Bu mohi sharifni har bir musulmon yaxshi kutib olib, hurmat-izzatini joyiga qo‘ygan holda kuzatishni orzu qiladi. Buning uchun u avvalo ramazonning fazilatlaridan xabardor bo‘lmog‘i lozim. Chunki ro‘za oyi har yilda bir kelib ketadigan aziz mehmon.
Uyingizga biror mehmon keladigan bo‘lsa, uni yaxshi kutib olib, xurmatini joyiga qo‘yib, ko‘ngildagidek kuzatish uchun bor imkoniyatlaringizni ishga solasiz. Xuddi shuningdek, mohi ramazonni ham ishtiyoq va ixlos bilan kutib olib, shu oyda qo‘limizdan kelganicha solih amallarni qilishga harakat etmog‘imiz lozim. Har bir musulmon bu oyda o‘zining imon va ixlosini charxlab, unga sayqal berib, e’tiqodu imoni nurini ziyoda qilib olish zarur.
Ro‘za insonni halollikka da’vat etadi, uning qalbini tozalaydi. Zero, Qur’oni karimda shunday marhamat qilingan: “Ey, imon keltirganlar, taqvoli bo‘lishlaringiz uchun sizlardan oldingi (ummat) larga farz qilingani kabi sizlarga ham ro‘za farz qilindi”(Baqara,183).
Salmoni Forsiy roziyallohu anhu bunday dedilar. Ya’ni: “Sha’bon oyining oxirgi kuni Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bizlarga xutba o‘qib bo‘lganidan keyin: “Ey odamlar! Sizlarga eng ulug‘ va barokatli oy soya solib kelmoqda. U oyda bir kecha borki, u kecha ming oydan afzaldir. Alloh taolo u oyda ro‘za tutishni farz, kechasida namoz o‘qishni nafl qilgan. U oyda kimda kim biror bir nafl amal qilsa, boshqa oyda farz amalini ado qilgan bilan teng bo‘ladi, kimda kim bu oyda biror farz amalini ado etsa, boshqa oyda yetmishta farz amalini ado qilgan bilan teng bo‘ladi. U- sabr oyi. Sabrning mukofoti esa jannatdir. U- xayr exson ulashadigan oy. U oyda mo‘minning rizqi ziyoda bo‘ladi. Kimki u oyda birorta ro‘zadorga iftorlik qilib bersa, uning gunohlari kechiriladi va do‘zaxdan ozod bo‘ladi. Shuningdek, unga ham ro‘zadorning savobidan hech qancha kam bo‘lmagan savob beriladi”, dedilar. Shunda biz: “Yo Rasululloh! Biz hammamiz ham ro‘zadorga iftorlik qilib bera olmaymiz-ku”, dedik. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Alloh taolo bu savobni ro‘zadorga bir qultum sut yoki bitta xurmo yoki bo‘lmasa bir ho‘plam suv bilan iftorlik qilib bergan kishiga beradi. Kimki ro‘zadorni qornini to‘yg‘azsa Alloh qiyomatda unga havzi kavsardan bir qultum suv ichiradi, natijada u to jannatga kirgunicha chanqamaydi”, dedilar.
Ramazon sharif – toat-ibodat, qut-baraka, baxt-saodat oyi. Shuning bilan birga, bu oyda gunohlar yuvilajak, tavba-tazarrular, chin ixlos va e’tiqod ila qilingan duolar mustajob bo‘lib, qalblar taskin topajak.
Payg‘ambarimiz alayhissalom marhamat qilib aytadilar: “Kimki ramazon oyida ro‘zaning farzligiga ishongan va Alloh taoloning roziligini istagan holda ro‘za tutsa, uning o‘tgan gunohlari kechiriladi” (Buxoriy rivoyati).
Payg‘ambarimiz alayhissalom shunday marhamat qiladilar: “Bu oy shunday oyki, avvali – birinchi o‘n kunligi rahmat, ikkinchi o‘n kunligi – mag‘firat va uchinchi o‘n kunligi – do‘zaxdan najotdir”.
Allohning rahmati tushgan qalb egasi Haqdan adashmaydi, dunyoning zeb-ziynatlari va hoyu havaslariga aldanmaydi, haqiqatga xiyonat qilmaydi. Shuningdek, Allohning rahmati yog‘ilgan oila esa, albatta, barakotli va fayzli bo‘ladi, unda mehr-muhabbat, o‘zaro vafodorlik hukmronlik qiladi.
Bir kuni Rasululloh alayhissalom juma xutbasini o‘qish uchun minbarga ko‘tarilayotganlarida uch marta “omin” dedilar. Bu “omin”larning sirini so‘raganlarida, janob Rasululloh alayhissalom: “Minbarga chiqayotganimda birodarim Jabroil Amin keldi va qulog‘imga: “Ramazonga sog‘-salomat yetib kelib, imkoniyatlari bo‘la turib, gunohlaridan yangi tug‘ilgan go‘dakdek pok bo‘lmagan kishining burni yerga ishqalsin”, dedi. Men “omin” dedim. Keyin: “Ota-onasini yoki ularning birini yoshi ulug‘likka yetganda topsa-yu, ularning xizmatini qilib, roziligini olmagan kishining burni yerga ishqalsin”, dedi. Men yana “omin” dedim. Keyin yana: “Sizning muborak nomingizni eshitib, salavot aytmagan kishining burni yerga ishqalsin”, dedi. Men yana “omin” dedim”. “Burni yerga ishqalsin”ning ma’nosini: ertaga ko‘p afsus va nadomat cheksin, mahshargohda sharmanda bo‘lsin hamda xijolatga qolsin deb ta’vil qilish mumkin.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Alloh taolo odam bolasining hamma amali o‘zi uchun, faqat ro‘zasi men uchundir va uning mukofotini O‘zim berurman, dedi. Ro‘za saqlovchidir. Qachon qaysi biringiz ro‘zador bo‘lsa, fahshdan gapirmasin va baqir-chaqir qilmasin. Agar birortasi u bilan so‘kishmoqchi yoki urushmoqchi bo‘lsa, men ro‘zadorman, desin. Muhammadning joni qo‘lida bo‘lgan zotga qasamki, albatta, ro‘zador og‘zining hidi Allohning nazdida mushkning hididan xushbo‘yroqdir. Ro‘zadorga ikki xursandlik bor. Biri iftor vaqtida, ikkinchisi Parvardigorga yo‘liqqanida”, dedilar (Beshovlari rivoyat qilgan). Payg‘ambarimiz alayhissalom shunday marhamat qiladilar: “Albatta, jannatda “Rayyon” degan eshik bor. U eshikdan qiyomat kunida ro‘zadorlargina kiradi. Ulardan boshqa kimsa kirmaydi. Ular kirib bo‘lganlaridan so‘ng u eshik yopiladi, ulardan boshqa kimsa u eshikdan kirmaydi”. Bu oy Parvardigori olamning abadiy tuganmas ne’mati bo‘lmish jannatiga yetishishimiz uchun berilgan ulkan bir ne’matdir. Alloh taolo barchamizga bu oyni g‘animat bilishga tavfiq bersin.
Rashidbek ERNAZAROV,
Xorazm viloyati Bog‘ot tumani bosh imom-xatibi
Insoniyat sivilizatsiyasi tarixida ayrim davrlar borki, ular faqat muayyan xalq yoki mintaqaning emas, balki butun jahon taraqqiyotining yo‘nalishini belgilab bergan. Islom sivilizatsiyasining IX–XV asrlardagi yuksalish davri ana shunday tarixiy bosqichlardan biri hisoblanadi. Bu davrda ilm-fanning turli sohalari bir-biridan ajralmagan holda. o‘zaro uyg‘unlikda rivojlandi. Matematika astronomiya bilan, tibbiyot falsafa bilan, geografiya matematika bilan, tilshunoslik tarix bilan, diniy ilmlar esa mantiq va tafakkur madaniyati bilan muloqot qilgan. Bugun fanlararo tadqiqot, raqamli gumanitaristika, sun’iy intellekt va kompleks ilmiy yondashuvlar jahon ilm-fanining eng muhim yo‘nalishlariga aylangan bir paytda, o‘sha tarixiy tajriba yanada qiziqarli ahamiyat kasb etmoqda.
Mazkur uyg‘unlik tasodifiy emas edi. U Qur’oni karimda ilmga berilgan yuksak qadr, tafakkurga da’vat, insonni borliqni anglashga chorlovchi g‘oyalar bilan mustahkamlangan ilmiy dunyoqarash mahsuli edi. Shu sababli o‘sha davr olimlarini bugungi zamonaviy tushunchalardagi qat’iy «mutaxassisliklar» doirasiga joylashtirish qiyin.
Forobiy falsafa, mantiq, siyosat, axloq va musiqa nazariyasi bilan shug‘ullangan. Xorazmiy matematika va astronomiya sohalarida ishlagan. Beruniy astronomiya, geografiya, geodeziya, mineralogiya, tarix va etnografiyaga oid asarlar yaratgan. Ibn Sino tibbiyot bilan bir qatorda falsafa, mantiq va tabiiy fanlar haqida ham keng tadqiqotlar olib borgan. Ulug‘bek esa davlat boshqaruvi, ta’lim va astronomik tadqiqotlarni birlashtirgan ilmiy muhitni shakllantirgan. Bu misollarning umumiy jihati shundaki, bilim sohalari o‘rtasidagi chegaralar qat’iy bo‘lmagan.
Bugun «interdissiplinar tadqiqot» deb ataladigan yondashuvning ayrim tamoyillari aynan ana shu intellektual an’analar bilan hamohang.
Shuningdek, islom sivilizatsiyasining intellektual merosini faqat tabiiy va aniq fanlar bilan cheklash ham to‘g‘ri emas. Chunki diniy ilmlar sohasida ham manbalarni yig‘ish, tekshirish, tasniflash va baholashga qaratilgan murakkab ilmiy an’analar shakllangan.
Imom Buxoriyning hadis ilmidagi merosi bunga yaqqol misol bo‘la oladi. Hadislarni saralashda roviylar haqidagi ma’lumotlar, rivoyat zanjiri va boshqa mezonlar o‘rganilgan. Imom Moturidiy esa aqidaviy masalalarni aql va naql uyg‘unligi asosida tahlil qilgan. Uning merosi islom intellektual an’anasida aqliy dalillash va diniy bilim o‘rtasidagi munosabat masalasida muhim o‘rin tutadi.
Shu jihatdan Islom sivilizatsiyasi tarixini faqat diniy yoki faqat ilmiy tarix sifatida emas, keng intellektual jarayon sifatida ko‘rish mumkin.
O‘zbekistonda ilgari surilayotgan Uchinchi Renessans g‘oyasi tarixiy ilmiy merosni zamonaviy taraqqiyot ehtiyojlari bilan bog‘lashga qaratilgan.
Bu yondashuvning markazida ilm-fan, ta’lim, innovatsiya, madaniyat va ma’naviyatni o‘zaro bog‘liq tizim sifatida rivojlantirish g‘oyasi turadi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan barpo etilgan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ham ana shu konsepsiyaning muhim amaliy ifodalaridan biridir.
Markazning vazifasi faqat tarixiy eksponatlarni namoyish qilish bilan cheklanmaydi.
Uning konsepsiyasida islom sivilizatsiyasining ilm-fan, ta’lim, falsafa, san’at, me’morchilik va insonparvarlik sohalaridagi merosini kompleks ravishda o‘rganish va namoyish etish g‘oyasi mujassam.
Nafaqat muzey, balki intellektual platforma
Markazni an’anaviy muzey tushunchasi doirasidagina baholash uning konsepsiyasini to‘liq ifodalamaydi. Zamonaviy muzey faqat eksponat saqlaydigan joy emas. U tadqiqot, ta’lim, raqamlashtirish va xalqaro ilmiy muloqot markaziga aylanishi mumkin. O‘zbekistondagi islom sivilizatsiyasi markazi konsepsiyasida ham ana shu yondashuv muhim o‘rin tutadi.
Qadimiy qo‘lyozma — shunchaki tarixiy buyum emas. U til, tarix, matnshunoslik, kodikologiya, san’at, materialshunoslik va raqamli texnologiyalar nuqtayi nazaridan tadqiq qilinishi mumkin bo‘lgan murakkab manba. Arxeologik merosni o‘rganishda esa geoinformatsion tizimlar, raqamli modellashtirish, 3D texnologiyalar va boshqa zamonaviy usullardan foydalanish imkoniyatlari kengaymoqda. Shunday qilib, madaniy merosni o‘rganishning o‘zi fanlararo jarayonga aylanmoqda.
O‘tmishni sun’iy intellekt bilan bog‘lash
Texnologiyalar madaniy merosni o‘rganish usullarini ham o‘zgartirmoqda.
Qo‘lyozmalarni yuqori sifatda raqamlashtirish, matnlarni elektron bazalarga kiritish, sun’iy intellekt yordamida matnlarni tahlil qilish, 3D modellar yaratish va virtual muhitlarda tarixiy obyektlarni qayta tiklash imkoniyatlari ilmiy tadqiqotlar uchun yangi yo‘nalishlarni ochmoqda.
Bu yerda muhim nuqta bor. Texnologiya tarixning o‘rnini bosmaydi — u tarixni yangi avlod uchun tushunarli va tadqiqot uchun yanada ochiq qiladi.
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining konsepsiyasi ham o‘tmishdagi ilmiy merosni zamonaviy texnologiyalar bilan bog‘lashga qaratilgan.
Bu yondashuv tarixiy bilimni arxiv va kitoblar doirasidan chiqarib, xalqaro tadqiqotchilar, talabalar va keng jamoatchilik uchun ochiq intellektual resursga aylantirish imkonini beradi.
«Ma’rifat bilan jaholatga qarshi»
Islom sivilizatsiyasining ilmiy merosini o‘rganishning yana bir ahamiyati bor.
Global axborot makonida din, tarix va madaniyat haqida turli xil, ba’zan bir-biriga zid tasavvurlar yuzaga kelganda tarixiy merosni ilmiy asosda tushuntirish nafaqat madaniy, balki ma’rifiy ahamiyatga ham ega.
Islom sivilizatsiyasi tarixini faqat diniy marosimlar yoki siyosiy voqealar orqali emas, balki matematika, tibbiyot, astronomiya, falsafa, geografiya, me’morchilik va boshqa sohalardagi yutuqlar bilan birga o‘rganish uning murakkab va ko‘p qirrali tabiatini yaxshiroq anglash imkonini beradi.
Shu ma’noda ma’rifat tarixiy bilimni zamonaviy axborot muhitidagi noto‘g‘ri talqinlarga qarshi muhim vositaga aylantirishi mumkin.
O‘zbekistonning yangi xalqaro ilmiy platformasi
Islom sivilizatsiyasi bir mamlakat yoki bir xalqning merosi emas. U Markaziy Osiyo, Yaqin Sharq, Shimoliy Afrika, Janubiy Osiyo va boshqa hududlarni qamrab olgan keng tarixiy va intellektual makonni ifodalaydi. Shu sababli bu merosni o‘rganish ham xalqaro hamkorlikni talab qiladi.
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi oldidagi muhim vazifalardan biri ham turli mamlakatlarning olimlari, universitetlari, muzeylari va ilmiy-tadqiqot markazlari o‘rtasida muloqotni kuchaytirishdan iborat.
Bu O‘zbekistonning o‘z tarixiy merosini dunyoga tanitish bilan birga, mamlakatni global gumanitar tadqiqotlarning faol ishtirokchisi sifatida namoyon etishiga xizmat qilishi mumkin.
Uchinchi Renessansning asosiy kuchi
Uchinchi Renessans haqida gap ketganda, masala faqat yangi binolar qurish yoki yangi muassasalar tashkil etishdan iborat emas. Asosiy savol boshqa: O‘zbekiston o‘zining boy ilmiy merosini zamonaviy bilim va innovatsiyalarga qanday aylantira oladi? Bu savolning javobi ilm-fan, ta’lim, texnologiya, madaniyat va inson kapitalining bir nuqtada birlashishini talab qiladi.
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining ahamiyati ham shu nuqtada namoyon bo‘ladi. U tarixiy merosni saqlash bilan birga, uni tadqiq qilish, raqamlashtirish, xalqaro ilmiy muloqotga olib chiqish va yangi avlodga yetkazish uchun platformaga aylanishi ko‘zda tutilmoqda.
Shu ma’noda Markazni o‘tmishga bag‘ishlangan inshoot emas, kelajakka yo‘naltirilgan intellektual investitsiya sifatida baholash mumkin.
Chunki sivilizatsiyaning haqiqiy qiymati faqat uning o‘tmishda yaratgan merosi bilan emas, balki bu meros yangi avlod uchun qanday yangi bilim va g‘oyalarga aylanishi bilan ham o‘lchanadi.
Xorazmiyning hisoblash usullaridan bugungi algoritmlargacha, Beruniyning kompleks tadqiqotlaridan zamonaviy fanlararo loyihalargacha, Ulug‘bek rasadxonasidan raqamli astronomiyagacha bo‘lgan yo‘l bir haqiqatni ko‘rsatadi: ilm taraqqiyoti chegaralar emas, muloqot va hamkorlik orqali tezlashadi.
Ehtimol, Uchinchi Renessansning eng muhim vazifasi ham ana shunda — ajdodlar yaratgan bilimlarni shunchaki eslash emas, balki ulardan yangi bilimlar yaratish uchun foydalanish. O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi esa ana shu g‘oya atrofida shakllanayotgan yangi intellektual muhitning muhim platformalaridan biridir.
Muallif: Abulfayz Sayidasqarov, iccu.uz
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati