Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdlar bo‘lsinki, sog‘inch va ishtiyoq bilan kutilgan oylarning sultoni ezgulik va rahmat oyi, ko‘p-ko‘p Qur’on tilovatlari o‘qiladigan, insonlar savoblarini ko‘proq qiladigan, saxovatu duo, tarovehu Qur’on tilovotlar oyi bo‘lmish muborak mohi ramazon o‘zining tarovati, saxovati va barakoti bilan davom etmoqda.
Musulmonlar bu fazilatli oyni bir olam shodligu quvonch bilan kutib oldilar. Kimdir bu oyda masjidlarga chiqib, taroveh namozlarida qatnashib, xatmi Qur’onlarga some’ bo‘lib uning savobidan umidvor bo‘lish niyatida bo‘lsa, yana kimdir bu oyda ko‘p xayrli ishlarni amalga oshirish niyatida bo‘lmoqdalar. Kimlardir qalbidagi ginalardan forig‘ bo‘lib, o‘zi uchun pokiza hayot sahifasini ochish niyatida bo‘lsa, kimdir saxovat va silai rahmda bo‘lish niyatida. Bu muborak oyda insonlar Alloh uchun ramazon ro‘zasini astoydil ado etadilar.
Alloh taolo: “Ro‘za men uchun. uning mukofotini O‘zim beraman, Banda taomini, ichimligini va shahvatini men uchun tark qiladi”, deb marhamat qilgan.
Bu jumlada qudsiy hadis rivoyat qilinmoqda. Boshqa bir rivoyatda Alloh taolo: “Odam bolasining barcha amali o‘zi uchun, faqat ro‘za Myen uchun va uni mukofotini O‘zim beraman”, degan.
Ro‘zador banda ro‘za kunlarida sabru qanoatda bardavom bo‘lib, Parvardigorining amriga bo‘ysunish uchun barcha ne’matlar: taom va ichimliklarni iste’mol qilishdan va o‘z jufti haloliga (ayoli) yaqinlik qilishdan shahvatini tiyadi.
Ro‘zadan boshqa amallarga ozgina bo‘lsa-da, riyo aralashadi, ya’ni banda bajarayotgan ibodatlarini boshqalar ham ko‘radi. Faqat ro‘za bundan mustasnodir. Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Ro‘zada riyo yo‘qdir. Alloh: faqat ro‘za men uchun … degan”.
Bir insonning ro‘za ekanini boshqalar bilishi qiyindir. Shu bois Alloh taolo ro‘zaning mukofotini O‘zi berishini bildirdi.
Imom Zuhriy roziyallohu anhu aytadi: “Ro‘zadan boshqa barcha amallar inson tashqi harakatisiz bo‘lmaydi, faqat ro‘za qalbdagi niyat bilan boshqalar ko‘ziga ko‘rinmaydigan amaldir”.
Ro‘za – ulug‘ ibodat. Ro‘zador kuni bo‘yi yeb-ichishdan o‘zini tiyadi. Ayniqsa, yoz fasli kelgan ramazon oyida kunlar uzun va havo harorati issiq bo‘lishi sababli mashaqqatliroq kechadi. Shunda ham ro‘zaning hurmatidan ro‘zador o‘zini nazorat qiladi, hech kim ko‘rmaydigan joylarda ham man’ qilingan narsalardan saqlanadi. Bu bilan ro‘zadorning sabru bardoshi sinaladi.
Alloh biz mo‘minlarga farz qilgan ramazon ro‘zasining inson uchun foydalari juda ham ko‘p. Jumladan:
Ramazon rahmat oyidir. Ramazonda Alloh taoloning rahmati jo‘sh uradi. Imom Muslim rivoyat qilgan hadisda: «Ramazon bo‘lganda rahmat eshiklari ochiladi», deyilgan. Ramazonning avvalgi o‘n kunligi nafaqat oyning, balki yilning «rahmat kunlari» hisoblanadi.
Ramazon mag‘firat oyi. Uning o‘rtadagi o‘n kuni nafaqat oyning, balki yilning «mag‘firat kunlari» hisoblanadi. Ramazon fazilati haqida Salmon Forsiy roziyallohu anhu qilgan rivoyatda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «U avvali rahmat, o‘rtasi mag‘firat va oxiri do‘zaxdan ozod bo‘lish fursati bo‘lgan oydir», deganlar.
Ramazonning oxirgi kechasi mag‘firat kechasidir. Abu Hurayra roziyallohu anhu aytadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «U (Ramazon)ning oxirgi kechasida ro‘zadorlarning gunohlari kechiriladi», dedilar. Ular: «Ey Allohning Rasuli, u Qadr kechasimi?», deb so‘rashdi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Yo‘q, lekin ishchi ishini ado etganidan so‘ng ajri – haqi to‘la qilib beriladi», dedilar (Imom Ahmad rivoyati).
Ramazon do‘zaxdan ozod bo‘lish oyidir. Ramazon oyida jannat darvozalari ochilib, do‘zax eshiklari yopiladi. Chunki, bu oyda jannatga kirish uchun sabab bo‘lgan xayrli ishlar va solih amallar ko‘proq bajariladi, do‘zaxga kirish uchun sabab bo‘luvchi gunoh-ma’siyatlar ishlar kamroq sodir etiladi. Jannat darvozalari musulmonlarni xayrli ishlarga shoshilishga targ‘ib qilib ham ochiladi. Do‘zax eshiklari esa, gunohlardan qaytgan, istig‘for aytgan, afsus-nadomat chekkan, qayta qilmaslikka niyat qilgan holda tavba qilishga targ‘ib qilib yopiladi. Natijada bu oyda vafot etgan va ruhi do‘zaxga mahkum qilingan kimsalar, bu oyning sharofati ila shu oyning oxirigacha do‘zaxga kiritilmay turadi. Jannatning barcha darvozalari ochilishi ramazon oyida yer yuziga Allohning rahmati ko‘p nozil bo‘lishiga ham ishoradir. Uning oxirgi o‘n kunligi «do‘zaxdan ozod bo‘lish» kunlari sanaladi. Shu bilan birga, ramazonda har kecha son-sanoqsiz kishilar do‘zaxdan ozod qilinadi. Imom Termiziy rivoyat qilgan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Ramazonda har kecha Allohning do‘zaxdan ozod qilinadigan bandalari bor», deganlar.
Ramazon – duo oyi. Ramazon oyining har kunida qabul bo‘ladigan bir duo bor. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam marhamat qilib dedilar: “Albatta, Ramazonning har kunida barcha musulmonlar uchun qabul bo‘ladigan bir duo bor” (Imom Ahmad, Bazzor va boshqalar rivoyati).
Agar bu duo ro‘za paytida, ayniqsa, iftordan salgina oldin qilinsa, maqsadga muvofiq bo‘ladi. Yana Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytadilar: “Uch kishining duosi qaytarilmaydi: adolatli imom, ro‘zador to iftor qilgunicha va mazlumning duosi” (Ibn Moja, Termiziy, Ahmad ibn Hanbal, Bayhaqiy, Ibn Hibbon, Tayolisiy, Ibn Xuzayma va Is'hoq ibn Rohavayh rivoyati).
Bu zikr qilinganlar ramazon oyining barcha fazilatlarini to‘la qamrab ololmaydi, balki mazkur fazilatlar oldida daryodan ayrim tomchilar, xolos. Yo‘qsa, uning fazilatu xususiyatlarini sanab adog‘iga yetkazish mushkuldir. Alloh taolodan duo qilib so‘raymizki, bu muborak oyni, rahmat va mag‘firat oyini, do‘zaxdan najot beriladigan, duolar ijobat qilinadigan ramazon oyini barchamizga xayrli va barakotli qilsin!
Rashidbek ERNAZAROV,
Xorazm viloyati Bog‘ot tumani bosh imom-xatibi
Raddiya: Islomda peshvolikni da’vo qiladigan guruh va oqimlar dindagi ayrim tushuncha va so‘zlarni g‘arazli maqsadlari yo‘lida buzib, noto‘g‘ri talqin qilishi hammaga ma’lum. Ular shu orqali musulmonlar hissiyotiga teginish, o‘zlariga tobelarni ko‘paytirish, dindor va ilmli bo‘lib ko‘rinishga harakat qiladi. “Tog‘ut” so‘zi ular ko‘p ishlatadigan, insonlarni, ayniqsa hukmdorlarni ayblashda qo‘llaydigan tushunchalardan biri. Aslida u nima? Qanday ma’nolarda ishlatiladi? Kimlar tog‘ut bo‘lishi mumkin?
“Tog‘ut” lafzi “tug‘yon” so‘zi bilan o‘zakdosh bo‘lib, Alloh belgilab qo‘ygan chegaradan chiqishga, kufrda haddan oshishga, isyon qilishga nisbatan ishlatiladi. Islomda Allohning yo‘lidan boshqa yo‘l “tog‘ut” deyiladi. Tog‘utning kattasi Shaytondir.
“Tog‘ut” kalimasi Qur’oni karimning sakkiz joyida zikr qilingan bo‘lib, ulamolarimiz uni turlicha tafsir qilgan. Umar ibn Xattob roziyallohu anhu, Imom Sha’biy, Imom Zahhok “Tog‘utdan murod – Shayton” degan. Imom Abu Oliya va Muhammad ibn Sirin tog‘ut sehrgar va folbin ekanini aytgan.
“Tafsiri Jalolayn”da tog‘ut so‘zi tafsiriga murojaat qilaylik: “Kim tog‘utga kufr keltirib, Allohga iymon keltirsa, batahqiq uzilmaydigan mustahkam tutqichni ushlagan bo‘ladi” (Baqara surasi, 256) va “Kufr keltirganlarning do‘stlari tog‘utlardir. Ularni nurdan zulmatlarga chiqarurlar” (Baqara surasi, 257) oyatlarida tog‘utlar – but-sanamlar va Shayton, “Kitob (Tavrot)dan nasibador bo‘lganlarning “Jibt” va “Tog‘ut”ga sig‘inishlarini va kofirlarga “Shular mo‘minlardan ko‘ra to‘g‘riroq yo‘ldadir” deyishlarini ko‘rmadingizmi?!” (Niso surasi, 51) oyatida – Jibt va Tog‘ut Quraysh qabilasidagilarning ikki sanami, “O‘zlarini, Sizga nozil qilingan (Qur’on) va Sizdan oldin nozil qilingan (ilohiy kitoblar)ga iymon keltirgan, deb hisoblaydiganlarning hukm so‘rab, Tog‘ut huzuriga borishni xohlayotganlarini ko‘rmadingizmi?” (Niso surasi, 60) oyatidagi tog‘ut kufrda haddan oshgan, tug‘yonga ketgan Ka’b ibn Ashraf, “Kofirlar (esa) Tog‘ut yo‘lida jang qiladilar” (Niso surasi, 76-oyat) va “Kim Allohning la’natiga uchragan, g‘azabiga duchor bo‘lgan, maymun va cho‘chqaga aylantirilgan va tog‘utga ibodat qilgan bo‘lsa, ana o‘shalar yomon martabadagi va to‘g‘ri yo‘ldan butunlay adashgan kimsalardir” (Moida surasi, 60) oyatlarida ular Shayton, “Batahqiq, Biz har bir ummatga: “Allohga ibodat qiling va tog‘utdan chetlaning” deb payg‘ambar yuborganmiz” (Nahl surasi, 36-oyat) va “Tog‘utdan, unga ibodat qilishdan chetda bo‘lganlarga va Allohga qaytganlarga xushxabar bor” (Zumar surasi, 17-oyat) oyatlarida ham ular Shayton deb nazarda tutilgan.
Alloma Ibn Atiyya aytadi: “Ba’zi olimlar: “Allohdan o‘zga ibodat qilinadigan har qanday narsa tog‘utdir”, degan”. Fir’avn, Namrud va o‘zini iloh deb e’lon qilganlar va ibodat qilinadigan but-sanamlar tog‘ut deyiladi.
Muqotil roziyallohu anhu “Kufr keltirganlarning do‘stlari tog‘utlardir” oyatidagi tog‘utni Ka’b ibn Ashraf va Huyay ibn Axtab deb tafsir qilgan. U ikkisi islom va musulmonlarga adovati cheksiz, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga ko‘p aziyat bergan, musulmonlarga qarshi urushga juda ko‘p da’vat qilgan yahudiylardan edi.
Imom Navaviy aytadi: “Lays, Abu Ubayda, Kisoiy va ko‘pchilik tilshunoslar: “Tog‘ut – Alloh taolodan boshqa ibodat qilinadigan narsa”, degan”.
Shayx Muhammad Amin Shinqitiy: “Haqiqat shuki, Allohdan o‘zga ibodat qilinadigan har qanday narsa tog‘ut, eng katta tog‘ut esa Shaytondir”, deydi.
Tog‘ut so‘zining ma’nosi haqida buyuk mufassir Imom Tabariy “Jomi’ul bayon” tafsirida: “Fikrimcha, tog‘ut haqida to‘g‘ri gap shuki, tog‘ut Allohga tug‘yon qilib, Uni tark etib, Undan o‘zgaga ibodat qilingan narsadir. O‘sha ma’bud inson, shayton, but va boshqa narsalar bo‘lishi mumkin”, deydi.
Mufassir olim Hasan Tahsin Fayzli “tog‘ut” so‘zini “Allohdan uzoqlashtiradigan, uning amrlarini bajarishni man etadigan kimsalar”, deb izohlagan.
Demak, sahobai kiromlar, tobeinlar va ulamolarimizning so‘zlaridan tog‘ut kalimasi shayton, sehrgar, folbin va Allohdan boshqa ibodat qilinadigan har qanday narsa ekani ma’lum bo‘lmoqda.
Afsuski, hozirgi kunda ba’zi toifalar musulmon rahbarlarni tog‘ut deb atab, ularni osongina kofirga chiqarmoqda. Ularning uslubi xavorijlarnikiga o‘xshaydi. Ular arzimas narsalar tufayli iymonli odamni kofirga chiqarib, qonini halol hisoblab, qanchadan-qancha beayb musulmonlar umriga zomin bo‘lmoqda, islomning pok nomiga dog‘ tushirib, asl mohiyat va tamoyillarini yot va buzg‘unchi g‘oyalardan iborat fitnalar soyasiga tushirib qo‘ymoqda.
O‘tkirbek Sobirov
O‘zbekiston musulmonlari idorasi bo‘lim boshlig‘i,
Toshkent islom instituti o‘qituvchisi