Oylarning sultoni Ramazon xonadonimiz mehmonidir. Ramazon — rahmat va mag‘firat oyi ekanligi barchamizga ma’lum. Bu oyda musulmonlar ulkan savoblar umidida ko‘p ezgu ishlarni amalga oshiradilar. Alloh taoloning yaxshi ishlar uchun ajru mukofotlarni bir necha barobar ko‘paytirib ato etadigan bu kunlarni g‘animat biladilar. Ramazon oyi bir qancha nomlar bilan nomlanadi. Misol tariqasida: “rahmat oyi”, “taqvo oyi”, “baraka oyi”, mehr-muhabbat oyi”, “sadaqa oyi”, “savoblarni qo‘lga kiritish oyi”, “mag‘firat oyi” va albatta “Qur’on oyi” degan nomlarni keltirishimiz mumkin. Bu oyda ko‘plab insonlar Qur’on tilovati bilan mashg‘ul bo‘ladilar. Chunki bu oy Qur’on nozil bo‘lgan oydir.
Qur’oni Karimda Alloh taolo bu haqida shunday marhamat qiladi;
شَهْرُ رَمَضَانَ الَّذِي أُنْزِلَ فِيهِ الْقُرْآنُ هُدًى لِلنَّاسِ وَبَيِّنَاتٍ مِنَ الْهُدَى وَالْفُرْقَانِ
“Ramazon oyi – odamlar uchun hidoyat (manbai) va to‘g‘ri yo‘l hamda ajrim etuvchi hujjatlardan iborat Qur’on nozil qilingan oydir”. (Baqara surasi, 185-oyat)
Ramazon oyida mamlakatimizning mingdan ortiq masjidlarda xatmi Qur’on qilinadi. Qur’oni Karim qorilar tomonidan bir karra to‘liq o‘qilib, eshittiriladi. Ramazon oyida Qur’oni Karimni xatm qilish sunnat amallardan biridir. Uni tilovat qilish ham, shu tilovatni eshitish ham ulug‘ ibodatdir. Hadisi sharifda;
“Sizlarning eng yaxshilaringiz Qur’onni o‘rganib va uni boshqalarga o‘rgatganingizdir” deyiladi. (Buxoriy rivoyati).
Muhtaram yurtboshimiz ham "Agar Qur’oni karimni eshita olsak, eshittira olsak bu muvaffaqiyat bo‘ladi. Elimizga nur keladi" deb bejizga ta’kidlamadilar.
Shu o‘rinda o‘tgan ulamolarimizning Ramazon oyida Qur’oni karim tilovatiga katta e’tibor qaratganliklarini ko‘rishimiz mumkin. Xususan, Imom Zahabiy o‘zlarining “Siyar a’lamun-nubala” kitoblarida Murtazo ibn Afifni tarjimayi holida: “U faqir va o‘ta sabrli inson edi. Bir oyda o‘ttiz marotaba Qur’onni xatm qilar, Ramazon oyida esa oltmish marotaba xatm qilar edi” deganlar.
Abu Is'hoq Ibrohim ibn Muhammad an-Nasaviy: men Abu Bakr ibn Hadodning shunday degan gapini eshitdim dedi: “Men imom Shofe’iydan ustozi Robi’ Ramazon oyida Qur’onni namozda o‘qiganlaridan tashqari 60 marotaba xatm qilar edi degan gapini o‘zimga oldim. Meni eng qodir bo‘lganim 59 ta xatm bo‘ldi, Ramazondan boshqa vaqtlarda esa, 30 marotaba xatm qilar edim”.
“Siyaru a’lamun-Nubala” kitobida shunday xabar keladi: Salom ibn Abu Muti’: “Qatoda yetti kunda bir marotaba Qur’onni xatm qilar edi. Ramazon oyida esa, uch kunda bir xatm qilar, agar ro‘zaning oxirgi o‘n kunligi kelsa, har kuni bir marotaba xatm qilar edi” dedi.
“Tarixi Bog‘dod” kitobida kelishicha Xalifa Ma’mun Ramazonda o‘ttiz uch marotaba Qur’onni xatm qilgan ekan.
Ahmad ibn Hanbalning “Kitabuz-Zuhd” kitoblarida kelishicha Ibn Sirin Ramazonda tunlari hech uxlamas ekan.
Tarixu Bag‘dodda kelishicha Muhammad ibn Ismoil (Imom Buxoriy) har kuni kunduzda bir marotaba xatm qilar edi. Taroveh namozidan keyin ham qoim bo‘lar va uch kunda bir marotaba xatm qilar edi.
Nasj ibn Saiddan rivoyat qilinadi: “Ramazonning birinchi kechasi bo‘lsa, Muhammad ibn Ismoil al-Buxoriyning do‘stlari jamlanar edi. Imom Buxoriy ularga namoz o‘qib berar, Qur’onni xatm qilguncha har rakatda yigirma oyatdan o‘qir edi. Saharda esa, Qur’onni yarmi yoki uchdan birini o‘qir edi. Har uch kechani saharida bir xatm tugar edi. Kunduzlari bo‘lsa, har kuni bir marotaba xatm qilar edi. U zot kunduzgi xatmlarini iftor vaqtida tugatar va “Har bir xatm tugashida bitta ijobat bo‘lguvchi duo bor” der edi.
Shu o‘rinda, mustaqilliknning ilk yillarini esga olaylik. Masjidlarimizda xatmi Qur’on qilish uchun qorilar yetishmas, Ramazon oyida Misr, Turkiya kabi davlatlardan qorilar kelar edi. Qisqa vaqt ichida istiqlol sharafi ila, o‘zimizdan qorilar yetishib chiqdi. Nafaqat o‘zimizda balki qo‘shni Rossiya, Ukraina, Qozog‘iston va Amerika Qo‘shma Shtatlari kabi davlatlarga borib xatmi Qur’on qilish uchun qorilarimiz taklif etilmoqda. Qorilarimiz u joydagi musulmonlarga Qur’oni Karimni tilovat qilib, yurtimiz sha’nini ko‘klarga ko‘tarmoqdalar. Bu yil mingdan ortiq jome masjidlarimizda xatmi Qur’on qilinayotgan bo‘lsa, ularning hammasida o‘zimizdan yetishib chiqqan yosh qorilarimiz qatnashmoqdalar.
Azizlar Ramazon oyini g‘animat bilib va ulug‘larimizdan Ramazon oyini qanday o‘tkazganlari va ushbu oyda Qur’onga bo‘lgan e’tiborlari va ehtimomlari naqadar yuksak bo‘lgani haqida ibrat olishimiz va bizlar ham Muborak Ramazon oyini Qur’on oyi ekanini his qilgan holda Qur’on o‘qishga qattiq bel bog‘lamog‘imiz kerak bo‘ladi. Alloh taolo barchamizni ulug‘ ajru savoblarga erishtirsin.
Abdulaziz Bobamirzayev,
“Hidoya” o‘rta maxsus islom bilim yurti mudiri
#Mustaqillikning 35 yilligi
Mustaqilligimizning 35 yillik to‘yi yaqinlashib, joylarda bayram shukuhi keza boshladi. Bundan dilda shukronalik hissi ortmoqda.
Tarixga nazar tashlansa, hamma davrda ham davlatning rivojlanishi, taraqqiy topishi jamiyatning farovon va osoyishta hayot kechirishiga bog‘liqligi ayon bo‘ladi.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam tinchlik-xotirjamlik eng katta ne’mat ekanligini ta’kidlab, bunday deganlar: “Ikki ne’mat borki, ko‘pchilik insonlar uning qadriga yetmaydi. Ular xotirjamlik va sihat-salomatlik” (Imom Buxoriy rivoyati).
Demak, tinchlik va xotirjamlik Alloh ta’oloning behisob bo‘lgan buyuk ilohiy ne’matlaridan. Shunday ekan, tinchlikning qadriga yetib, uning shukrini ado etish insonning burchlaridandir. Zero, hayotning bir maromda davom etishi, Haq taolo buyurgan ishlar xotirjam ado etilishi uchun ham osoyishtalik lozim bo‘ladi. Alloh taolo ham: “Ey, imon keltirganlar! Yoppasiga tinchlik ishiga kirishingiz!” deya buyuradi (Baqara surasi, 208-oyat). Tinchlik, salimlik mavzusi o‘ta muhim bo‘lgani bois Qur’oni karim oyatlaridan o‘rin olgan. Zotan, arab tilidagi “salm”, “silm”, “salom”, va “islom” so‘zlari bir o‘zakdan chiqqan, turli ma’nodagi so‘zlar bo‘lsada, aynan bir maqsadga yo‘naltirilgandir.
Bandaga berilgan ne’matlarning qadriga yetishda va uni asrashda, bizga payg‘amlarlarning otasi bo‘lgan, Ibrohim alayhissalom o‘rnak bo‘lib kelgan. U zot o‘z davrida Makkaga tinchlik, uning ahliga rizq so‘ragani so‘zimizning yorqin misolidir: “Ibrohim: “Ey, Rabbim, bu (Makka)ni tinchlik shahri qilgin va uning aholisidan Allohga va oxirat kuniga ishonuvchilarga (turli) mevalardan rizq qilib bergin” dedi” (Baqara surasi,126-oyat).
Alloh taolo bu orqali Rasululloh sollallohu alayhi va sallamni o‘tgan payg‘ambarlar hayotidan xabardor qilish barobarida, ular so‘ragan narsalarni ham bildirib, shunga chaqirgan.
Bu ne’atlar bardavom bo‘lishi uchun ham insondan shukr va qadrlash talab etiladi. Tinchlik hukm surib turgan joyga yana tinchlik so‘rab duo qilish esa, muqaddas dinimiz buyuradigan ishlardan. Shunday ekan, inson kim bo‘lishidan qat’iy nazar, o‘zi yashab turgan, Alloh ne’mat qilib bergan Vatani, uning zilol suvlari, havosi, nozi ne’matlari va boshqa barcha sharoitlariga shukr qilib, uni ziyoda bo‘lishini so‘rab duo qilishi lozim.
Bugun dunyoda tinchligi, xotirjamligini yo‘qotganlar qancha. Bularni ko‘rib, eshitib turganlar ibrat olib, xulosalar chiqarib, o‘zlari uchun in’om qilingan tinchlik va xotirjamlikni qadrlab, asrab avaylashi lozim.
Yurtimizda hukm surayotgan tinchlik, xotirjamlikni saqlash, uni turli xil g‘arazli xuruj, hamlalardan, fitna va bo‘htonlardan himoya qilish, g‘arzli va manfur kimsalarning makrlariga uchmasdan, yosh avlodni ham ulardan xabardor qilib, islom ta’limotining ezgu g‘oyalarini keng targ‘ib etish har birimizning burchimizdir. Bu xususida Alloh taolo bunday degan: “Ezgulik va taqvo (yo‘li)da hamkorlik qilingiz, gunoh va adovat (yo‘li)da hamkorlik qilmangiz! Allohdan qo‘rqingiz! Albatta, Alloh azobi qattiq zotdir” (Moida surasi, 2-oyat).
Xulosa qiladigan bo‘lsak, dinimizning tinchlik va xotirjamlikka bo‘lgan e’tibori nechog‘lik katta, hamda bag‘rikenglik uning negizi ekani yaqqol namoyon bo‘ladi. Inson o‘zidagi ne’matning qadrini uning ustida mulohaza yuritish, shu ne’matdan o‘zgalar ham bahramand yoki bebahra ekanini o‘ylab ko‘rish bilan biladi. Bu esa Allohga yanada ko‘proq shukr qilishga undaydi.
Ne’matning bardavom bo‘lishi, uning shukri ado etilishiga ham bog‘liq. Yoshi ulug‘ nuroniy otaxon va onaxonlarimiz ushbu ikki ulug‘ ne’matning mustahkamligini so‘rab duo qilishlari shundan. Alloh taolo yurtimiz tinchligi va xotirjamligini barqaror, bardavom, xalqimiz hayotini bundan-da farovon qilsin.
Isomiddin AHROROV