Ramazon oyida juda katta tarixiy voqealar sodir bo‘lgan. Bu o‘rinda ulardan ayrimlarini sanab o‘tamiz:
* * *
Milodiy 610 yili, hazrati Muhammadga (sollallohu alayhi va sallam) qirq yoshlarida Ramazonning Qadr kechasida Makka yaqinidagi Hiro g‘orida ilk vahiy – Qur’oni karimning Alaq surasidan dastlabki besh oyat nozil bo‘ldi.
* * *
Ramazoni sharifda hazrati Muhammadga (sollallohu alayhi va sallam) mab’us (payg‘ambarlik) maqomi berildi.
* * *
Hijratdan ikki yil oldin (milodiy 620 yili) Ramazon oyining 10-kuni Xadichai Kubro onamiz (roziyallohu anho) olamdan o‘tdi.
***
Hijriy 2 yili Rasuli akram (sollallohu alayhi va sallam) lashkarlarining mushriklarga qarshi olib borgan va unda musulmonlar g‘alaba qozongan ilk qonli kurashi – Katta Badr g‘azoti bo‘ldi.
* * *
Shu yili Ramazon ro‘zasini tutish va zakot berish farz qilindi.
* * *
Hijratning 3 yili Ramazon oyining 15-kuni (milodiy 625 yil 1 mart) Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam)ning sevikli nabiralari Imom Husayn tug‘ildi.
***
Yigirma yil davom etgan mo‘minlar va mushriklar to‘qnashuviga chek qo‘ygan Makka fathi bo‘ldi. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) hijratning 8-yili Ramazon oyining yigirmanchi kuni o‘n ikki ming kishilik muazzam qo‘shin ila butparastlik markaziga aylanib qolgan Makkaga kirib bordilar. Juma kuni insoniyat tarixida buyuk voqea sodir bo‘ldi – Ka’batullohdan shirk, botil ramzi bo‘lgan butlar butunlay yo‘qotildi.
* * *
Hijratning to‘qqizinchi yili Ramazon oyida Soqif qabilasi Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) huzurlariga kelib, Islomga kirganini e’lon qildi.
* * *
Hijratning o‘ninchi yili Ramazon oyida Yamanga Islom keng ko‘lamda kirib keldi.
* * *
Sahih hadislarda keltirilishicha, janob Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) to Ramazon oyi tugagunicha kechalari hazrati Jabroil (alayhissalom) bilan uchrashib, Kur’oni karimni tilovat qilib berar, shu tarzda o‘zlarini imtihon qildirar edilar.
* * *
Rahmat va mag‘firat, buyuk zafarlar oyi bo‘lgan Ramazonda fojeali bir hodisa ham yuz bergan. Rasulullohning (sollallohu alayhi va sallam) amakivachchalari va kuyovlari, xulafoi roshidinning to‘rtinchisi Hazrati Ali ibn Abu Tolib hijriy 40-yilning Ramazonida bomdod namoziga ketayotganida Ibn Muljam tomonidan pichoqlanib, shahid etilgan.
***
Hijriy 56 yil Ramazon oyining 17-kunida (milodiy 676 yil 12 iyul) Oisha onamiz (roziyallohu anho) olamdan o‘tdi.
* * *
Ispaniya fathi. Hijratning to‘qson ikkinchi yili Ramazon oyining 28-kuni (milodiy 711 yili iyul oyining 19-kuni) Tariq ibn Ziyod rahbarligidagi shiddatli urushda kofirlar rahbari bo‘lgan Ruzrik ustidan g‘alaba qozonildi. So‘ngra Kurtuba, G‘urnata va Ispaniyaning poytaxti bo‘lgan Tulaytiliya fath etildi.
* * *
Hijriy 361 yil Ramazon oyining 7-kuni (milodiy 971 yil 22 may) Islom olamining yirik o‘quv markazlaridan biri – Misrdagi Al-Azhar universitetiga asos solindi.
***
Hijriy 256 yil Ramazon oyining o‘ttizinchi kuni (milodiy 869 yil 31 avgust) buyuk muhaddis, “al-Jomi as-Sahih” hadislar to‘plami tuzuvchisi Muhammad ibn Ismoil Buxoriy dunyodan ko‘z yumdi.
“Hidoyat” jurnali maqolalari asosida tayyorlandi
Qumqo‘rg‘on tumanidagi "Xo‘jamulki" mahallasida "Mahallada obodlik va mehr-saxovat oyligi" doirasida keng jamoatchilik va aholi vakillari ishtirokida qizg‘in obodonlashtirish va bunyodkorlik ishlari olib borilmoqda. Bu tashabbus mahalla hayotiga yangicha ruh baxsh etib, hamjihatlik va ezgulik muhitini yanada mustahkamlamoqda.
Azaliy qadriyatlarimizdan biri bo‘lgan hashar an’anasi asosida mahalla ahli bir yoqadan bosh chiqarib, o‘z hududini yanada obod, fayzli va ko‘rkam maskanga aylantirish yo‘lida fidokorona mehnat qilmoqda. Har bir fuqaroning qalbida Vatanga muhabbat, mahallaga ehtirom tuyg‘usi jo‘sh urib, ular bunyodkorlik ishlariga faol hissa qo‘shmoqdalar.
Xususan, mahalla hududidagi muqaddas qadamjolardan biri – "Xo‘jamulki ota" qabristonida keng ko‘lamli tozalash va obodonlashtirish ishlari amalga oshirilmoqda. Hashar ishtirokchilari tomonidan qabriston hududi begona o‘tlar va chiqindilardan puxta tozalanib, qabr ustilari tartibga keltirilmoqda. Shuningdek, ziyoratchilar uchun qulay sharoitlar yaratish borasida zarur ishlar olib borilib, ajdodlar xotirasiga chuqur ehtirom ko‘rsatilmoqda.
Bu kabi ezgu tashabbuslar mahallada obodlik va hamjihatlik muhitini mustahkamlash bilan birga, ajdodlarimiz xotirasiga bo‘lgan hurmatimizni namoyon etadi. Ayni paytda, yosh avlodga milliy qadriyatlarimizni singdirish, ularni Vatanga muhabbat va mehnatsevarlik ruhida tarbiyalashda beqiyos ahamiyatga egadir. Bugungi hashar – kelajak avlod uchun namuna, ertangi kun uchun mustahkam poydevordir.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Surxondaryo viloyati vakilligi Matbuot xizmati