Alloh taologa beadad hamdu sanolar bo‘lsinki, nihoyat oylarning sultoni, Qur’on oyi bo‘lmish muborak Ramazoni sharif o‘zining tarovati, saxovati va barakoti bilan tashrif buyurdi, quvonchdan boshimiz ko‘klarga yetdi.
Alloh taolo Ramazon oyini boshqa oylardan afzal qildi. Uni ko‘plab fazilat va imtiyozlar bilan xosladi. Ibn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Oylarning eng afzali Ramazon oyidir”, –dedilar»(Imom Tabaroniy rivoyati).
Bu oyda olam shodlikka to‘ladi, farishtalar yer yuziga tushadi, xayr-baraka, fazilat va barakalar yog‘iladi. Mo‘minlarning qalbida surur, ko‘zida quvonch balqiydi.Hamma bir-biri bilan shirinso‘z bo‘lib, mehr-muhabbat oshadi, savob to‘plash ilinji ortadi, ibodatga bo‘lgan ishtiyoq kuchayadi. Qur’oni karimning tilovati va xatmigabo‘lgan muhabbat jilosi har bir qalbda namoyon bo‘ladi. Masjidlarda taroveh namozida hamma bir safda turib ibodat qiladi. Elu yurtning ravnaqi, osoyishtaligi, barqarorligini so‘rab duoga qo‘l ochiladi. Ro‘zador borki, ezgulikka intiladi, o‘zini isloh etadi, xatolarini tuzatadi. Ginayu kudurat, zulm, adovat, g‘iybat kabi razil illatlarga barham beriladi.
Fazilatda tengi yo‘q bu muborak oyda jannat eshiklari, rahmat eshiklari ochiladi. Do‘zax eshiklari yopiladi, shaytonlar kishanlanadi.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam sahobalariga xushxabar berib: “Sizga muborak Ramazon oyi kirib keldi. Alloh sizga uning ro‘zasini tutishni farz qildi. Bu oyda jannat darvozalari ochiladi, jahannam eshiklari yopiladi, itoatsiz jin-shaytonlar zanjirband qilinadi. Bu oyda bir kecha bo‘lib, u ming oydan yaxshiroqdir. Kim o‘sha kechaning yaxshiligidan mahrum bo‘lsa, ko‘p yaxshilikdan mahrum bo‘libdi”, –derdilar»(Ahmad rivoyati).
Imom Muslim rivoyat qilgan hadisda: «Ramazon bo‘lganda rahmat eshiklari ochiladi», –deyilgan.
O‘tgan ulug‘larimiz Ramazonga shunday intiq bo‘lishganidan, hatto oylar davomida «Ey Alloh, bizlarni Ramazonga eson-omon yetkaz!» deya Yaratganga iltijo qilishgan. Uning har lahzasini g‘animat bilib, savoblar to‘plashga qiziqishgan. Tilovat, zikr, istig‘for va ibodatda bardavom bo‘lishgan. Bu yaxshilikni oila a’zolariga ham ilingan.
«Sahih Muslim»da quyidagi hadis keltirib o‘tilgan: «Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam Ramazon kechalarini ibodat bilan o‘tkazardilar. Qachon oyning oxirgi o‘n kuni kelsa, oila a’zolarini va namozga kuchi yetadigan katta-yu kichikni uyg‘otardilar».
Bu oyda bandalarning gunohi kechiriladi. Alloh taolo chin ixlos ila ro‘za tutganlarning tog‘dek xatolarini ham afv etib yuboradi.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Ramazonning oxirgi kechasida ro‘zadorlarning gunohlari kechiriladi”, –dedilar. Sahobalar: “Ey Allohning Rasuli, u Qadr kechasimi?”– deb so‘rashdi. U zot: “Yo‘q, lekin ishchi ishini ado etganidan so‘ng ajri to‘la qilib beriladi”, –dedilar»(Ahmad rivoyati).
Parvardigori olam bu yilgi Ramazonda ko‘plab xayr-barakalarni yog‘dirsin. Bu muborak oyning sharofatidan yurtimizga tinchlik-xotirjamlik, xalqimizga farovonlik, dasturxonimizga to‘kin-sochinlik ato aylasin. Bandalarning gunohini kechirib, yaxshilikda peshqadamlar safida qilsin.
Erkin QUDRATOV,
Mir Arab o‘rta maxsus islom bilim yurti
Hadisi sharif fani mudarrisi
Imom Buxoriy majmuasi nafaqat O‘zbekiston, balki butun islom olami uchun ulug‘ va muqaddas qadamjolardan biri hisoblanadi.
Hazrat Imom Buxoriydek buyuk muhaddis nomi bilan bog‘liq ushbu majmua bugun yurtimizning eng yirik ma’naviy va madaniy markazlaridan biriga aylangan. Har kuni minglab ziyoratchilar bu yerga kelib, ajdodlar merosi, ma’rifat va muqaddas tarix bilan yuzlashmoqda.
Majmua nafaqat ziyoratgoh, balki xalqimizning boy ma’naviy merosi, milliy me’morchiligi va islom sivilizatsiyasidagi o‘rnini namoyon etuvchi noyob madaniy ob’yektdir. Uni barpo etish uchun katta mehnat, yuksak mahorat va qimmatbaho qurilish materiallari sarf etilgan. Shu bois bu qutlug‘ maskanni asrab-avaylash har birimiz uchun muhim vazifadir.
Yaqinda Madaniy meros agentligi tomonidan ayrim ziyoratchilarning majmua hududida beparvo munosabatda bo‘layotgani haqida ma’lumot berildi. Ayrim holatlarda ustunlar, ayvonlar va muzey eksponatlariga ehtiyotsiz munosabatda bo‘lish, chiqindilarni duch kelgan joyga tashlash kabi holatlar kuzatilmoqda. Bu esa nafaqat ziyoratgoh ko‘rkiga, balki uning ma’naviy muhitiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatadi.
Bu holat barchamizni sergaklikka chaqirishi kerak. Zero, muqaddas qadamjoga kelgan inson avvalo o‘zini munosib tutishi, tozalik va tartib-qoidalarga amal qilishi lozim. Chunki ziyoratgoh — oddiy sayrgoh emas. Bu yerda asrlar nafasi, buyuk ajdodlar ruhi va ma’rifat ziyosi mujassam.
Tozalik esa inson madaniyatining eng muhim ko‘rsatkichlaridan biri. Islom ta’limotida ham poklikka alohida ahamiyat berilgan. Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalom “Tozalik — iymonning yarmidir”, deya ta’kidlaganlar. Demak, ziyoratgoh hududida ozodalikni saqlash nafaqat fuqarolik burch, balki ma’naviy mas’uliyat hamdir.
Ayniqsa, chet ellik mehmonlar O‘zbekiston haqidagi ilk taassurotni aynan shunday muqaddas maskanlar orqali oladi. Agar ziyoratgoh ozoda, tartibli va fayzli bo‘lsa, bu xalqimizning yuksak madaniyati va ma’naviyatini namoyon etadi. Aksincha, beparvolik va tartibsizlik mamlakatimiz nufuziga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Yosh avlodni ziyoratgoh madaniyati ruhida tarbiyalash ham muhim ahamiyatga ega. Bolalar kattalardan ibrat oladi. Agar ota-ona muqaddas joyda tartibga amal qilsa, ehtiyotkor bo‘lsa, farzand ham shu ruhda tarbiya topadi. Shu bois har bir inson o‘z harakati bilan boshqalarga namuna bo‘lishi kerak.
Imom Buxoriy majmuasi — millatimiz g‘ururi va ma’naviy boyligi. Uni asrash, tozaligini saqlash va ehtirom bilan munosabatda bo‘lish har bir insonning vijdoniy burchidir. Ziyoratgohlarga bo‘lgan munosabatimiz orqali biz o‘z madaniyatimiz, ma’naviyatimiz va ajdodlar merosiga bo‘lgan hurmatimizni namoyon etamiz.
Asliddin Mustafoyev, majmua axborot xizmati rahbari.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati