Ro‘za arab tilida “siyom” deb atalib, lug‘atda bir narsadan o‘zini tiymoqlikni bildiradi. Shariat istilohida esa “Ro‘za tong otgandan to qUyosh botguncha niyat bilan ro‘zani ochuvchi narsalardan o‘zini tiymoqdir”.
“Ramazon” arabcha “ar-romad” degan so‘zdan olingan bo‘lib, quyosh haroratining juda isib, qaynab ketishini anglatadi. “Ar-ramdo” esa quyosh olamni tandirdek lovullatib qizdirishini bildiradi. Ana shunday issiqda qolib ketgan podadagi mol, qo‘ylarning jigarlari qurib, halok bo‘ladi. Shuning uchun arablar “oftob urishi” ni “romadatul-g‘onam” (chorvaning kuyishi) deydilar. Ramazon deyilishiga sabab, bu oyda gunohlar kuydiriladi, “kechiriladi” emas yondirib yo‘q qilib yuboriladi. Uni yondirib, kul qiladigan narsa ro‘za tutib, solih amallar qilmoqlikdir.
Qur’oni karimda Alloh taolo ro‘zaning hukmlarini bayon etdi. Oyati karimada ro‘za bizdan oldingilarga, ya’ni Odam alayhissalomdan buyon joriy etilganini aytib, biz mo‘min-musulmonlar taqvodorlardan bo‘lishimiz iroda etilgan.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Ro‘za tuting, salomat bo‘lasiz”, deganlar. Ro‘zaning eng zo‘r hikmatlaridan biri shuki, u tufayli ro‘zador o‘z sog‘ligini tiklab oladi.
Mutaxassislar ixtiyoriy och qolish haqida ko‘p va xo‘b gapirmoqdalar. Ro‘za ana shu ixtiyoriy och qolishning eng samarali usulidir. Hozirgi kunda keng tarqalgan kasalliklarning ko‘pchiligini musulmon bo‘lmagan yurtlarning tabiblari ochlik, ya’ni ro‘za tutdirish yo‘li bilan davolamoqdalar.
Yaqinda Rossiya olimlari ro‘za tutish yo‘li bilan davolangan bemorlar ro‘yxatini e’lon qildilar. Natija kishini hayraga soladigan darajada muvaffaqiyatli edi. Hatto saraton kasaliga mubtalo bo‘lganlar ham ana shu yo‘l bilan shifo topganlar. Ro‘za turli kasalliklardan xalos etish bilan birga, kishi badanida to‘planib qolgan turli keraksiz moddalar, yog‘lar, tuzlar va boshqa narsalarni ham ketkazadi. Natijada insonning jismi ham, ruhi ham yengillashadi, zehni o‘tkir, xotirasi kuchli irodasi mustahkam bo‘la boradi.
Bu borada doktor Mak It Chen 21 xil kasallik bilan og‘rigan bemorlar ustida tajriba o‘tkazdi. Natija ko‘rsatishicha bu bemorlarning deyarli barchasi ro‘za tutish sababli shifo topgan. Bu kasalliklar orasida bugungi kunda shifosi topilmayotgan kasalliklardan bo‘lmish saraton kasalligi ham shifo topgan.
Ro‘zaning eng katta foydalaridan biri – havoi nafsni sindirishdir. Ma’lumki, havoi nafsning aytganini qilaverish insonni unga qul qilib qo‘yadi. Bora-bora inson havoi nafsi nima desa, shuni qiladigan bo‘lib qoladi. Havoi nafs insonni hech qachon yaxshi narsaga buyurmaydi. Ro‘za tutgan kishi esa ishtahasi kelib turgan holda turli taom, ichimliklar shahvoniy va boshqa nafsi tilab turgan narsalardan o‘zini tiyishi bilan havoi nafsining xohishini sindiradi. Shu bilan ro‘zadorning irodasi kuchayadi, havoi nafsini jilovlab olishga erishadi.
Ro‘zaning foydalaridan yana biri – shaytonga qahr ko‘rsatishdir. Shayton inson bolasini har doim yaxshilikdan qaytarib, yomonlikka boshlab turadi. Inson yomonlikka yursa, shayton xursand bo‘ladi. Yaxshilikka yurib, Allohning amrini bajo keltirsa, u xafa bo‘ladi, o‘zini qahrga qolgan hisoblaydi. Ro‘za esa aynan ana shunday ibodatdir.
Ro‘zaning foydalaridan yana biri – ro‘zadorning qalbi musaffo bo‘lishidir. Ro‘za tutgan inson doimo Alloh taoloning o‘zini kuzatib turganini his qilib yashaydi. Shuning uchun o‘zi yolg‘iz qolganda ham ro‘zasini ochishga jur’at etmaydi. Doimiy ravishda Allohni his etib turish esa qalbini musaffo qiladi. Ro‘za tutgan kishi o‘z ro‘zasi tufayli farishtalar sifati ila sifatlanadi.
Ayonki, yemaslik, ichmaslik va jinsiy yaqinlik qilmay, doimo toatda bo‘lish farishtalarga xos sifatdir.
Ro‘za tutgan inson o‘zining ro‘zadorligi bilan aynan ana shu sifatlarga sohib bo‘ladi.
Ro‘zaning foydalaridan yana biri – ro‘zadorning sabr-bardoshli kishi sifatiga ega bo‘lishidir. Bu esa har bir inson uchun juda ham zarur sifatdir. O‘z ixtiyori ila o‘ttiz kun ko‘ngli xohlagan narsalardan o‘zini tiygan kishi keragicha sabr-bardoshga ega bo‘ladi.
Ro‘za ro‘zadorda rahm-shafqat sifatini shakllantirib mustahkamlaydi. Ro‘za tutgan kishi o‘z ixtiyori bilan och qolib, chanqab, ko‘ngli xohlaydigan turli narsalardan vaqtincha mahrum bo‘lish bilan o‘z ixtiyoridan tashqari och qolib, chanqab, dunyo lazzatlaridan bebahra bo‘lib yurgan beva-bechora, kambag‘allarga nisbatan rahm-shafqatli bo‘lib qoladi. Doimo ularga yaxshilik qilib turish kerakligini tushunib yetadi. Demak, kim o‘zida rahm-shafqat sifatini shakllantirish va mustahkamlashni xohlasa, ro‘za tutsin.
Rashidbek ERNAZAROV,
Xorazm viloyati Bog‘ot tumani bosh imom-xatibi
Istiqlolimizning 35 yillik bayrami arafasida Farg‘ona viloyati bosh imom-xatibi Ubaydulloh domla Abdullayev ishtirokida Quvasoy shahrida xayriya tadbir o‘tkazildi. Unda 33 ta xonadonga oziq-ovqat mahsulotlari, 43 nafar bolajonga esa o‘quv qurollari va kiyim-kechaklar hadya qilindi.
Tadbirda farzandlar uchun munosib sharoit yaratish ezgulikning eng go‘zal ko‘rinishlaridan biri ekani, bugun yosh avlodning bilimi va kamoli uchun qilingan har bir xayrli amal ertangi kun taraqqiyotiga muhim hissa bo‘lib qo‘shilishi ta’kidlandi.
Bunday tadbirlar, shuningdek, Buvayda tumanidagi «Katta mahalla» masjidi jamoasi tomonidan ham tashkil etildi. Unda ijtimoiy ko‘makka muhtoj hamda boquvchisini yo‘qotgan oilalar farzandlaridan 70 nafariga maktabda ta’lim olishi uchun zarur bo‘lgan o‘quv qurollari tarqatildi. Bolajonlar mustaqillik bayrami hamda boshlanajak yangi o‘quv yili bilan muborakbod etildi.
Ilm va yoshlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan bunday ezgu tashabbuslar Farg‘ona shahridagi "Xo‘jamberdiboy", So‘x tumanidagi "Sulton Mahmud" masjidi jamoasi tomonidan ham tashkil etilmoqda.
O‘MI Farg‘ona viloyati vakilligi Matbuot xizmati