Hukamolar to‘qlikning ellikka yaqin zararini sanaganlar: og‘irlik, charchoq, ko‘ngil ko‘rligi, g‘am, ruhiy zaiflik, gunohdan qo‘rqmaslik, hayosizlik, aqlning zaifligi, noshukrlik, axloqsizlik, notinchlik, shahvatparastlik, xotirasizlik, o‘limni esdan chiqarish, dunyoni ko‘p sevish, baxillik, xasislik, zulm, shaytonga ergashish, sabrsizlik, hikmatdan uzoq bo‘lish,qo‘rqoqlik kabi....
Shuning uchun mo‘min-musulmon haloldan bo‘lsa ham, yeyishni kamaytirish kerak. Kunda ikki marta ovqatlanish insonga kifoya. Ertalab va kechqurun. Xalqimizda bu odat yaqingacha bor edi. Hayotimizga Yevropa udumlari kirib keldi-yu, eng foydali odatlarimiz yo‘qoldi. Aslida doim to‘q bo‘lib yurishdan yiroq bo‘lish kerak. Buyuklarimiz shunday deyishadi: “Sog‘liq, xotiraning barkamol va go‘zalligi-o‘rtacha ochlikda yurishdir”. Ochlikdan maqsad haddan tashqari ochlik emas. Zakovatning rivojlanishi-mashaqqatning ozligi, qanoat, Alloh taoloning balo va azoblarini unutmaslik, o‘limga tayyor turish, doim tahoratli va ibodatli bo‘lish kabi amallarga bog‘liq. Zero, oz yegan kishining tashvishi ham kam bo‘ladi. Bunday kam yeb, kam xarjlaydigan kishi orttirganlarini faqir, yo‘qsil va miskinlarga berishi mumkin. Qiyomat kunidagi eng och insonlar bu dunyoda qorinlarini doimo to‘yg‘azib yurganlardir. To‘qlarning oxiratda och qolishlaridan biriga sabab, ularning bu dunyoda malakut olami va Haq kalomidan bexabar o‘tib ketganlaridir. Zero, har bir mo‘minning kelajakda sodir bo‘ladigan hodisalarni ko‘rib anglaydigan bir farosat nuri bo‘ladiki, nafslariga qul bo‘lganlarning bundan xabarlari bo‘lmaydi. Luqmoni Hakim aytganki: “Ey farzand qorningni bosib-tiqib to‘ydirsang, fikr xazinalaring quriydi, tafakkur qilolmaydigan ahvolga tushasan, sendan hikmat degan ne’mat ketadi, a’zolaring ibodat qilishdan qoladi.”
Shu o‘rinda din bo‘yicha sun’iy bosim ko‘tarilib, odamlar o‘z ixtiyorlari bilan islomga qaytayotgan paytda bo‘lib o‘tgan bir hodisa yodga tushadi.Oliy o‘quv yurtlarida uzoq vaqt rahbar lavozimlarda ishlab kelgan, ilmiy unvon sohibi bo‘lmish bir kishi Ramazondan keyin ham ro‘za tutish lozimligini qayta-qayta takrorlar, ulamolardan qaysi kunlari qandoq ro‘za tutilishini tushuntirib berishni so‘rar edi. U kishidan nima uchun bu masalaga qiziqib qolganini so‘rashdi.
“Ochig‘ini aytsam, bu yil birinchi marta to‘liq ro‘za tutdim”, dedi u va o‘z gapida davom etib quyidagilarni aytdi:
“Ro‘zaning foydasi juda ham ko‘p ekan. Buni men o‘z tajribamda his qildim. Ibodat, taqvo, sog‘lik masalasida hech gap yo‘q. Hammasi ma’lum. Hatto odamlar bilan bo‘ladigan muomalada ham foydasi ko‘p ekan. Ilgarilari ish bitirish uchun deb yolg‘on-yashiqni gapiraverar edik. Ro‘za tutgan odam hech yolg‘on gapira olmay qolar ekan. Hatto, bir og‘iz ham yolg‘on gapirmay qo‘ydim. Ro‘za yolg‘on gapirib, ish bitirib ketish payti kelganda ham ro‘za og‘zim bilan yolg‘on gapiramanmi, deb o‘zimni to‘xtatib qolmoqdaman. Menimcha, ramazondan keyin ham vaqti-vaqti bilan ro‘za tutib turilsa bu holatni ushlab qolishga yordam bersa kerak”.
Ha, bu gaplarda jon bor. Bu narsaga alohida e’tibor berish kerak, ilmiy unvoni bor kishi bir oy ro‘za tutib yuqoridagi holatga kelgandan keyin, mutaxassis ulamolar rejali ilmiy izlanishlar olib borsalar, samarali natijalar chiqishi turgan gap.
Endi ro‘zaning ilmiy mo‘jizalariga o‘taylik. Ma’lumki, ro‘za farz bo‘lgan dastlabki davrda musulmonlar farz ibodatini ado etish mas’uliyati hissi ila ro‘za tutaverganlar. Keyinchalik boshqa xalq, millat va elatlar bilan aralashildi. Ularning savollariga, e’tirozlariga yoki Islomga nisbatan qilgan tanalariga javob berib borib islomiy ibodatlarning, jumladan, ro‘zaning hukmlari, axloqiy foydalari va o‘sha zamon ruhi va talabiga mos tomonlari shart qilindi, tushuntirildi.
Keyinchalik, xususan, bizning asrimizda Islom dushmanlari unga ilm nomidan hujum boshladilar va ta’na toshlarini otdilar. Ular tomonidan Islom dini ilm dushmani, islomiy ibodatlar ilmiy asosga ega emasligi, insonlar uchun zararli ekani keng bayon qilindi. Jumladan, ro‘za sog‘liqning kushandasi, inson shaxsiyatini tamomila buzib tashlaydigan omil sifatida vasf etildi.
Lekin oxir-oqibatda ro‘za koni foyda ekani, usiz sog‘liqni saqlash mumkin emasligi, ro‘za ko‘plab bemorliklarning davosi ekani isbot qilindi. Eng qizig‘i, bu ilmiy kashfiyotlarning hammasi musulmon bo‘lmagan kishilar tomonidan qilindi va qilinmoqda.
Mazkur ilmiy tajribalarning natijalari Islom dinida bundan o‘n besh asr ilgari ro‘za tutishni farz qilinishi ilmiy mo‘jiza bo‘lganiga dalolat sifatida qabul qilinmoqda. Yoki boshqacha qilib aytadigan bo‘lsak, Alloh taoloning: “Ro‘za tutmog‘ingiz siz uchun yaxshidir”, degan oyati va Payg‘ambarimiz s.a.v. ning: “Ro‘za tutinglar, salomat bo‘lasizlar”, degan hadislari mo‘jizasi isbot bo‘lmoqda.
Tibbiy ilmiy izlanishlar oqibatida ro‘zaning turli jismiy va ruhiy kasalliklardan himoya qilish, ularning oldini olishda foydasi borligi sobit bo‘ldi.
Ba’zi misollarni keltiramiz:
Gohida ruhiy iztirob ham g‘izoni noto‘g‘ri ta’sir qilishga olib borishi mumkin. Ro‘za tutgan odam ruhiy, aqliy istiqrorga ega bo‘ladi. Chunki ro‘zador odam imoniy muhitda ko‘p ibodat, zikr, Qur’on tilovati qilib vaqt o‘tkazadi. Turli achchiqlanish, asabiylashish, urush-janjallardan yiroq bo‘ladi.
Xalqaro aloqalar bo‘limi xodimi
Abdulloh Parpiyev tayyorladi
O‘zbekiston Respublikasi Davlat mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan Buxoro viloyatida faoliyat olib borayotgan imom-xatib va imom-noiblar o‘rtasida “Qur’on tinchlikka buyuradi” shiori ostida Qur’on musobaqasi o‘tkazildi.
Ochilish marosimida Buxoro viloyati bosh imom-xatibi Jobir domla Elov so‘zga chiqib, mazkur ma’rifiy tadbirning ahamiyati haqida so‘zlab, ishtirokchilarga muvaffaqiyat tiladi.
Musobaqani o‘tkazishdan ko‘zlangan maqsad diniy soha xodimlarining Qur’oni karim bo‘yicha bilim va mahoratini yanada oshirish, ular o‘rtasida o‘zaro hamjihatlik muhitini shakllantirishdir.
Bellashuvda viloyatning tuman va shaharlarida faoliyat yuritayotgan 10 nafar imom-xatib va imom-noib ishtirok etib, Qur’oni karimni o‘qish va yoddan bilish borasidagi bilim va mahoratini namoyish etishdi.
Birinchi o‘ringa Peshku tumani “Chiqirchi” jome masjidi imom-noibi Afzal Shavkatov sazovor bo‘ldi. Ikkinchi o‘rin Buxoro shahridagi “Volidi Abdulazizxon” jome masjidi imom-noibi Abduvohid Akramovga, uchinchi o‘rin Jondor tumani “Raboto‘g‘lon” jome masjidi imom-xatibi Shuhrat Sherovga nasib etdi.
G‘oliblarga diplom va qimmatbaho sovg‘alar topshirildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati