‘riroq yo‘ldadir” deyishlarini ko‘rmadingizmi?!” (Niso surasi, 51) oyatida – Jibt va Tog‘ut Quraysh qabilasidagilarning ikki sanami, “O‘zlarini, Sizga nozil qilingan (Qur’on) va Sizdan oldin nozil qilingan (ilohiy kitoblar)ga iymon keltirgan, deb hisoblaydiganlarning hukm so‘rab, Tog‘ut huzuriga borishni xohlayotganlarini ko‘rmadingizmi?” (Niso surasi, 60) oyatidagi tog‘ut kufrda haddan oshgan, tug‘yonga ketgan Ka’b ibn Ashraf, “Kofirlar (esa) Tog‘ut yo‘lida jang qiladilar” (Niso surasi, 76-oyat) va “Kim Allohning la’natiga uchragan, g‘azabiga duchor bo‘lgan, maymun va cho‘chqaga aylantirilgan va tog‘utga ibodat qilgan bo‘lsa, ana o‘shalar yomon martabadagi va to‘g‘ri yo‘ldan butunlay adashgan kimsalardir” (Moida surasi, 60) oyatlarida ular Shayton, “Batahqiq, Biz har bir ummatga: “Allohga ibodat qiling va tog‘utdan chetlaning” deb payg‘ambar yuborganmiz” (Nahl surasi, 36-oyat) va “Tog‘utdan, unga ibodat qilishdan chetda bo‘lganlarga va Allohga qaytganlarga xushxabar bor” (Zumar surasi, 17-oyat) oyatlarida ham ular Shayton deb nazarda tutilgan.
Alloma Ibn Atiyya aytadi: “Ba’zi olimlar: “Allohdan o‘zga ibodat qilinadigan har qanday narsa tog‘utdir”, degan”. Fir’avn, Namrud va o‘zini iloh deb e’lon qilganlar va ibodat qilinadigan but-sanamlar tog‘ut deyiladi.
Muqotil roziyallohu anhu “Kufr keltirganlarning do‘stlari tog‘utlardir” oyatidagi tog‘utni Ka’b ibn Ashraf va Huyay ibn Axtab deb tafsir qilgan. U ikkisi islom va musulmonlarga adovati cheksiz, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga ko‘p aziyat bergan, musulmonlarga qarshi urushga juda ko‘p da’vat qilgan yahudiylardan edi.
Imom Navaviy aytadi: “Lays, Abu Ubayda, Kisoiy va ko‘pchilik tilshunoslar: “Tog‘ut – Alloh taolodan boshqa ibodat qilinadigan narsa”, degan”.
Shayx Muhammad Amin Shinqitiy: “Haqiqat shuki, Allohdan o‘zga ibodat qilinadigan har qanday narsa tog‘ut, eng katta tog‘ut esa Shaytondir”, deydi.
Tog‘ut so‘zining ma’nosi haqida buyuk mufassir Imom Tabariy “Jomi’ul bayon” tafsirida: “Fikrimcha, tog‘ut haqida to‘g‘ri gap shuki, tog‘ut Allohga tug‘yon qilib, Uni tark etib, Undan o‘zgaga ibodat qilingan narsadir. O‘sha ma’bud inson, shayton, but va boshqa narsalar bo‘lishi mumkin”, deydi.
Mufassir olim Hasan Tahsin Fayzli “tog‘ut” so‘zini “Allohdan uzoqlashtiradigan, uning amrlarini bajarishni man etadigan kimsalar”, deb izohlagan.
Demak, sahobai kiromlar, tobeinlar va ulamolarimizning so‘zlaridan tog‘ut kalimasi shayton, sehrgar, folbin va Allohdan boshqa ibodat qilinadigan har qanday narsa ekani ma’lum bo‘lmoqda.
Afsuski, hozirgi kunda ba’zi toifalar musulmon rahbarlarni tog‘ut deb atab, ularni osongina kofirga chiqarmoqda. Ularning uslubi xavorijlarnikiga o‘xshaydi. Ular arzimas narsalar tufayli iymonli odamni kofirga chiqarib, qonini halol hisoblab, qanchadan-qancha beayb musulmonlar umriga zomin bo‘lmoqda, islomning pok nomiga dog‘ tushirib, asl mohiyat va tamoyillarini yot va buzg‘unchi g‘oyalardan iborat fitnalar soyasiga tushirib qo‘ymoqda.
O‘tkirbek Sobirov
O‘zbekiston musulmonlari idorasi bo‘lim boshlig‘i,
Toshkent islom instituti o‘qituvchisi