Ramazon ro‘zasining farzligi haqida yetarli ma’lumot olmaguncha kishi tutayotgan ro‘zasining ahamiyatini anglab yetishi qiyin.
Bu ibodat Qur’oni karim oyatlari, Payg‘ambarimiz (alayhissalom)ning hadislari va Islom ummatining ijmo’i ila sobit bo‘lgandir. Alloh taolo bu ibodatni serfazilat qilib qo‘ygan. Mazkur fazilatlarni sanab adog‘iga yetish qiyin.
Ro‘za arab tilida «siyom» deb atalib, lug‘atda bir narsadan o‘zini tiymoqlikni bildiradi. Shariat istilohida esa, «tong otgandan to quyosh botguncha niyat bilan ro‘zani ochuvchi narsalardan o‘zni tiymoqlikdir». Ro‘zani ochuvchi narsalar deganda yemoq, ichmoq, jinsiy yaqinlik qilmoq va ro‘zani ochib yuboradigan boshqa narsalar tushuniladi.
Ramazon oyi ro‘zasini tutmoq ikkinchi hijriy sanada farz qilingan bo‘lib, ro‘za tutishning inson uchun foydalari juda ham ko‘p. Jumladan, ro‘za tutgan kishining taqvodorligi oshadi. Alloh taolo ro‘za haqidagi oyatning oxirida:
«Shoyadki, taqvo qilsangiz», degan.
Alloh taolo bandalarni ro‘za tutishga buyurib:
«Ey imon keltirganlar, sizlarga ham, xuddi sizdan oldin o‘tganlarga farz qilinganidek, ro‘za farz qilindi, shoyadki, taqvo qilsangiz», degan (Baqara: 183-184).
Va yana:
«Ramazon oyiki, unda odamlarga hidoyat hamda hidoyatu furqondan iborat ochiq bayonotlar bo‘lib, Qur’on tushirilgandir. Sizdan kim o‘sha oyda hozir bo‘lsa, bas, ro‘zasini tutsin», degan (Baqara. 185).
Bundan avvalgi oyatda ro‘za «sanoqli kunlar» farz qilingani aytilgan edi. Bu oyat o‘sha «sanoqli kunlar – «Ramazon oyi» ekanini bayon qilyapti. Ayni choqda, Ramazon oyining fazli ham zikr etilyapti.
Ramazon oyi yil ichidagi eng afzal oy hisoblanadi. Uning fazli haqida ko‘plab hadisi shariflar bor, ulug‘ ulamolarning so‘zlari, madhlar aytilgan, kitoblar bitilgan. Lekin bu haqdagi ta’riflarning gultojisi Robbil Olamiynning O‘z kalomida aytgan madhidir. Bu Ramazoni sharifning eng ulkan fazilatlari haqidagi ta’rifdir. Ya’ni:
«Unda odamlarga hidoyat hamda hidoyatu furqondan iborat ochiq bayonotlar bo‘lib, Qur’on tushirilgandir».
Abu hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Nabiy alayhissalom: «Sizga muborak Ramazon oyi keldi. Alloh azza va jalla sizga uning ro‘zasini tutmoqni farz qildi. Unda osmonlarning eshiklari ochilur. Unda jahannamning eshiklari yopilur. Unda o‘zboshimcha shaytonlar kishanlanur. Unda Allohning bir kechasi bo‘lib, u ming kechadan yaxshidir. Kim u kechaning yaxshiligidan mahrum bo‘lsa, batahqiq, mahrum bo‘libdi», dedilar» (Nasaiy va Bayhaqiy rivoyat qilganlar).
Ro‘zaning fazilati haqida Abu hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan yana bir hadisda: «Nabiy (sollallohu alayhi va sallam): «Alloh taolo Odam bolasining hamma amali o‘zi uchun, faqat ro‘za Men uchundir va uning mukofotini Men - O‘zim berurman, dedi. Ro‘za saqlovchidir. Qachon qaysi biringiz ro‘zador bo‘lsa, fahshdan gapirmasin va baqir-chaqir qilmasin. Agar birortasi u bilan so‘kishmoqchi yoki urishmoqchi bo‘lsa, men ro‘zadorman, desin. Muhammadning joni qo‘lida bo‘lgan zot ila qasamki, albatta, ro‘zador og‘zining hidi Allohning nazdida mushkning hididan xushbo‘yroqdir. Ro‘zadorga ikki xursandlik bordir. U ikkisini ham yashagay. Qachon iftor qilsa, xursand bo‘lgay va qachon Robbisiga muloqot bo‘lganda, ro‘zasi ila xursand bo‘lgay», dedilar» (Beshovlari rivoyat qilganlar).
Boshqa bir rivoyatda: «Odam bolasining hamma amali (savobi) ko‘paytirib berilur. Bir yaxshilikka uning o‘n mislidan to yetti yuz barobarigacha. Alloh azza va jalla: «Magar ro‘za Men uchundir. Uning mukofotini Men berurman. U (Odam bolasi) shahvati va taomini Men uchun tark qilur», dedi» deyilgan.
Demak, insonning ro‘zadan boshqa hamma qilgan amali o‘zi uchun bo‘ladi. Faqatgina tutgan ro‘zasi Alloh uchundir. Buni bunday tushunish mumkin: Ro‘zadan boshqa hamma amallarda amal qiluvchi xohlasa ham, xohlamasa ham bir oz xo‘jako‘rsinlik, o‘zgalarning havasi, maqtovi, obro‘-e’tibor paydo bo‘ladi. Misol uchun, namoz o‘qigan odam tahorat qilganida, namozga joy tanlaganida va nihoyat namoz o‘qiyotganida boshqalar ko‘radi. Bu odam namoz uchun tahorat qilmoqda, bu odam namoz uchun joy tanlamoqda, bu odam namoz o‘qimoqda, yaxshi odam ekan, degan fikr xayolidan o‘tib, unga hurmat-e’tibor bilan qaraydi.
Shunga o‘xshab, zakot berganida har qancha yashirsa ham hech bo‘lmaganda zakotni olgan kishi bilib, haqqiga duo qiladi.
Hajga borganida esa, umuman, shov-shuv bo‘lib ketadi. Qaytganidan so‘ng guruh-guruh kishilar ziyoratiga keladi. «hoji aka» yoki «hoji ona» degan nom bilan chaqiriladi.
Ro‘zada esa, bu narsalarning birortasi yo‘q, kechasi hech kim ko‘rmaydigan vaqtda saharlik qiladi. Kunduzi esa hamma barobar yuraveradi. Iftor vaqti kirayotganda ham, hech kimsiz yolg‘iz o‘zi qolganida ham ro‘zador Alloh taolo ko‘rib turganini his qilib, og‘zini ochib yubormaydi. Ana shularning hammasi ro‘za Alloh uchun tutilishining belgisidir.
Shuning uchun ham yolg‘iz Alloh uchun bo‘lgan ibodatning mukofotini Alloh taolo O‘zi bilib berishga va’da qilmoqda.
Shu bilan birga, ro‘za uchun beriladigan savobning ko‘payishi shunchalarki, uni Alloh taolodan boshqa hech kim bilmaydi, idrok ham qila olmaydi. Ro‘zadorning amali bunchalar yuqori baholanishining sababi u faqat Alloh taolo uchun taomi va shahvatini tark qilib, ro‘za tutganidandir.
Darhaqiqat, azizlar, bizlarga Alloh taolo barakot oyini nasib qildi. uning qanchalik darajada barakalik ekanligini, imonimiz va ishonchimiz darajasi ila his qilamiz. Ammo bu rahmat oyida ko‘p yaxshilik borligiga hech kimning shubhasi yo‘q. chunki bu oyda tutayotgan ro‘zalarimiz bilan ko‘p o‘zimizdagi yomonliklardan tiyilamiz. “Men ro‘zadorman” deb ancha muncha nojoiz ishlarimizdan to‘xtaymiz.
Payg‘ambarimiz (solallohu alayhi va sallam) aytganlaridek, ro‘za bu omonatdir, ro‘za bu ibodatdir. Shuning uchun bu issiq kunlarda tutayotgan ro‘zalarmizni chiroyli ado etaylikda Parvardigordan uning ajrini kutaylik. Payg‘ambarimiz s.a.v. shunday marhamat qildilar:
“Ro‘za tutgan kishining uyqusi ibodat, sukut saqlashligi Allohga tasbeh, qilgan amalining savobi orttirib beriladi va gunohi kechirilgandir”
“Agar mening ummatim Ramazon oyi ichidagi narsalarni bilganlarida edi, albatta, yilning hammasi Ramazon bo‘lsaydi, deb orzu qilardilar”. Zero, savoblar Ramazon ichida yig‘ilgandir va toatlar maqbuldir, duolar mustajobdir va gunohlar kechirilgandir va jannat ro‘zadorlarga mushtoqdir.
Iordaniyaning nufuzli “Jordan News Agency” (Petra) axborot agentligi hamda “Hala Ahbar” nashrida 24–29 avgust kunlari Toshkent shahrida bo‘lib o‘tadigan “Islom sivilizatsiyasi: yangi nigoh va kashfiyotlar” mavzusidagi xalqaro mediaforumga bag‘ishlangan maqolalar e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.
Agentlikda yozilishicha, mazkur yirik xalqaro tadbir O‘zbekistonning jahon media hamjamiyati bilan aloqalarini yanada kengaytirish, jurnalistlar va soha mutaxassislari o‘rtasida tajriba almashishni rivojlantirishi bilan ahamiyatlidir.
Shu bilan birga, forum davomida islom sivilizatsiyasining boy ilmiy-ma’rifiy va madaniy merosini zamonaviy media vositalari orqali keng targ‘ib etishga alohida e’tibor qaratiladi.
Forumning asosiy tadbirlari O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida o‘tkaziladi. Unda xorijiy ommaviy axborot vositalari vakillari, xalqaro ekspertlar hamda media sohasi mutaxassislari ishtirok etadi.
Nashrlar forum dasturining mazmun-mohiyatiga alohida e’tibor qaratgan. Xususan, tadbir doirasida yalpi majlislar, ixtisoslashtirilgan media-ko‘rgazmalar, matbuot brifinglari va ikki tomonlama uchrashuvlar tashkil etiladi.
Munozaralarda hujjatli filmlar yaratish, tarixiy xotirani asrash va yoritish, nashriyot loyihalarini rivojlantirish, zamonaviy texnologiyalardan media sohasida samarali foydalanish hamda xalqaro media loyihalarni amalga oshirish istiqbollari muhokama qilinadi.
Nashrning qayd etishicha, tadbirning muhim jihatlaridan biri – O‘zbekistonlik talabalar uchun xalqaro media sohasining tajribali mutaxassislari ishtirokida amaliy master-klasslar o‘tkazilishidir. Bu mashg‘ulotlar zamonaviy jurnalistika, mediamahsulotlar yaratish va xalqaro axborot makonida samarali faoliyat yuritish bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarni oshirishga xizmat qiladi.
Iordaniya OAVda forum doirasida ishtirokchilar uchun Samarqand shahriga safar ham rejalashtirilgani qayd etilgan. Xorijiy jurnalistlar Imom Buxoriy majmuasini ziyorat qilib, Samarqandning boy tarixiy-madaniy merosi bilan tanishadilar. Toshkent shahrida esa xalqaro OAV vakillari uchun maxsus mediatur tashkil etiladi.
Bunday safarlar forum ishtirokchilariga O‘zbekistonning nafaqat zamonaviy taraqqiyoti, balki uning jahon sivilizatsiyasi tarixidagi o‘rni, ilmiy-ma’rifiy an’analari va boy madaniy merosi haqida bevosita tasavvur hosil qilish imkonini beradi.
Maqolalarda xalqaro mediaforumning 28 avgust kuni yakuniy yalpi majlis va rasmiy yopilish marosimi bilan yakunlanishi ham ma’lum qilingan. Xorijiy mehmonlar O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligiga bag‘ishlangan tadbirlarda ham ishtirok etadi.
O‘zbekiston musulmonlar idorasi Matbuot xizmati