Sayt test holatida ishlamoqda!
13 Sentabr, 2026   |   2 Rabi`us soni, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:41
Quyosh
06:01
Peshin
12:19
Asr
16:45
Shom
18:40
Xufton
19:56
Bismillah
13 Sentabr, 2026, 2 Rabi`us soni, 1448

Ramazon oyini munosib kutib olaylik!

22.05.2018   44925   5 min.
Ramazon oyini munosib kutib olaylik!

Bu mohi sharifni har bir musulmon yaxshi kutib olib, hurmat-izzatini joyiga qo‘ygan holda kuzatishni orzu qiladi. Buning uchun u avvalo ramazonning fazilatlaridan xabardor bo‘lmog‘i lozim. Chunki ro‘za oyi har yilda bir kelib ketadigan aziz mehmon.

Uyingizga biror mehmon keladigan bo‘lsa, uni yaxshi kutib olib, xurmatini joyiga qo‘yib, ko‘ngildagidek kuzatish uchun bor imkoniyatlaringizni ishga solasiz. Xuddi shuningdek, mohi ramazonni ham ishtiyoq va ixlos bilan kutib olib, shu oyda qo‘limizdan kelganicha solih amallarni qilishga harakat etmog‘imiz lozim. Har bir musulmon bu oyda o‘zining imon va ixlosini charxlab, unga sayqal berib, e’tiqodu imoni nurini ziyoda qilib olish zarur.

Ro‘za insonni halollikka da’vat etadi, uning qalbini tozalaydi. Zero, Qur’oni karimda shunday marhamat qilingan: “Ey, imon keltirganlar, taqvoli bo‘lishlaringiz uchun sizlardan oldingi (ummat) larga farz qilingani kabi sizlarga ham ro‘za farz qilindi”(Baqara,183).

Salmoni Forsiy roziyallohu anhu bunday dedilar. Ya’ni: “Sha’bon oyining oxirgi kuni Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bizlarga xutba o‘qib bo‘lganidan keyin: “Ey odamlar! Sizlarga eng ulug‘ va barokatli oy soya solib kelmoqda. U oyda bir kecha borki, u kecha ming oydan afzaldir. Alloh taolo u oyda ro‘za tutishni farz, kechasida namoz o‘qishni nafl qilgan. U oyda kimda kim biror bir nafl amal qilsa, boshqa oyda farz amalini ado qilgan bilan teng bo‘ladi, kimda kim bu oyda biror farz amalini ado etsa, boshqa oyda yetmishta farz amalini ado qilgan bilan teng bo‘ladi. U- sabr oyi. Sabrning mukofoti esa jannatdir. U- xayr exson ulashadigan oy. U oyda mo‘minning rizqi ziyoda bo‘ladi. Kimki u oyda birorta ro‘zadorga iftorlik qilib bersa, uning gunohlari kechiriladi va do‘zaxdan ozod bo‘ladi. Shuningdek, unga  ham ro‘zadorning savobidan hech qancha  kam bo‘lmagan savob beriladi”, dedilar. Shunda biz: “Yo Rasululloh! Biz hammamiz ham ro‘zadorga iftorlik qilib bera olmaymiz-ku”, dedik. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Alloh taolo bu savobni ro‘zadorga bir qultum sut yoki bitta xurmo yoki bo‘lmasa bir ho‘plam suv bilan iftorlik qilib bergan kishiga beradi. Kimki  ro‘zadorni qornini to‘yg‘azsa Alloh qiyomatda unga havzi kavsardan bir qultum suv ichiradi, natijada u to jannatga kirgunicha chanqamaydi”, dedilar.

Ramazon sharif – toat-ibodat, qut-baraka, baxt-saodat oyi. Shuning bilan birga, bu oyda gunohlar yuvilajak, tavba-tazarrular, chin ixlos  va e’tiqod ila qilingan duolar mustajob bo‘lib, qalblar taskin topajak.

Payg‘ambarimiz alayhissalom marhamat qilib aytadilar: “Kimki ramazon oyida ro‘zaning farzligiga ishongan va Alloh taoloning roziligini istagan holda ro‘za tutsa, uning o‘tgan gunohlari kechiriladi” (Buxoriy rivoyati).

Payg‘ambarimiz alayhissalom shunday marhamat qiladilar: “Bu oy shunday oyki, avvalibirinchi o‘n kunligi rahmat, ikkinchi o‘n kunligi mag‘firat va uchinchi o‘n kunligi do‘zaxdan najotdir”.

Allohning rahmati tushgan qalb egasi Haqdan adashmaydi, dunyoning zeb-ziynatlari va hoyu havaslariga aldanmaydi, haqiqatga xiyonat qilmaydi. Shuningdek, Allohning rahmati yog‘ilgan oila esa, albatta, barakotli va fayzli bo‘ladi, unda mehr-muhabbat, o‘zaro vafodorlik hukmronlik qiladi.

Bir kuni Rasululloh alayhissalom juma xutbasini o‘qish uchun minbarga ko‘tarilayotganlarida uch marta “omin” dedilar. Bu “omin”larning sirini so‘raganlarida, janob Rasululloh alayhissalom: “Minbarga chiqayotganimda birodarim Jabroil Amin keldi va qulog‘imga: “Ramazonga sog‘-salomat yetib kelib, imkoniyatlari bo‘la turib, gunohlaridan yangi tug‘ilgan go‘dakdek pok bo‘lmagan kishining burni yerga ishqalsin”, dedi. Men “omin” dedim. Keyin: “Ota-onasini  yoki ularning birini yoshi ulug‘likka yetganda topsa-yu, ularning xizmatini qilib, roziligini olmagan kishining burni yerga ishqalsin”, dedi. Men yana “omin” dedim. Keyin yana: “Sizning muborak nomingizni  eshitib, salavot aytmagan kishining burni yerga ishqalsin”, dedi. Men yana “omin” dedim”.  “Burni yerga ishqalsin”ning ma’nosini: ertaga ko‘p afsus va nadomat cheksin, mahshargohda sharmanda bo‘lsin hamda xijolatga qolsin deb ta’vil qilish mumkin.

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Alloh taolo odam bolasining hamma amali o‘zi uchun, faqat ro‘zasi men uchundir va uning mukofotini O‘zim berurman, dedi. Ro‘za saqlovchidir. Qachon qaysi biringiz ro‘zador bo‘lsa, fahshdan gapirmasin va baqir-chaqir qilmasin. Agar birortasi u bilan so‘kishmoqchi yoki urushmoqchi bo‘lsa, men ro‘zadorman, desin. Muhammadning joni qo‘lida bo‘lgan zotga qasamki, albatta, ro‘zador og‘zining hidi Allohning nazdida mushkning hididan xushbo‘yroqdir. Ro‘zadorga ikki xursandlik bor. Biri iftor vaqtida, ikkinchisi Parvardigorga yo‘liqqanida”, dedilar (Beshovlari rivoyat qilgan). Payg‘ambarimiz alayhissalom shunday marhamat qiladilar: “Albatta, jannatda “Rayyon” degan  eshik bor. U eshikdan qiyomat kunida ro‘zadorlargina kiradi. Ulardan boshqa kimsa kirmaydi. Ular kirib bo‘lganlaridan so‘ng u eshik yopiladi, ulardan boshqa kimsa u eshikdan kirmaydi”. Bu oy Parvardigori olamning abadiy tuganmas ne’mati bo‘lmish jannatiga yetishishimiz uchun berilgan ulkan bir ne’matdir. Alloh taolo barchamizga bu oyni g‘animat bilishga tavfiq bersin.

 

Rashidbek  ERNAZAROV,

Xorazm viloyati Bog‘ot tumani  bosh imom-xatibi 

Ramazon-2018
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

«Asrlarni birlashtiruvchi meros»: mediaforumda Qur’on, qo‘lyozmalar va sun’iy intellektga oid loyihalar taqdim etiladi

26.08.2026   45314   2 min.
«Asrlarni birlashtiruvchi meros»: mediaforumda Qur’on, qo‘lyozmalar va sun’iy intellektga oid loyihalar taqdim etiladi

 «Islom sivilizatsiyasi: yangi nigoh — yangi kashfiyotlar» Xalqaro mediaforumining uchinchi yalpi sessiyasi 26 avgust kuni «Asrlarni birlashtiruvchi meros. Islom sivilizatsiyasining ma’naviy mazmun-mohiyati» mavzusida bo‘lib o‘tmoqda. Sessiyada Qur’on merosi, qadimiy qo‘lyozmalar, xattotlik, hujjatli kino hamda tarixiy manbalarni o‘rganishda sun’iy intellektdan foydalanish masalalari o‘rin olgan, xabar bermoqda iccu.uz.

Asosiy loyihalardan biri — «114 Qur’on: islom olami xattotligining 114 durdonasi» bo‘ladi. Uni Mueller & Schindler nashriyot uyi vitse-prezidenti Aleksandr Vilgelm taqdim etdi. Shuningdek, sessiyada «Katta Langar Qur’oni: haqiqat va afsonalar» xalqaro loyihasi taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Uni Islom sivilizatsiyasi markazi ilmiy kotibi Rustam Jabborov taqdim qildi.

Sankt-Peterburg hujjatli filmlar studiyasi bosh direktori Aleksey Telnov «Yagona tarixiy meros sahifalari» loyihasi doirasida yaratilgan «Masjid» filmining treylerini namoyish etdi. Islomshunos va madaniyat arbobi Ketlin Gyobel ishtirokchilarni «Allohning 99 ismi: Uning go‘zal ismlari orqali Yaratganni anglash» noshirlik loyihasi bilan tanishtirdi.

Alohida blok yangi texnologiyalarga bag‘ishlanadi. Sberbank Istiqbolli texnologiyalarni rivojlantirish boshqarmasi ijrochi direktori Vladimir Kox hamda Islom sivilizatsiyasi markazi professori, bosh ilmiy xodimi Zohidullo Munavvarov «Sun’iy intellekt — qadimiy qo‘lyozmalarni o‘qishning raqamli kaliti» loyihasini taqdim etadi. Dasturdan, shuningdek, «Payg‘ambarning fazilatlari» kitobi va «O‘zbekiston tarix xaritasida: imperiyalar, sivilizatsiyalar, davrlar» loyihasi ham o‘rin olgan.

Xalqaro munozara «Jaholatdan ma’rifat sari: stereotiplar va islomofobiyani bartaraf etishda medianing o‘rni» mavzusida o‘tkaziladi. Unda Islom hamkorlik tashkiloti, shuningdek, Jazoir, Ummon, Pokiston, Saudiya Arabistoni, Iroq, Mali va O‘zbekistonning davlat va xalqaro ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etadi.

Bundan tashqari, O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi raisi Shuhrat Orif «Jurnalistikada tarix va sun’iy intellekt: merosni onlayn makonda qanday saqlash mumkin?» loyihasini, Islom sivilizatsiyasi markazi media bo‘limi rahbari O‘ktam Usmanov esa «O‘zbekistonni dunyoga mashhur qilgan olimlar» kitobini taqdim etadi. Sessiya «Dunyo Qur’oni: xattotlik an’analaridan — kelajak merosi sari» taqdimoti bilan yakunlanadi. Islom sivilizatsiyasi markazi huzuridagi Xattotlik maktabi direktori Habibullo Solih turli mamlakatlar va islom xattotlik maktablari an’analarini birlashtiruvchi noyob Qur’onni yaratish bo‘yicha xattotlar o‘rtasidagi Jahon tanlovini e’lon qiladi.
 
Forumning asosiy maydoni O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi bo‘ladi. Unda deyarli 50 mamlakatdan media va ekspertlar hamjamiyatining 300 nafar vakili — mediakompaniyalar, axborot agentliklari va telekanallar rahbarlari, jurnalistlar, prodyuserlar, olimlar hamda kreativ industriya mutaxassislari ishtirok etadi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari