Sayt test holatida ishlamoqda!
26 Avgust, 2026   |   13 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:18
Quyosh
05:43
Peshin
12:25
Asr
17:09
Shom
19:10
Xufton
20:30
Bismillah
26 Avgust, 2026, 13 Rabi`ul avval, 1448

Ro‘za hikmatlaridan bilishni istaysizmi?

25.05.2018   42328   4 min.
Ro‘za hikmatlaridan bilishni istaysizmi?
  1. Ro‘za tutgan kishining taqvodorligi ziyodalashadi. Alloh taolo Qur’oni karimda ro‘zani oldingi ummatlarga farz qilganidek, ushbu ummati Muhammadiyyaga ham farz qilganini  aytib, oyatning so‘ngida, albatta, taqvodor bo‘lasizlar deb ta’kidladi. Ro‘za tufayli insonda Rabbisini ko‘rib turganligini his qilish kuchi, U zotdan qo‘rqish hissi yanada ziyodalashadi. Ro‘za tutish bilan banda Rabbisiga bo‘ysunib, buyrug‘iga “labbay”, deb itoat qilgan bo‘ladi.
  2. Ro‘za ko‘zni nomahramlarga nazar solishdan saqlovchi, yomonliklarga undovchi shaytoniy nafsini susaytiradigan asosiy omillardandir. Chunki uning yordamida inson nafsining har qanday xohish-istaklariga g‘olib keladi. Bu bilan insonning qiyinchilik, mashaqqatlarga bardosh berish, sabr qilish tajribasi oshadi. 
  3. Ro‘zaning yana bir hikmati nochor, miskin, faqirlarni holatini eslatishdir. Kim och, chanqoq bo‘lmas ekan, faqirlar chekadigan qiyinchiliklarni qayerdan bilsin! Ro‘za tutgan inson ochlik, chanqoqlik alamini totib ko‘rib, bechora holdagilarni qanday kun kechirayotganini yaxshi biladi.  Hayot turmushimizda to‘kin-sochin, farovon hayot kechirar ekanmiz, ko‘p holatlarda, qarindosh-urug‘, qo‘ni-qo‘shni, atrofimizdagi insonlarning holati qay darajada kechayotganini, loaqal bir marotaba eslab qo‘yish yodimizdan ko‘tarilib qoladi. Ko‘cha-ko‘yda, avtobusda, metroga tushganimizda bozorga borganimizda, umuman olganda ko‘plab o‘rinlarda ibrat olishimiz kerak bo‘lgan holatlarga duch kelamiz-u, lekin e’tibor bermasdan o‘tib ketaveramiz. Shuning uchun ham xalqimizda “Qorni to‘qning qorni och bilan nima ishi bor” degan ibora bejiz aytilmaydi. Haqiqatdan ham ba’zida bechorahol kishilarning oldidan o‘tib ketadigan bo‘lsak, ular ham biz kabi inson, ular ham biz kabi farovon hayot kechirishni istashlarini, ularning oldilaridagi jajji farzandlari, bizlarning farzandlarimiz kabi ota-onaning mehriga, atrofdagilarning e’tiboriga loyiq ekanlarini unutib qo‘yamiz. Ha, inson unutuvchan va ba’zan noshukr bo‘ladi, chunki kecha yaqinda o‘zining holati ham shunday bo‘lganini, o‘zi ham boshqalarning ko‘magiga muhtoj bo‘lganida: “Men ham qachon o‘zgalarga o‘xshab ko‘nglim tusagan narsani yeyman”, deb Alloh taologa duo qilib yolvorganini unutib qo‘yadi. Yoki bo‘lmasa, umri davomida to‘qchilikda yashab, taqdiri ilohiy bilan o‘zining boshiga ham shunday kunlar tushib qolishi mumkinligi haqida o‘ylab ham ko‘rmaydi. Shuning uchun ham yuqorida ta’kidlab o‘tganimizdek, ro‘za insonni muruvvatli qiladi, o‘zgalarga, xususan bechora hollarga e’tibor qaratishga undaydi. Kim o‘zida rahm-shafqat sifatini shakllantirish va mustahkamlashni xohlasa ro‘za tutsin! 
  4. Yana bir hikmati – uzog‘u yaqindagi barcha musulmonlarni Ramazon oyida ro‘za tutishga birlashtirishdir. Bir vaqtda ro‘zani niyat qilib, bir vaqtda ro‘zalarini ochadilar. Shu bilan ham ma’nan, ham hissan barcha ummatning yakdilligi ro‘yobga chiqadi. 
  5. Ro‘zaning navbatdagi hikmati, ro‘za badan uchun sihat-salomatlik garovi sanaladi. Ro‘zador ro‘za tutishi sababli, o‘z sog‘ligini tiklab oladi. Bugungi kunga kelib butun dunyoda ro‘za nafaqat sog‘liqni saqlash uchun, balki bemorlarni davolash uchun ham o‘ta zarur omil ekanligi oshkora aytilmoqda. Yaqinda Rossiya olimlari ro‘za tutish yo‘li bilan davolangan bemorlar ro‘yxatini e’lon qilishdi. Hatto saraton kasaliga mubtalo bo‘lganlar ham mana shu yo‘l bilan shifo topishibdi. Ro‘za turli kasalliklarga davo bo‘lishi bilan birga badandagi yomon, keraksiz yog‘larni, xolerik-safro, flagmatik-balg‘am, sangvinik-qon, melanxolik-qora o‘tlarni ketkazadi. Qonni musaffo qiladi, oshqozonni yaxshilaydi. Natijada ro‘zador ancha yengillashib qoladi, zehni o‘tkir, xotirasi kuchli, irodasi mustahkam bo‘ladi. Ko‘plab tibbiyot mutaxassislari: “Ro‘za tutish badanning sog‘lom va quvvatli bo‘lishiga sabab bo‘ladi”, deb ta’kidlaydilar.
  6. Ro‘za ba’zi larga kafforotdir. 
  7. Ro‘za tutgan kishi o‘z ro‘zasi sababli ma’lum vaqt farishtalar sifati ila sifatlanadi. Ma’lumki, yemaslik, ichmaslik va jinsiy yaqinlik qilmay, doimo toatda bo‘lish farishtalarga xos sifatdir.

 

 

Ko‘kaldosh o‘rta maxsus islom bilim yurti mudarrisi

Baratov G‘iyosiddin manbalar asosida tayyorladi.

Ramazon-2018
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Ozarbayjonlik jurnalistlar Samarqanddagi Imom Buxoriy maqbarasini ziyorat qildi

21.08.2026   43439   1 min.
Ozarbayjonlik jurnalistlar Samarqanddagi Imom Buxoriy maqbarasini ziyorat qildi

"Report" xabariga ko‘ra, tashrif O‘zbekiston bo‘ylab media-tur doirasida bo‘lib o‘tdi.

Imom Buxoriy maqbarasi Samarqand viloyatidagi eng muhim ma’naviy va tarixiy obidalardan biridir.

Tashrif davomida Ozarbayjon ommaviy axborot vositalari vakillari Imom Buxoriy maqbarasi, masjid, muzey va kutubxona vazifasini bajaruvchi xonani o‘z ichiga olgan yodgorlik majmuasi hududi bilan tanishdi. Jurnalistlarga majmuaning yaratilish tarixi, Imom Buxoriy hayoti va ilmiy merosi, shuningdek, uning islom ilm-fanidagi alohida o‘rni haqida so‘zlab berildi.

Media-tur ishtirokchilari majmuaning muzey qismiga alohida e’tibor qaratdi. Bu yerda islom madaniyati va Imom Buxoriy merosiga oid qo‘lyozmalar va turli tarixiy materiallar taqdim etilgan. Shuningdek, muzeyda turli mamlakatlar vakillari tomonidan majmuaga sovg‘a qilingan Qur’oni karim nusxalari ham saqlanadi.

Ishtirokchilarga majmua turli mamlakatlardan kelgan dindorlar uchun ziyoratgoh va allomaning ma’naviy merosini asrab-avaylashning muhim markazi ekanligi haqida so‘zlab berildi. Jurnalistlar majmuaning me’moriy xususiyatlari va tashrif buyuruvchilar uchun yaratilgan zamonaviy infratuzilma bilan ham tanishdi.

Imom Buxoriy eng nufuzli islom ulamolaridan biri va islom an’anasidagi eng muhim hadis to‘plamlaridan biri bo‘lgan "Sahih al-Buxoriy" hadislar to‘plamining muallifi hisoblanadi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

Dunyo yangiliklari