Dinimizda taqiqlangan narsalarning barchasida inson sog‘ligiga yoki jamiyatga zararlari bor. Aksincha, ularga man etilmagan narsalarda foydalari juda ko‘p. Din ustunlaridan biri bo‘lmish ro‘za ibodati ham inson salomatligiga bu dunyoda keltiradigan manfaatlari ko‘p bo‘lishi bilan birga, oxirat sarmoyasi hamdir. Ro‘za jismning zakoti ekan, bu oyda tugal ro‘za tutgan odam tanasi va ruhidagi o‘zgarishlarning ijobiyligini his etadi.
Ro‘za barcha a’zolarni saqlaydi, Uning inson salomatligini mustahkamlashi borasidagi foydalari haqida ko‘p gapirilgan. Ro‘za oshqozon va ichaklarni ortiqcha chirindilardan tozalaydi, u tufayli hazm qilish tizimi ma’lum muddat orom oladi. Ro‘za parhezdan ham ustun turadi. Ichak va yo‘g‘on ichaklarida yallig‘lanishi bor bemorlar ro‘zaning foydasini sezishadi. Ro‘zada taomlanish bir tartibga tushadi.
Ro‘za nafs va ruhni poklaydi, kambag‘al va muhtojlarga mehr ko‘rsatishni o‘rgatadi, shahvatlarga berilishdan qaytaradi, nafsni rostgo‘ylik, g‘azab qilmaslik kabi xulqlarga erishtiradi, tinchlik, muhabbat va poklik ruhini beradi. Ba’zi doktorlar qand, bo‘g‘im va boshqa turli kasalliklarni davolashda ro‘zadan keng foydalanishgan.
Inson organizmi asab tizimiga qarab turlicha bo‘ladi. Inson tanasidagi ortiqcha vazn sababidan ham kasallik seza boshlaydi, peshob yo‘lida to‘plangan toshlarni eritishda, oqsil va kraxmal moddalarining ko‘pchish holatiga sabab bo‘luvchi oshqozon bezovtaligida ro‘za ham ko‘p foyda beradi.
Ro‘za ibodati insonning sog‘ligiga qanchalik foydali bo‘lsa, uning ruhi – qalbiga ham shunchalik manfaatli. Buni quyidagi ma’lumotlardan bilib olishimiz mumkin. Nabiy (alayhissalom): “Ogoh bo‘linglar! Hammaning jismida bir bo‘lak go‘sht bo‘ladi. Agar u salohiyatli bo‘lsa, butun jasad salohiyatli bo‘ladi. Agar u fasod (aynisa, yaroqsiz) bo‘lib qolsa, butun jasad fasodli bo‘ladi. Ogoh bo‘ling u qalbdir”, dedilar.
Demak, ro‘za bilan qalbimizni isloh qilsak, butun jasadimizni isloh qilgan bo‘lamiz. Qalbimizning salohiyatli bo‘lishi esa, dunyo va oxiratdagi saodatimiz. Uning fasod bo‘lishi natijasida qanday halokatga yuz tutishini Alloh taoloning yolg‘iz O‘zi biladi.
Qalbimiz nafaqat Ramazon oyida balki, boshqa oylarda ham Ramazon oyidagidek ro‘za tutishi kerak. Uning ro‘za tutishi esa shirk amallar, noto‘g‘ri e’tiqod, yomon va yovuz niyatlar va mahzunliklardan uzoq bo‘lishidir. Zero, qalbimiz Alloh taologa bo‘lgan muhabbat bilangina tirik bo‘ladi, chiroq kabi charaqlaydi, quyosh kabi nur sochadi va tong kabi yaraqlaydi.
Qalbimiz Qur’oni karimni eshitishi bilan imon nuri, tafakkur qilishi bilan ishonchi va atrof-muhitga ibrat nazari bilan boqishi natijasida hidoyati ziyodalashib boradi, manmanlikdan tiyiladi. Chunki kibr – qalb ro‘zasini buzadi.
Shuni esda tutish lozimki, kasalni davolash uchun muolaja qanchalik zarur bo‘lsa, parhez ham shunchalik zarur. Gunohlardan parhez qilib, Alloh taoloning buyruqlariga itoat qilish orqali maqsadimiz hosil bo‘ladi.
Inson sog‘lig‘iga oid ro‘za haqidagi mazkur ma’lumotlar Alloh taolo bizdek ojiz bandalariga bildirganlaridir. Biz bilmagan yana qancha manfaatlari va hikmatlari bor, bu U Zotning yolg‘iz O‘ziga ayon.
Qoraqalpog‘iston musulmonlar qoziyoti qozisi
Sh.Bauatdinov
Istig‘for insonning Alloh taolodan gunohlarini kechirishini so‘rashi va uning rahmatiga yuzlanishidir. Islom ta’limotida istig‘for nafaqat gunohlarning kechirilishiga, balki inson hayotida baraka, xotirjamlik va yaxshiliklar ko‘payishiga sabab bo‘luvchi amal sifatida ta’kidlangan.
Bir kishi Tobe’inlarning buyuk olimlaridan Hasan Basriy huzurlariga kelib: Ey imom! osmondan yomg‘ir yog‘mayapti, dedi.
U zot: Allohdan mag‘firat so‘rang (istig‘for ayting), – dedilar.
Keyin boshqa bir kishi kelib: Xotinim farzand ko‘rmayapti, – dedi.
U zot: Allohdan mag‘firat so‘rang, – dedilar.
Yana bir kishi kelib: hayot qiyinchiliklaridan, qashshoqlikdan shikoyat qilaman, – dedi.
U zot: Allohdan mag‘firat so‘rang, – dedilar.
Shunda majlisdagi kishilardan biri: Ajab ekan, ey imom! Kim qanday hojat bilan kelmasin, hammasiga istig‘for aytishni buyuryapsiz, – dedi.
Hasan Basriy bunday javob berdilar: Alloh taoloning ushbu so‘zini o‘qimadingizmi?
“Bas, Parvardigoringizdan mag‘firat so‘ranglar. Albatta, U o‘ta Mag‘firatlidir. Shunda U sizlarga osmondan ketma-ket yomg‘ir yog‘diradi. Mol-dunyo va farzandlar bilan madad beradi, sizlar uchun bog‘lar va anhorlar ato etadi” (Nuh surasi, 10–12-oyatlar).
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Masjidlar bilan ishlash bo‘limi mutaxassisi
Humoyuddin Xusniddin o‘g‘lining tarjimasi.