Sayt test holatida ishlamoqda!
17 Avgust, 2026   |   4 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:06
Quyosh
05:34
Peshin
12:27
Asr
17:18
Shom
19:24
Xufton
20:47
Bismillah
17 Avgust, 2026, 4 Rabi`ul avval, 1448

Saharlik va iftorlik fazilatlari

20.05.2018   46118   19 min.
Saharlik va iftorlik fazilatlari

Alloh taologa hamdu sano payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v.)ga salovotlar bo‘lsin. Alloh taolo ramazon oyi ro‘zasini farz qilar ekan, unda bandalari uchun behisob ajr, savoblar va sihat-salomatligi uchun katta foyda borligini ma’lum qiladi.

Jumladan, Qur’oni karimda Alloh taolo bunday marhamat qiladi: “...Agar bilsangiz, ro‘za tutishingiz (fidya berib tutmaganingizdan) yaxshiroqdir...” (Baqara, 184).

 

Anas (roziyallohu anhu)dan: Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Saharlik qilinglar. Albatta, saharlikda baraka bordir”, yana bir boshqa hadisda “Saharlik taomini lozim tutinglar. Chunki u muborak yemakdir” dedilar.

 

Amr ibn Os (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilingan hadisda Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Bizning ro‘zamiz bilan ahli kitoblarning ro‘zasidagi farq saharlik yeyish bilandir” yana bir hadisda “Xurmo mo‘min kishi uchun qanday ham yaxshi saharlik”, dedilar.

 

Yuqoridagi hadislardan ma’lum bo‘ladiki, saharlik qilishda baraka bordir. Saharlik qilishda inson sihat-salomatligi uchun manfaat bor. Iloji bo‘lganda saharlikda xurmo yeyilsa, inson salomatligi uchun foydali ekani hadisdan ma’lum bo‘ladi. Saharlik qilishdan maqsad kunduzi tutiladigan ro‘za uchun baquvvat bo‘lib olishdir. Ko‘rinib turibdiki, Islom dini yengillik va inson toqati ko‘tara oladigan amallar ustiga joriy qilingan. Islom shariati joriy qilgan ibodatlarni bajarish uchun o‘zini qiynash shart emas. Bugungi kunda ba’zi kishilarga: “Ro‘za tutsang, Allohning amrini bajargan bo‘lasan, oxiratda do‘zaxdan qutilib jannatga kirasan”, deyilsa, parvo ham qilmaydi. Taqvo, boshqa yaxshi sifatlar haqida gapirib o‘tirishga hojat ham yo‘q.

 

Agar o‘sha kishiga: “Ro‘za tutgin, sog‘liging yaxshi bo‘ladi, vazning yengillashadi” deyilsa, “Unday bo‘lsa, bir urinib ko‘rsak bo‘lar ekan”, deydi. Bu esa, o‘z navbatida ro‘zaning asl mohiyatidan uzoqlashishga olib keladi. Afsuski, bunga o‘xshash ro‘zani asl mohiyatidan musulmonlarni uzoqlashtiradigan omillar oz emas.

 

Uzoqqa bormay, birgina oziq-ovqat masalasini olib ko‘raylik. Haqiqiy islomning ro‘za falsafasi bo‘yicha Ramazondan boshqa, oddiy paytlardagi nonushta Ramazonda saharlik bo‘lib, kechki ovqat esa iftorlikka o‘tishi kerak.

 

Voqelikda bo‘lsa, kishilar oddiy kunlarda bir necha kunga yetadigan oziq-ovqatni Ramazoning bir kunida saharlik va iftorlik qilib, yeb-ichib oladilar. Natijada ular Ramazondan bir necha kiloga semirib chiqadilar.

 

Lekin shunga qaramay, Ramazonning ruhi uning foydasi hozir ham dunyo bo‘ylab yaqqol ko‘rinib turibdi. Ramazoni sharif kirishi bilan Islom olami o‘zgacha tusga kiradi. Barcha yaxshiliklar keskin ko‘payib, yomonliklar deyarli yo‘qoladi. Kim bo‘lishidan qat’iy nazar har bir musulmon tavbaga, ibodatga o‘zini uradi. Har kim qo‘lidan kelgancha yaxshilik qilishga urinadi. Yomonlikdan barcha, hatto yomonlar ham o‘zini olib qochadi. Boshqa vaqtda namoz o‘qimaydiganlar ham ro‘za tutib, namoz o‘qib, tarovehga qatnab qoladi. Xullas, musulmon olami bir kechada yaxshilik tomon burilib qolganga o‘xshaydi.

 

Sahl ibn Sa’d (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi: Rasululloh (sollallohu alyhi va sallam): “Modomiki iftorni tez qilar ekanlar, kishilar yaxshilikda bo‘ladilar”, dedilar.

 

Yana boshqa bir hadisda “Odamlar modomiki iftorni tez qilishar ekan, din ustun bo‘ladi. Chunki yahudiy va nasroniylar iftorlikni kechga suradilar”, dedilar.

 

Hadisi qudsiyda esa: “Men uchun bandalarimning eng mahbubi iftorni tezroq qiladiganidir”, deyilgan.

 

Ushbu rivoyatlarda vaqt bo‘lishi bilan darhol iftorlik qilish targ‘ib etilmoqda. Bu bilan kishilar yaxshilikda davomli bo‘lishi, Islom dini ustun bo‘lishi, Alloh taologa mahbub bandalardan bo‘lish va’da qilinmoqda.

 

Salmon ibn Omir (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi: Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Qachon biringiz iftor qilsa, og‘zini xurmo bilan ochsin. Chunki u barakadir. Kim topmasa, suv bilan ochsin. Chunki u poklovchidir”, dedilar.

 

Kun bo‘yi ro‘za tutib yurgan inson jismida katta o‘zgarishlar yuz beradi. Shuning uchun iftor vaqti bo‘lganda og‘izni nima bilan ochish o‘ta ahamiyatlidir. Chunki ma’lum muddat davom etgan ochlikdan so‘ng birinchi tanovul qilinadigan narsaning ta’siri kattadir. Ana shu jihatdan xurmo yoki suv o‘ta muvofiq narsalardir.

 

Tibbiy-ilmiy izlanishlar oqibatida ro‘zaning turli jismiy va ruhiy kasalliklardan himoya qilish, ularning oldini olishda foydasi borligi ma’lum bo‘ldi. Masalan,

 

·        ro‘za insondagi kasalliklarga qarshi immunitetni kuchaytiradi;

 

·        ro‘za tutgan odamda semizlikka qarshi monelik paydo bo‘ladi;

 

·        ro‘za buyrakda toshlar yig‘ilishidan saqlaydi;

 

·        ro‘za inson jismini va uni to‘qimalarida to‘planib qoladigan turli zaharli moddalarni tozalashga yordam beradi. Oziq-ovqat, dori-darmon va havo orqali inson jismiga ko‘plab zaharli moddalar kirib qoladi. Ana shu moddalar faqat ro‘za orqali chiqib ketadi.

 

Shuningdek,

 

·        semizlikdan kelib chiqadigan qon tomirlarning torayishi, qon bosimining ortishi va yurak kasalliklarini davolashda;

 

·        qon aylanishiga oid kasalliklarni davolashda;

 

·        bo‘g‘inlarning surunkali shishini davolashda foydaliligi aniqlangan.

 

Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, ro‘zaning inson salomatligi to‘g‘risida yangidan-yangi kashfiyotlari bo‘lmoqda. Demak, Islom shariati inson salomatligi va manfaati uchun xizmat qiladigan dindir. 

 

 

 

Fazliddin Xusanov

 

Ramazon-2018
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Buxoroda Qur’on musobaqasi o‘tkazildi

17.08.2026   1945   1 min.
Buxoroda Qur’on musobaqasi o‘tkazildi

O‘zbekiston Respublikasi Davlat mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan Buxoro viloyatida faoliyat olib borayotgan imom-xatib va imom-noiblar o‘rtasida “Qur’on tinchlikka buyuradi” shiori ostida Qur’on musobaqasi o‘tkazildi.

Ochilish marosimida Buxoro viloyati bosh imom-xatibi Jobir domla Elov so‘zga chiqib, mazkur ma’rifiy tadbirning ahamiyati haqida so‘zlab, ishtirokchilarga muvaffaqiyat tiladi.

Musobaqani o‘tkazishdan ko‘zlangan maqsad diniy soha xodimlarining Qur’oni karim bo‘yicha bilim va mahoratini yanada oshirish, ular o‘rtasida o‘zaro hamjihatlik muhitini shakllantirishdir.

Bellashuvda viloyatning tuman va shaharlarida faoliyat yuritayotgan 10 nafar imom-xatib va imom-noib ishtirok etib, Qur’oni karimni o‘qish va yoddan bilish borasidagi bilim va mahoratini namoyish etishdi.

Birinchi o‘ringa Peshku tumani “Chiqirchi” jome masjidi imom-noibi Afzal Shavkatov sazovor bo‘ldi. Ikkinchi o‘rin Buxoro shahridagi “Volidi Abdulazizxon” jome masjidi imom-noibi Abduvohid Akramovga, uchinchi o‘rin Jondor tumani “Raboto‘g‘lon” jome masjidi imom-xatibi Shuhrat Sherovga nasib etdi.

G‘oliblarga diplom va qimmatbaho sovg‘alar topshirildi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati

Buxoroda Qur’on musobaqasi o‘tkazildi Buxoroda Qur’on musobaqasi o‘tkazildi Buxoroda Qur’on musobaqasi o‘tkazildi Buxoroda Qur’on musobaqasi o‘tkazildi
Yangiliklar