Barchamizga ma’lumki, qadim Movarounnahr diyoridan Islom tamadduni uchun o‘zlarining beqiyos hissalarini qo‘shgan yetuk va mo‘tabar allomalar yetishib chiqqan. Misol tariqasida imom Buxoriy, imom Termiziy, imom Moturidiy va imom Zamaxshariy va boshqalarni esga olamiz. Islom olamida turli ilmlarga oid bitilgan asarlarda Buxoro, Xorazm, Samarqand, Balx va Nasaf kabi joy nomlariga duch kelamiz. Bu diyorlarda ilm maktablari rivojlangan bo‘lib, o‘zining hosilini butun dunyoga mashhur qilgan. Misol uchun, Buxoro imom Buxoriy bilan, Xorazm imom Zamaxshariy bilan, Samarqand imom Moturidiy bilan, Balx imom Termiziy bilan, Nasaf esa nasafiylar bilan tanilgan. Birgina Nasaf (hozirgi Qarshi) diyorida yuzlab allomalar yashab, turli ilmlarda ijod qilganlar. Ulardan biri Imom Abu Hafs Umar Nasafiy hazratlaridir.
Imom Abu Hafs Nasafiynig to‘liq ismlari Najmiddin Umar ibn Muhammad ibn Ahmad ibn Ismoil ibn Muhammad ibn Luqmon bo‘lib, kunyasi Abu Hafsdir. Imom Nasafiy tug‘ilgan yillari hijriy 461 (milodiy 1068) bo‘lib, Nasafda tavallud topgan. U kishi yuksak hifz bilan tanilgan imomlardan biri bo‘lib, fozil imom, mutakallim, mufassir, muhaddis, faqih, hofiz, adib va nahvshunos bo‘lganlar. Islom ilmlarining barchasida mohir bo‘lib, shu ilmlarda ijod qilgan, kitoblar tasnif etgan. Ustozlari ko‘p bo‘lib, shulardan biri Sadrul islom Abul Yusr Muhammad Bazdaviydir. Undan fiqhni ta’lim olgan. Kalom ilmini mashhur mutakallim imom Abu Muin Nasafiydan ta’lim olgan. Shogirdlari ham ko‘p bo‘lib, mashhurlari: o‘g‘li Abu Lays Ahmad Nasafiy va “Hidoya” sohibi imom Burhoniddin Marg‘inoniydir.
Imom Abu Hafs Najmiddin Nasafiy o‘zidan islom merosiga ko‘plab qimmatli va mo‘tabar asarlar qoldirgan bo‘lib, bu asarlar turli fanlarga bag‘ishlangan. Shulardan biri “Tilbatut talaba” asaridir. Bu kitob fiqh ilmiga bag‘ishlangan bo‘lib, to‘liq nomi “Tilbatut talaba fil istilahatil fiqhiya ’ala alfazil kutubil hanafiya”dir. Ya’ni, “Hanafiy fiqhi kitoblarida kelgan fiqhiy istilohlar borasida talabalarning izlaganlari” degan ma’noni anglatadi.
“Tilbatut talaba” asari fiqhda lug‘atga oid birinchi kitob bo‘lib, zamonaviy til bilan aytganda ensiklopedik kitobdir. Muallif unda hanafiy ulamolari o‘z asarlarida qo‘llagan lafzlar va so‘zlarning ma’nolarini to‘plagan. Asarda muallif faqat hanafiy fiqhiga doir istilohlarni keltirib, boshqa mazhablarga murojaat qilmagan. Bu haqda olim asarning tahorat bobida shunday deydi: “Bu kitobni tasnif etishdan maqsadim - hanafiy mashoyixlarimiz o‘z kitoblarida keltirgan lafzlarni sharhlashdir”.
Asarda imom Nasafiy ilm toliblarining bilishi qiyin bo‘lgan fiqhiy ta’riflarni ifoda etishga harakat qiladi. Birinchi, har bir lafzning lug‘aviy ma’nosini keltirib, izidan fiqhiy istilohiy ma’nosini keltiradi. So‘ngra o‘sha lafzga tegishli Qur’on oyatlari va hadisi sharifdan shohidlarni keltiradi.
Muallif asarni fiqh boblari tarzida yoritadi. Misol uchun, tahorat bobidan boshlab, istihlof va tazkiya bobida tugatadi. Har bir bobga tegishli istilohlarni mavzuga bo‘lmasdan to‘g‘ri keltiradi. Masalan, tahorat kitobini “tahur” (طهور) bahsi bilan boshlab, undan keyin “istinjo” bahsiga o‘tadi.Chunki, istinjo mavzusi fiqhiy kitoblarda tahorat bobining so‘ngida keladi. Bundan bilinadiki, muallif bu borada tartibga e’tibor bermagan. Imom Nasafiy asarni tasnif qilishda ba’zi fiqh va lug‘atga doir kitoblar, tafsir va hadis kitoblaridan foydalanadi va ularning nomlarini ochiq zikr qiladi. Bazilarining nomlarini esa zikr qilmaydi.
Imom Nasafiy asarning muqaddimasida kitobning yozilishi sababini keltirib, shunday deydi: “Bir jamoa ahli ilm mendan fiqh lug‘atidag‘i begona lafzlarni tushunmagan va mashoyixlarimiz kitoblarida zikr qilingan arab lafzlarini bilishda mohir bo‘lmaganlar uchun mushkil istilohlarni sharhlashni so‘rashdi. Allohdan yordam so‘rab, bu kitobni jamladim”.
Xulosa o‘rinda shuni aytamizki, bu kitob ilm toliblari foydalanadigan nodir kitoblardan biridir. Kelgusida bu kitob borasida ilmiy ish va tadqiqotlar olib borilib, ona tilimizga tarjima qilinadi, degan umiddamiz.
Manbalar asosida
Toshkent islom instituti
talabasi
Xalilulloh YUSUF
tayyorladi
Insonga mehr ko‘rsatish, muhtojning holidan xabar olish, bemorga tasalli berish va ehtiyojmandlarga ko‘mak qo‘lini cho‘zish xalqimiz ma’naviyatining azaliy fazilatlaridandir. Islom ta’limotida ham saxovat, mehr-oqibat va inson qadrini ulug‘lash eng ulug‘ amallardan biri sifatida e’tirof etilgan. Chunki bir insonning ko‘nglini ko‘tarish, uning qalbiga umid va ishonch bag‘ishlash jamiyatda mehr-muhabbat, hamjihatlik va totuvlikni mustahkamlaydi.
Shu ezgu qadriyatlarni hayotga tatbiq etish, aholining ehtiyojmand qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash va yurtdoshlarimiz qalbida mehr-shafqat tuyg‘ularini yanada kuchaytirish maqsadida 2026 yil 13 avgust kuni Samarqand viloyati Urgut tumanida keng ko‘lamli ma’naviy-ma’rifiy hamda xayr-saxovat tadbirlari o‘tkazildi.
Mazkur xayrli tadbirlarda Samarqand viloyati bosh imom-xatibi vazifasini vaqtincha bajaruvchi Nursultonxon domla Abdumannonov, viloyat bosh imom-xatibi o‘rinbosari Xayrullo domla Sattarov, VAQF xayriya jamoat fondi Samarqand viloyati filiali rahbari Yoqubjon domla Mansurov, uning o‘rinbosari A.Sultonov, shahar va tuman bosh imom-xatiblari, «Haj–2026» ziyoratchilari, mahalla faollari va nuroniylar ishtirok etdilar.
O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan o‘tkazilgan ushbu xayrli aksiya doirasida ijtimoiy himoyaga muhtoj, kam ta’minlangan va boquvchisidan ayrilgan 300 ta oila holidan xabar olindi. Ularning xonadonlariga tashrif buyurilib, turmush sharoitlari o‘rganildi, oilalarga zarur oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib berildi.
Tashriflar davomida bemor va keksalarning holidan xabar olinib, ular bilan samimiy suhbatlar o‘tkazildi. Ularning haqqiga shifo, xonadonlariga fayzu baraka, yurtimizga tinchlik-xotirjamlik tilab duolar qilindi. Zero, muhtojning ko‘nglini ko‘tarish va uni yolg‘iz emasligini his ettirish ham insonparvarlikning yuksak ko‘rinishidir.
Shu bilan birga, hayotida turli ijtimoiy qiyinchiliklarga duch kelgan hamda yot g‘oyalar ta’siriga tushib qolish xavfi mavjud bo‘lgan ayrim fuqarolar bilan yakka tartibda muloqotlar tashkil etildi. Suhbatlarda sof e’tiqod, oila muqaddasligi, farzand tarbiyasi, halol mehnat, Vatanga sadoqat, milliy va diniy qadriyatlarga hurmat, shuningdek, turli buzg‘unchi g‘oyalarga nisbatan ma’naviy immunitetni mustahkamlash masalalari hayotiy misollar asosida tushuntirildi.
Tadbirlar doirasida Urgut tumanidagi jome masjidlarda peshin namozidan so‘ng ma’naviy-ma’rifiy uchrashuvlar ham o‘tkazildi. Ularda mehr-oqibat, qo‘ni-qo‘shnichilik munosabatlarini mustahkamlash, yoshlarni milliy va diniy qadriyatlarga sodiqlik ruhida tarbiyalash, oila tinchligini asrash, jamiyatda o‘zaro hurmat va ahillik muhitini qaror toptirish kabi dolzarb mavzular atroflicha yoritildi.
Uchrashuvlar yakunida mamlakatimiz tinchligi, xalqimiz farovonligi, Vatanimiz ravnaqi va yosh avlodning ilmli, odobli hamda vatanparvar insonlar bo‘lib voyaga yetishi haqida xayrli duolar qilindi.
Bugun yurtimizda inson qadrini ulug‘lash, aholining ehtiyojmand qatlamlarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, jamiyatda mehr-saxovat va o‘zaro g‘amxo‘rlik muhitini qaror toptirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Urgut tumanida o‘tkazilgan mazkur xayrli tadbirlar ham ana shu ezgu maqsadlarga xizmat qilib, aholi o‘rtasida hamjihatlik, bag‘rikenglik va insonparvarlik tuyg‘ularini yanada mustahkamladi.
Mehr bor joyda ishonch, saxovat bor joyda baraka, inson qadri ulug‘langan jamiyatda esa tinchlik va farovonlik qaror topadi. Ana shunday ezgu amallar xalqimiz o‘rtasidagi birdamlik rishtalarini mustahkamlab, yurtimizning yanada obod va fayzli bo‘lishiga xizmat qiladi.
Samarqand viloyati vakilligi matbuot xizmati