Sayt test holatida ishlamoqda!
16 Avgust, 2026   |   3 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:05
Quyosh
05:33
Peshin
12:27
Asr
17:19
Shom
19:25
Xufton
20:49
Bismillah
16 Avgust, 2026, 3 Rabi`ul avval, 1448

Ro‘zaning tibbiy foydalari

23.05.2018   50932   7 min.
Ro‘zaning tibbiy foydalari

Hukamolar to‘qlikning ellikka yaqin zararini sanaganlar: og‘irlik, charchoq, ko‘ngil ko‘rligi, g‘am, ruhiy zaiflik, gunohdan qo‘rqmaslik, hayosizlik, aqlning zaifligi, noshukrlik, axloqsizlik, notinchlik, shahvatparastlik, xotirasizlik, o‘limni esdan chiqarish, dunyoni ko‘p sevish, baxillik, xasislik, zulm, shaytonga ergashish, sabrsizlik, hikmatdan uzoq bo‘lish,qo‘rqoqlik kabi....

Shuning uchun mo‘min-musulmon haloldan bo‘lsa ham, yeyishni kamaytirish kerak. Kunda ikki marta ovqatlanish insonga kifoya. Ertalab va kechqurun. Xalqimizda bu odat yaqingacha bor edi. Hayotimizga Yevropa udumlari kirib keldi-yu, eng foydali odatlarimiz yo‘qoldi. Aslida doim to‘q bo‘lib yurishdan yiroq bo‘lish kerak. Buyuklarimiz shunday deyishadi: “Sog‘liq, xotiraning barkamol va go‘zalligi-o‘rtacha ochlikda yurishdir”. Ochlikdan maqsad haddan tashqari ochlik emas. Zakovatning rivojlanishi-mashaqqatning ozligi, qanoat, Alloh taoloning balo va azoblarini unutmaslik, o‘limga tayyor turish, doim tahoratli va ibodatli bo‘lish kabi amallarga bog‘liq. Zero, oz yegan kishining tashvishi ham kam bo‘ladi. Bunday kam yeb, kam xarjlaydigan kishi orttirganlarini faqir, yo‘qsil va miskinlarga berishi mumkin. Qiyomat kunidagi eng och insonlar bu dunyoda qorinlarini doimo to‘yg‘azib yurganlardir. To‘qlarning oxiratda och qolishlaridan biriga sabab, ularning bu dunyoda malakut olami va Haq kalomidan bexabar o‘tib ketganlaridir. Zero, har bir mo‘minning kelajakda sodir bo‘ladigan hodisalarni ko‘rib anglaydigan bir  farosat nuri bo‘ladiki, nafslariga qul bo‘lganlarning bundan xabarlari bo‘lmaydi. Luqmoni Hakim aytganki: “Ey farzand qorningni bosib-tiqib to‘ydirsang, fikr xazinalaring quriydi, tafakkur qilolmaydigan ahvolga tushasan, sendan hikmat degan ne’mat ketadi, a’zolaring ibodat qilishdan qoladi.” 

Shu o‘rinda din bo‘yicha sun’iy bosim ko‘tarilib, odamlar o‘z ixtiyorlari bilan islomga qaytayotgan paytda bo‘lib o‘tgan bir hodisa yodga tushadi.Oliy o‘quv yurtlarida uzoq vaqt rahbar lavozimlarda ishlab kelgan, ilmiy unvon  sohibi bo‘lmish bir kishi  Ramazondan keyin ham ro‘za tutish lozimligini qayta-qayta takrorlar, ulamolardan qaysi kunlari qandoq ro‘za tutilishini tushuntirib berishni so‘rar edi. U kishidan nima uchun bu masalaga qiziqib qolganini so‘rashdi.

“Ochig‘ini aytsam, bu yil birinchi marta to‘liq ro‘za tutdim”, dedi u va o‘z gapida davom etib quyidagilarni aytdi:

“Ro‘zaning foydasi juda ham ko‘p ekan. Buni men o‘z tajribamda his qildim. Ibodat, taqvo, sog‘lik masalasida hech gap yo‘q. Hammasi ma’lum. Hatto odamlar bilan bo‘ladigan muomalada ham foydasi ko‘p ekan. Ilgarilari ish bitirish uchun  deb yolg‘on-yashiqni gapiraverar edik. Ro‘za tutgan odam hech yolg‘on gapira olmay qolar ekan. Hatto, bir og‘iz ham yolg‘on gapirmay qo‘ydim. Ro‘za yolg‘on gapirib, ish bitirib ketish payti kelganda ham  ro‘za og‘zim bilan yolg‘on gapiramanmi, deb o‘zimni to‘xtatib qolmoqdaman. Menimcha, ramazondan keyin ham vaqti-vaqti bilan ro‘za tutib turilsa bu holatni ushlab qolishga yordam bersa kerak”.

Ha, bu gaplarda jon bor. Bu narsaga alohida e’tibor berish kerak, ilmiy unvoni bor kishi bir oy ro‘za tutib yuqoridagi holatga kelgandan keyin, mutaxassis ulamolar rejali ilmiy izlanishlar olib borsalar, samarali natijalar chiqishi turgan gap.

Endi ro‘zaning ilmiy mo‘jizalariga o‘taylik. Ma’lumki, ro‘za farz bo‘lgan dastlabki davrda musulmonlar farz ibodatini ado etish mas’uliyati hissi ila ro‘za tutaverganlar. Keyinchalik boshqa xalq, millat va elatlar bilan aralashildi. Ularning savollariga, e’tirozlariga yoki Islomga nisbatan qilgan tanalariga javob berib borib islomiy ibodatlarning, jumladan, ro‘zaning hukmlari, axloqiy foydalari va o‘sha zamon ruhi va talabiga mos tomonlari shart qilindi, tushuntirildi.

Keyinchalik, xususan, bizning asrimizda Islom dushmanlari unga ilm nomidan hujum boshladilar va ta’na toshlarini otdilar. Ular tomonidan Islom dini ilm dushmani, islomiy ibodatlar ilmiy asosga ega emasligi, insonlar uchun zararli ekani keng bayon qilindi. Jumladan, ro‘za sog‘liqning kushandasi, inson shaxsiyatini tamomila buzib tashlaydigan omil sifatida vasf etildi.

Lekin oxir-oqibatda ro‘za koni foyda ekani, usiz sog‘liqni saqlash mumkin emasligi, ro‘za ko‘plab bemorliklarning davosi ekani isbot qilindi. Eng qizig‘i, bu ilmiy kashfiyotlarning hammasi musulmon bo‘lmagan kishilar tomonidan qilindi va qilinmoqda.

Mazkur ilmiy  tajribalarning natijalari Islom dinida bundan o‘n besh asr ilgari ro‘za tutishni farz qilinishi ilmiy mo‘jiza bo‘lganiga dalolat sifatida qabul qilinmoqda. Yoki boshqacha qilib aytadigan bo‘lsak, Alloh taoloning: “Ro‘za tutmog‘ingiz siz uchun yaxshidir”, degan oyati va Payg‘ambarimiz s.a.v. ning: “Ro‘za tutinglar, salomat bo‘lasizlar”, degan hadislari mo‘jizasi isbot bo‘lmoqda.

Tibbiy ilmiy izlanishlar oqibatida ro‘zaning turli jismiy va ruhiy kasalliklardan himoya qilish, ularning oldini olishda foydasi borligi sobit bo‘ldi.

Ba’zi misollarni keltiramiz:

  1. Ro‘za insondagi kasalliklarga qarshi qobiliyat (immunitet)ni kuchaytiradi. Chunki ro‘za tutgan odamda ushbu maqsadga xizmat qiluvchi hujayralar o‘n marta ko‘payishi ilmiy ravishda sobit bo‘lgan.
  2. Ro‘za tutgan odamda semizlikka qarshi monelik paydo bo‘ladi. Chunki odatda semizlik g‘izoni hazm qilishdagi nuqsondan, atrof-muhitdagi nafsoniy va ijtimoiy ta’sirlar orqali kelib chiqadi.

Gohida ruhiy iztirob ham g‘izoni noto‘g‘ri  ta’sir qilishga olib borishi mumkin. Ro‘za tutgan odam ruhiy, aqliy istiqrorga ega bo‘ladi. Chunki ro‘zador odam imoniy  muhitda ko‘p ibodat, zikr, Qur’on tilovati qilib vaqt o‘tkazadi. Turli achchiqlanish, asabiylashish, urush-janjallardan yiroq bo‘ladi.

  1. Ro‘za buyrakda toshlar yig‘ilishdan saqlaydi. Chunki ro‘za tutgan odamning qonida soda ko‘payib, kaliy tuzlari to‘planishini man qiladi. Shuningdek, ro‘zador siydigida siydik yo‘llaridagi tuzlarni to‘planib qolishini yo‘qotadigan modda ko‘payishi ham ilmiy ravishda isbot etilgan.
  2. Ro‘za inson jismini uning to‘qimalarida to‘planib qoladigan turli zararli moddalardan tozalashda yordam beradi. Ma’lumki, oziq-ovqat, dori-darmon va havo orqali inson jismiga ko‘plab zararli moddalar kirib, to‘planib qoladi. Ana o‘sha moddalar faqat ro‘za tutish orqali chiqib ketadi.
  3. Ro‘za jinsiy moyillikning kuchini qirqadi. Bu esa, ayniqsa yoshlar uchun juda ham foydalik bo‘lib, jismni turli asabiy va jismoniy iztiroblardan saqlaydi. Bu holat ham ilmiy tajribalar orqali isbot qilingan.

Xalqaro aloqalar bo‘limi xodimi

Abdulloh Parpiyev tayyorladi

Ramazon-2018
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Ikki ulug‘ ne’mat

14.08.2026   14742   3 min.
Ikki ulug‘ ne’mat

Bismillahir Rohmanir Rohiym

#Mustaqillikning 35 yilligi

 

Mustaqilligimizning 35 yillik to‘yi yaqinlashib, joylarda bayram shukuhi keza boshladi. Bundan dilda shukronalik hissi ortmoqda.

Tarixga nazar tashlansa, hamma davrda ham davlatning rivojlanishi, taraqqiy topishi jamiyatning farovon va osoyishta hayot kechirishiga bog‘liqligi ayon bo‘ladi.

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam tinchlik-xotirjamlik eng katta ne’mat ekanligini ta’kidlab, bunday deganlar: “Ikki ne’mat borki, ko‘pchilik insonlar uning qadriga yetmaydi. Ular xotirjamlik va sihat-salomatlik” (Imom Buxoriy rivoyati).

Demak, tinchlik va xotirjamlik Alloh ta’oloning behisob bo‘lgan buyuk ilohiy ne’matlaridan. Shunday ekan, tinchlikning qadriga yetib, uning shukrini ado etish insonning burchlaridandir. Zero, hayotning bir maromda davom etishi, Haq taolo buyurgan ishlar xotirjam ado etilishi uchun ham osoyishtalik lozim bo‘ladi. Alloh taolo ham: “Ey, imon keltirganlar! Yoppasiga tinchlik ishiga kirishingiz!” deya buyuradi (Baqara surasi, 208-oyat). Tinchlik, salimlik mavzusi o‘ta muhim bo‘lgani bois Qur’oni karim oyatlaridan o‘rin olgan. Zotan, arab tilidagi “salm”, “silm”, “salom”, va “islom” so‘zlari bir o‘zakdan chiqqan, turli ma’nodagi so‘zlar bo‘lsada, aynan bir maqsadga yo‘naltirilgandir.

Bandaga berilgan ne’matlarning qadriga yetishda va uni asrashda, bizga payg‘amlarlarning otasi bo‘lgan, Ibrohim alayhissalom o‘rnak bo‘lib kelgan. U zot o‘z davrida Makkaga tinchlik, uning ahliga rizq so‘ragani so‘zimizning yorqin misolidir: “Ibrohim: “Ey, Rabbim, bu (Makka)ni tinchlik shahri qilgin va uning aholisidan Allohga va oxirat kuniga ishonuvchilarga (turli) mevalardan rizq qilib bergin” dedi” (Baqara surasi,126-oyat).

Alloh taolo bu orqali Rasululloh sollallohu alayhi va sallamni o‘tgan payg‘ambarlar hayotidan xabardor qilish barobarida, ular so‘ragan narsalarni ham bildirib, shunga chaqirgan.

Bu ne’atlar bardavom bo‘lishi uchun ham insondan shukr va qadrlash talab etiladi. Tinchlik hukm surib turgan joyga yana tinchlik so‘rab duo qilish esa, muqaddas dinimiz buyuradigan ishlardan. Shunday ekan, inson kim bo‘lishidan qat’iy nazar, o‘zi yashab turgan, Alloh ne’mat qilib bergan Vatani, uning zilol suvlari, havosi, nozi ne’matlari va boshqa barcha sharoitlariga shukr qilib, uni ziyoda bo‘lishini so‘rab duo qilishi lozim.

Bugun dunyoda tinchligi, xotirjamligini yo‘qotganlar qancha. Bularni ko‘rib, eshitib turganlar ibrat olib, xulosalar chiqarib, o‘zlari uchun in’om qilingan tinchlik va xotirjamlikni qadrlab, asrab avaylashi lozim.

Yurtimizda hukm surayotgan tinchlik, xotirjamlikni saqlash, uni turli xil g‘arazli xuruj, hamlalardan, fitna va bo‘htonlardan himoya qilish, g‘arzli va manfur kimsalarning makrlariga uchmasdan, yosh avlodni ham ulardan xabardor qilib, islom ta’limotining ezgu g‘oyalarini keng targ‘ib etish har birimizning burchimizdir. Bu xususida Alloh taolo bunday degan: “Ezgulik va taqvo (yo‘li)da hamkorlik qilingiz, gunoh va adovat (yo‘li)da hamkorlik qilmangiz! Allohdan qo‘rqingiz! Albatta, Alloh azobi qattiq zotdir” (Moida surasi, 2-oyat).

Xulosa qiladigan bo‘lsak, dinimizning tinchlik va xotirjamlikka bo‘lgan e’tibori nechog‘lik katta, hamda bag‘rikenglik uning negizi ekani yaqqol namoyon bo‘ladi. Inson o‘zidagi ne’matning qadrini uning ustida mulohaza yuritish, shu ne’matdan o‘zgalar ham bahramand yoki bebahra ekanini o‘ylab ko‘rish bilan biladi. Bu esa Allohga yanada ko‘proq shukr qilishga undaydi.

Ne’matning bardavom bo‘lishi, uning shukri ado etilishiga ham bog‘liq. Yoshi ulug‘ nuroniy otaxon va onaxonlarimiz ushbu ikki ulug‘ ne’matning mustahkamligini so‘rab duo qilishlari shundan. Alloh taolo yurtimiz tinchligi va xotirjamligini barqaror, bardavom, xalqimiz hayotini bundan-da farovon qilsin.

Isomiddin AHROROV

MAQOLA