Ramazon oyi musulmonni fazilatli qadriyatlar, ulug‘ xulqlar, go‘zal o‘rnaklar ila tarbiyalaydigan oydir. Shu oydan boshlab musulmon nafsini tiyishga, uni boshqarishga o‘rganishi lozim. Har qanday razil xulqdan, yomon yo‘llardan uzoq bo‘lishi kerak.
Shu bilan musulmon barcha holatda muloyimlik, bag‘rikenglik, kechirimlilik bilan sifatlanib, qo‘pollik va buzuqlikdan tilida ham, ishida ham uzoq bo‘ladi.
Ro‘zada johillik, tortishuv, fisq-fujur va yomonlikdan uzoq bo‘linadi. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) aytadilar: “Birontangiz ro‘za tutsa, yomon gaplarni gapirmasin, baqirib-chaqirmasin. Agar birov uni so‘ksa yoki urishsa, “men ro‘zadorman”, desin” (Muttafaqun alayh).
Ro‘zaning musulmonlar uchun tarbiya maktabi ekanini Alloh taolo undan ko‘zlangan eng oliy maqsad taqvoga erishish ekanini bayon qilganidan ham bilib olsak bo‘ladi. Alloh taolo marhamat qiladi: “Ey, imon keltirganlar! Sizlardan oldingi (ummat)larga farz qilingani kabi sizlarga ham ro‘za tutish farz qilindi, shoyad (u sababli) taqvoli bo‘lsangiz” (Baqara, 183).
Taqvoning eng asosiy unsurlaridan biri bu odamlar bilan yaxshi muomalada bo‘lishdir. Odamlardan o‘zini yuqori olish, ularga qo‘pollik qilish, ular bilan yomon muomalada bo‘lish taqvoga xilofdir.
Abu Hurayra (roziyallohu anhu) aytadi: “Nabiy (sollallohu alayhi va sallam)ga “Falonchi ayol kechasi namoz o‘qiydi, kunduzi ro‘za tutadi. Lekin tili yomon, qo‘shnilariga aziyat beradi, surbet”, deyishdi. U zot: “Unda yaxshilik yo‘q, u do‘zaxda”, dedilar. Yana u kishiga: “Falonchi ayol farz namozlarni o‘qiydi, ramazon ro‘zasini tutadi va sadaqa qiladi. Lekin uning boshqa amali yo‘q. Qo‘shnilariga aziyat bermaydi”, deyishdi. U zot: “U jannatda”, dedilar” (Imom Ahmad rivoyati).
Ro‘za bandada taqvo sifatini namoyon qiladi, uning so‘zi, ishi, yurish-turishida, do‘stu dushman, kattayu kichik bilan muomalasida Qur’on xulqlarini aks ettiradi.
Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) aytdilar: “Kim yolg‘on gapirishni, unga amal qilishni tark qilmasa, uning yeyish va ichishdan tiyilishiga Alloh muhtoj emas” (Imom Buxoriy rivoyati).
Ibodatlar, xususan, ro‘za ibodati nafslarimizni go‘zal amallarga, chiroyli xulqlarga o‘rgatadi. Shuning uchun, Nabiy (sollallohu alayhi va sallam) ezgulikni “go‘zal xulqdir” deb ta’riflaganlar. Yana u kishi: “Qiyomat kuni bandaning tarozisida go‘zal xulqdan og‘irroq narsa yo‘qdir”, deganlar (Imom Termiziy rivoyati).
U zotdan “Odamlarni jannatga ko‘proq kiritadigan narsa nima?” deb so‘rashdi. U kishi: “Allohga taqvo qilish va chiroyli xulq”, dedilar (Imom Termiziy rivoyati).
Yana u zot: “Mo‘min go‘zal xulq bilan kunduzi ro‘za tutgan, kechasi ibodat bilan qoim bo‘ladigan kishining darajasiga yetadi”, deganlar. Shunday ekan, bu oy nafslarimizda olijanoblik, chiroyli xulq va xushmuomalalilikni paydo qilsin.
Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)ning ushbu ko‘rsatmalari bilan kishilar, jamiyat saodatga erishadi, xotirjamlik topadi. Darhaqiqat, chiroyli xulq jamiyatda xotirjamlik va omonlikning asosidir. Yomon xulq esa, barcha ko‘ngilsizliklar va baxtsizlik sababidir.
Ramazon ana shunday go‘zal xulqlar, saxovat va muruvvat shakllanadigan, kamol topadigan oydir. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) bu oyda boshqa oylardagidan-da saxiyroq bo‘lib ketar edilar. Shu bois, bu oyda Alloh taologa yaqin qiladigan yaxshiliklar va toatlarimiz ko‘payib, yurish-turishimiz, so‘zimiz va ishlarimiz ezgulik ila yo‘g‘rilsin.
Jamshid Shodiyev tayyorladi.
O‘zbekistonda noyob Qur’on yaratish bo‘yicha jahon xattotlar tanlovi 26 avgust kuni O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida e’lon qilinadi. Tanlov «Islom sivilizatsiyasi: yangi nigoh — yangi kashfiyotlar» xalqaro mediaforumi doirasida o‘tkaziladi, xabar bermoqda UzDaily.uz.
«Dunyo Qur’oni: xattotlik an’analaridan — kelajak merosi sari» loyihasini xattot va Islom sivilizatsiyasi markazi huzuridagi Xattotlik maktabi direktori Habibullo Solih taqdim etadi. Bu haqda tadbir tashkilotchisi xabar berdi.
Tanlov doirasida turli mamlakatlar va xattotlik maktablarining islomiy xattotlikdagi eng yaxshi an’analarini birlashtirgan noyob Qur’on yaratish ko‘zda tutilgan.
Tanlovning tantanali e’loni «Asrlarni birlashtiruvchi meros. Islom sivilizatsiyasining ma’naviy mazmunlari» mavzusidagi yalpi sessiyaning yakuniy qismi bo‘ladi. Sessiya 26 avgust kuni soat 09:30 dan 12:00 gacha o‘tkaziladi.
Tadbir doirasida ommaviy axborot vositalarining stereotiplar va islomofobiyani yengishdagi roliga bag‘ishlangan xalqaro muhokama ham bo‘lib o‘tadi. Unda Islom hamkorlik tashkiloti, Jazoir, Ummon, Pokiston, Saudiya Arabistoni, Iroq, Mali va O‘zbekistonning davlat tuzilmalari hamda OAV vakillari ishtirok etadi.
Forum dasturidan Qur’oniy va qo‘lyozma merosga bag‘ishlangan loyihalar ham o‘rin olgan. Ular orasida «114 Qur’on: islom olamining 114 xattotlik durdonasi», «Katta Langar Qur’oni: haqiqat va rivoyatlar» xalqaro loyihasi hamda «Sun’iy intellekt — qadimiy qo‘lyozmalarni o‘qishning raqamli kaliti» loyihasi bor.
O‘zbekistonda xattotlikni rivojlantirishga institutsional darajada ham e’tibor qaratilmoqda. Islom sivilizatsiyasi markazi huzurida Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan tashkil etilgan Xattotlik maktabi faoliyat yuritmoqda. Maktabda suls, nasx, nasta’liq, ruq’a, devoniy va kufiy kabi an’anaviy yozuv uslublarini o‘rgatish rejalashtirilgan.
Xattotlik san’ati Samarqand viloyatidagi yangi Imom al-Buxoriy majmuasida ham namoyon etilgan. Majmua peshtoqlari va ayvonlari devorlari «Sahih al-Buxoriy»dan olingan hadislar bitilgan yozuvlar bilan bezatilgan. Majmua huzurida Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi va Hadis ilmiy maktabi ham faoliyat yuritadi.
Xalqaro mediaforumning asosiy maydoni O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi bo‘ladi.
Tadbirda qariyb 50 mamlakatdan media va ekspertlar hamjamiyatining 300 ga yaqin vakili ishtirok etadi. Ular orasida mediakompaniyalar, axborot agentliklari va telekanallar rahbarlari, jurnalistlar, prodyuserlar, olimlar hamda kreativ industriya mutaxassislari bor.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati