Ramazon – jannat eshiklari ochiladigan, do‘zax eshiklari yopiladigan, shaytonlar zanjirlanadigan, Alloh solih bandalarini o‘tdan ozod etadigan ulug‘ oy. Bu oy ibodatsiz, toatsiz, kunu soatlari havoda to‘zg‘igan zarradek zoye bo‘lib kirib-chiqib ketmasin. Bu oyda ibodatni tavbadan boshlash maqsadga muvofiq bo‘ladi.
Tavbadan boshlashga maslahat berish bilan biror kishini aybdorsiz demaymiz. Chunki yo‘lning avvali ham, nihoyasi ham tavbadir. Tavba – Alloh subhanahu va taolo tomonga intilayotgan kishining birinchi o‘rindagi amalidir. Demak, tavba ko‘pchilik o‘ylaganidek, faqat osiy va xato qiluvchilarning iltijo qilishidan iborat emas. Nabiy sollallohu alayhi vasallam:
“Ey odamlar! Allohga tavba qilinglar. Chunki men Unga bir kunda yuz bor tavba qilaman”[1], dedilar. Alloh bandalarini tavbaga buyurganda ularga iymon nomi bilan nido qilib dedi:
“Barchalaringiz Allohga tavba qilinglar, ey mo‘minlar! Shoyadki (shunda) najot topsangizlar”[2].
Barchamiz gunohkor bandalarmiz. Alloh subhanahu taolo gunohlarni ko‘p kechiruvchi zot. Kunduzda gunoh qilgan tavba qilsin deb kechasi qo‘lini uzatadi, kechada gunoh qilgan tavba etsin uchun kunduzi qo‘lini cho‘zadi. Tavba qiluvchilarning tavbasidan, osiy va gunohkorlarning pushaymonidan mamnun bo‘ladi. Shuning uchun Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam aytganlaridek, “Alloh subhanahu tavba qilmoq uchun Mag‘rib tomondan eni yetmish yillik bo‘lgan eshik qilib qo‘ydi. Uni to quyosh Mag‘ribdan chiqqungacha bekitmaydi”[3]. Tavba oson va yengil ishdir. Unda mashaqqat va harakat ko‘rsatish yo‘q. Tavba tiyilish va pushaymondan iborat. Gunoh ishlardan tiyilish, bularning o‘tmishda qilganiga pushaymon, kelgusida ularga qaytmaslikka qaror qilish bo‘ladi.
O‘tgan gunohlarga pushaymon bo‘lish, kelgusida gunohlarni tark qilish, siz uchun umringizni qadrlash va o‘tmish bilan kelgusi vaqt o‘rtasida hozir turgan vaqtingizni isloh qilishni vojib qiladi. Chunki vaqtni zoye qilib qo‘yish najotni bekor qilgandek bo‘ladi. Agar uni yuqorida zikr qilingan narsalar bilan saqlab qolinsa najot topiladi, rohat, ne’mat va lazzatga erishiladi. Inson o‘zining vujudligini fahmlay olishi zarur. Safar ozig‘ini tayyorlash va yurish uchun hozirlik ko‘rish bilan band bo‘lishi lozim. Amal mavsumi bo‘lgan ramazon oyida savobga erishish uchun harakat qilish, vaqtni boy bermaslik kerak. Har bir kishi o‘z zamoni va vaqtining qadru qiymatini bilmog‘i zarurdir. Undan birgina lahzasini ham bekorga o‘tkazmasin.
Allohga ibodat qilishda ulug‘larimizning ahvollaridan xabardor bo‘lib qo‘yishimiz zarar qilmaydi. Ularni yodga olsak, shoyadki, bizda oliyhimmatlik va ibodatga moyillik paydo bo‘lsa:
Mug‘iyra roziyallohu anhu bunday deydilar: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam kechasi namozda shunchalik uzoq turardilarki, hatto oyoqlari shishib ketar edi. Odamlar Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga: Alloh taolo sizning o‘tgan va kelgusi xatolaringizni mag‘firat qilgan-ku, nega o‘zingizni bunchalar qiynaysiz?” deyishganida, u zot: “Alloh taoloning shu mehribonchiligiga shukr qiluvchi banda bo‘lmaymanmi?» derdilar»[4].
Abu Bakr roziyallohu anhu, xossatan namozda va Qur’on qiroat qilganda ko‘p yig‘laguvchi kishi edilar.
Umar roziyallohu anhuning yuzida yig‘ining ko‘pligidan ikki qora chiziq paydo bo‘lgan edi.
Usmon roziyallohu anhu Qur’onni namozda uzoq o‘qirdi.
Ali roziyallohu anhu mehrobida yig‘lar, hatto soqoli ko‘z yoshlar bilan ho‘l bo‘lib ketardi. U: “Ey dunyo! Mendan boshqani alda, seni qaytishi yo‘q bo‘lgan uch taloq qo‘ydim”[5], der edi.
Qatoda Qur’onni doimo har haftada, Ramazonda har uch kunda xatm qilardi.
Sufyon Savriy qo‘rqqanidan yig‘lardi.
Said ibn Musayyib masjidni lozim tutgan kishi edi. Qirq yil muddat davomida jamoat bilan bir namoz ham u kishidan o‘tib ketmagan.
Ramazon oyi fursatdir. Alloh bilan savdo qiladigan oydir. Shunday ekan, solih amallarga, yaxshiliklarga, toatga shoshilaylik, Alloh tomonidan ko‘p foyda va ulkan savoblarga erishamiz.
Ramazon ish boshlovchilar yeng shimarib kirishadigan, taqvodorlar o‘z tayyorgarligini ko‘radigan, hushyor insonlar qo‘lga kiritadigan eng ulug‘ fursatdir. U qalbi salomat, a’zolari to‘g‘ri, vaqtini zararli va foydasiz ishlarda zoye qilmaydigan kishi uchun gunohlar kechirilish oyidir. Quyida bu oy fursatlarini g‘animat bilishga, ularni solih amallar bilan obod etishga yordam beradigan ba’zi ishlarni havola qilamiz:
Ro‘za odat emas, ibodatdir. Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Kimki ramazonda iymon va ehtisob bilan ro‘za tutsa o‘tgan gunohi kechirilur”[6], dedilar. “Iymon bilan”ning ma’nosi – Allohga va U ro‘za tutgan kishilarga tayyorlab qo‘ygan narsalarga ishonib, degani, “ehtisob bilan”ning ma’nosi – Allohning savobini izlab demakdir. Ya’ni, uni ro‘za tutishga riyo, ovoza qilish, molu obro‘ talabi undamagan.
Ramazon shukri vojib bo‘lgan ne’mat. Alloh umringizni uzaytirib bu ulug‘ oyga yetib keldingiz va Alloh sizni bu ajru savoblarni kasb etishga muyassar qilib qo‘ydi. Bu shukr qilish lozim bo‘lgan eng katta ne’mat va buni berganiga Allohga hamdu sano aytish vojib.
Uyqu va uyqusizlik. Ramazon sanoqli kunlar va kuzatiladigan kechalardir. Kirib keladi, qarabsizki ketishga shay turibdi. Shuning uchun bu oyda toat-ibodatga jiddu jahd qiling. Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Ramazon kirib, gunohlari kechirilmasdan chiqib ketgan kishining burni yerga ishqalansin”, dedilar[7].
Qur’on tilovati. Ramazon Qur’on oyidir. Bu oyda Qur’on tilovatiga g‘ayrat qiling. Shoshmasdan tartil, tadabbur va xushu’ bilan o‘qing. Imkoningiz boricha tilovat hukmlariga rioya eting.
Qiyomul-layl (kechani qoim qilish). Qiyomul-layl asosan taroveh namozi bilan bo‘ladi. Bu namozga rag‘bat qilib, imom bilan to‘liq o‘qimoq lozim. Chunki Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Kimki imomi bilan u ketguniga qadar tursa, unga kechani qoim qilgani yoziladi”[8], deganlar.
Sadaqa. Ramazon oyidagi sadaqa boshqa oylardagidan ko‘ra fazilatlidir. Nabiy sollallohu alayhi vasallam ramazon kirsa saxovatlari oshib ketar edi. Shunday ekan, bu oyda o‘zingizda ehsonu sadaqaga shoshiling.
Ro‘zadorlarni iftorlantirish. Ro‘zadorlarni iftor qildirishga, miskin va kambag‘allarni taomlantirishga qiziqish kerak. Chunki Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Kimki ro‘zadorga iftor qilib bersa, unga ro‘zadorning ajridek savob bo‘ladi. Bu bilan ro‘zadorning ajridan hech bir narsa kam bo‘lmas”[9], deganlar.
Shuningdek, g‘animat bo‘lgan amallar sirasiga masjidni lozim tutish, iloji bo‘lsa ramazonda umra qilish, ramazonning oxirgi o‘n kunida g‘ayratni yanada oshirish, Qadr kechasidagi ibodatlar, zikr, duo va boshqa toat-ibodatlarni qoim qilish kiradi.
Bu g‘animat damlardan foydalanib qolshimizga Parvardigorimiz ko‘mak berishini so‘rab qolamiz!
Rashidbek ERNAZAROV,
Xorazm viloyati Bog‘ot tumani bosh imom-xatibi
26 oktyabr kuni Boku shahridagi Xalqaro Mug‘om markazida “O‘zbekiston va Ozarbayjon: mushtarak tarixiy meros, islom sivilizatsiyasi va zamonaviy ilmiy hamkorlik” mavzusida xalqaro anjuman bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.
Tadbirda ikki mamlakatning tarixiy va ma’naviy aloqalarini chuqur o‘rganish, buyuk allomalar merosini xalqaro miqyosda targ‘ib qilish, ilmiy-tadqiqot va madaniy-gumanitar hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalariga e’tibor qaratildi.
Anjumanda mamlakatimizning Ozarbayjondagi elchisi Bahrom Ashrafxonov, Ozarbayjon Milliy Fanlar akademiyasi prezidenti Iso Habibbeyli, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Firdavs Abduxoliqov, Musulmonlar idorasi vakillari, muzeylar rahbarlari, olimlar, madaniyat va san’at namoyandalari ishtirok etdi.
Tadbir avvalida O‘zbekiston va Ozarbayjon munosabatlariga bag‘ishlangan videorolik namoyish etildi. O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi faoliyati haqidagi hujjatli film ishtirokchilarga taqdim qilindi. Markaz nashrlaridan iborat kitoblar ko‘rgazmasi orqali mehmonlar mamlakatimizning boy tarixiy, ilmiy va ma’naviy merosi bilan tanishish imkoniga ega bo‘ldi.
Anjumanda so‘zga chiqqan O‘zbekiston elchisi Bahrom Ashrafxonov ikki xalq o‘rtasidagi tarixiy yaqinlik, mushtarak qadriyatlar va strategik sheriklik munosabatlarining ahamiyatini ta’kidladi. U Buyuk ipak yo‘li asrlar davomida xalqlar o‘rtasida bilim va madaniy yutuqlar almashinuviga xizmat qilganini qayd etib, Muhammad Xorazmiy, Abu Rayhon Beruniy, Ibn Sino, Mirzo Ulug‘bek, Nizomiy Ganjaviy, Imodiddin Nasimiy va Muhammad Fuzuliy kabi allomalar merosi ikki xalqni birlashtiruvchi umuminsoniy boylik ekanini ta’kidladi.
Elchining qayd etishicha, olimlar va tadqiqotchilar ilmiy fakultetlar va institutlar o‘rtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlamoqda. Umumiy tarixiy xotirani birgalikda o‘rganish va rivojlantirish, yosh tadqiqotchilar uchun dasturlarni amalga oshirish hamda qo‘shma loyihalarni hayotga tatbiq etish borasida ishlar olib borilmoqda. Eng muhimi, mazkur konferensiya aynan shu maqsadlarga xizmat qildi.
Ta’kidlanganidek, diplomatiya eshiklari ochiq, ilmiy ko‘rgazmalar faoliyat yuritmoqda. Madaniy meros galereyalari o‘z imkoniyatlarini namoyon etish fursati kelishini kutmoqda. Islom sivilizatsiyasi markazi bu borada muloqot uchun yangi va chinakam noyob maydonga aylandi. Boku va Toshkent o‘rtasidagi ilmiy, madaniy va gumanitar aloqalar yanada mustahkamlanmoqda.
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Firdavs Abduxoliqov markazning asosiy g‘oyasi, uning ilm-ma’rifatni targ‘ib etish va ajdodlar merosini kelajak avlodlarga yetkazishdagi o‘rniga to‘xtaldi.
“Xalqlarimiz o‘rtasidagi tarixiy aloqalar islomdan oldingi davrlarga ham borib taqaladi. So‘nggi yillarda islom sivilizatsiyasi bu aloqalarni yanada boyitdi, – dedi Firdavs Abduxoliqov. – Olimlar bir-biridan o‘rgandi, kitoblar bir yurtdan boshqasiga tarqaldi, bir zaminda tug‘ilgan g‘oya boshqasida rivojlandi. Ibn Sino va uning ozarbayjonlik shogirdi Bahmanyor, Nasiriddin Tusiyning Marog‘adagi va Mirzo Ulug‘bekning Samarqanddagi ilmiy maktablari ana shu bog‘liqlikning yorqin misolidir.
Nizomiy Ganjaviyning “Xamsa”si Alisher Navoiyga ilhom berdi. Navoiy turkiy tilda o‘z “Xamsa”sini yaratdi. Uning ijodi esa ozarbayjon shoiri Kishvariyga kuchli ta’sir ko‘rsatdi.
Toshkentda saqlanayotgan bir qo‘lyozmada Navoiy va Fuzuliy asarlari bir muqova ostida jamlangan. Ikki buyuk shoir – bir kitobda. Bugun bu yaqinlik Prezidentlarimiz Shavkat Mirziyoyev va Ilhom Aliyevning o‘zaro ishonchi va amaliy ishlarida davom etmoqda.
Fuzuliy shahridagi Mirzo Ulug‘bek nomidagi maktabni ikki davlat rahbari birgalikda ochdi. Fuzuliy nomidagi shahar. Ulug‘bek nomidagi maktab. Unda bilim olayotgan bolalar. Tarix bilan bugungi kun ana shunday uchrashadi. Buyuk ajdodlarimizning nomlari yangi avlodni ilmga chorlaydi”.
Anjuman doirasida ikki xalqning musiqiy merosi, xususan, Ozarbayjon mug‘omi va o‘zbek maqomi o‘rtasidagi mushtaraklik ham e’tirof etildi. Milliy musiqa an’analari xalqlarning ma’naviy yaqinligini ifoda etuvchi muhim madaniy boylik sifatida namoyon bo‘ldi.
O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi munosabatlar Markaziy Osiyo va Kavkaz mintaqalarida hamkorlik uchun yangi imkoniyatlarni yaratmoqda. Tarixiy yaqinlik, mushtarak madaniyat, ma’naviy qadriyatlar va yagona madaniy makonga mansublik davlatlarimiz va xalqlarimizni yanada yaqinlashtirmoqda.
Aynan mana shu jihatlarda O‘zbekiston va Ozarbayjon qardosh xalqlarini birlashtirib turuvchi mustahkam ma’naviy aloqalarni ko‘ramiz. Ahmad Yassaviy, Bahouddin Naqshband va Sayyid Yahyo Bokuviy kabi allomalar merosi turkiy xalqlar o‘rtasidagi diniy va ma’naviy munosabatlar asrlar davomida naqadar mustahkam bo‘lganini yaqqol namoyon etadi.
“Buyuk mutafakkirlarning ma’naviy kamolot, insonparvarlik va axloqiy tamoyillar haqidagi g‘oyalari bugungi kunda ham o‘z ahamiyatini saqlab qolmoqda. O‘zbekiston musulmonlari idorasi Ozarbayjonning diniy muassasalari va ulamolari bilan diniy-ma’naviy hamkorlikni yanada mustahkamlashga tayyor”, – dedi O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi birinchi o‘rinbosari Homidjon Ishmatbekov.
Tadbirning muhim natijalaridan biri O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi va Ozarbayjon Milliy Fanlar akademiyasi o‘rtasida hamkorlik memorandumining imzolanishi bo‘ldi. Mazkur kelishuv tarixiy merosni birgalikda o‘rganish, ilmiy muassasalar o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash va qo‘shma tadqiqotlarni rivojlantirish uchun yangi imkoniyatlar yaratishga xizmat qiladi.
“Bizni qadimdan turli davrlar va sulolalar birlashtirib kelgan. Temuriylar, Safaviylar, Xorazmshohlar va boshqa ko‘plab sulolalar davrida ajdodlarimiz bir zaminda yashab, mushtarak tarix, din, madaniyat va ma’naviy qadriyatlar asosida rivojlangan, – deydi Ozarbayjon Milliy Fanlar akademiyasi prezidenti Iso Habibbeyli. – Bugun biz ularning boy merosi va ezgu an’analarini davom ettirib, qo‘shma loyihalar, ilmiy uchrashuvlar va xalqaro konferensiyalar orqali hamkorligimizni yanada mustahkamlayapmiz”.
O‘zbekiston va Ozarbayjon olimlari hamda tadqiqotchilarining o‘zaro tashriflari, ilmiy muloqotlari bu aloqalarning izchil rivojlanayotganidan dalolat beradi. O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi nafaqat mamlakatingiz, balki butun turkiy dunyo uchun ham ulkan ahamiyatga ega bo‘lgan megaloyihadir.
Ayniqsa, boy tarixiy merosning zamonaviy texnologiyalar va yosh avlodga mos formatlar orqali taqdim etilishi alohida ahamiyat kasb etadi. Bugungi tadbir ham xalqlarimiz o‘rtasidagi tarixiy rishtalarni mustahkamlash, ilmiy aloqalarni kengaytirish va kelgusidagi hamkorlik uchun yangi imkoniyatlar yaratishga xizmat qiladi.
Anjuman yakunida Ozarbayjon mug‘omi va o‘zbek maqomi ijrochilari ishtirokida konsert dasturi tashkil etildi. Milliy san’at namunalari ikki xalqning boy madaniy merosi va mushtarak ma’naviy qadriyatlarini yana bir bor namoyon etdi.
Bokuda o‘tkazilgan xalqaro anjuman O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi tarixiy-madaniy aloqalarni mustahkamlash, buyuk ajdodlar merosini keng targ‘ib qilish va zamonaviy ilmiy hamkorlikni rivojlantirish yo‘lidagi muhim qadam bo‘ldi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati