Bu yil ham muqaddas oyni uzun kunlaru qisqa tunlar bilan qarshiladik.
Bu, musulmonlik burchini bajargan holda, to‘g‘ri ovqatlanishni yo‘lga qo‘yishimiz uchun ajoyib imkoniyatdir.
Ochlik muolajasi, ya’ni ro‘za tutish o‘ziga xos murakkab jarayon bo‘lib, u muayyan qonuniyat va tamoillar asosida kechadi. Ilmiy asosga tayanib, ma’lum qoidalarga amal qilib tutilgan ro‘zaning afzal jihati shundaki, uning salomatlik uchun hech bir ziyoni va havfi yo‘q. Zero, Qur’oni karimda ro‘zadorning ochlik holatida insoniy (tabiiy) qonunlar emas, balki ilohiy qonunlar ishga tushishi e’tirof etilgan. Ro‘za esa bu qonunlar talabiga rioya etgan, moslashgan vujudni himoya qilish mexanizmini yuzaga chiqaradi. Qirq kun davomida ro‘za tutib, ochlik muolajasini o‘tkazgan kishi ilohiy qonuniyatlardan chinakam bahramandlik hissini tuyib, ro‘zani har yili bahorni sog‘inganday intiqlik bilan kutadi. Umrni ortga qaytarishning iloji bo‘lmasa-da, odam o‘zini yoshargandek his qilib, vujudida yoshlik shijoatini mavjlantiruvchi hayotbaxsh qon gupurib oqa boshlaydi. Qirq kunlik chilladan so‘ng bosh miya tomirlari xiltlardan tozalanib, odamning fikrlash, tushunish, anglash, his qilish, o‘rganish, xayolni jamlash qobiliyatlari ortib, ta’m sezish hissi kuchayadi. Ro‘za tutish davri, ochlik jarayonida tananing ichki yashirin imkoniyatlari namoyon bo‘lishi uchun odam ruhan, ma’nan va jisman tayyor bo‘lishi kerak.
Iftorlik xurmo va suv bilan
Ilmiy izlanishlar ko‘rsatishicha, dunyoda millionlab kishilar me’yoridan ortiq ovqat yeyishning qurbonidirlar. Ayni paytda odam organizmi mineral va vitaminlar yetishmovchiligidan qariydi. Tana uchun eng muhimi – organizmdagi suv me’yorini joyiga keltirish, bunga ayniqsa, Ramazon oyida alohida e’tibor qaratish kerak. Iste’mol qilinayotgan suv miqdorini nazorat qilish va doimiyligini ta’minlashimiz zarur. Iftordan saharlikkacha bo‘lgan paytda eng kamida ikki litr suvni bo‘lib-bo‘lib ichish zarur. Masalan, iftorlikka yarim litr suv ichilsa, keyin har soatda 0,3 litr suv is’temol qilish maqsadga muvofiq bo‘ladi. (Darvoqe, iftorlik suviga bir qoshiq asal qo‘shilsa, nafaqat oziqlantiruvchi, balki shifobaxsh, antibakterial ichimlikka aylanadi)
Ro‘za tutganda, ayniqsa iftorlik mahali xurmo is’temol qilish a’nanaga aylangani bejiz emas. Xurmo inson tanasidagi quvvat – energiyani tiklab beruvchi vitamin va minerallarga boy mevadir.
Ro‘zada tarkibida kofein moddasi bo‘lgan ichimliklar, ya’ni choy, qahvadan tiyilgan ma’qul. Ular tashna organizmga foyda bermaydi, aksincha, undagi muhim mineral – magniy va boshqa vitaminlarni chiqarib tashlaydi, tanadagi namlikni quritadi. Agar siz choy va qahva ichishda o‘zingizni cheklay olmasangiz, iste’mol qilinadigan suv miqdorini oshiring.
Iftorlikda suv va xurmo bilan og‘iz ochgandan so‘ng turli mevalardan tayyorlangan salat yoki meva sharbati iste’mol qilinsa, ayni muddao bo‘ladi. Mevalar inson hayotida katta ahamiyatga ega, balki, shu bois hatto jannatda ham Alloh bandalarini mevalar bilan siylaydi. “Ularga u joyda (turli) mevalar va ular uchun istagan narsalari mavjuddir” (Yosin, 57). “Sizlar uchun u joyda ko‘plab meva(lar) bo‘lib, sizlar ulardan yegaysiz” (Zuxruf, 73).
Mevalar suv, vitamin, minerallarga boy, eng tabiiy yegulikdir. Meva sabzavotga qaraganda tezroq parchalanadi, ovqat hazm qilish kanallarini ochadi va organizmni vitamin, minerallar bilan boyitadi. Uy sharoitida yangi tayorlangan sharbat tarkibi ich qotishiga qarshi, tanadagi zaharli moddalar – toksinlarni chiqarish, ovqat hazm qilish va qon aylanish tizimiga yordam beruvchi to‘qimalarga boy bo‘ladi. Biroq tayyor qadoqlangan sharbatlar ham foydadan xoli emas. Eng oson va tez hazm bo‘ladigan yegulik tarvuzdir.
Iftorlikda yong‘oqlar, sut mahsulotlarini yemagan ma’qul. Bunday oziqlanish, vitamin minerallarga organizmning to‘yinishiga yetarli miqdordagi quvvat bilan tamillashga yordam beradi.
Saharlik dasturxoni – oqsillar makoni
Saharlik dasturxoni hayvon go‘shti, yog‘lar va sabzavotlardan tayyorlangan taomlardan iborat bo‘lishi kerak. Go‘sht inson organizmida 16 soat davomida parchalanadi. Dimlangan qo‘y go‘shti, qovurilgan jo‘ja, sabzavotli quymoqlar kishini to‘q tutadi. Ammo ularni iloji boricha guruch va non mahsulotlaridan alohida iste’mol qilgan ma’qul. Guruch va non kabi kraxmal va uglevodlarga boy mahsulotlar oshqozonda ishqoriy muhit yaratilishini talab qiladi, ammo oqsillarni parchalovchi pepsin fermenti ishqoriy muhitda kuchini yo‘qotadi. Demak, ikki xil ozuqa guruhiga mansub mahsulotlarni parchalovchi fermentlar birga ishlay olmaydi, bu esa oshqozonga tushgan ovqatning bijg‘ishiga olib keladi. Natijada qorin dam bo‘lishi, jig‘ildon qaynashi kabi holatlar vujudga keladi.
Ta’kidlash lozimki, sanoat miqyosida ishlab chiqariladigan go‘sht mahsulotlari tarkibida yuqori miqdorda gormonlar qo‘llanilgan bo‘lishi mumkin. Maxsus dorivor moddalar mol, parrandalar ozuqasiga ularning vaznini oshirish – semirtirish uchun qo‘shib beriladi. Bunday go‘shtning tarkibida yana katta miqdorda karbomid kislota toksinlari mavjud bo‘lib, ularning odam organizmidan chiqib ketishi qiyindir. Jonivor so‘yilayotganda tanasida qancha zararli toksin bo‘lsa, hammasi go‘shtda saqlanib qoladi. Shu o‘rinda dudlangan, konservalangan go‘sht, kolbasa, sosiska kabi mahsulotlar haqida to‘xtalsak. Ularning tarkibida mahsulot yaroqlilik muddatini uzaytirish uchun qo‘shilgan xolesterin, yog‘, katta miqdorda tuz, hazmi og‘ir boshqa qo‘shimchalar bo‘ladiki, aksariyatini salomatlik uchun bezarar deb bo‘lmaydi. Demak, xarid qilayotgan mahsulotlarimiz, xususan go‘shtning halol-pokiza insonlar tomonidan yetishtirilgani, ro‘zadorning tanasiga sof quvvat berishiga alohida ahamiyat bermoq lozim.
Nihoyat, ro‘zaga oid eng asosiy jihatlar. Birinchidan, kun davomida och yurib, iftordan keyin birdaniga ko‘p ovqat yeyish ro‘zaning hikmatiga zid, qolaversa, oshqozonga og‘irlik qilib, oqibatda inson sog‘ligiga salbiy ta’sir qilish mumkin. Ikkinchidan, saharlik qilish, ya’ni kechaning oxirgi qismida taomlanish ro‘zaning mustahab odoblaridan hisoblanadi. Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) saharlik qilishga buyurib, aytganlar: «Saharlik qilinglar, zero saharlikda baraka bordir» (Muttafaqun alayh). Ro‘za vaqtida sabr va tirishqoqlik bilan to‘g‘ri ovqatlanish, tabiiy yeguliklar iste’mol qilish jism salomatligi, ruhiyatning yengillashishi, tiniq fikrlash, uzoq umrga olib keladi, inshaalloh.
Dilfuza RAHIMJON qizi tayyorladi
Raddiya: Islomda peshvolikni da’vo qiladigan guruh va oqimlar dindagi ayrim tushuncha va so‘zlarni g‘arazli maqsadlari yo‘lida buzib, noto‘g‘ri talqin qilishi hammaga ma’lum. Ular shu orqali musulmonlar hissiyotiga teginish, o‘zlariga tobelarni ko‘paytirish, dindor va ilmli bo‘lib ko‘rinishga harakat qiladi. “Tog‘ut” so‘zi ular ko‘p ishlatadigan, insonlarni, ayniqsa hukmdorlarni ayblashda qo‘llaydigan tushunchalardan biri. Aslida u nima? Qanday ma’nolarda ishlatiladi? Kimlar tog‘ut bo‘lishi mumkin?
“Tog‘ut” lafzi “tug‘yon” so‘zi bilan o‘zakdosh bo‘lib, Alloh belgilab qo‘ygan chegaradan chiqishga, kufrda haddan oshishga, isyon qilishga nisbatan ishlatiladi. Islomda Allohning yo‘lidan boshqa yo‘l “tog‘ut” deyiladi. Tog‘utning kattasi Shaytondir.
“Tog‘ut” kalimasi Qur’oni karimning sakkiz joyida zikr qilingan bo‘lib, ulamolarimiz uni turlicha tafsir qilgan. Umar ibn Xattob roziyallohu anhu, Imom Sha’biy, Imom Zahhok “Tog‘utdan murod – Shayton” degan. Imom Abu Oliya va Muhammad ibn Sirin tog‘ut sehrgar va folbin ekanini aytgan.
“Tafsiri Jalolayn”da tog‘ut so‘zi tafsiriga murojaat qilaylik: “Kim tog‘utga kufr keltirib, Allohga iymon keltirsa, batahqiq uzilmaydigan mustahkam tutqichni ushlagan bo‘ladi” (Baqara surasi, 256) va “Kufr keltirganlarning do‘stlari tog‘utlardir. Ularni nurdan zulmatlarga chiqarurlar” (Baqara surasi, 257) oyatlarida tog‘utlar – but-sanamlar va Shayton, “Kitob (Tavrot)dan nasibador bo‘lganlarning “Jibt” va “Tog‘ut”ga sig‘inishlarini va kofirlarga “Shular mo‘minlardan ko‘ra to‘g‘riroq yo‘ldadir” deyishlarini ko‘rmadingizmi?!” (Niso surasi, 51) oyatida – Jibt va Tog‘ut Quraysh qabilasidagilarning ikki sanami, “O‘zlarini, Sizga nozil qilingan (Qur’on) va Sizdan oldin nozil qilingan (ilohiy kitoblar)ga iymon keltirgan, deb hisoblaydiganlarning hukm so‘rab, Tog‘ut huzuriga borishni xohlayotganlarini ko‘rmadingizmi?” (Niso surasi, 60) oyatidagi tog‘ut kufrda haddan oshgan, tug‘yonga ketgan Ka’b ibn Ashraf, “Kofirlar (esa) Tog‘ut yo‘lida jang qiladilar” (Niso surasi, 76-oyat) va “Kim Allohning la’natiga uchragan, g‘azabiga duchor bo‘lgan, maymun va cho‘chqaga aylantirilgan va tog‘utga ibodat qilgan bo‘lsa, ana o‘shalar yomon martabadagi va to‘g‘ri yo‘ldan butunlay adashgan kimsalardir” (Moida surasi, 60) oyatlarida ular Shayton, “Batahqiq, Biz har bir ummatga: “Allohga ibodat qiling va tog‘utdan chetlaning” deb payg‘ambar yuborganmiz” (Nahl surasi, 36-oyat) va “Tog‘utdan, unga ibodat qilishdan chetda bo‘lganlarga va Allohga qaytganlarga xushxabar bor” (Zumar surasi, 17-oyat) oyatlarida ham ular Shayton deb nazarda tutilgan.
Alloma Ibn Atiyya aytadi: “Ba’zi olimlar: “Allohdan o‘zga ibodat qilinadigan har qanday narsa tog‘utdir”, degan”. Fir’avn, Namrud va o‘zini iloh deb e’lon qilganlar va ibodat qilinadigan but-sanamlar tog‘ut deyiladi.
Muqotil roziyallohu anhu “Kufr keltirganlarning do‘stlari tog‘utlardir” oyatidagi tog‘utni Ka’b ibn Ashraf va Huyay ibn Axtab deb tafsir qilgan. U ikkisi islom va musulmonlarga adovati cheksiz, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga ko‘p aziyat bergan, musulmonlarga qarshi urushga juda ko‘p da’vat qilgan yahudiylardan edi.
Imom Navaviy aytadi: “Lays, Abu Ubayda, Kisoiy va ko‘pchilik tilshunoslar: “Tog‘ut – Alloh taolodan boshqa ibodat qilinadigan narsa”, degan”.
Shayx Muhammad Amin Shinqitiy: “Haqiqat shuki, Allohdan o‘zga ibodat qilinadigan har qanday narsa tog‘ut, eng katta tog‘ut esa Shaytondir”, deydi.
Tog‘ut so‘zining ma’nosi haqida buyuk mufassir Imom Tabariy “Jomi’ul bayon” tafsirida: “Fikrimcha, tog‘ut haqida to‘g‘ri gap shuki, tog‘ut Allohga tug‘yon qilib, Uni tark etib, Undan o‘zgaga ibodat qilingan narsadir. O‘sha ma’bud inson, shayton, but va boshqa narsalar bo‘lishi mumkin”, deydi.
Mufassir olim Hasan Tahsin Fayzli “tog‘ut” so‘zini “Allohdan uzoqlashtiradigan, uning amrlarini bajarishni man etadigan kimsalar”, deb izohlagan.
Demak, sahobai kiromlar, tobeinlar va ulamolarimizning so‘zlaridan tog‘ut kalimasi shayton, sehrgar, folbin va Allohdan boshqa ibodat qilinadigan har qanday narsa ekani ma’lum bo‘lmoqda.
Afsuski, hozirgi kunda ba’zi toifalar musulmon rahbarlarni tog‘ut deb atab, ularni osongina kofirga chiqarmoqda. Ularning uslubi xavorijlarnikiga o‘xshaydi. Ular arzimas narsalar tufayli iymonli odamni kofirga chiqarib, qonini halol hisoblab, qanchadan-qancha beayb musulmonlar umriga zomin bo‘lmoqda, islomning pok nomiga dog‘ tushirib, asl mohiyat va tamoyillarini yot va buzg‘unchi g‘oyalardan iborat fitnalar soyasiga tushirib qo‘ymoqda.
O‘tkirbek Sobirov
O‘zbekiston musulmonlari idorasi bo‘lim boshlig‘i,
Toshkent islom instituti o‘qituvchisi