Har yili Ramazon oyi boshimizga soyabon bo‘lib kelganida ul muborak oyning fazilatidan bahramand bo‘lib qolish uchun intilamiz, tutayogan ro‘zamiz qabul bo‘lishi uchun bir-birimizga yaxshiliklar ilinamiz.
Dinimiz yaxshilikni avval o‘z yaqinlaringdan boshlashga amr etadi. Yaqinlarga qilinadigan yaxshilikning eng afzali esa silai rahmdir.
«Sila» so‘zi arab tilida «qo‘shish», «bog‘lash», «jamlash» va «payvandlash» ma’nolarini anglatadi. Shuningdek, moddiy mukofot va mol berishga ham ishlatiladi. Ulamolar istilohida esa, asosan, silai rahm, ya’ni qarindoshlarga va yaqin kishilarga yaxshilik qilishga «sila» deyiladi. «Sila silai rahmdir. U nasabdosh qarindoshlarga yaxshilik qilish, ularga mehr-murvvat ko‘rsatib, hollaridan xabar olishdan iboratdir.
Payg‘ambarimizga (sollallohu alayhi va sallam) sahobalar qarindoshlaridan shikoyat qilishganida, u zot: “Ular yomonlik qilishsa ham, sizlar yaxshilik qila- veringlar”, deb buyurganlar.
Alloh taolo bunday marhamat qiladi:
“Ey odamlar! Sizlarni bir jon (Odam)dan yaratgan va undan jufti (Havvo)ni yaratgan hamda ikkisidan ko‘p erkak va ayollarni tarqatgan Rabbilaringdan qo‘rqinglar! Shuningdek, o‘rtalaringdagi o‘zaro mu- omalada nomi keltiriluvchi Allohdan va qarindoshlar (aloqasini uzish)dan qo‘rqinglar! Albatta, Alloh sizlarni kuzatib turuvchidir” (Niso, 1).
Payg‘ambarimiz (alayhissalom) “Qarindoshlaridan aloqani uzgan odam jannatga kirmaydi. Silai rahm doimiy bordi-keldi emas, balki uzoqlashib ketgan qarindoshning holidan xabar olishdir ” (Buxoriy va Muslim rivoyati), dyeb marhamat qilganlar. Qarindoshlik haqlari faqat bordi-keldilarning takrorlanishi bilan chegaralanib qolmay, ochin-to‘qin kunlarida dalda va xursandchiligiga sherik bo‘lishni ham taqozo etadi. Inson tabiatan yaqinlariga, og‘a-inilariga suyanishni xohlaydi va topganlarini ular bilan baham ko‘rishga urinadi. Yaqinlarning o‘zaro bordi-keldini uzib qo‘yishi jamiyatda mehrsizlik, bag‘ritoshlik kabi illatlarni paydo qiladi. Demak, qarindoshlik aloqalarining mustahkamligi jamiyat taraqqiyotida ham muhim omildir.
Abdurrohman ibn Avf roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda: «Alloh taolo: «Men Allohman! Men Rahmonman! Rahm Mening ismimdan olingandir! Kim uning silasini qilsa, Men ham uning silasini qilaman. Kim uning silasini uzsa, men ham uning silasini uzaman», deydi», — dedilar.
Hadislarda aka ota o‘rnida, opa ona o‘rnida ekani aytilgan. Demak, akani ota kabi hurmatlash, opani ona kabi e’zozlash lozim. O‘z navbatida, bu qoidadan aka va opaning uka-singillariga ota va ona kabi g‘amxo‘rlik qilishlari kerakligi ham anglashiladi.
Alloh taolo barchalarimizni bir- birlarimizga mehr-muhabbatli qilsin, farovon hayot kechirishimizni nasib etsin!
Ayniqsa, muborak Ramazon kunlarida yaqinlarimizni yo‘qlaylik. Bu esa yuqorida aytilganidek ro‘zalarimizning mukammal qabul bo‘lishiga dalolatdir.
Qumqo‘rg‘on tumanidagi "Xo‘jamulki" mahallasida "Mahallada obodlik va mehr-saxovat oyligi" doirasida keng jamoatchilik va aholi vakillari ishtirokida qizg‘in obodonlashtirish va bunyodkorlik ishlari olib borilmoqda. Bu tashabbus mahalla hayotiga yangicha ruh baxsh etib, hamjihatlik va ezgulik muhitini yanada mustahkamlamoqda.
Azaliy qadriyatlarimizdan biri bo‘lgan hashar an’anasi asosida mahalla ahli bir yoqadan bosh chiqarib, o‘z hududini yanada obod, fayzli va ko‘rkam maskanga aylantirish yo‘lida fidokorona mehnat qilmoqda. Har bir fuqaroning qalbida Vatanga muhabbat, mahallaga ehtirom tuyg‘usi jo‘sh urib, ular bunyodkorlik ishlariga faol hissa qo‘shmoqdalar.
Xususan, mahalla hududidagi muqaddas qadamjolardan biri – "Xo‘jamulki ota" qabristonida keng ko‘lamli tozalash va obodonlashtirish ishlari amalga oshirilmoqda. Hashar ishtirokchilari tomonidan qabriston hududi begona o‘tlar va chiqindilardan puxta tozalanib, qabr ustilari tartibga keltirilmoqda. Shuningdek, ziyoratchilar uchun qulay sharoitlar yaratish borasida zarur ishlar olib borilib, ajdodlar xotirasiga chuqur ehtirom ko‘rsatilmoqda.
Bu kabi ezgu tashabbuslar mahallada obodlik va hamjihatlik muhitini mustahkamlash bilan birga, ajdodlarimiz xotirasiga bo‘lgan hurmatimizni namoyon etadi. Ayni paytda, yosh avlodga milliy qadriyatlarimizni singdirish, ularni Vatanga muhabbat va mehnatsevarlik ruhida tarbiyalashda beqiyos ahamiyatga egadir. Bugungi hashar – kelajak avlod uchun namuna, ertangi kun uchun mustahkam poydevordir.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Surxondaryo viloyati vakilligi Matbuot xizmati