Ro‘za insonni halol-poklikka da’vat etadi, uning qalbini g‘uborlardan tozalaydi.
Zero, Qur’oni karimda shunday marhamat qilingan: “Ey, imon keltirganlar, taqvoli bo‘lishlaringiz uchun sizlardan oldingi (ummat)larga farz qilingani kabi sizlarga ham ro‘za farz qilindi” (Baqara,183). Ya’ni, Ramazon ro‘zasidan ko‘zlangan maqsad mo‘minlarda taqvoni shakllantirish ekan.
Ramazon oylarning sultonidir. Ibn Abbos (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilingan hadisda Nabiy (sollallohu alayhi va sallam): «Oylarning eng afzali Ramazondir» (Imom Tabaroniy rivoyati), deganlar. Ramazonning eng buyuk fazilatlaridan biri – bu uning Qur’on oyi ekanidadir. Alloh taolo O‘zining so‘nggi kitobi, qiyomatgacha boqiy qoladigan, barchani ojiz qoldirgan mo‘jiza kalomi Qur’oni karimni nozil qilish uchun aynan Ramazon oyini tanlagan. Shuning o‘zi bu oyning qanchalar ulug‘ ekanini anglash uchun yetarlidir. Alloh taolo aytadi: «Ramazon oyi – unda odamlarga hidoyat hamda hidoyatu furqondan iborat ochiq-oydin hujjatlar bo‘lib, Qur’on tushirilgandir» (Baqara, 185). Qadro surasida esa: «Albatta, Biz U (Qur’on)ni Qadr kechasida tushirdik» (1-oyat) deya marhamat qilinadi.
Ibn Abbos (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinishicha, Alloh taolo Qur’onni avval Lavhul-mahfuzdan dunyo osmoniga butunicha nozil qilgan va bu Ramazon kechalaridan birida – Qadr kechasida bo‘lgan. Qur’onning Yer yuziga, Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)ga nozil qilinishi ham aynan Qadr kechasida boshlangan. Keyinchalik har Ramazonda vahiy farishtasi Jabroil (alayhissalom) Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)ning huzurlariga kelib, u zotga shu Ramazongacha nozil bo‘lgan oyatlarni takrorlatadigan bo‘ldi. Nabiy (sollallohu alayhi va sallam) vafot etadigan yillari Qur’onni Jabroil (alayhissalom)ga ikki bora o‘qib berganlar. Zayd ibn Sobit, Abdulloh ibn Mas’ud (roziyallohu anhumo) bu muborak xatmga guvoh bo‘lganlar. Bu xatm manbalarda «arzai oxir» – «so‘nggi o‘qib o‘tkazish» degan nom bilan mashhurdir.
Ibn Abbos (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi: «Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) odamlarning eng saxiyrog‘i edilar. Ayniqsa, Ramazon oyida Jabroil (alayhissalom) u zot bilan uchrashganda yanada saxiy bo‘lib ketardilar. Jabroil (alayhissalom) Ramazonning har tunida u zot bilan uchrashib, Qur’onni dars qilishardi. Tonggi sabo shabadasi barchaga xush kayfiyat baxsh etgani kabi, Rasullulloh (sollallohu alayhi va sallam)ning saxovatlaridan ham barcha bahramand bo‘lar edi» (Imom Buxoriy rivoyati).
Shu bilan birga Ramazon Rayyon eshigining kalitidir. Jannatga kirishning o‘zi katta bir saodat. Ammo o‘sha jannatga Parvardigori olamning alohida e’tiboriga sazovor bo‘lib, maxsus tayyorlab qo‘yilgan eshikdan kirish yana bir o‘zgacha baxt va sharafdir. Bu eshikdan esa faqat ro‘zador bo‘lganlar kira oladilar. Sahl (roziyallohu anhu)dan rivoyat qiladi: «Nabiy (sollallohu alayhi va sallam): «Jannatda bir eshik bor, u «Rayyon» deb ataladi. Qiyomat kuni undan ro‘zadorlar kirishadi, ulardan boshqa hech kim undan kirmaydi. «Ro‘zadorlar qani?» deyiladi. Shunda ular turishadi. Ular kirishgach, u berkitiladi. Keyin hech kim undan kirmaydi», dedilar» (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyati).
Payg‘ambar (alayhissalom)ning sunnatlariga ko‘ra Ramazon bilan tabriklanadi, unga oshiqiladi. Chunki Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) Ramazon oyini intiqlik bilan kutar, uning yaqinlashganini kishilarga eslatib turar va sahobai kiromlarni u bilan tabriklab, munosib tayyorgarlik ko‘rishga chorlar edilar. Bu haqida Anas ibn Molik (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi: “Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) Rajab oyi kirganda: «Allohim, bizga Rajab va Sha’bonda baraka bergin hamda Ramazonga yetkazgin», der ekanlar (Imom Bayhaqiy rivoyati ).
Abu Fazl o‘z «Musnadida» Salmon (roziyallohu anhu)dan quyidagicha rivoyat qiladi: «Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) sha’bonning oxirgi kuni bizga xutba qilib bunday dedilar: «Ey odamlar! Darhaqiqat, sizlarga buyuk bir oy soya solmoqda. Muborak oy. Unda ming oydan yaxshi bir kecha bor. Alloh uning ro‘zasini farz qildi, kechasini ibodat bilan o‘tkazishni ixtiyoriy – nafl qildi. Kim unda ixtiyoriy ravishda bir yaxshi ish qilsa, xuddi bir farzni ado etgandek bo‘ladi. Kim unda bir farzni ado etsa, xuddi yetmishta farzni bajargandek bo‘ladi. U sabr oyidir, sabrning savobi esa jannatdir. U ko‘ngil ovlash oyidir. U mo‘minning rizqi ziyoda qilinadigan oydir. Kim bir ro‘zadorga iftorlik bersa, bu uning uchun bir qul ozod qilish va gunohlari uchun mag‘firat bo‘ladi», dedilar. Shunda: «Ey Allohning Rasuli, hammamiz ham ro‘zadorga iftorlik qilib beradigan narsa topa olmaymiz-ku?», deyildi. U zot: «Bu savobni Alloh ro‘zadorga bir tatim sut yo xurmo yoki bir qultum suv bilan iftorlik qilib bergan kishiga ato etadi. Ammo kim ro‘zadorni to‘ydirsa, bu uning gunohlari uchun mag‘firat bo‘ladi va Alloh unga mening Havzimdan ichimlik ichiradi, u to jannatga kirgunicha chanqamaydi. Unga ro‘zadorning ajricha ajr bo‘ladi, u (ro‘zador)ning ajridan hech narsani kamaytirilmaydi.
U avvali rahmat, o‘rtasi mag‘firat va oxiri do‘zaxdan ozod bo‘lish fursati bo‘lgan oydir. Kim unda o‘z mamlukiga (qul va cho‘risiga) yengillik yaratsa, Alloh uni do‘zaxdan ozod qiladi».
Allohim! Ramazon oyining ana shu fazilatlaridan barchamizni bahramand et! Uni biz uchun umrlarimizning eng savoblisi va mazmunlisi qil! Shu oyning sharofatidan qolgan oylarimizni ham barakotli, xayrli qilib, yurtimiz va butun dunyoda tinchlik, xotirjamlik va yaxshiliklaringni bardavom qil!
Amrullo JO‘RAYEV,
Buxora shahridagi “Mir Arab” islom
o‘rta-maxsus bilim yurti mudarrisi
Joriy yilning 19-20 avgust kunlari bo‘lib o‘tgan nufuzli anjuman diniy ta’lim tizimini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish, ilmiy-tadqiqot ishlari ko‘lamini kengaytirish va sohaga ilg‘or pedagogik yondashuvlarni tatbiq etish va zamon talabiga mos kadrlar tayyorlashda yo‘lidagi salmoqli amaliy qadam bo‘ldi.
Tadbirlar davomida sohaga oid ilmiy ma’ruzalar bilan bir qatorda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi, Raqamli ta’lim va sun’iy intellektni rivojlantirish markazi hamda ilmiy-tadqiqot sohasining yetakchi mutaxassislari tomonidan ma’naviy-ma’rifiy taraqqiyot, diniy ta’limda raqamli transformatsiya, sun’iy intellekt va ilmmetriya masalalariga bag‘ishlangan mahorat darslari ham o‘tkazildi. Mashg‘ulotlar tizimda zamonaviy yondashuvlarni ommalashtirish, dars jarayonlarida yangicha uslublarni qo‘llash hamda soha vakillarining kasbiy mahoratini oshirishga xizmat qiladi.
Shuningdek, anjuman doirasida oliy va o‘rta maxsus diniy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilarining muhtaram Prezidentimizga yo‘llagan Murojaatnomasi o‘qib eshittirildi.
Unda so‘nggi yillarda diniy-ma’rifiy sohani tubdan rivojlantirish, milliy va diniy qadriyatlarimizni tiklash hamda ulug‘ ajdodlarimizning boy ma’naviy merosini o‘rganish va diniy ta’limni rivojlantirish borasida olib borilayotgan tarixiy islohotlar alohida e’tirof etildi. Jumladan, Mir Arab oliy madrasasi, Hadis ilmi maktabi, Imom Termiziy islom instituti kabi diniy ta’lim maskanlari, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy va Bahouddin Naqshband kabi xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari tashkil etilishi yurtimizda ma’rifat ahli uchun keng imkoniyatlar ochgani ta’kidlandi.
O‘z navbatida, pedagoglar ushbu yuksak e’tibor va shart-sharoitlar uchun Davlatimiz Rahbariga minnatdorlik bildirib, bunga javoban yoshlarni Vatanga muhabbat va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash, Islom dinining asl insonparvarlik g‘oyalarini o‘zlashtirgan va sohada yetuk kadrlarni tayyorlashini ta’kidladilar.
Bo‘lib o‘tgan anjuman diniy ta’lim tizimini yangi bosqichga olib chiqish, innovatsion va raqamli texnologiyalarni o‘quv jarayoniga tatbiq etish hamda sohada yuqori malakali, zamon bilan hamnafas mutaxassislarni tayyorlashda muhim poydevor bo‘lib xizmat qiladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati