Ko‘kni qizartirgan so‘nggi shafaqlar.
Ufq ortiga nihon bo‘lgan bu zamon.
Sog‘inch ko‘zlaridan to‘kilgan yoshlar
Bir-la bezalganda gardishi osmon.
Rahmat xazinasin ochqichi bo‘lib,
Ko‘kka ko‘tarildi misoli kamon.
Feruza gumbazli osmon toqiga,
Chiqibdur muborak mohi Ramazon!
Alloh taologa beadad hamdu sanolar bo‘lsinki, o‘n bir oyga cho‘zilgan sog‘inch va ishtiyoqdan so‘ng nihoyat oylarning sultoni, ezgulik va xayr mavsumi, toatu ibodat fasli, saxovatu duo, tarovehu Qur’on oyi bo‘lmish muborak mohi Ramazon o‘zining tarovati, saxovati va barakoti bilan olamga tashrif buyurib, boshimiz uzra rahmat soyaboni bo‘lib turibdi.
Jannatmakon o‘lkamizning mo‘min-musulmonlari oylarning eng ulug‘i va eng fazilatlisi bo‘lmish bu oyni bir olam shodligu quvonch bilan kutib olmoqdalar. Hamma bir-biridan shirin, bir-biridan ezgu orzu umidlar og‘ushida. Kimdir Ramazon ro‘zasini bu yil to‘liq tutib, o‘ttiz kun mobaynida tarovehlarda Qur’on xatmiga some’ bo‘lib, ko‘plab savob orttirish niyatida bo‘lsa, kimdir bu sanoqli kunlar mobaynida Qur’oni karimni to‘liq o‘qib tushirish ilinjida. Kimdir, bu bebaho va betakror toat mavsumida o‘zini hartomonlama isloh etib, xatolarini tuzatish, hasad, ginayu kudurat, xusumat kabi ma’naviy illatlardan qalbini musaffo etib, o‘zi uchun pokiza hayot sahifasini ochishni qasd qilgan bo‘lsa, yana kimdir xayrli ishlar uchun boshqa vaqtlardagidan ko‘ra ko‘proq ajru savoblar beriladigan bu qimmatli fursatlarni g‘animat bilib, mehru muruvvat, saxovat va silai rahm kabi oliyjanob ishlardan imkon qadar ko‘proq zaxira to‘plash maqsadida ramazonning kelishiga intiq.
Ha, azizlar, Ramazon mana shunday o‘xshashi yo‘q, fazilatda tengi yo‘q muborak oy. U ezgulik sayli, toat mavsumi, yaxshiliklar musobaqasidir. O‘tgan ulug‘larimiz Ramazonga shunday intiq bo‘lishar ediki, hatto oylar davomida “Ey Alloh, bizlarni Ramazonga eson-omon yetkaz!”, deya Yaratganga iltijolar qilardilar. Ramazon kelib, uning har lahzasini ezgu amallar uchun zaxira qilishgach, yana bir necha oylar davomida “Ey Alloh, bizdan Ramazondagi amallarimizni qabul et!”, deya tinmay duoda bo‘lardilar.
Solih salaflarimizning Ramazonga munosabatlari ana shunday edi. U zotlar butunboshli yilga Ramazon orqali nazar solganlar. Ramazonni yilning asosi va mehvari deb bilganlar. Shu bois ham yarim yil davomida Parvardigordan Ramazondagi ibodatlarini qabul qilishni so‘rasalar, qolgan oylarni “Ramazonga yetkaz!” degan iltijo tillaridan tushmagan.
Zero, Alloh taolo O‘zining buyuk irodasi va cheksiz hikmati taqozosi bilan o‘zi yaratgan maxluqotlarini fazl va ustunlikda bir-biridan farqli va tafovut qiladigan qilib yaratgan. Ba’zi makonlarni boshqasidan, ayrim zamonlarni o‘zgasidan ortiq va afzal qilib qo‘ygan. Oyu kunlar orasidan ba’zilarini tanlab olib, ularni ezgulik mavsumlari, toat va ibodat kunlari, qurbat hosil qilish vaqtlari qilib belgilagan. Bular yil mobaynida hadya tariqasida berilgan rahmat nafhalaridir. Kim ularga e’tibor berib, yaxshiliklaridan bahramand bo‘lib qolsa, o‘sha haqiqiy baxtiyor kishidir.
Anas ibn Molik (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi: Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) marhamat qilib dedilar: "Butun umringiz davomida yaxshilik talabgori bo‘lib, Alloh azza va jallaning rahmat shabadalariga yo‘liqing! Zero, Allohning rahmati jumlasidan bo‘lgan shabadalari borki, ularni bandalaridan xohlaganiga nasib qiladi" (Tabaroniy, Bayhaqiy, Ibn Abdul-Barr, Abu Nuaym, Ibn Asokir va boshqalar rivoyati).
Ana shunday rahmat nafhalaridan biri Ramazon oyidir. Bu oy boshqa oylarga nisbatan fazilatu ustunlikda bamisoli quyoshning boshqa sayyoralarga nisbatan ustunligi kabidir. Alloh taolo Ramazon oyini boshqa barcha oylardan oliy va mufazzal qildi. Uni ko‘plab buyuk fazilatlar va ulug‘ imtiyozlar bilan xosladi. Imom Tabaroniy Ibn Abbos (roziyallohu anhumo)dan rivoyat qilingan hadisda Nabiy (sollallohu alayhi vasallam): «Oylarning eng afzali Ramazon oyidir», deganlar.
Ramazon oyining fazilatlarini sanab tugatib bo‘lmaydi. Islomning bosh manbai, insoniyatning qiyomatgacha hayot dasturi Qur’oni karim shu oyda nozil bo‘lgandir. Ushbu oyda Islom tarixiga zarhal harflar bilan yozilgan juda ko‘p olamshumul voqealar sodir bo‘lgan. Shu bois butun dunyo musulmonlari ushbu tabarruk oyni solih amallar va Alloh roziligi yo‘lidagi ibodatlar oyiga aylantirishadi.
Ramazon Qur’on oyidir. Qur’on bilan ro‘za oyi orasidagi mustahkam aloqa va bog‘liqlikni Ramazonning ilk kuni kirishi bilanoq har bir musulmon kishi o‘z qalbining tub-tubidan his etadi. Va o‘ta kuchli muhabbat va qizqish bilan Rabbisining Kitobini mutolaa qilishga kirishadi. Uning oyatlari borasida tafakkur yuritadi, Unda keltirilgan qissalaru xabarlardan ibrat oladi. Masjidlar namozxonlar va Qur’on tilovat qiluvchilar bilan to‘lib ketadi. Dunyodagi bor masjidlarda Qur’oni karim xatmi boshlanadi. Va bu holat o‘zining lisoni holi ila butun olamga bu oy Qur’on oyi ekanligini baralla e’lon qiladi.
Alloh taolo dedi: “Ramazon oyi – odamlar uchun hidoyat (manbai) va to‘g‘ri yo‘l hamda ajrim etuvchi hujjatlardan iborat Qur’on nozil qilingan oydir” (Baqara surasi, 185-oyat).
Tafsir kitoblarida kelishicha, Qur’oni karim Ramazon oyining Qadr kechasida Lavhi mahfuzdan dunyo osmoniga tushirilgan. So‘ngra, yigirma uch yil davomida voqea hodisalar rivojiga muvofiq ravishda bo‘lib-bo‘lib Payg‘ambarimizga indirilgan.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bu oyda Qur’onni Jabroil alayhissalom nazoratlaridan to‘liq o‘tkazib olar edilar. Bu ulug‘ farishta bilan birgalikda Qur’oni karimni dars qilardilar. Vafot topadigan yillarida esa, Qur’onni bu ulug‘ farishtadan ikki marta o‘tkazib olganlar.
Salafi solihlarimiz ham bu muborak oyda Qur’oni karim uchun alohida e’tibor va vaqt ajratganlar. Faqih olimlar ham bu oyda ilm bilan shug‘ullanishni butunlay yig‘ishtirib yoki kamaytirib, Qur’on mutolaasiga iqbol etganlar. Usmon ibn Affon (roziyallohu anhu) Qur’oni karimni har kuni o‘qib tushirar edilar. Boshqa ba’zilar Qur’oni karim qiroatini uch kunda nihoyasiga yetkazar edilar. Yana birlari bir haftada xatm qilsalar, boshqalar o‘n kunda o‘qib bitirar edilar. Qatoda (rahimahulloh) Qur’onni doimo har yetti kunda xatm qilsalar, Ramazon kelganda har uch kunda o‘qib tushirar, oxirgi o‘n kunlik kirganda esa har kechada xatm qilardilar. Imom Shofeiy (rahimahulloh) Qur’oni karimni Ramazonda oltmish marta xatm qilardilar. Imom Molik (rahmatullohi alayh) Ramazon oyi kirganda hadis ilmi va ulamolar bilan bo‘lgan ilm majlislarini to‘xtatib, Qur’on qiroatiga yuzlanar edilar. Sufyon Savriy esa Ramazon kirib kelganda hamma qo‘shimcha ibodatlarni yig‘ishtirib, o‘zini Qur’on tilovatiga bag‘ishlardi.
Ramazon xayr-saxovat oyidir. Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) bu oyda boshqa oylarga qaraganda yanada saxiyroq bo‘lib ketardilar.
Abdulloh ibn Abbos (roziyallohu anhumo) aytadilar: "Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) odamlarning eng saxovatlisi edilar. Ul zotning saxovatlari ramazon oyida – har kecha Jabroil (alayhis salom) Ul zotga Qur’onni ta’lim berish uchun huzurlariga tashrif buyuradigan paytlarda – ayniqsa cho‘qqisiga chiqardi. Darhaqiqat, Allohning Rasuli (sollallohu alayhi va sallam) odamlarga yaxshilik bilan muruvvat ko‘rsatishda shiddat bilan esayotgan shamoldan-da uchqurroq edilar" (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyatlari).
Shuning uchun ham qadimdan musulmonlar Ramazon kirganda har galgidan saxovatliroq bo‘lishga odatlanganlar. Davlatmand kishilar zakotlarini ham aynan Ramazonda ado etishlari ham shundan. Bu oyning barakasidan har bir uy baharamand bo‘lib, mo‘minlar qalbiga xursandlik va shodlik kirsin uchun odamlar alohida Ramazonga xos xayru ehsonlari bilan bir qatorda zakotlarini ham shu oyda chiqaradilar.
Bu oy tunggi namozlar va nafl ibodatlar oyi hamdir. “Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam Ramazon kechalarini ibodat bilan o‘tkazib chiqardilar. Qachon oyning oxirgi o‘n kuni kelsa, oila a’zolarini va namozga kuchi yetadigan katta-yu kichikni uyg‘otardilar (Imom Muslim rivoyati).
Ramazon oyidagi tunggi namozlar fiqh istilohida “tarovih” deyiladi. Bu namozni o‘qish barcha musulmonlar uchun sunnat hisoblanadi. Musulmonlar g‘ofil qolib, bu namozni o‘tkazib yubormasliklari kerak. Chunki Ramazondagi nafl namozlar uchun beriladigan ulug‘ savoblar boshqa oylarda berilmaydi.
“Payg‘ambar (sollallohu alayhi va sallam) Ramazon kechalarini ibodat bilan o‘tkazib chiqardilar. Qachon uning oxirgi o‘n kunligi kelsa, oila a’zolarini hamda namozga kuchi yetadigan kattayu kichikni uyg‘otardilar” (Imom Muslim rivoyati).
Bu oyda jin-shaytonlarning eng yomonlari zanjirband qilinadi. Abu Hurayra (roziyallohu anhu) aytadi: “Payg‘ambar (sollallohu alayhi va sallam) sahobalariga xushxabar berib, aytardilar: “Sizga muborak Ramazon oyi keldi. Alloh sizga uning ro‘zasini tutishni farz qildi. Bu oyda jannat darvozalari ochilur, jahannam qopqalari yopilur, itoatsiz jin-shaytonlar zanjirband qilinur. Bu oyda bir kecha bo‘lib, u ming oydan yaxshiroqdir. Kim o‘sha kechaning yaxshiligidan mahrum bo‘lsa, ko‘p yaxshilikdan mahrum bo‘libdi” (Ahmad ibn Hanbal, Nasoiy, Bayhaqiy, Ibn Abu Shayba va Is'hoq ibn Rohavayhlar rivoyati, isnodi sahih).
Ramazon rahmat oyidir. Ramazonda Alloh taoloning rahmati jo‘sh uradi. Imom Muslim rivoyat qilgan hadisda: «Ramazon bo‘lganda rahmat eshiklari ochiladi», deyilgan. Ramazonning avvalgi o‘n kunligi nafaqat oyning, balki yilning «rahmat kunlari» hisoblanadi.
Ramazon mag‘firat oyi. Uning o‘rtadagi o‘n kuni nafaqat oyning, balki yilning «mag‘firat kunlari» hisoblanadi. Ramazon fazilati haqida Salmon (roziyallohu anhu) qilgan rivoyatda Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): «U avvali rahmat, o‘rtasi mag‘firat va oxiri do‘zaxdan ozod bo‘lish fursati bo‘lgan oydir», deganlar.
Ramazonning oxirgi kechasi mag‘firat kechasidir. Abu Hurayra (roziyallohu anhu) aytadi: «Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) dedilar: «U (Ramazon)ning oxirgi kechasida ro‘zadorlarning gunohlari kechiriladi», dedilar. Ular: «Ey Allohning Rasuli, u Qadr kechasimi?», deb so‘rashdi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Yo‘q, lekin ishchi ishini ado etganidan so‘ng ajri – haqi to‘la qilib beriladi», dedilar (Imom Ahmad rivoyati).
Ramazon do‘zaxdan ozod bo‘lish oyidir. Ramazon oyida jannat darvozalari ochilib, do‘zax eshiklari yopiladi. Chunki, bu oyda jannatga kirish uchun sabab bo‘lgan xayrli ishlar va solih amallar ko‘proq bajariladi, do‘zaxga kirish uchun sabab bo‘lgan gunoh-ma’siyatlar va yaramas, jirkanch, uyatli ishlar kamroq sodir etiladi. Jannat darvozalari musulmonlarni xayrli ishlarga shoshilishga targ‘ib qilib ham ochiladi. Do‘zax eshiklari esa, gunohlardan qaytgan, istig‘for aytgan, afsus-nadomat chekkan, qayta qilmaslikka niyat qilgan holda tavba qilishga targ‘ib qilib yopiladi. Natijada, bu oyda vafot etgan va ruhi do‘zaxga mahkum qilingan kimsalar, bu oyning sharofati ila shu oyning oxirigacha do‘zaxga kiritilmay turadi. Jannatning barcha darvozalari ochilishi Ramazon oyida yer yuziga Allohning rahmati ko‘p nozil bo‘lishiga ham ishoradir. Uning oxirgi o‘n kunligi «do‘zaxdan ozod bo‘lish» kunlari sanaladi. Shu bilan birga, Ramazonda har kecha son-sanoqsiz kishilar do‘zaxdan ozod qilinadi. Imom Termiziy rivoyat qilgan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Ramazonda har kecha Allohning do‘zaxdan ozod qilinadigan bandalari bor», deganlar.
Ramazon duo oyi. Ramazon oyining har kunida qabul bo‘ladigan bir duo bor. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) marhamat qilib dedilar: “Albatta, Ramazonning har kunida barcha musulmonlar uchun qabul bo‘ladigan bir duo bor” (Imom Ahmad, Bazzor va boshqalar rivoyati).
Agar bu duo ro‘za paytida, ayniqsa, iftordan salgina oldin qilinsa, maqsadga muvofiq bo‘ladi. Yana Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) aytadilar: “Uch kishining duosi qaytarilmaydi: adolatli imom, ro‘zador to iftor qilgunicha va mazlumning duosi” (Ibn Moja, Termiziy, Ahmad ibn Hanbal, Bayhaqiy, Ibn Hibbon, Tayolisiy, Ibn Xuzayma va Is'hoq ibn Rohavayhlar rivoyati).
Bu zikr qilinganlar Ramazon oyining barcha fazilatlarini to‘la qamrab ololmaydi, balki, mazkur fazilatlar oldida daryodan ayrim tomchilar xolos. Yo‘qsa, uning fazilatu xususiyatlarini sanab adog‘iga yetkazish mushkuldir. Alloh taolodan yolborib so‘raymizki, bu muborak oyni, rahmat va mag‘firat oyini, do‘zaxdan najot beriladigan, duolar ijobat qilinadigan Ramazon oyini barchamizga xayrli va barakotli qilsin! Uni taqvo ne’matiga erishishimiz uchun vasila qilsin! Omin!
Rahmatulloh Sayfuddinov
Toshkent shahridagi “Mirza Yusuf”
jome masjidi imom xatibi
Hozirgi kunda “bid’at” so‘zini ko‘pchiligimiz tez-tez eshitamiz. Ta’bir joiz bo‘lsa, bu so‘zni bilgan ham, bilmagan ham, tushungan ham, tushunmagan ham ishlatmoqda.
Alloma ibn Hajar Makkiy rahimahulloh o‘zining “Fathul Mubiyn” asarida bid’atning lug‘aviy ma’nosini quyidagicha keltirgan:
“Bid’at so‘zi lug‘atda – o‘xshashi bo‘lmagan, yangi narsani paydo qilish”, degan ma’noni beradi.
“Bahrul Layoliy sharhi Bad’ul Amoliy”da esa, bid’atning lug‘aviy ma’nosini: “Avval bo‘lmagan, o‘xshashi yo‘q narsani paydo qilish” deb keltirgan.
Shundan kelib chiqib, mazkur ulamolar bid’at xoh ibodatlarda, xoh odatlarda bo‘lsin, yaxshi yoki yomon bo‘lsin, Qur’on va sunnatda mavjud bo‘lmagan yangi paydo bo‘lgan narsa deb qaraganlar.
Ulamolar lug‘aviy bid’atni besh qismga bo‘lganlar.
Birinchisi: Vojib bid’at. Nahv ilmini o‘rganish bid’atning shu turiga kiradi. Chunki bu ilmni bilmasdan Qur’on va sunnatni bilib bo‘lmaydi. Bu ikki manbani o‘rganish vojib. Vojibni bajarishga xizmat qiladigan narsa ham vojib bo‘ladi.
Demak, Qur’on va sunnatni o‘rganish uchun nahvni o‘rganish vojib.
Ikkinchisi: Harom bo‘lgan bid’at. Mo‘tazila, jabariya va hozirgi salafiy hamda ahli sunnaga zid bo‘lgan turli firqa va oqimlarni ta’sis etish. Chunki bular ham Islomning ilk davrlarida bo‘lmay, keyinchalik turli maqsadlarda tashkil qilingan bo‘lib, asosan sof Islom aqidasini noto‘g‘ri talqin qilish, Islomga va musulmonlarga zarar berish bilan tanilgan. Shuning uchun bunday firqa va oqimlarga kirish harom hisoblanadi.
Uchinchisi: Mustahab bid’at. Masjidlarga minoralar qurish, ma’had va madrasalar barpo etish, Qur’on qiroatini eshitish va Nabiy sollallohu alayhi vasallamning siyratlarini o‘rganish uchun turli majlislar tashkil qilish mustahab bid’atlar sirasiga kiradi.
To‘rtinchisi: Makruh bid’at. Masjidlarga ziynat berish.
Beshinchisi: Muboh bid’at. Yeb-ichish, kiyim-kechak, maskan-manzillarda kengchilikka yo‘l qo‘yish. Ya’ni agar haloldan bo‘lsa, kishi o‘zi yashaydigan manzilini chiroyli ta’mirlasa, faxr va kibrdan xoli bo‘lib, qimmatbaho kiyim kiygan bo‘lsa va yemoq-ichmog‘ida kengchilikka yo‘l qo‘ysa, gunohkor bo‘lmaydi. Chunki shar’an bu paytda mazkur ishlar muboh sanaladi.
Bid’atning shar’iy-istilohiy ma’nolari
Bid’atning shar’iy – istilohiy ma’nolarini “Bahrul Laoliy sharhi Bad’ul Amoliy” asarining sohibi quyida uch qism qilib keltirganlar:
الزِّيَادَةُ وَالنُّقْصَانُ فِي الدِّينِ مِنْ غَيْرِ إِذْنِ الشَّارِعِ
1. “Shore’ning iznisiz dinda ziyoda va nuqsonga yo‘l ochish”.
جَعْلُ غَيْرِ الدِّينِ دِينًا أَوْ مَا يَكُونُ مُشَابِهًا بِالدِّينِ وَلَيْسَ مِنَ الدِّينِ
2. “Dindan bo‘lmagan narsani din deb bilish yoki dinga o‘xshash martabaga ko‘tarish”.
عَمَلٌ مُحْدَثٌ عَلَي نِيَّةِ الْعِبَادَةِ
3. “Dinda asli yo‘q bo‘lib, yangi paydo bo‘lgan narsani ibodat niyatida bajarish”.
Mazkur ta’riflarga asoslanib fuqaholar ikita fiqhiy qoidani joriy qilganlar.
الْأَصْلُ فِي الْأَشْيَاءِ هُوَ الْإِبَاحَةُ
1. “Narsalardagi asl qoida mubohlik va tozalikdir”. Ya’ni, aslida hamma narsa muboh va tozadir.
الْأَصْلُ فِي الْأَشْيَاءِ هُوَ الْحُرْمَةُ
2. “Narsalardagi asl qoida haromlik va nopoklikdir”.
Zohiran qaraganda bir-biriga zid bo‘lgan bu ikki qoidani tatbiqi shundayki, agar bir kishi dunyo ishlarini osonlashtirish, odamlarning og‘irini yengil va uzog‘ini yaqin qilish maqsadida biror narsa masalan mashina, telefon yoki turli foydali moslamalar o‘ylab topib ixtiro qilsa, “Narsalardagi asl qoida mubohlik va tozalikdir”, qoidasiga binoan bu yaxshi va maqtalgan ish hisoblanadi.
Ammo, ibodat niyatida dinda biror narsani joriy qilish, sunnat bo‘lmagan amalni sunnat deb e’tiqod qilish, “Narsalardagi asl qoida haromlik va nopoklikdir”, qoidasiga binoan bid’at va harom ish hisoblanadi.
Bid’atning turlari.
“Sahihi Buxoriy” kitobini sharhlagan Imom Qastaloniy rahimahulloh aytadilar: “Imom Bayhaqiy Imom Shofe’iydan naql qilib: “Kitobu sunnatga va ijmoga xilof bo‘lgan ishlar zalolatga chorlovchi bid’atdir. Ammo, kitobu sunnatga xilof bo‘lmagan yaxshi ishlar bid’at emas, balki “Muhdasotu mahmuda” ya’ni keyin paydo bo‘lgan maqtalgan ishlardir”, deganlar (Qastaloniy. J. 1. B. 302).
Jarir ibn Abdulloh roziyallohu anhudan qilingan rivoyatda:
قَالَ رَسُولُ اللهِ صَلَّي اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: مَنْ سَنَّ فِي الإسلام سُنَّةً حَسَنَةً فَعُمِلَ بِهَا بَعْدَهُ کُتِبَ لَهُ مِثْلُ أَجْرِ مَنْ عَمِلَ بِهَا وَلَا یُنْقَصُ مِنْ أُجُورِهِمْ شَيْءٌ وَمَنْ سَنَّ فِي الْإِسْلَامِ سُنَّةً سَیِّئَةً فَعُمِلَ بِهَا بَعْدَهُ کُتِبَ عَلَيْهِ مِثْلُ وِزْرِ مَنْ عَمِلَ بِهَا وَلَایُنْقَصُ مِنْ أَوْزَارِهِمْ شَيْءٌ.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: “Kim Islomda chiroyli yo‘lni joriy qilsa, bas u uchun uning ajri va undan keyin unga amal qilganlarning ham ajri bo‘ladi. Ularning ajrlaridan biror narsa kamaytirilmaydi” (Imom Muslim rivoyati).
Mana shu va boshqa dalillarga tayanib, ulamolarimiz bid’atni ikki qismga bo‘lganlar: bid’ati hasana (yaxshi bid’at) va bid’ati sayyia (yomon bid’at).
Hofiz ibn Hajar rahimahulloh: “Shariatning asliga xilof bo‘lmay, shu bilan birga foydali va xayrli amallar bid’ati hasanadir. Shar’iy asosga ega bo‘lmagan amal yoki e’tiqodni joriy qilish bid’ati sayyia deyiladi”, deganlar. (“Fathul Boriy” kitobi, J. 4. B. 253).
Bid’ati hasana – bunga hazrati Umar roziyallohu anhuning ishlarini misol qilish mumkin. Sunnat amal bo‘lgan tarovih namozini Rasululloh sollallohu alayhi vasallam jamoat bilan o‘qimas edilar. Hazrati Umar esa xalifalik davrida mazkur namozni imomga iqtido qilib, jamoat bilan o‘qishni joriy qildi va: “Qanday yaxshi bid’at bo‘ldi”, dedi.
Shunga binoan diniy ilmlar o‘rgatish uchun alohida madrasalar qurish, kitoblar chop etish, masjidlarga gilam solish, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni go‘zal siyratlarini targ‘ib qilish uchun mavlid o‘qish singari din asoslariga zid bo‘lmagan amallar bid’ati hasana bo‘ladi. Unga amal qilish joiz va u zalolatga boshlamaydi.
Bid’ati sayyia esa, shar’iy asosga ega bo‘lmagan biror amal yoki e’tiqodni joriy etishdir. Bunday bid’at ayni zalolat bo‘lib, u shariatimizda rad etilgan. Quyidagi hadisi sharif ham shunga dalolat qiladi.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam aytdilar:
مَنْ أَحْدَثَ فِي أَمْرِنَا هَذَا مَا لَيْسَ مِنْهُ فَهُوَ رَدٌّ
“Kim bizning bu dinimizda unda bo‘lmagan yangi narsani kiritsa, rad qilinadi” (Imom Buxoriy rivoyati).
Demak, hadisda ko‘zlangan maqsad dinning asosiy manbalari bo‘lmish Kitob, sunnat va ijmoga xilof bo‘lgan ishlarni paydo qilish bo‘lsa, bas, u rad qilingandir. Ammo dunyoviy hayotning ravnaqiga xizmat qiladigan, insonlarga manfaat beradigan ishlarni paydo qilish, garchi Kitobu sunnatda asosi mavjud bo‘lmasa-da, zinhor bid’at deyilmaydi.
O‘tkirbek Sobirov
O‘zbekiston musulmonlari idorasi mas’ul xodimi
Toshkent islom instituti o‘qituvchisi