Har yili 31 may – Jahon tamakisiz kuni jahon miqyosida nishonlanadi. Jahon sog'liqni saqlash tashkiloti (JSST) 1987 yil ta'sis etgan ushbu xalqaro sana chekishni tashlash bo'yicha global hamkorlikning eng muhim voqeasidir.
Jahon tamakisiz kunini o'tkazishdan bir necha maqsad ko'zlangan. Hususan, tamaki xavfi haqida butun dunyo bo'ylab xabardorlikni oshirish, chekishni tashlashning afzalligini targ'ib qilish, ushbu zararli odatni tark etishda amaliy yordam taklif etish, chekish bilan kurashadigan sog'liqni saqlash uyushmalari va shifoxona xizmatlarini rag'batlantirish, yoshlarni tamaki mahsulotlaridan, ayniqsa, elektron sigaret kabi yangi mahsulotdan himoya qilish shular sirasiga kiradi.
Bu yil Jahon tamakisiz kuni “Tamaki emas, oziq-ovqat etishtirish” mavzusi doirasida nishonlanmoqda. Binobarin, tamaki sanoatining atrof-muhitga zararli ta'siri, salbiy oqibati muttasil ortib bormoqda. Bu sayyoramizning shusiz ham cheklangan resurslari va kuchsizlangan ekotizimiga ortiqcha yuk bo'lmoqda.
Raqamlarga murojaat qilamiz. Sigaret ishlab chiqarish uchun bir yilda 600 million daraxt kesiladi, 22 milliard litr suv ishlatiladi, atmosferaga 84 million tonna karbonat angidrid (SO2) gazi chiqadi. Bularning bari er yuzida havo harorati yanada ko'tarilishiga sabab bo'lmoqda.
Tamaki etishtirish nafaqat qishloq xo'jaligi ishchilari, balki barchamizning sog'lig'imizga putur etkazmoqda, boz ustiga ushbu illatdan sayyoramiz beqiyos zarar ko'rmoqda. Tamaki sanoati esa tamakini boshqa ekinlar bilan almashtirishga yo'l qo'ymay, oqibatda global oziq-ovqat inqirozi kuchayishiga hissa qo'shmoqda.
Bu yilgi tamakiga qarshi kompaniya, bir tomondan, hukumatlarni tamaki ishlab chiqarishni subsidiyalashdan voz kechishga hamda tejalgan mablag'ni qishloq xo'jaligi korxonalariga oziq-ovqat xavfsizligini mustahkamlash uchun yo'naltirishga, ikkinchi tomondan, odamlarning ovqatlanishini yaxshilash uchun yanada barqaror ekinlarga o'tish uchun yordam berishga qaratilgan.
Chekishning zararini tamaki iste'moli tufayli yuzaga keladigan kasalliklardan ham bilish mumkin. Bu odat yurak-qon tomir, nafas olish, ovqat hazm qilish, asab, jinsiy bezlar kabi insonning muhim ichki a'zolariga zaharli ta'sir qiladi. Oqibatda miokard infarkti, xafaqon kasalligi, bronxlarning surunkali yallig'lanishi, yara va saraton singari ko'pgina xavfli kasalliklaga olib keladi.
Kashandalik 17 xil saratonga sababchi: 98 foiz qizilo'ngach yoki tomoq saratoni, 96 foiz o'pka saratoni, 30 foiz boshqa turdagi saraton kasalliklari, 75 foiz surunkali bronxit va o'pka emfizemasi, 25 foiz yurak-ishemik kasalliklari. Yurak kasalligi bilan bog'liq o'limning 20 foizi aynan tamaki iste'moli natijasida kelib chiqadi.
JSST statistikasi:
Ta'kidlash joiz, tamakining salbiy ta'siri oldini olishga urinish elektron sigaret keng tarqalishiga olib keldi. Elektron sigaret nima o'zi?
Elektron sigaret – chilim, bug' generatori, vaporayzer yoki vayp singari tamaki o'rniga maxsus suyuqlik kartrijidan foydalanadigan chekish moslamasi.
Chekishning ushbu yangi shakli ko'pincha o'smirlar, yoshlar tomonidan ma'qul ko'rilmoqda. Bunga asosiy sabab esa elektron sigaretning dizayni, ixcham o'lchami va shaklidir. Qolaversa, turli yoqimli hid va ta'm chekish holatini yashirish imkonini beradi. Ota-ona, hatto, farzandi elektron sigaret iste'mol qilayotganini payqamasligi ham mumkin.
JSST ekspertlari va boshqa ko'plab mutaxassislar o'z tadqiqotlarida bunday turdagi elektron chekish vositasining zararli oqibati ayonligini isbotlamoqda. Shu sababli elektron chekish vositalari tarqalishining oldini olish ham kun tartibidagi dolzarb masalalardan hisoblanadi.
Dunyo bo'ylab 800 millionga yaqin odam chekishni tashlashni xohlaydi. Binobarin, bu unchalik oson ish emasdek, go'yo. Chekish kuchli jismoniy va ruhiy qaramlikni keltirib chiqaradi.
Mutaxassislar fikricha, inson tamaki iste'mol qilishdan voz kechganda uning tanasida quyidagi jarayonlar yuz beradi:
Insonning salomatlikka nisbatan huquqini ta'minlash maqsadida barcha davlatlar tamaki mahsulotlari uchun soliqni oshirish, jamoat joyida tamaki iste'molini cheklash va reklamasini taqiqlash kabi zarur chora-tadbirlarni amalga oshirmoqda.
Yaqindagina davlatimiz rahbari “Alkogol' va tamaki mahsulotlari tarqatilishi hamda iste'mol qilinishini cheklash to'g'risida”gi Qonunni imzoladi. Ushbu qonunga ko'ra, jamoat joyida tamaki mahsuloti, elektron sigaret va chilim iste'mol qilish taqiqlanadi. Ya'ni, tamaki mahsulotini faqat ochiq havoda, binodan tashqarida chekish mumkin. Chilim yoki tamaki mahsuloti iste'mol qilishga mo'ljallangan bino va inshoot esa maxsus ventilyatsiya tizimi bilan jihozlangan bo'lishi kerak.
Qonunga binoan, tamaki mahsuloti 21 yoshga to'lmagan shaxslarga va ular tomonidan, bolalarga mo'ljallangan mahsulotlar sotiladigan xonalarda sog'liqni saqlash, ta'lim, madaniyat, sport inshooti, sanatoriy hamda tibbiy-ijtimoiy muassasa hududlarida, ta'lim, sport va diniy tashkilotdan 100 metrdan kam masofada joylashgan savdo ob'ektida, donalab yoki ochilgan holda sotilishi mumkin emas.
Bir so'z bilan aytganda, sog'ligimiz – Yaratganning bizga ato etgan ulug' ne'mati. Shu bebaho boylikni asrash uchun tamakidan voz kechaylik. Biz chekadigan tamaki tutuni nafaqat o'zimiz, balki atrofimizdagi insonlar, ayniqsa, farzandlarimiz salomatligiga jiddiy xavf tug'dirishini esdan chiqarmaylik.
Rustam Atovulloyev,
Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazi bosh yuriskonsul'ti
بِسْمِ اللَّهِ الرَّحْمَنِ الرَّحِيمِ
عن جابر بن عبد الله رضي الله عنهما قال: قال رسول الله صلى الله عليه وسلم:
« المجالس بالأمانة إلا ثلاثة مجالس: سفك دم حرام، أو فرج حرام، أو اقتطاع مال بغير حق »
Jobir ibn Abdulloh roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar: “Majlislar omonatdir. Faqat uch majlis bundan mustasno: nohaq qon to‘kish, harom shahvoniy aloqa (zino) va nohaq molni tortib olish haqidagi majlislar” (Imom Abu Dovud rivoyati).
“Majlislar omonatdir”, ya’ni odamlar yig‘ilgan har qanday majlisda aytiladigan gaplar omonat hisoblanadi. Agar suhbatdoshlar ma’lum bir gapning sir saqlanishini istasalar yoki vaziyat shuni taqozo etsa, u holda u gapni boshqalarga tarqatish joiz emas.
Bunga quyidagilar kiradi: shaxsiy sirlar; oilaviy maslahatlar; ishxona yoki tashkilot yig‘ilishlari; davlat ishlariga oid maxfiy suhbatlar; faqat ishtirokchilarga tegishli bo‘lgan ma’lumotlar.
“Omonat” degani faqat mol-mulkni saqlash emas, balki sirni, ma’lumotlarni va eshitilgan gapni ham saqlashni o‘z ichiga oladi.
Nima uchun majlis omonat deb atalgan? Chunki odamlar bir-biriga ishonib, erkin maslahatlashishi va dardini aytishi uchun ularning gaplari tashqariga chiqmasligi zarur. Agar majlisda yoki biror yig‘inda qatnashgan kishi eshitganlarini boshqalarga tarqataversa, odamlar bir-biriga ishonmay qo‘yadi, g‘iybat va chaqimchilik ko‘payadi, munosabatlar buziladi, jamiyatda o‘zaro ishonch yo‘qoladi. Shu bois solih salaflar majlis sirini oshkor qilishni omonatga xiyonat deb hisoblashgan.
“Faqat uch majlis bundan mustasno...” ya’ni ba’zi hollarda sir saqlash mumkin emas. Agar bir kishi: “Men falonchini o‘ldirmoqchiman yoki unga zarar yetkazmoqchiman” desa va uning bu ishi jiddiy ekani ma’lum bo‘lsa, uni yashirish joiz emas. Balki qotillikning oldini olish uchun tegishli mas’ullarni yoki huquqni muzofaza qiluvchi tashkilotlar vakillarini ogohlantirish shart.
“Harom shahvoniy aloqa (zino)”. Agar bir kishi zino qilish yoki birovning nomusiga tajovuz qilish niyati borligini bildirsa, bu haqda ham sukut qilish mumkin emas. Bunday holda jabrlanuvchini yoki buning oldini oladigan mas’ul shaxslarni ogohlantirish lozim bo‘ladi.
“Nohaq molni tortib olish”. Agar kimdir o‘g‘rilik, firibgarlik qilishni, birovning haqini tortib olishni rejalashtirayotganini aytsa, bu sirni ham saqlab turish joiz emas. Chunki bu boshqalarning haqiga tajovuzdir.
Xo‘sh, shunday vaziyatga duch kelgan kishi qanday yo‘l tutishi lozim?
Avvalo, o‘sha odamga nasihat qilinadi va Allohdan qo‘rqishi eslatiladi. Agar u fikridan qaytmasa va xavf haqiqiy bo‘lsa, zararning oldini olish uchun tegishli shaxslarga xabar beriladi. Bu xabar berish faqat jinoyatni to‘xtatish bo‘lishi kerak, odamni sharmanda qilish yoki obro‘sini to‘kish emas.
Xulosa qilib aytganda, barcha hadislar kabi mazkur hadis ham mo‘min-musulmonlarga juda muhim axloqiy qoidani o‘rgatadi: majlisda eshitilgan gaplar omonat hisoblanadi va ularni egasining roziligisiz tarqatish aslo mumkin emas. Biroq agar bu sirni saqlash oqibatida insonning joniga, nomusiga yoki mol-mulkiga katta xavf tug‘ilsa, zararning oldini olish uchun shu haqda xabar berish ba’zi hollarda vojib bo‘ladi. Shu tariqa Islom ham omonatni saqlashni, ham odamlarning hayoti, nomusi va mol-mulkini muhofaza qilishni ta’minlaydi.
Manbalar asosida
T.NIZOM tayyorladi.